Kkkkfgfg Kurs ishi taqrizdan qaytarilgan sana


II. IJODKORNING PAFOSI VA TARIXIY VOQELIK


Download 239.5 Kb.
bet6/9
Sana24.01.2023
Hajmi239.5 Kb.
#1114390
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
ODIL YOQUBOV ROMANLARIDA TARIXZIY HAQIQAT VA BADIY TO\'QMA

II. IJODKORNING PAFOSI VA TARIXIY VOQELIK
II.1.P.QODIROVNING “AVLODLAR DOVONI” ROMANIDA PAFOS
VA OBRAZLAR YAXLITLIGI.
Har bir adabiy asar yozuvchining ayni mahalda qanday g‘oyalarning maftuni ekanidan, hayotda nimalarni tasdiqlab, nimalarni rad etayotganidan dalolat sifatida maydonga keladi. Shu bilan, birga har bir asarning ana shunday ruhi hamda yozuvchining butun ijodiy mahsuloti va hatto hayoti, ijtimoiy faoliyati orasida umumiylik bor. Yozuvchi o‘z asarini beixtiros, befarq yozolmaydi. Har bir asarga harorat bergan ehtiros esa yozuvchining butun ijodini va ma’naviy hayotini ichidan to‘ldirib turgan intilishning, fidokorlikning, qisqasi, zo‘r extirosning uchqunidir xolos. Bu extiros har bir yirik yozuvchida o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Bir yozuvchidagi extiros ikkinchi yozuvchi ijodida bo‘lgan extirosdan mazmunan farq qiladi. Badiiy adabiyot va umuman san’atda mavjud bu estetik hodisani ko‘pincha, “pafos” termini bilan ifoda etiladi.
“Pafos” lotincha so‘z bo‘lib, bir hisga qattiq berilish, zo‘r hayajon ehtiros demakdir. Oddiy hayotda biror kishi o‘z fikrini chuqur e’tiqod bilan “yonib – kuyib” ifodalasa, uni “pafos” bilan so‘zlayotir deydilar. Adabiyotshunoslik va san’atshunoslikda ham “pafos” so‘zi ana shunga yaqin, ammo undan ancha keng va chuqur ma’noda ishlatiladi.
“Pafos” so‘zining ma’lum estetik hodisani ifoda etuvchi termin sifatida ilmga, dastaval Gegel kirgizdi, Belinskiy esa adabiyot va san’at asaridagi “pafos” tushunchasini ilk marotaba ilmiy jihatdan keng asosladi, uning mazmunidagi ko‘p yangi qirralarini ochdi.
O‘zbek klassik adabiyotshunosligida biror asarning mazmuniga singib ketgan chuqur ma’no va hayajonni qayd etmoqchi bo‘lganlarida, ma’nosi jihatdan “pafos” so‘ziga yaqin “dard” tasdiq qilar edilar. O‘zbek xalqining “Bu odamning dardi falon narsa” degan ifodasi bilan shoirning dardi haqidagi ta’bir orasida shubhasiz, aloqa bor.
Har bir san’at asarining kuchi uning mazmunidagi ana shu extirosni, “dard”ni o‘quvchi, eshituvchi yoki tomoshabinga “yuqtira bilish”da ko‘rinadi.
Ammo “extiros” yoki “dard” iboralari badiiy asarga xos ana shunday “yuqtiruvchanlik’ xususiyatini to‘la ifoda etolmaydi. Belinskiy pafosning extirosga o‘xshashligini qayd etishi bilan birga, ularning aynan bir narsa emasligini ham o‘qtirib o‘tadi. Extiros – umuman his - hayajon demakdir.
Pafos esa g‘oya bilan bog‘liq bo‘lgan hisni, biror g‘oyaga maftunlik natijasida ijodkorda paydo bo‘lgan qattiq hayajonni, ko‘tarinki ruhni bildiradi.
“Pafos nima? – deb so‘raydi Belinskiy va javob beradi: - ijod ermak yoki havas emas, u san’atkorning zahmat chekishi samarasi… Xuddi ona chaqalog‘ini o‘z qornida olib yurganidek va o‘stirganidek, san’atkor ham o‘z ichida poetic fikrning urug‘ini olib yuradi va undiradi; ijod protsessi bola tug‘ish protsessiga o‘xshaydi va bu jismoniy hodisaga xos azoblar unga ham yot emas, bu ma’naviy azoblar, albatta, huddi shu sababli, agar shoir ijodiy mehnat va qahramonlikka belbog‘lagan ekan, demak, qandaydir qudratli kuch, qandaydir yengilmas ehtiros uni shunga tortadi, shunga intilishga majbur etadi. Bu kuch, bu ehtiros – pafosdir
Pafosda ijodkor xuddi jonli, go‘zal mavjudodga ko‘ngil bergandek, g‘oyaga maftun bo‘lgan zot sifatida namoyon bo‘ladi, bu mavjudotning o‘zi ana shu g‘oya bilan extirosli ravishda to‘lib toshgan bo‘ladi va san’atkor bu g‘oyani ongi, idroki bilan emas, faqat bir his bilan emas va o‘z ruhining birorta qobilyati bilan emas, balki o‘z ma’naviy hayotining butun to‘laligi va yaxlitligi bilan mushohada etadi. “Pafos” deganda ham ehtiros ko‘zda tutiladi, shu bilab birga boshqa har qanday ehtiros kabi insonning to‘lqinlanishi, butun asab sistemasining larzaga kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan extiros ko‘zda tutiladi; ammo pafos doimo inson qalbida g‘oya kuchi bilan alanga oldirayotgan va doimo g‘oyaga intiluvchi “extiros”dir
Belinskiy fikricha, pafos – yozuvchi shaxsini va asarlarini tushunishning kalitidir. “Pafossiz shoirni qo‘lga qalam olishga nima majbur etganini va unga ba’zan ancha katta asarni boshlash va oxirga yetkazish uchun kuch va imkoniyat bergan narsa nima ekanini tushunish mumkin emas.
Tasvirlangan xarakterlarni, ularni obyektiv milliy ahamiyati jihatidan yuzaga kelgan chuqur va tarixan haqqoniy, g‘oyaviy – hissiy baholash yozuvchining ijodiy fikri va uning asari pafosidir estetik ta’sir pafossiz paydo bo‘lmaydi, pafos grekcha, ehtiros demakdir. U badiiy asarni boshidan – oxirigacha ipak ipday o‘tadi. Aristotel aytishicha, pafos, ya’ni “Extiros… falokat va iztirob keltiruvchi harakatdir”. Jahon adabiyoti nazariyotchilaridan biri bo‘lgan Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida she’riyatning “otashin” bo‘lishi haqida so‘zlagan, “Layli va Majnun” dostonida esa, she’rda “dard” bo‘lishi lozim, deydi. Gegel shunday egan edi: “Pafos asarning chinakam markazi, chinakam saltanatini tashkil etadi… bosh masala hisoblanadi”. V.G.Belinskiy pafos adabiyotning mazmunidir. “Shoir pafosni tadqiq etish tanqidchilikning birinchi vazifasidir”, degan. Pafos asarning umumiy ruhi, “yadro”si. “Estetik mohiyatiga ega bo‘lgan his – tuyg‘ulargina pafos bo‘lishi mumkin”. Pafos faqat ehtiros, hissiyot, to‘lqinlanishgina emas. Pafos yozuvchining qahramon obraziga munosabati, asar yo‘nalishi, umumiy konsepsiyasi, harakatdagi estetik idea, mazmunning markazlashuvi, fikr va his birligidir.
Demak ijodkorlarning pafosi ya’ni g‘oyasi, ayniqsa tarixiy romanlarda tarixiy voqelikni qay tarzda tasvirlashi bilan bog‘liq.
P.Qodirov Bobur badiiy siymosi va boburiylar davri tarixiy haqiqatining badiiy talqinini yaratishdagi tarixiy hujjatlardan ijodiy foydalangan. Asarni yozishga kirishgan “romannavis tarixiy faktga ijodiy, tanqidiy yondashgan, undagi yetishmagan, jumboq bo‘lib ko‘ringan jihatlarni badiiy to‘qima, ijodiy xayol kuchi bilan tiklash va to‘ldirishga harakat etgan va tarix mantiqiga zid kelmaydigan badiiy haqiqatni ifodalab berishga erishgan”.
P.Qodirov “Yulduzli tunlar” romanida Bobur hayotining hamma davrlarini qamrab olishga harakat qilganligi ham bejiz emas. Chunki Bobur butun umrini kuchli markazlashgan davlat tuzib, buyuk bobokaloni Amir Temurning qahramonliklarini takrorlashga bag‘ishlagan edi. Boburning hayoti va qismati tarixda juda kamdan kam sodir bo‘ladigan hodisalardan hisoblanadi. U hali gudaklik chog‘laridayoq toj- taxt talashish va qirg‘inbarot urushlar girdobiga tushib qolgan edi. Otasi Umarshayx Mirzo halokatga uchraganida Bobur endigina o‘n ikki yoshga to‘lgan edi. Xuddi shu yoshida taxtga o‘tirgan Bobur Mirzo xarakterining ibratli jihatlari ayni shu yoshlik yillaridayoq aniq namoyon bo‘lganligi tarixdan ma’lum. Nazarimizda, masalaning bu tomonlarini chetlab o‘tish adib oldiga qo‘ygan umumiy maqsadga muvofiq kelmas edi. Ikkinchidan, Bobur xarakterining shakllanish jarayonini bekamu –ko‘st ko‘rsatib berish uchun o‘sha davr ijtimoiy hayotiga oid murakkab muammolarning ildizini chuqurroq ochish, davr haqiqatining barcha qirralarini keng ko‘lamda yoritib berish, muhitning Bobur xarakteri takomiliga ta’sirini tarixiy voqelik ko‘lamida talqin qilish zarur edi. Shu boisdan ham yozuvchi romanni oddiy mehnatkash boshiga tushgan iztirobli hodisalar haqida hikoya qiluvchi “Quva” qil ustida turgan taqdirlar” deb atalgan bob bilan boshlashni lozim topgan. Yirik tarixiy hodisalar va ijtimoiy hayot oqimini bevosita inson xarakteri tasviri orqali aks ettirish Boburning shaxsiy hayotini birinchi planga ko‘tarish huquqini bermaydi, albatta.
Aksincha, tarixni inson orqali tasvirlash davrning ruhiy va axloqiy boyligini insonparvarlik va hayotsevarlik jabhalaridan turib, ko‘p qirrali tasvirlash imkonini beradi. Sujet to‘qimasida bunday yo‘l tutish qahramonlar taqdiri, ularning o‘zaro murakkab munosabatlari, ichki kechinmalari olamiga chuqur kirib borish, badiiy to‘qimada davr va jamiyat haqiqatini teran ifoda etish garovidir.
Zotan badiiy to‘qima imkoniyatlarisiz tarixiy shaxslar obrazlarini butun murakkabligi bilan ko‘rsatish, to‘laqonli adabiy tip darajasida tasvirlash mushkulligini yozuvchi chuqur his qiladi. To‘qima davr haqiqatini keraksiz chiqitlardan tozalash, badiiy tasvir ko‘lamini kengaytirish, epik bayonni ta’sirdor shaklga solishga yo‘l ochadi.
“Yulduzli tunlar” dagi badiiy to‘qimaga xos yana bir xususiyat shundan iboratki, asardagi har bir obraz o‘sha davr tarixiy sharoitining g‘oyaviy-siyosiy, axloqiy va ijtimoiy mohiyatini ochishga qaratilgan muayyan badiiy vazifa bilan ta’minlangan. Boshqacha qilib aytganda, yozuvchi davrning ijobiy va salbiy jarayonlarini faqat tarixiy shaxslar taqdiri, ruhiy kechinmalari va tuyg‘ulari vositasida qayta jonlantirishga intiladi. Bunga erishish uchun esa u asosiy e’tiborni, birinchi navbatda, Bobur xarakterining tadrijiy rivojiga qaratadi. Bobur xarakteri o‘sha davr uchun tipik bo‘lgan va butun mamlakatni larzaga solgan voqealar tizmasi orqali olib o‘tiladi. Adib asar bosh qahramonining o‘sha voqealarga munosabati hamda bu munosabat natijasida uning ruhiy holati va kechinmalaridagi o‘zgarishlarni teran badiiy tahlil qiladi.
Ko‘rinadiki, tarixiy voqelik yozuvchi badiiy hofizasida “qayta bichib, tikiladi”. Romanning ilk sahifalaridayoq katta tarixiy voqealar bilan romandagi xarakterlar orasidagi munosabatlar sujet to‘qimasiga negiz qilib olingan bo‘lib, yozuvchi qariyb butun asar davomida ana shu ijodiy yo‘ldan boradi.
P.Qodirovning “Avlodlar dovoni” romanida “muallifdan” deyilgan izoh bor. Ana shu bitikda yozuvchini roman yaratishga ilhomlantirgan ijodiy niyatning tug‘ilishiga asos bo‘lgan sabablarga quyidagicha ishora bor:
“Zamonaviy ehtiyojlar bizni tarixdan saboq olishga undaydi. Bugungi odamzodni bezovta qilayotgan katta muammolar o‘tmish zamonlarda boshqacha shakllarda va o‘zgacha miqyoslarda bo‘lsa ham ajdodlarimizning boshiga tushgan. Ular bu muammolarni tushunish va hal qilish yo‘lida juda ko‘p ma’naviy izlanishlarni boshidan kechirganlar va o‘z tarixiy tajribalarini bizga meros qilib qoldirganlar.
Ana shu muammolar orasida inson zotiga juda ko‘p azoblar bergani – turli davlatlar va mafkuralar adovatidan kelib chiqadigan qirg‘in urushlardir. Ayniqsa, hozirgi dunyoga hokim bo‘lish ishtiyoqida yurgan yovuz kuchlarning sovuq urush uchqunlarida dahshatli atom alangasini yoqishga intilayotgani odamzod hayotini xavf ostida qoldiradi. Bu xavfni bartaraf etish ishiga butun dunyoning taraqqiyparvar kuchlari va barcha xalqlarning eng ibratli tajribalari safarbar etilmoqda.
Shu umuminsoniy safarbarlikka bizning ajdodlarimiz orttirgan tarixiy tajribadan ozgina bo‘lsa ham hissa qo‘shish niyati mazkur romanning yozilishiga turtki berdi. Uning asosiy voqealari bizga qo‘shni va do‘st mamlakat – Hindistonda, XVI asrda bo‘lib o‘tadi. Bu davrda hind xalqi hayotida yuz bergan madaniy ko‘tarilish jarayoniga Movarounnahr borgan iste’dodli tarixiy shaxslarning mehnati singganligi ko‘pchilikka ma’lum. Xalqlarimiz tarixining chatishgan va payvand bo‘lgan nuqtalaridan turli ellarni bir -biriga ruhan yaqinlashtiradigan va turfa madaniyatlarni yuksaltiradigan ma’naviyat mevalari yetilib chiqdi.
Badiiy to‘qima ijodiy niyatning tug‘ilishidan ya’ni pafosdan boshlanadi deyilganda, eng avvalo, obrazli g‘oya ko‘zda tutiladi. Chunki, yozuvchi bugungi zamonaviy ehtiyojlarni ham, tarix saboqlarini ham badiiy tahlil qilish jarayonida olgan taassurotlaridan ta’sirlanib ketadi-yu, yozilajak romanga asos bo‘ladigan bosh g‘oyani topib oladi. Zamondoshlarimizni bezovta qilayotgan ko‘pgina muammolar qachonlardir ajdodlarimiz boshiga ham tushgani, ular esa bu muammolarni hal qilib, o‘z tarixiy tajribalarini bizga meros qilib qoldirganliklarini yozuvchi obrazli tasavvur qila boshlaydi.
Ana shu pafos Xumoyun va Akbar singari tarixiy shaxslar faoliyatlarini yozuvchi ruhiy olamiga muhrlab, ularning umuminsoniy ahamiyatga molik ulug‘ ishlari adovat tufayli kelib chiqadigan qirg‘in-barot urushlarning oldini olish va tinchliksevarlik g‘oyalarini keng yoyishdek ezgu faoliyatlari yozuvchi ijodiy niyatini to‘lishtira boradi.
Yozuvchining pafosi shu qadar ulkanki, u birgina o‘z ona xalqini emas, butun insoniyat istiqbolini o‘ylaydi:
“Barcha ellarni bir-biriga ruhan yaqinlashtirish qanchalik muhim bo‘lsa, turli avlodlar orasidagi nizoni yo‘qotish va mehr-u oqibatni mustahkamlash ham shunchalik zarurdir. Tabiat qonuniga binoan avlodlar almashinib turadi. Yangi avlod avvalgisining o‘rniga kelganida nizo chiqishi, alg‘ov-dalg‘ov bo‘lishi tarixda ko‘p uchraydigan hodisadir. Yangi avlod o‘z ota-bobolarining eng yuksak insoniy va ijodiy tajribasini egallaganda tarixning baland bir dovonidan oshganday tuyuladi. Bunday ma’naviyat dovonlaridan oshish, ayniqsa, o‘tmishda mutloq hokimiyat, xurofot va jaholat avj olgan zamonlarda benihoya mushkul kechgan, bu dovon yo‘llarida og‘a bilan ini yovlashgani, bola otaga qarshi isyon qilgani, barcha yo‘qotishlar va mushkulotlarga bo‘y bermay tog‘ oshgan odamlarning hayotiy tajribalari va ma’naviy meroslari bugungi avlodlarimizga tarixiy saboqday xizmat qilsin, degan niyat ham shu romanning yozilishiga sabab bo‘lid” (8-son, 9-bet).
“Barcha yo‘qotishlar va mushkulotlarga bo‘y bermay” dovon oshganlar orasida Xumoyun va uning o‘g‘li Akbar shoh siymosi va faoliyatlari romanning yetuk mazmuni va mukammal sujetini shakllantiradigan g‘oyaviy niyat negizidir. Romanda tasvirlangan tarixiy va to‘qima obrazlarning barchasi yetakchi adabiy tip – ya’ni Akbar shoh atrofiga to‘planib, badiiy mushtaraklikni tashkil etadi. O‘z-o‘zidan anglashiladiki, Akbar shoh siymosi romandagi fikr birligini – ya’ni obrazli g‘oyaning negizini tashkil qiluvchi urug‘dir. Yozuvchi o‘z romanini ana shu urug‘ni gurkiratib ko‘kartirgan barakali va serhosil zaminni- tarixiy voqelikning manzaralarini mohirona chizishdan boshlaydi. Kitobxonlar ko‘z o‘ngida 1528-yil voqealari jonlanadi.
Yozuvchi yaratgan manzarada yoshi oltmishlardan oshgan, sochlari oqarib, jussasi kichik bo‘lib qolgan Xonzoda begim xomush bir qiyofa bilan yolg‘iz o‘tirgani tasvirga kiritiladi:
“Bog‘ juda orasta, yo‘lkalarga oltinrang qumlar solingan, marmar ariqlardan tiniq suvlar jildirab oqadi. Chorchamanlarda mamlakatning eng noyob gullari muattar hid taratib ochilib turibdi. Lekin bu hammasi Xonzoda begimga juda omonat tuyuladi: Qonli janglarda barpo etilgan ulkan davlat hanuzgacha hind yeriga teran ildiz otolgan emas. Fotihlik qilichining yaralari tezda tuzalmas ekan, mamlakatning turli o‘lkalarida Xumoyun va uning inilariga qarshi ketma-ket isyonlar bo‘lmoqda. Shu xatarli vaziyatda og‘a-inilar inoq bo‘lish o‘rniga bir-birlari bilan chaplashib, hokimiyat talashadilar. Xonzoda begim ularni murosaga keltirolmay qiynaladi. Hozir bog‘da o‘ltirgan paytda ham, butun o‘y-u xayoli og‘a-inilarning uzoqdagi nizolaridan beri kelmaydi” (8-son, 9-bet).
Begimning parishon nazari tushib turgan ko‘kalamzor maydonda esa bir to‘p otliq qizlar chavgon o‘ynashmoqda. Ular orasidan Xonzoda begim Xumoyunga arzigulik umr yo‘ldoshini izlaydi.
Yozuvchi mohirlik bilan chavgon o‘ynayotgan qizlar orasida Hamida bonuni alohida ajratib, uni Xonzoda begim bilan uchrashtirib, bu go‘zal qizni nozikta’b begim nigohi bilan sinovdan o‘tkazadi. Xonzoda begim o‘z davrining ilg‘or kishisi, akasi Bobur tuzgan yirik davlatning barcha quvonch-u g‘amlariga sherik, Xumoyun shohga kamarbasta zamonasidagi qirg‘inbarot urushlarning oldini oluvchi, tinch-totuv va baxtu farovon turmushning tarafdori bo‘lgan yetuk bir inson. Yozuvchi uning zimmasiga davrning zalvorli yukini yuklagan, ruhiy olam go‘zalligi va aql –idrok komilligi bilan bog‘liq barcha tasavvurlarini ham shu ayol obrazida mujassamlashtirilgan adib uni davrning ilg‘or adabiy tipi darajasiga ko‘targan. Biroq, bularning barchasi Akbarshoh obrazining badiiy zamini ekanligini sezgir kitobxon tezda idrok etadi. Xonzoda begimning ko‘pni ko‘rgan tajribali ko‘zlari Hamida bonuga umid bilan tikilishi ham bejiz emas. Xonzoda begim uzoq umri davomida naryog‘i Shayboniyxondanu, shoh Ismoildan tortib bu yog‘i temuriy tojdorlargacha qanqa-qancha shahzodalarning oilaviy hayoti bilan yaqindan tanish bo‘lgan, ne-ne malikalarning toj-u taxt taloshlarida shikast yeganliklariga guvoh bo‘lgan.
Hamidaning husniga yarasha aqli ham yetukligi, pishiqligi Xumoyunning ichki va tashqi ziddiyatlarga to‘la mashaqqatli hayotiga balki shu qizning bardoshi yetar, balki ular orzu qilgan o‘g‘ilni shu qiz tug‘ib berar degan umid Xonzoda begimni unga tobora yaqinlashtiradi. Shu tariqa qizlarning chavgon o‘yini tasviri Navro‘z shodiyonalari tasvirlari bilan mohirona bog‘lab yuboriladi. Tasvirdan tasvirga o‘tilgani sayin tarixiy shaxslarning soni ham, salmog‘i ham osha boradi. Yozuvchi hayot bag‘riga, o‘zi yaratayotgan tarixiy shaxslar dunyosiga shu qadar chuqur boradiki, natijada har bir manzara, har bir obrazning ruhiy olami tiniq ko‘zguda aks etgan kabi o‘sha davr taraqqiyotini bor salobati bilan namoyon etadi.
Xumoyun inilari bilan orasi buzilsa ham, Said Xalil boshliq ruhoniylar e’tirozlariga yo‘liqsa ham o‘zi tanlagan adolat va haqiqat yo‘lidan hech bir chekinmaydi, dadil olg‘a boraveradi. Ota meros davlati rivoji va istiqboli yo‘lida barcha to‘siqlarni yengib o‘tishga intiladi. “Qonuni Xumoyuniy” degan yangi nizom o‘ylab chiqaradi.
Yozuvchi o‘sha davr tojdorlarining taxt talashishlariga amir-u beklargina emas, hattoki, ruhoniylar ham aralashishganligini shayxulislom Said Xalil faoliyati vositasida tasvirga olib kiradi.
Romanda tasvirlanishicha Bobur ta’limini olgan zukko Xumoyun din peshvolariga yon bermaydi: ulardan yuqoriroq turish, davlatni adolat ila boshqarish uchun tinimsiz intiladi. Biroq Said Xalil ham o‘z yo‘liga kirmagan Xumoyunning davlatini ichdan buzish maqsadida Komron mirzo bilan SHerxonni Xumoyunga qarshi gij-gijlaydi. Xumoyun uzoq viloyatlarga ketganda Said Halil Komron Mirzoga shoshilinch xufya yuborib, Loxo‘rni tezda egallashga undaydi. Uning fitnasiga uchgan Komron Qobulga Panjobni ham qo‘shib oladi. “Endi agar Sharqda Sherxon bosh ko‘targani rost bo‘lsa, Xumoyun otda bir oylik yo‘l bo‘lgan Bixorga qo‘shin tortib ketishi aniq” deb o‘ylaydi. O‘shanda Said Xalil Komron Mirzoga yana bitta yashirin maktub yozib, “Agarni egallash payti keldi” deb da’vat qiladi. Mana sizga shayxulislom Said Xalilning asl qiyofasi.
“Avlodlar dovoni” romanida tasvirlangan SHerxon ham Xumoyun singari tarixiy shaxs. U Sherxon Sur nomi bilan “Boburnoma” ning 1527-1528-yilgi voqealari tavsifida ikki marta tilga olingan. Yozuvchi tarixiy xabar tarzida yetib kelgan ana shu ma’lumot asosida yirik adabiy tip obrazini yaratgan.
“Qoshlari qalin, ko‘zlari ko‘kish, qirra burun kalta qirqilgan soqoli va qayrilma mo‘ylovi o‘ziga yarashgan durkun gavdali Sherxonning qarashlarida burgutni eslatadigan bir ifoda bor edi” deya yozuvchi uning siymosini yuksak mahorat bilan chizadi. Roman talqiniga ko‘ra, u Xumoyun bilan ham yaxshi tanish bo‘lgan. Ular o‘n uch yil burun Jamna bo‘yidagi ziyofatda uchrashishgan. Ammo, u paytda Sherxon hali o‘ttiz-qirqta yigitga bosh bo‘lgan kichik sipohiylardan biri edi. Uning Sesaranda otasidan qolgan yer-mulki bor bo‘lib, otasi o‘lgandan keyin o‘gay ona va inilari Sherxonni bu mulkdan mahrum qilmoqchi bo‘ladilar. Sherxon ona mulkini o‘gay inilaridan tortib olish uchun Boburdan himoya so‘raydi. Bobur uning markaziy hokimiyatdan uzoqroqdagi Sesaranda yurishini afzal ko‘radi-da, o‘z mulkini unga xatlab beradi.
Yozuvchi ikki podsho – Xumoyun va Sherxonni bir-biriga qiyoslab, davr haqiqatini haqgo‘ylik bilan ochib berishga intiladi. O‘shanda qirq yoshlarda bo‘lgan Sherxon hisob-kitob va xo‘jalik yuritishni yaxshi bilar, Sesarandagi betartiblik va poraxo‘rlikni yomon ko‘rardi. U shayx Sa’diyning ko‘p she’rlarini yoddan biladigan o‘qimishli kishi tarzida ham shuhrat qozonadi. Sesarandagi dehqonlarning yerini o‘lchash, hosilni bexato hisoblash va soliqchilarning beboshligiga barham berishda ham tadbirkorlik bilan ish ko‘radi. Xayrixohlari uni “Sherxoni odil” deb atay boshlaydilar.
Bu orada Bobur vafot etadi-yu, marhum Ibrohim Lodining inisi Mahmud Lodi qasoskor afg‘onlarni atrofiga to‘plab Xumoyunga qarshi isyon ko‘taradi. Mahmud Lodi Bixar va Sesaranni ham o‘ziga bo‘ysundiradi-yu, Sherxonni navkarlari bilan o‘ziga majburan qo‘shib, Xumoyunga qarshi urushga boshlab boradi. Bu urushdan mutlaqo manfaatdor bo‘lmagan Sherxon Sur qabilasi Lodilarga bo‘ysunishni istamagan uchun ham Mahmud Lodi Xumoyun bilan yuzma-yuz urushayotgan paytda ustalik bilan o‘zini chetga oladi-yu, barcha navkarlarini urush maydonidan olib chiqib ketadi. Lodilar bu jangda Xumoyundan yengiladilar. Sherxon esa, Xumoyunga noma yozib, bir vaqtlar Bobur podsho Sesarandagi ota mulkini unga olib bergani uchun shunday qilganini bildiradi. Yozuvchining mahorati shundaki, u har ikkala podsho obrazini chizayotganida ham tarafkashlikka berilmaydi, balki adolat mezoniga tayanib turib davr haqiqatini berishga intiladi. Shu boisdan ham Sherxonning yaxshi jihatlari qanchalik yoritilmasin, hiyla va nayrangda ustamonligi ham e’tibordan chetda qolmaydi.
Sherxonning Chunar hokimi qo‘lida sipohi bo‘lib yurib, keyinchalik uning go‘zal xotini Lod malikasiga uylanishi, shuningdek, Krishan Roy qal’asiga bir ming ikki yuz kishilik ayol kiyimidagi qo‘shinni kiritib, qal’ani zabt etishi, Amir Bahlulni tuhmatdan o‘ldirtirishi va nihoyat, Xumoyun sulhiga xiyonat qilishi tasvirida ham yozuvchi bu adabiy tipni xolisona tavsiflaganligini ko‘ramiz.
Yozuvchi Nizom obrazini ham Xumoyun bilan yonma-yon qilib yaratar ekan, insoniylikdan holi bo‘lgan hech qanday g‘oya mavjud bo‘lmasligiga kitobxonlarni ishontiradi. U Nizomni Xumoyun davri adabiy tipi yuksakligiga ko‘tarar ekan, yolg‘iz insongina barcha voqealar va barcha g‘oyalar ijodchisidir, faqat insonning o‘zi mu’jiza yaratuvchidir va u chinakamiga intilsa, tabiat kuchlarining ustidan ham hukmronlik qila oladi tarzidagi davr haqiqatini mujassamlantirishga intiladi.
“Avlodlar dovoni”dagi eng go‘zal sahifalar, aqllarni lol qoldiradigan shijoat, o‘lim bilan yuzma-yuz jangga kirishib, g‘olib kelgan mashaqqatli mehnat Nizom adabiy tipida o‘z badiiy ifodasini topgandir. Kitobxonlar Nizom faoliyati qarshisida Xumoyunning bosh egishiga, dunyoda oddiy xalq vakili bo‘lgan Nizomning aql-farosati, uning tasavvuri, o‘limlarni yengishdagi o‘ylab topgan tadbirlar qarshisida qandaydir bir tabiiylik borligiga ishonadilar. Shu boisdan ham ushbu adabiy tipni muqaddas deb biladilar. Chunki, Nizomdagi qat’iyat, insof, o‘ziga ishonch, do‘stiga sadoqat muqaddasdir. Uning o‘zi yaratgan yaxshiliklari-yu, har qanday iflosliklarga qarshi nafrati muqaddasdir. Unda hasaddan ochko‘zlikdan, jinoyat qilishdan uchqun ham yo‘q. U faqat halollik, sadoqat, yaxshilik timsolidir.
Yozuvchi bu adabiy tipga juda katta e’tibor beradi, unga butun mehrini beradi, ibrat yuksakligiga ko‘taradi, shu boisdan ham Nizom voqeadan voqeaga o‘tilgani sayin o‘stirilib boriladi. Aslida bu obraz ham muarrixlar asarlarida nomi zikr etilgan tarixiy shaxsdir. Xumoyunning Nizom suvchini taxtga chiqarganligi Abulfazlning “Akbarnoma”sida, Javhariyning “Xumoyunnoma” sida, Gulbadanbegimning esdaliklarida qayd etilganligini yozuvchi to‘g‘ri izohlagan. Halollik faqat mehnatkash insonlargagina xos fazilat ekanligi ana shu xarakterda o‘z badiiy ifodasini topgan.
Sherxon bilan bo‘lgan dahshatli jangda bir necha o‘limlarni chetlab o‘tgan bo‘lsa-da, behos daryoda cho‘kayotgan Xumoyunni Nizom suvchi qutqazmoqchi bo‘ladi. Biroq, Xumoyun daryodan tirik chiqishiga ko‘zi yetmay, “meni qo‘ying, o‘zingizni qutqazing”,- deydi. Nizom esa “Yo‘q, hazrat. Men sizning kemangizda xizmat qilib, maosh olurman. Sizni suvdan o‘tkazib qo‘ymasam, bergan noningiz xarom bo‘lgay. Men halol non yeb o‘rganganmen”,- deydi. Xumoyun kemada eshkakchi bo‘lib xizmat qiluvchi yigit shunday xatarli vaziyatda ham halol-haromni unutmasa, bunda bir karomat bor deb tushunadi. Haqiqatan ham u tezda shu karomatning shohidi bo‘ladi. Nizom kiyimlari shalabbo bu yarador yigit zamona tojdori – podsho ekanini eslaydi-yu, unga “agar meni rostdan tutingan ini o‘rnida ko‘rsangiz ikki og‘iz arzim bor”, - deydi va Xumoyun taqdirida muhim ahamiyat kasb etgan davr haqiqatini unga tushuntiradi:
“Poraxo‘r amaldorlar bilan aldamchi shayxlar mamlakat xalqini sizdan bezdirdi. Qancha hind yigitlari Sherxon tomonga o‘tib ketdi. Axir Sherxon hindi-yu muslimni bir-biridan ajratmas ekan...:
- Men ham hindi-yu muslimni yakdil qilish orzusida edim. Ammo bu mushkul ishda kimga tayanishimni bilmadim.
- Hind xalqiga tayaning-da, hazrat, bu elda bhaqtiylar (adolatparvar xalq harakatining ishtirokchilari) bor. Ularning shiori Kobir hindi-yu muslimni o‘z dilida birlashtirgan. Mening otam Bhaqtiy tarafdori bo‘lgani uchun tuhmat bilan zindonga tashlandi.
- Kim tuhmat qildi?
- Siz ishongan amaldor-u shayxlar.
- Men o‘zim adolatsiz muhitdan qanday qutulishimni bilmasman. Otangiz Agradagi zindondami? Poytaxtga qaytaylik... Siz o‘zingiz otangizga tuhmat qiling amaldor-u shayxlarga jazo bergaydirsiz” (8-son, 39-bet).
Yozuvchi Xumoyun Mirzo xarakterini yaratish orqali davrning katta bir haqiqatini – turli ellar, turli mafkuralarga daxldor kuchlarni birlashtirib, yirik bir markazlashgan davlat tuzishning nihoyatda mushkulligini sahifama-sahifa ocha boradi. Xumoyun Sherxon, shoh Ismoil va shoh Tahmasi bilan to‘qnashganida ne-ne o‘limlarni dog‘da qoldirib, o‘zining dovyurakligi va tadbirkorligi bilan to‘siqlarni doimo yengib o‘tib, dadil olg‘a intilaveradi.
Romandagi har bir obraz o‘ziga xos badiiy vazifa bajaradi, ya’ni davrning o‘ziga yuklatilgan bir haqiqatini tashiydi. Fikrimiz dalili sifatida Sherxon obrazini olib ko‘raylik. Sherxon harbiy hiylalar, xiyonatlar, qotilliklar evaziga besh yil taxtda o‘tirib, zo‘r shiddat va sur’at bilan yangi bir davlat tuzadi. Biroq, uning o‘limidan so‘ng o‘zaro urushlar-u, ichki nizolar sabab bo‘lib, shiddat-u sur`at bilan bunyod etilgan bu davlat tezda parchalanib ketdi.
Sherxonning katta o‘g‘li Odilxon janglarda ishtirok etmasa-da, Agraga kelib, o‘zini shoh deb e’lon qiladi. Biroq, boshqa bir qancha amirlar Sherxonning o‘rtancha o‘g‘li Jalolxonni valiahd deb tan oladilar. Sherxonning eng mashhur lashkarboshilaridan Havasxon Sirhidda esa Jalolxonga qarshi isyon ko‘taradi. Panjob hokimi Haybatxon ham Jalolxonni tan olmaydi. Chinarda Sherxonning kuyovi Ahmadxon Sur, Bangolada Ibrohim Sur va yana boshqa-boshqalar yagona davlatni parchalab, o‘zlaricha mustaqil podsho bo‘lish harakatiga tushadilar. Bu bilan yozuvchi xiyonat va xiyla-nayrang asosiga qurilgan har qanday yirik davlat bir kunmas bir kun parchalanib ketishga mahkumdir degan davr haqiqatini badiiy ifodalab bera olgan.
Yozuvchi roman markazida turuvchi Xumoyunni Boburning valiahdi tarzida tasvirlar ekan, o‘z jigargo‘shasiga umrini baxsh etib ketgan Bobur Mirzo umriga qo‘shib qismatini ham meros qilib qoldirganligi ochib beradi. Bobur hayotida ro‘y bergan o‘sha mag‘lubiyatlar, o‘sha quvg‘inlar, o‘sha sargardonliklar Xumoyunning ham boshiga tushadi. U og‘a -inilar o‘rtasidagi nizodan yuragi qon bo‘lib, juda katta jabru-jafolar ichra kechgan yetti yillik kurashdan so‘ng uch ukasini bir dasturxon tevaragiga yig‘ishga muyassar bo‘ladi:
“Xumoyun to‘rga o‘tdi-da, o‘ng yoniga Komronni o‘tqazdi Askariy bilan Hindol ikki tomondan joy olishdi. Oltin kosalarda eng avval xushbo‘y gulob keltirildi. Bir kosa gulobni oldin Xumoyun, so‘ng Komron ichdi. Ikkinchi kosadagi gulobning bir qismini Askariy ichib, qolganini Hindolga berdi. Palovdan keyin Xumoyun bitta chinni tarvuz so‘ydirdi. Tarvuzni teng ikki pallaga bo‘lib, bir pallasini Kamron bilan Xumoyunning oldiga, ikkinchi pallasini kichik inilar oldiga qo‘yishdi. Bahorgacha asralgan bu tarvuz juda shirin edi, to‘rtovlari ham uni maqtab-maqtab yedilar. Bari bir tarvuz ulardan ortib qoldi.
- Ana, -dedi Xumoyun, - to‘rtalamizga bitta tarvuz yetib ortar ekan. Talashib tortishishning ne hojati bor? Mamlakat ulkan- Qandahordan Badaxshongacha. Nahotki shu bizga yetmasa?
Komron xijolatdan qizarib, mahzun bir qiyofa bilan:
- Nachora, xom sut emgan banda ekanmiz, -dedi.
- Mayli, o‘tgan ishga salovat, -dedi Xumoyun ( 22-bet).
Biroq, oradan ko‘p vaqt o‘tmay, og‘a-inilar orasidagi ahillik yana buziladi. Yana og‘a-inilarning toj-taxt talashlari boshlanib, Hindol mirzo shu jangda o‘ladi. Askariyni Islomshoh qatl etadi. Komronning ko‘ziga Xumoyun mil torttiradi va u umrbod ko‘r bo‘lib qoladi. Toj-taxt talashgan Komron bilan Xumoyun ota qabrida uchrashib qolishganida, Komron uni ovozidan tanib, “og‘a” degisi kelmay, “Siz men uchun endi faqat shohsiz” deydi. Xumoyun ham “Ha, shohlik o‘zi shafqatsizlikdir. Ahli jahon shunday bo‘lsa biz ne qilaylik?” – deb hukm chiqaradi. Ana shu hukmda shohlik ustidan chiqarilgan davr haqiqati yarq etib ko‘zga tashlanadi. Yozuvchi Xumoyun bilan inilarining yetti yillik qirg‘inbarot urushlarining xulosasini mujassam etib g‘olib shoh tilidan shu haqiqatni bayon etadi.
Yozuvchi Xumoyun siymosida davrning yetuk adabiy tipini yaratishga intilgan. U shunday bir muhitda harakat qiladiki, muhit uning orzularining, tuzgan rejalarining amalga oshuviga yo‘l bermaydi. U o‘z davrining haqiqatini tushunib yetadi. Odamzod jamiyati hali benihoyat nokomil degan xulosaga keladi. “Alohida komil siymolar bor, ammo butun jamiyat – atrofimizni o‘rat turgan tabiatga nisbatan g‘oyat xom, betartib, yeru ko‘kdagi tartibu muvozanat meni doim hayratga solur. Oftob vaqtida chiqqay. Oy aniq soatu daqiqasida to‘lg‘ay. Yulduzlar zo‘r bir tartib bilan aylangay, - deb o‘g‘liga zorlanadi u. “Xayolparast ekanmanmi, yeru ko‘kdagi mana shu tartibu muvozanatni jamiyatga tadbiq etmoqchi bo‘libmen.
Ammo, men tabiatda yo‘q jaholat-u xurofot, riyokorlig-u amalparastlik, g‘alamislig-u xoinlik jamiyatda bijg‘ib yotganini unutgan ekanmen”, -deb o‘kinadi. “To‘g‘ri, tabiatda yo‘q ilm-u hunar, marifat-u zakovat fozil odamlarda bor. Lekin bizning jamiyatimizda hali ular oz. Shuning uchun mening bu yo‘ldagi harakatlarim shamolni tutib tartibga solmoqchi bo‘lgan xayolparastning ishidek bekor ketdi”,- deb iqror bo‘ladi. “Endi o‘ylasam jamiyatni takomillashtirish uchun uni tabiatdan uzoqlashtirib – diniy adovat, milliy nizolarni yo‘qotmoq kerak ekan”, - deb hukm chiqaradi.
Avlodlar osha ulug‘ maqsadlarni ko‘zlab xayol surish, shu ulug‘ maqsadlarni ulug‘ iste’dod bilan amalga oshirishga intilish Bobur, Xumoyun va Akbar siymosiga xos mushtarak xususiyat bo‘lgani uchun ham yozuvchi o‘z asarini “Avlodlar dovoni” deb atagan.
Xumoyun o‘z o‘g‘li Akbarga davrning eng komil siymolarisiz hech bir ulug‘ maqsad amalga oshmasligini, shu bois eng zo‘r iste’dodlarni o‘z atrofiga to‘plash lozimligini uqtiradi. Dunyoning hech bir boyligi, hech qaysi gavhar-u javhar inson iste’dodichalik quvonch-u shuhrat keltira olmasligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Xumoyun otasi Boburning kitobidan alohida nusxa ko‘chirtirib, uni o‘g‘li Akbarga tortiq etadi. Ming bir o‘lim girdobidan omon va g‘olib chiqqan Xumoyun Sherxon qurdirgan tosh zinapoyalardan yiqilib, vafot etadi. O‘n uch yoshida otasidan ajralgan Akbarning hayotida ham bobosi Boburning qismati takrorlanadi: u ham bobosidek qirg‘inbarot urushlar to‘fonida qoladi.
Xullas, tahlillarimizdan ko‘rinib turibdiki, Pirimqul Qodirov “Avlodlar dovoni” romanidagi jamiki obrazlarini o‘zgacha pafos bilan yaratganki, shu nuqtai nazardan asarda obrazlarning o‘ziga xos yaxlitligi ko‘zga tashlanadi.



Download 239.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling