20-moddaga inson huquqlarining cheklanishini tiyib turishga oid quyidagicha norma qo‘shilyapti:
Insonning huquq va erkinliklari faqat qonun bilan va boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, shuningdek jamoat xavfsizligini va tartibini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.
22-moddaga quyidagicha yangi qoidalar kiritilmoqda:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emas.
Davlat xorijda yashayotgan fuqarolar va vatandoshlar bilan aloqalarning saqlanib qolishi hamda rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
24-moddaga kiritilayotgan yangi jumla:
O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi.
25-moddaga jinoyat qonunchiligiga oid normalar qo‘shilyapti:
Ushlab turishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sud qaror qabul qilmagunicha 48 soatdan ko‘p muddat ushlab turilishi mumkin emas. Agar ushlab turish yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklash to‘g‘risidagi qaror belgilangan muddatda sud tomonidan qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak.
Shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerak.
Hech kim shartnomaviy majburiyatlarni bajara olmaganligiga asoslanib jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy, ilmiy va boshqa tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
Har bir inson o‘z shaxsini erkin rivojlantirish, qonun bilan taqiqlanmagan hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini buzmaydigan har qanday harakatni amalga oshirish huquqiga ega. Qonunda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |