Yonuvchi, portlovchi moddalar bilan ishlash qoidalari
Umumiy, analitik sintez laboratoriyalarida yonuvchan moddalar saqlanadi va ishlatiladi. Shuning uchun bu moddalar bilan ishlash qoidalariga qat’iyan amal qilish zarur.
Yonuvchan suyuqliklarni ya’ni past haroratda qaynaydigan moddalarni: efir, benzol, atseton, metanol, etanol va boshqalarni qizdirish va haydash, suvli sovutgich bilan jihozlangan asboblarda suvli, yog‘li yoki qumli hammomlarda, yopiq elektr qizdirgich asboblar yordamida olib borish maqsadga muvofiqdir. Yonuvchi moddalar bilan bog‘liq ishlar tik turib, doimo nazorat ostida bajariladi.
Xaydash kolbasida moddani oxirigacha xaydash mumkin emas, chunki kolbaning sinishi va moddaning qizigan bug‘lari yonib ketishi mumkin.
Yonayotgan gorelka yoki elektr plitka tagiga issiqlik o‘tkazmaydigan material qo‘yish lozim.
Organik moddalarni quritgich shkafda quritish mumkin emas, chunki ular qizdirilganda oson alangalanadi. Agar quritgich shkafda quritish tavsiya qilingan bo‘lsa, u holda shkaf ichidagi temperaturani doimo nazorat qilib turish zarur.
Ishlatilgan yonuvchi suyuqliklarni rakovinaga yoki axlat solinadigan idishga tashlash man etiladi, chunki ular preparat beriladigan xonaga topshiriladi.
Agar yonuvchi suyuqlik to‘kilib ketsa, laboratoriyadagi barcha gorelka va elektr qizdirgich asboblarni o‘chirib, oynani ochish kerak. So‘ngra to‘kilgan suyuqlikni quruq katta latta bilan artib olish va suyuqlik hidi yo‘qolguncha xonani shamollatish lozim.
Barcha yonuvchi gazlar: - vodorod, uglerod (II) oksid, metan, etan, atsetilen, vodorod sulfid va boshqalar, shuningdek yonuvchi suyuqlik bug‘lari(efir, metil va etil spirtlari, benzin, toluol, ksilol va boshqalar), havo yoki kislorod bilan portlovchi aralashmalar hosil bo‘ladi.
Idishlarni kimyoviy erituvchilarda yuvayotganda qizdirish mumkin emas, chunki erituvchi bug‘lanishi va yonib ketishi mumkin.
Laboratoriyada yong‘in chiqishning asosiy sabablaridan biri natriy metali bilan ishlash qoidalariga rioya qilmaslikdir. Shuni unutmaslik kerakki, natriy metali suvga tegsa o‘t olishi va katta portlashi mumkin. Natriy teriga tushsa kuydirishi va tuzalishi qiyin bo‘lgan yara hosil qilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |