Dializ va elektrodializ. Dializ va elektrodializ hodisasidan ba’zan ajratmalarni tozalashda foydalaniladi. Dializda biopolimerlar molekulasining o‘lchovi katta bo‘lganligi sababli, yarim o‘tkazuvchan parda orqali o‘ta olmaydi, shu bilan birga molekula o‘lchovi kichik bo‘lgan biofaol moddalar yarim o‘tkazuvchan parda orqali oson o‘tadi. Dializ uchun jelatina, sellofan, kollodiy va metilsellyulozalardan tayyorlangan pardalar ishlatiladi. Odatda dializ jarayoni juda sekin sodir bo‘ladi. Haroratning ko‘tarilishi, dializ ketadigan yuzaning kattalashishi va elektr tokining ta’sir ettirish bilan bu jarayon tezlashadi. Elektr toki ta’sirida ionlarga parchalanadigan moddalarning yarim o‘tkazuvchan parda orqali o‘tishiga elektrodializ deyiladi. Elektrodializning oddiy qurilmasi yarim o‘tkazuvchan pardalar orqali uch qismga bo‘linadi.
O‘rtadagi obzanga tozalanadigan ajratma quyiladi. Bunda kationlar yarim o‘tkazuvchan parda orqali anodga, anionlar esa katodga borib yig‘iladi. O‘rtadagi obzanda yarim o‘tkazuvchan parda orqali o‘ta olmagan moddalar yig‘iladi.
Qarama-qarshi qutbli erituvchilar yordamida tozalash. Bunda qutbsiz ajratuvchida olingan ajratmaga qutbli erituvchi masalan suv qo‘shilsa, ta’sir etuvchi modda suvli qatlamga o‘tadi, begona moddalar zsa qutbsiz qatlamda qoladi. Masalan, adonizid olishda xloroformli ajratmaga suv qo‘shib, xloroform bug‘latiladi, bunda ta’sir qiluvchi modda suvga o‘tadi, begona moddalar esa qutbsiz erituvchi xloroformda qolib, cho‘kmaga tushadi. Cho‘kma suzish yoki filtrlash bilan tozalanadi.
Xromatografik usul. Gazlar, bug‘lar va erigan moddalarning qattiq yoki suyuq moddalarga yutilishiga sorbsiya deyiladi. Sorbsiyaning o‘zi uch xil bo‘ladi: adsorbsiya, absorbsiya va xemosorbsiya.
Adsorbsiya - moddalarning sorbent yuzasiga yutilishidir. Sorbentlarda juda ko‘p miqdorda mikrog‘ovakchalar bo‘lganligi uchun yuzasi katta bo‘ladi. Masalan, 1 g faollashtirilgan ko‘mir ajratmadan faqat ma’lum moddalarnigina shimib olish qobiliyatiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |