5. Ajratuvchining (ekstragent) qovushqoqligi. FIK qonuniyatiga muvofiq, ajratuvchining qovushqoqligi belgilangan haroratda, eruvchi modda miqdorini ajratuvchining bir necha qavatida teng taqsimlanishiga teskari proporsionaldir. Shunday ekan kam qovushqoq bo‘lgan ajratuvchilar yuqori diffuzion xossasiga egadir. Masalan moylar bilan ajratma olishda ularni bir oz qizdirish orqali qovushqoqligini kamaytirish mumkin, natijada ajratma olish jarayoni tezlashadi. Bu borada siqilgan gazlar xususan uglerod dioksidi, propan, butan, suyuq ammiak va boshq. yordamida ajratma olish maqsadga muvofiq. Masalan uglerod dioksidining qovushqoqligi suvga nisbatan 14 martaga, etanolga nisbatan esa 5 martaga kam. Uglerod dioksidi efir moylari va gidrofob moddalarni ajratib olishda qo‘l keladi.
6. Harorat. Eynshteyn tenglamasidan ko‘rinib turibdiki, haroratni ortishi, ajratma olish jarayonini tezlashtiradi. Biroq bu faqat suvli ajratmalar uchun ko‘proq to‘g‘ri keladi. Shunday bo‘lsada suv bilan kraxmal va peptid moddalarining yopishqoqligi ortishi hisobiga jarayonni kechishi qiyinlashadi. Spirtli yoki boshqa organik erituvchilar yordamida ajratma olish jarayoni xona haroratida olib borilgan maqsadga muvofiqdir. Sababi bunday holatlarda ajratuvchilarning sarflanish koeffitsienti ortib, zararli va havfli holatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
7. Sirt faol moddalar. Tajribalar kam miqdordagi sirt faol moddalarini (0,01-0,1%) ajratma olish jarayoniga kiritilishi, jarayonni tezlashishiga sabab bo‘lganligini ko‘rsatgan. Natijada kam miqdorda ajratuvchi sarflab ham ko‘p miqdordagi biofaol moddalar masalan, alkaloidlar, glikozidlar, efir moylari va boshq. saqlagan ajratmalarni olish mumkin. SFMni qo‘shilishi sirt taranglikni kamaytiradi va hujayra devorini ajratuvchi bilan namlanishi osonlashadi, natijada ajratma olish jarayoni tezlashadi. Shu bilan birga qo‘shilgan SFM solyubilizator vazifasini ham o‘taydi.
8. Ajratuvchining tabiati. Bunda xomashyo tarkibidagi dori moddalarini gidrofillik darajasiga ahamiyat beriladi. Tarkibida qutbli biofaol modda saqlagan xomashyolardan qutbli ajratuvchilardan foydalanib ajratma olish maqsadga muvofiq (tozalangan suv, metanol, glitserin va boshq.). Qutbsiz ajratuvchi sifatida esa sirka kislotasi, xloraform, etil efiri va boshqa organik erituvchilardan foydalanish lozim. Eng maqsadga muvofiq ajratuvchi bu – kam qutbli xossaga ega bo‘lgan etil spirtidir. U turli nisbatlardagi tozalangan suv bilan har xil polyarlik darajalarini namoyon etadi. Shuning uchun ham har xil konsentratsiyali erit spirti eritmalaridan aksariyat holatlarda ajratuvchi sifatida foydalaniladi. Etil spirtidan tashqari yana atseton, propanol, butanol va boshqa organik moddalar ham kam qutbli erituvchilar hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |