Bu ham yo‘q edi, otam bozordan keltirdi. Bu ibora ham janubiy viloyatlarda keng qo‘llanilib, bolalar biror taom, kiyim-bosh, buyum, o‘quv qurolidan norozi bo‘lib, xarxasha qilganda shunday deyiladi. Boriga, topilganiga shukr qil, shu ham aslida yo‘q edi, dadang bozordan keltirdi, deya mazkur buyumning narxi oshiriladi. Noshukur bo‘lma, nafsingni tiy, qabilida yoshlikdan qanoat odobi tarbiyalab boriladi.
Albatta, xalqimizda odob-axloqqa, yaxshilikka undovchi bu kabi iboralar ko‘plab uchraydi. Xalq bu kabi til birliklarida ham farzandlarni tarbiyaga, kamolotga undaydi.
2.3. O‘ZBEK TILIDAGI O‘XSHATISH VA METAFORALARNING LINGVOKULTUROLOGIK XUSUSIYATLARI
Bugun zamonaviy tadqiqotlarda o‘xshatishlarning lingvokulturologik jihatlariga katta e’tibor berilmoqda. “Lingvokulturologiya” kitobining muallifi V.A.Maslova o‘xshatishlarda muayyan xalqning milliy dunyoqarashi aks etishini ta’kidlab, bu fikrini rus, belorus, va qirg‘iz tilida qo‘llanuvchi o‘xshatish qurilmalari tahlili asosida dalillaydi. Uning fikriga ko‘ra, глаза блестящие как Иссык-Куль стройный как мараль сильный как Манас kabi qurilmalar qirg‘iz xalqining milliy dunyoqarashini aks ettiradi1.
V.A.Maslova, shuningdek, muayyan xalqning obrazli tafakkur tarsi xususan, o‘sha xalq tilida qo‘llanuvchi o‘xshatishlarda ham yaqol namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi2. Olimaning bu fikrini o‘zbek tilidagi turg‘un o‘xshatishlar ham tasdiqlaydi. “O‘zbek tili o‘xshatishlarining izohli lug‘ati” uchun yig‘ilgan materiallar shundan dalolat beradiki, xalqning muayyan predmet, belgi, harakat-holatga munosabati, assotsiativ fikrlash tarsi o‘xshatishlarda ham namoyon bo‘ladi.
Jumladan, buni o‘zbek tilidagi inson haqidagi turg‘un o‘xshatishlarda ham ko‘rishimiz mumkin.
Тilshunos olima D. Xudoyberganova o‘zining “Matnning antroposentrik tadqiqi” nomli maqolasida o‘zbek tilidagi inson haqidagi turg‘un o‘xshatishlarni quyidagi ma’noviy guruhlarga tasnif qiladi:
1. Inson a’zolari bilan bog‘liq bo‘lgan o‘xshatishlar.
2. Insonning tashqi ko‘rinishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘xshaishlar.
3. Insonning jismoniy xususiyati bilan bog‘liq o‘xshatishlar.
4. Insonning ovozi bilan bog‘liq o‘xshatishlar.
5. Inson nutqi bilan bog‘liq o‘xshatishlar.
6. Insonning harakteri bilan bog‘liq bo‘lgan o‘xshatishlar.
7. Insonning holati bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ xshatishlar.
8. Insonning hatti-harakati bilan bog‘liq bo‘lgan o‘xshatishlar1.
Bu o‘xshatishlarning har biriga alohida to‘xtalib o‘tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |