Lisoniy sintaktik qolip (lsq) sintaksisning asosiy tadqiq birligi sifatida
Download 61.61 Kb.
|
Lisoniy sintaktik qolip
Lisoniy sintaktik qolip (LSQ) sintaksisning asosiy tadqiq birligi sifatida. Til o’z ijtimoiy vazifasini sintaktik qurilma - gap vositasida amalga oshiradi. Tildagi barcha - fonetik, leksik, morfologik hodisalar ana shu sintaktik qurilishga xizmat qiladi. Biroq bular sirasida leksika va morfologiyaning til grammatik qurilishidagi ishtiroki bevosita muhimdir. Zero, har qanday sintaktik hodisada so’z va morfologik ko’rsatkichlarni ko’ramiz. Shu boisdan sintaktik mohiyatlarni belgilashda leksik va morfologik omillarga tayaniladi. Grammatika morfologiya va sintaksisni o’z ichiga oladi. Morfologiya, asosan, sintaktik qurilish vositalari bo’lmish grammatik ko’rsatkichlar tizimi - morfologik kategoriyalarni o’rganadi, ularning umumiy va xususiy grammatik ma‘no (UGM va XGM) larini o’rganadi. Shuningdek, u so’z turkumlarining umumiy grammatik xossalarini ham tekshirib keladi. Aslida, morfologiyaning tekshirish manbai yo leksik, yo sintaktik tabiatga ega bo’ladi. Masalan, so’z turkumlari lug’aviy ma‘nosi yaqin so’zlarning yuksak darajadagi umumlashmasi, so’zlarni bosqichma-bosqich birlashtirib borish natijasida hosil qilingan katta guruhlardir. Demak, so’z ma‘nolari umumlashuvi pog’onasining yuqori zinasi morfologik mohiyat sifatida qaraluvchi so’z turkumlaridir. Morfologik ko’rsatkichlar ikkiga bo’linadi: lug’aviy shakl hosil qiluvchi qo’shimchalar; sintaktik shakl hosil qiluvchi qo’shimchalar. Lug’aviy shakl hosil qiluvchi ko’rsatkichlar leksemalarning lug’aviy ma‘nosiga ta‘sir qilib, odatda, leksik ahamiyatga ega bo’ladi. Masalan, o’qigan bola birikmasidagi o’qigan lug’aviy shakli -gan ko’rsatkichini olib, lug’aviy ma‘nosidagi «harakat» semasini kuchsizlantiradi va buning evaziga «belgi» ma‘no bo’lakchasiga ega bo’ladi. Aloqa-munosabat (sintaktik) shakllari so’zlarning lug’aviy ma‘nosiga ta‘sir qilmasdan, ularni sintaktik aloqaga kiritish uchungina xizmat qiladi. Masalan, kitobni olmoq birikmasidagi tushum kelishigi qo’shimchasi kitob leksemasini olmoq fe‘liga tobelash vazifasini bajarmoqda. Aytilganlardan xulosa qilish mumkinki, so’z turkumlari yuksak lug’aviy umumlashtirish, so’zlarni umumiy belgilari asosida birlashtirish natijasi bo’lsa, grammatik ko’rsatkichlarning bir qismi leksik va bir qismi sintaktik ahamiyatga egadir. Demak, tilshunos I.I.Meshchaninov ta‘biri bilan aytganda, morfologiya aslida leksik va sintaktik jihatlar birligidir. Download 61.61 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling