1. “Sahih” kitoblar.
Bu turdagi kitoblarning birinchisi bo‘lgan Imom Buxoriyning «Sahih»lari va Imom Muslimning «Sahih» kitoblari faqat «Sahih» hadislarni o‘z ichiga olgandir. Ibn Xuzayma kabi muhaddislar ham «Sahih» kitob tuzganlar, ammo ular Imom Buxoriy va Muslimlar darajasiga yetmaganlar.
2.”Sunan” kitoblar.
Bu turdagi kitoblar boshida Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy va Ibn Mojalarning kitoblari turadi. «Sunan» kitoblari fiqh boblari asosida bo‘lmish aytib o‘tilgan edi. «Sunan» kitoblari boshqa ulamolar tomonidan ham tuzilgan lekin, mazkur to‘rt imomning kitoblari darajasiga etmagan.
Yuqorida zikr qilingan ikki «Sahih» va to‘rta «Sunan» qo‘shilib «Sihohi sitta» – eng sahih olti kitobni tashkil etadi. Lekin oltinchi kitob – «Sunani Ibn Moja» haqida ulamolar ixtilof qilishgan. Jumladan, Ibn Asiyr va Roziylar «Sunani Ibn Moja»ning o‘ringa Imom Molikning «Muvatto»sini qo‘yish kerak, deganlar. Ibn Xajar al-Asqaloniy uning o‘rniga Dorimiyning kitobini qo‘yish kerak, deganlar.
Shundoq qilib, zikr qilinish tartiblari ila, avval Buxoriy, keyin Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiyning besh kitobi eng kuchli hadis kitoblari hisoblanadi va ushbu kitoblarda kelgan hadislar eng kuchli bo‘ladi. So‘ngra Buxoriy bilan Muslim ittifoq qilgan hadis, keyin Buxoriy yolg‘iz o‘zi rivoyat qilgan, so‘ngra Muslim va hakazo hadislar kuchli hisoblanadi. Oltinchi o‘ringa Ibn Moja, Imom Molik va Imom Dorimiylarning kitoblari da’vogarlik qiladi. Ulardan keyin esa boshqa kitoblar keladi.
3.”Jome’” – jamlovchi kitoblar.
Bu turdagi kitoblarga: aqiyda, ahkom, zuhd, emoq-ichmoq odobi, tafsir va tarix, shamoil, fitnalar, fazilatlar kabi boblarni o‘z ichiga olgan kitoblar kiradi. SHu ma’noda Imom Buxoriy va Imom Termiziylarning kitoblari «Jome’» hisoblanadi.
4.”Musnad” kitoblar.
Bu turdagi kitoblarda har bir sahobiy alifbo bo‘yicha yoki Islomga kirish navbati bo‘yicha olinib, u zotning rivoyat qilgan hadislari birin-ketin keltiriladi.
Abu Dovud at-Tayolisiy va Baqiy ibn Muhammadlarning kitoblari musnad kitoblar jumlasiga kiradi. «Musnad» kitoblarning eng mashhuri Imom Ahmad ibn Hanbalning kitoblaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |