To‘rtinchidan, hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat xulosa qismini e’lon qilishga
haqli. Vakolatli sudlarda sudning hal qiluv qarori ish ko‘rib bo‘linganidan so‘ng darhol
chiqariladi va to‘liq e’lon qilinadi. Faqat, alohida hollarda juda murakkab ishlar yuzasidangina
asoslantirilgan hal qiluv qarorini tayyorlash ko‘pi bilan uch kunga kechiktirilishi mumkin. Lekin
hal qiluv qarorining xulosa qismini sud ishni ko‘rish tamomlangan majlisning o‘zidayoq e’lon
qilishi kerak. Ayni bir vaqtda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar asoslantirilgan hal qiluv qarori
bilan qachon tanishib chiqishlari mumkinligini e’lon qiladi.
Beshinchidan, hakamlik sudining qarorlarini majburiy ijro etish yuzasidan vakolatli
sudlar tomonidan beriladigan ijro varaqalari ijro hujjati bo‘lib hisoblanadi. Bu esa hakamlik sudi
hal qiluv qarorining majburiy ijrosi davlat sudi tomonidan uning tan olinish tartib-taomilisiz
amalga oshirilishi mumkin emasligini ko‘rsatadi. Vakolatli sudlar o‘zlari qabul qiladigan hal
qiluv qarorlari asosida beradigan ijro varaqalari ijro hujjati hisoblanadi.
Oltinchidan, hakamlik sudi hal qiluv qarori apellyatsiya, kassatsiya yoki nazorat tartibida
qayta ko‘rib chiqilmaydi. Hakamlik sudining hal qiluv qarori uni bekor qilishni so‘rab vakolatli
sudga ariza berish yo‘li bilan nizolashishi mumkin.
Hakamlik sudi hal qiluv qarorining mohiyati, avvalo uning moddiy-huquqiy
munosabatlarga ta’sirida namoyon bo‘lib, moddiy-huquqiy (huquqiy munosabatning mavjud
yoki mavjud emasligi, uning o‘zgarishi) munosabat sub’ektlarining o‘zaro munosabatlarini
tasdiqlaydi, ular o‘rtasidagi nizoga barham beradi, qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarni
moneliksiz amalga oshirish imkoniyatini yaratadi va shu orqali ularni himoya qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |