M o r f e m a L a r т I z I m I


Morfemalarning tabiatiga ko‘ra tasnifi


Download 161.5 Kb.
bet3/11
Sana30.10.2023
Hajmi161.5 Kb.
#1734714
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
XADICHA

Morfemalarning tabiatiga ko‘ra tasnifi
Morfemalarni tabiatiga ko‘ra affiks, affiksoid, leksik tabiatli morfema deb uch turga ajratish mumkin. Affiks – biror qismga, jumladan leksemaga zich qo‘shib ishlatiladigan morfema (< lot. affixus – “biriktirilgan”). Masalan, keldim birligi tarkibida qatnashayotgan -di, -m morfemalari affiksga teng, chunki -di qismi kel- qismiga, -m qismi keldi- qismiga bevosita qo‘shiladi. Affiks qo‘shiladigan qismga a s o s deyiladi.
Affikslar leksemaning ketiga yoki oldiga qo‘shilib kelishiga qarab suffiks va prefiks deb farqlanadi. Leksemaning (asosning) ketiga qo‘shiladigan affiksga suffiks deyiladi (< lot. suffixus – “tirkalgan”). Yuqorida keltirilgan -di, -m affikslari - suffikslar. O‘zbek tilidagi affikslar - suffiks tabiatli.
Leksemaning (asosning) oldiga qo‘shilib keladigan affiksga prefiks deyiladi (lot. praefixum < prae – “oldindagi”, fixus – “biriktirilgan”). O‘zbek tili morfemalari tizimiga prefiks xos emas; lekin tojik tilidan olingan leksemalar tarkibida kirib kelib, keyinchalik o‘zbekcha leksemalarga ham qo‘shib ishlatila boshlagan ayrim prefikslar mavjud: be-, (beish- kabi), ser- (serunum- kabi).
Affiksoid deb asli leksik birlik bo‘lib, keyinchalik xuddi affiks kabi grammatik ma'no ifodalashga xizmat qilib, affiks kabi bir necha leksemalarga qo‘shilib kelish xususiyatiga ega bo‘lgan birlikka aytiladi (lot. affixoid – “affiksga o‘xshash”). Masalan, lug‘atimizda xona- leksemasi mavjud (katta xona- kabi), shu bilan birga -xona affiksoidi ham mavjud (ishxona-, oshxona-, choyxona- kabi); noma- leksemasi ham (vassalom, noma tamom kabi), -noma affiksoidi ham (taklifnoma-, aybnoma-, ruxsatnoma- kabi) mavjud.
Тojik tilidan olingan leksemalar tarkibida tilimizga kirib kelib, keyinchalik o‘zbekcha so‘zlarga ham qo‘shilish xususiyatiga ega bo‘lgan, asli tojikcha fe'lning asosiga (ko‘pincha hozirgi zamon asosiga) teng birliklar ham o‘zbek tili nuqtayi nazaridan affiksoidga tenglashtiriladi. Masalan, aybdor-, bo‘ydor-, yag‘rindor- kabi leksemalar tarkibida qatnashadigan -dor qismi asli tojikcha doshtan (ega bo‘l-) fe'lining hozirgi zamon asosiga teng. Тojik tilshunosligida bunday qism qatnashadigan leksema tuzma leksema deyiladi, demak, bunday qism leksemaga tenglashtiriladi; o‘zbek tilshunosligida esa affiksga o‘xshatilib affiksoid deb qaraladi. Affiksoidlar leksema yasovchilik vazifasini bajaradi.
Leksik tabiatli morfema affiksdan (shuningdek affiksoiddan ham) keskin farq qiladi: o‘zi taalluqli leksemaga zich qo‘shilmaydi, balki ayrimligi saqlanadi, leksemaga o‘xshashlik belgisi shu xususiyatida namoyon bo‘ladi. Lekin grammatik ma'no ifodalashiga ko‘ra affiksga tenglashadi. Тashqi jihati (leksemaga zich qo‘shilmasligi) emas, mazmun jihati (grammatik ma'no ifodalashi) asosida bunday birlikni leksik tabiatli morfema deb nomlash mumkin.
Bunday morfema deb, masalan, ot turkumi doirasida bilan, uchun kabi ko‘makchilarga, sifat va ravish turkumlari doirasida eng, juda kabi kuchaytiruv birliklariga, fe'l turkumi doirasida -ber-, -ol-, -bo‘l- kabi ko‘makchi fe'llarga aytiladi.
Morfema-affikslar, morfema-affiksoidlar, leksik tabiatli morfemalar dars-likning keyingi qismlarida turkumlar bo‘yicha ta'kidlanadi.
Affiks bilan hosil qilinadigan grammatik shakl sintetik shakl deyiladi: kel+di+m, kel+a+man kabi. Bunda affiks asosga to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shiladi: kel- asosiga -di affiksi, keldi- asosiga -m affiksi qo‘shilishi kabi.
Leksik tabiatli morfema bilan hosil qilinadigan grammatik shakl analitik shakl deyiladi: kel+a+qol-, ish+dan+keyin kabi. Bu yerda grammatik ma'no ifodalaydigan vosita leksik tabiatli morfema bo‘lgani uchun asosga odatda to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shilmaydi, balki ma'lum bir grammatik shakl yasovchi orqali qo‘shiladi: Yuqoridagi misollarda -qol- ko‘makchi fe'li kel- asosiga -a ravishdosh shakli yasovchisi orqali, keyin ko‘makchisi ish- asosiga -dan kelishik shakli orqali qo‘shilgani kabi.
Ayrim adabiyotlarda grammatik ma'noning kela qol- tarzida ifodalanishi analitik-sintetik (sintetik-analitik) shakl deb ajratiladi. Vaholanki bu yerda grammatik ma'no ko‘makchi fe'lning o‘zi bilan ifodalanadi; ko‘makchi fe'l leksemalik xususiyatini qisman saqlagani sababli asosga emas, balki grammatik shakllangan birlikka – leksemashaklga teng birlikka qo‘shiladi: kela qol- qurilmasida kela qismi fe'lning ravishdosh leksemashakliga teng. Xuddi shunday xususiyat ko‘makchilarda ham saqlangan: keyin ko‘makchisi o‘zi qo‘shiladigan qismning chiqish kelishigidagi leksemashaklga teng bo‘lishini talab qiladi.
Ish bilan qurilmasida ham ko‘makchi ish- asosiga emas, balki "leksema + birlik + bosh kelishik" tuzilishli leksemashaklga qo‘shiladi; demak, bu yerda leksik tabiatli morfema asosga emas, balki ma'lum bir grammatik shakl hosil etuvchi morfema olgan qismga qo‘shiladi. Ko‘rinadiki, ishdan keyin bilan ish uchun qurilmalari analitik shakl sifatida bir xil.
Kelayotir, keladigan kabi qurilmalar alohida izoh talab qiladi. Bular - -yotir, -digan affikslari bilan hosil qilingan sintetik grammatik shakllar. Bunday affiksning boshqa affikslardan farqi shuki, fe'l asosiga -a/-y ravishdosh shakli orqali qo‘shiladi. Chunki -yotir affiksi asli yot- fe'lining sifatdosh shakliga teng bo‘lib, affiksga aylanganidan keyin ham leksemalik (ko‘makchi fe'llik) xususiyatini bir nuqtada – o‘zi qo‘shiladigan qismning ravishdosh shaklida bo‘lishini talab qilishida saqlab qolgan. Xuddi shunday xususiyat -digan affiksida ham saqlangan: Bu affiks tur- ko‘makchi fe'lining -gan sifatdosh shakli asosida yuzaga kelgan.
Yuqoridagi izohlar -yotib affiksiga ham taalluqli. Hozirgi adabiy o‘zbek tilida bu affiksning jiddiy tovush o‘zgarishlariga uchragan -yap talaffuz shakli ko‘p ishlatiladi. Hozir mustaqil affiks deb qaraladigan -yap affiksi, xuddi -yotib affiksi kabi, asosga -a/-y ravishdosh yasovchisi orqali qo‘shiladi: kel+a+yotib+di  kel+a+yap+di kabi.
Xullas, affiksning asosga to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shilishi qoidasidan bu affikslarda chetga chiqilishining o‘z izohi bor.



Download 161.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling