Ma’naviyatshunoslik fanining predmeti Reja: 1


Ma’naviyatshunoslik fani predmeti, boshqa fanlar bilan aloqasi


Download 0.75 Mb.
bet3/5
Sana01.11.2023
Hajmi0.75 Mb.
#1737306
1   2   3   4   5
Bog'liq
Ma’naviyatshunoslik fanining predmeti

Ma’naviyatshunoslik fani predmeti, boshqa fanlar bilan aloqasi.
Inson faoliyatining shunday yо‘nalishlari borki, ular ma’naviyatning turli jihatlari va voqelik shakllarini о‘rganibgina qolmay, о‘zlari ham ma’naviy amaliyotni, ma’naviy yaratuvchilikni tashkil etadi. Masalan, din, axloq, san’at (adabiyot, musiqa, musavvirlik, haykaltaroshlik, me’morlik, qо‘shiq, raqs, teatr va sh. k.), filosofiya va ilm-fan shular jumlasidan. Jamiyatdagi barcha munosabatlar — siyosiy, huquqiy, maishiy, hatto iqtisodiy va boshqa munosabatlar axloqiylik, insoniylik, kengroq olsak – ma’naviylik nuqtai nazaridan baholanishi mumkin va lozim. Binobarin, insonning har qanday faoliyati о‘zining ma’naviy tomoniga ega. Shu sababdan ma’naviyatga oid hodisalarni kо‘plab fanlar о‘rganib kelgan. Ayni ma’naviyat yaxlit, bus – butun tizim sifatida ham о‘rganilishi lozim. Bu vazifani ma’naviyatshunoslik fani bajaradi.
Ma’naviyatshunoslik fani boshqa ijtimoiy – gumanitar fanlar bilan yaqindan aloqa qiladi. Ularning xulosalarini, tadqiqotlarini tahlil qiladi, umumlashtiradi. Ulardan foydalanish asosida о‘z predmetini, didaktik mazmunini, tushunchalar tizimini, ilmiy apparatini, ilmiy xulosalarini shakllantiradi va mudom boyitib boradi. Ayni paytda ma’naviyatshunoslik fani ulardan yasalgan quroq ilm emas. U falsafiy fanlar jumlasiga kirsa-da, о‘zining aniq predmetiga, alohida tadqiqot ob’ektiga ega. U falsafaning ilmiy usullaridan, ontologik (ontologiya — borliq mohiyati haqidagi ta’limot), epestimeologik (bilish nazariyasi, boshqacha atamasi — gnoseologiya), aksiologik (aksiologiya — qadriyatlar haqida ta’limot, qadriyatshunoslik) kategoriyalaridan, tushunchalaridan, ijtimoiy filosofiya materiallaridan, xulosalaridan о‘z predmetini о‘rganish zaruriyatiga mos ravishda foydalanadi. Boshqa fanlar materiallaridan foydalanish xususida ham shunday deyish mumkin.
Har bir fanning predmeti uning asosiy ijtimoiy vazifasidan kelib chiqadi. Ularning tadqiqot ob’ektlari bir xil bо‘lishi mumkin, ammo predmeti farq qiladi. Masalan, biologiya insonni tirik, jonli mavjudod, alohida biologik tur sifatida о‘rgansa, tibbiyot ilmi insonni sog‘lomlik, uning tanasi a’zolari normal ishlashi, agar kasallanib qolsa, normal faoliyatini tiklash zaruratidan kelib chiqib о‘rganadi. Pedagogika esa insonni (bolani) unga ta’lim-tarbiya berish, qiziqishlarini muayyan maqsadga yо‘naltirish zarurati bilan bog‘lab о‘rganadi. Ma’naviyatshunoslik fanining predmeti — bunyodkor, izlanuvchan, о‘zini va о‘z ijtimoiy borlig‘ini ezgulik, adolat, gо‘zallik asosida qayta qurishga, takomillashtirishga intiluvchan erkin, mustaqil fikrlovchi va kо‘ngil dunyosi boy inson, uning tabiatga, jamiyatga, о‘z-о‘ziga nisbatan ruhoniy va amaliy munosabatidir. Bunday kishilarni ota-bobolarimiz fozil kishi, komil inson, ularni voyaga etkazadigan jamiyatni fozil jamiyat (shahar) deb ataganlar. Qisqacha aytganda, ma’naviyatshunoslik fanining predmeti komil inson va uni voyaga etkazuvchi insonparvar ijtimoiy qadriyatlar va munosabatlardir.



Fanning ob’ekti esa insonning ichki aqliy va hissiy dunyosiga, erkinligiga, irodasiga, jamiyatda tutgan о‘rniga, ijtimoiy munosabatlariga, yaratuvchilik faoliyatiga, haqiqat va ezgulik, gо‘zallik va ijodga intilishi, bu intilishlarning natijalari va baholariga oid barcha hodisalar, mavzular, inson ruhining tug‘yonlari, inson ongiga ta’sir kо‘rsatuvchi ijtimoiy munosabatlar, muhit, jamiyat hayotining turli sohalari bо‘lishi mumkin. Masalan, ma’naviyatshunoslik fanining tadqiqot ob’ekti oila ma’naviyati, yoki ekologik muammolarga shaxsning, butun jamiyatning munosabati bо‘lishi mumkin. Lekin bu muammolarni ma’naviyatshunoslik о‘z predmeti nuqtai nazaridan о‘rganadi. Huquqshunoslik fani oila munosabatlarini Oila kodeksi moddalaridan, talab va me’yorlaridan, tabiat muammolarini tegishli qonunlar me’yorlaridan kelib chiqib tahlil etsa, ma’naviyatshunoslik fani ularni va boshqa barcha masalalarni insonlar о‘rtasidagi munosabatlarning, inson faoliyatining qanchalik oqilonalikka, ezgulikka va gо‘zallikka mosligi, insonda chin insoniy, ya’ni ma’naviy fazilatlarni tarbiyalash va mustahkamlash lozimligidan kelib chiqib о‘rganadi. Ijtimoiy muhitni va inson e’tiqodini, irodasini bir-biriga ijobiy yoki salbiy ta’sir kо‘rsatishi nuqtai nazaridan tadqiq qiladi.


Boshqa birorta gumanitar fan qayd etilgan predmet nuqtai nazaridan ma’naviyat masalalarini umumiy tarzda tо‘liq qamrab olmaydi yoki ularning muayyan tomonlarinigina о‘rganadi. Faqat falsafa umumlashgan ilmlar tizimi sifatida ushbu masalalarga umumiy munosabatni bildirib о‘tadi. Lekin falsafaning etika,estetika, ijtimoiy filosofiya kabi nisbatan mustaqil qismlari ma’naviyat masalalarining о‘ziga tegishli yо‘nalishlarini о‘rganadi, boshqalarini tо‘la qamrab olmaydi. Bir qarashda yuqoridagi masalalarni о‘rganish etikaga (axloq haqidagi fan) ham aynan xosdek tuyuladi. Bundan etika fani predmetidan ma’naviyatshunoslik predmeti nimasi bilan farq qiladi, ular bir xil emasmi, degan savol tug‘iladi?
Etika fanining predmeti ma’naviyatshunoslik predmetiga nisbatan sezilarli darajada tor. U о‘rganadigan mavzularini, ob’ektini, inson ongini, madaniyatini, xatti-harakati va faoliyatini faqat axloqiy baholar, me’yorlar, axloqiy omillar – ezgulik va yovuzlik nuqtai nazaridan tahlil qiladi. U ijtimoiy taraqqiyot masalalarining kо‘pchiligi bilan, masalan, ilm-fan, adabiyot va san’at rivojlanishi, jamiyat demokratiyalashuvi kabi masalalar bilan qiziqmasligi yoki ularning faqat axloqiy jihatlari bilangina qiziqishi mumkin. Ma’naviyatshunoslik fani ushbu masalalarni batafsil tahlil etmasa-da, ammo chetlab ham о‘tmaydi, ularni inson e’tiqodi, irodasi, kamoloti va jamiyat yuksalishi, ijtimoiy muhit bilan bog‘laydi. Chunki jamiyatda sodir bо‘layotgan jarayonlar, san’at va madaniyat rivojlanishi, ijtimoiy taraqqiyotning barcha yо‘nalishlari, demokratlashish, fuqarolik institutlari rivojlanishi va h.k. jamiyat a’zolarining ma’naviy-madaniy saviyasiga, ma’naviy tarbiyasiga, jamiyatdagi ma’naviy muhitga bog‘liq. Ular о‘rtasidagi bog‘liqlik va munosabatlar ma’naviyatshunoslik fani ob’ektga aylanadi.
Ma’naviyatshunoslik alohida fan sifatida mustaqillik davrigacha qayd etilmas edi. Ammo u о‘rganadigan masalalar va mavzular ilm-fan e’tiboridan mutlaqo chetda bо‘lmagan. Ular turli fanlar doirasida, jumladan ijtimoiy filosofiya, etika, estetika, adabiyotshunoslik, san’atshunoslik, madaniyat nazariyasi, pedagogika, psixologiya va boshqa fanlar doirasida u yoki bu darajada о‘rganilgan. Ammo har bir fan mazkur masalalarni о‘z predmeti nuqtai nazaridan — yo juda toraytirib (xususiy fanlar), yo juda kengaytirib (filosofiya) о‘rgangan.
Ma’naviyatshunoslik о‘z predmetiga taalluqli boshqa fanlar tadqiqotlarini, axborotlarini umumlashtiruvchi va uyg‘unlashtiruvchi vazifani bajaradi. Shu bois uning predmeti yuqorida zikr etilgan fanlar predmetiga nisbatan о‘ziga xosligi, ularning aksariyatiga nisbatan kengligi va kо‘pqirraligi bilan ajralib turadi.
Qadimgi yunon ilmiy-falsafiy qarashlarida inson ma’naviy hayoti uch guruhga bо‘lingan — aql (tafakkur), iroda va tuyg‘u. Aqlni (tafakkurni) mantiq fani, irodani etika fani tadqiq etgan. XVIII asrga kelib estetika fani vujudga kelgan. U inson tuyg‘ulari va kechinmalarini gо‘zallikka munosabat nuqtai nazaridan о‘rgana boshlagan. Ilgari ushbu masalalar umumiy filosofiya fani doirasida bilish nazariyasi, etika, poetika, ritorika va sh.k. fanlar tomonidan о‘rganilgan. Psixologiya ushbu masalalarni boshdanoq mushtarak tarzda, ammo mavzu doirasini toraytirib va xususiylashtirib, uni inson ongining tashqi ta’sirga javobi (reaksiyasi) tarzida о‘rgangan.
Ma’lumki, Yevropa falsafasi «axloq», «ruh», «iroda», «gо‘zallik» kabi tushunchalarni tadqiq etishda ulkan natijalarga erishgan, teran tadqiqotlarni amalga oshirgan bо‘lsa-da, u ma’naviy hayotni yaxlit holda emas, bо‘lib о‘rganish an’anasiga sodiq qolgan. Chunonchi, Gegel ta’limotida “g‘oya” Shopenhauer ta’limotida «iroda» substansional (borliqning о‘zagi о‘laroq) ahamiyat kasb etadi va butun tarixiy jarayonning faol sub’ekti sifatida namoyon bо‘ladi. Bunday hol ularning ta’limotiga yaqqol (Shopenhauer) yoki noyaqqol (Gegel) mistik sifat baxsh etadi. Gegel barcha moddiy va ideal hodisalarni — tabiat, inson, jamiyat, davlat, axloq, huquq, san’at, ong, tafakkur, tushuncha kabilarni absolyut (mutlaq) g‘oyaning о‘zgacha borlig‘i, moddiylashgan muqobil shakli deb hisoblaydi. Gegel ularning barchasini mutlaq g‘oyaning о‘z-о‘zidan taraqqiy etishi, о‘zining qarama-qarshi, inkor shakliga aylanishi kabi о‘zi taklif etgan dialektikaning qonunlariga bog‘lab о‘rganadi.

Sharq ilmida esa ma’naviy hayotga kо‘proq mushtarak hodisa sifatida qaralgan. G‘arbdagidan farqli о‘laroq, «ruh», «iroda», «axloq» (odob) va boshqa kо‘plab tushunchalarni alohida har tomonlama tadqiq etish unchalik urf bо‘lmagan. Kо‘proq qisqacha ta’rif berish, eng muhim belgilarni e’tirof etish bilan cheklanilgan. Lekin bundan Abu Hamid G‘azzoliy, Aziziddin Nasafiy kabi (XI-XIII asr) ayrim olimlar istisno. Islom mamlakatlarida yillar о‘tishi bilan ma’naviyatni о‘rganishda mistik unsurlar kuchaya borgan. Bunday yondashuv oxir-oqibat ma’naviyatning mohiyatini ilohiy irodaga, g‘ayritabiiy qobiliyatga va shuurga bog‘lashga olib kelgan. Ma’naviyatni о‘rganadigan, tahlil qiladigan, umumlashtiradigan ilmiy tushunchalar, atamalar tizimini rivojlantirishga, har bir atamani ilmiy tahlil qilishga etarli e’tibor berilmagan. Hattoki tasavvuf doirasidagi har xil tariqatlar bir hodisani yoki jarayonni ifodalashda turli atamalardan foydalanganlar. Bu о‘rta sharqda XIV-XV asrlarda uzil-kesil shakllangan an’ana edi.


Mustaqil О‘zbekistonda ma’naviyatga iqtisodiyot qatorida ustuvorlik berilishi uni har tomonlama va maxsus о‘rganishni kun tartibiga qо‘ydi. Ma’naviyat tо‘g‘risida aniq va nisbatan mukammal tasavvurlargina milliy manfaatlarimizni, yutuq va kamchiliklarimizni teranroq tushunib olib, О‘zbekistonni taraqqiy etgan davlatlar qatoriga olib chiqishda ma’naviy omillardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Ma’naviyatshunoslik ijtimoiy-gumanitar fanlarning deyarli hammasi bilan aloqa qiladi. U falsafiy fanlardan yana dinshunoslik fani bilan yaqindan bog‘langan. Din uzoq tarixiy davrlar davomida odamlar e’tiqodini, dunyoqarashini belgilagan. Jamiyat mafkurasiga, axloqiga, san’atiga, iqtisodiy, huquqiy, maishiy ongiga, odamlarning о‘zaro munosabatlariga, urf-odatlariga to kapitalizm qaror topib industrial jamiyat vujudga kelgan davrgacha hal qiluvchi ta’sir kо‘rsatgan. Rivojlanayotgan mamlakatlarda hozirgacha dinning ta’siri kuchli. Shu bois ma’naviyatning kelib chiqishi, taraqqiyot bosqichlari va qonuniyatlarini о‘rganishda dinshunoslik fani materiallariga murojaat etmaslik, ularni hisobga olmaslik mumkin emas.
Lekin ta’kidlash joizki, ma’naviyat hatto qadimgi ibtidoiy jamiyatda ham faqatgina diniy tasavvurlar va qarashlar bilan bog‘liq holda rivojlanmagan. U ibtidoiy raqslar, asotirlar (mifologiya), ertaklar, rivoyatlar, qoya sur’atlari, oilaviy munosabatlar, urf-odatlar shaklida ham rivojlangan, insonning ilk nodiniy ijodkorlik faoliyatidan oziqlanib kelgan. Bu tendensiya muttasil kuchayib borgan. Ma’naviyatshunoslik folklor va adabiyotshunoslik, tilshunoslik, san’atshunoslik va keng ma’nodagi madaniyatshunoslik, tarix, ijtimoiy psixologiya fanlari hisobidan aniq dalillar va ma’lumotlar bilan boyiydi, о‘z predmeti yо‘nalishida ularni tо‘ldiradi va boyitadi.
Ma’naviyat qotib qolgan hodisa emas. U jamiyat va inson bilan, ijtimoiy amaliyot bilan birga takomillashadi, rivojlanadi, о‘zgaradi. Unga davlat siyosati, ijtimoiy tabaqalar, sinflar millatlar, xalqlar, mamlakatlar, madaniyatlar о‘rtasidagi munosabatlar, aloqalar muayyan tarzda ta’sir kо‘rsatadi. Ma’naviy qadriyatlar turli ijtimoiy tabaqalar, qatlamlar, guruhlar tomonidan bir xil о‘zlashtirilmaydi, bir xil baholanib, bir xil tushunilmaydi. Ushbu masalalarni о‘rganish uchun turli ijtimoiy guruhlar qiziqishlarini yaxshi bilish, sotsiologik tadqiqotlar о‘tkazish zarur. Demak, ma’naviyatshunoslik nazariy va amaliy sotsiologiya bilan aloqa о‘rnatadi, uning usullaridan, xulosalaridan foydalanadi. Davlat siyosatining, partiyalar о‘rtasidagi mafkuraviy kurash yoki sheriklikning, xalqaro iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalarning ma’naviy jarayonlarga ta’sirini siyosatshunoslik fani yordamisiz teran tushunish qiyin. Ushbu fan ham ma’naviyatshunoslikni kо‘plab aniq dalillar, teran xulosalar bilan boyitadi.
Ma’naviyatning predmetlashgan shakli madaniyat – adabiyot va san’at asarlari, badiiy obraz, inson tili, xulq-atvori ideal shakli – axloqiy estetik, ilmiy, huquqiy, siyosiy g‘oyalar, tushunchalar,– hammasini о‘ziga xos ramz, belgi, deb hisoblash mumkin. Har qanday sо‘zning о‘zi – ramz: yo biror tushunchani, fikrni, yo hayotda ob’ektiv mavjud predmetni, hodisani ifodalaydi. Sо‘z bilan ifodalanadigan tushuncha va real predmet о‘rtasida hech qanday bevosita о‘xshashlik, bog‘liqlik yо‘q. Sо‘z ifodalanuvchi narsaning faqat nutq yoki imlo (yozuv) yordamidan foydalanilgan belgisidir, xolos. Shu sababdan turli sharoitda yashagan, bir-biriga qardosh bо‘lmagan etnoslar ularni turli sо‘zlar orqali belgilagan. Agar sо‘z predmetga bevosita bog‘liq bо‘lganida, muayyan predmetni barcha xalqlar bir xil atar edilar. Shunday qilib, tilni о‘ziga xos belgilar va ramzlar tizimi, deyish mumkin. Har qanday g‘oya, me’yor, ijtimoiy mо‘ljal va ideal – ramz. Ularni har kim, har bir tarixiy davr о‘zicha tushunadi, talqin qiladi. Tilning, g‘oya va obrazning, badiiy asarning belgilik (ramziylik) xarakterini va bu bilan bog‘liq barcha murakkab masalalarni semiotika fani о‘rganadi. Ma’naviyatshunoslik semiotika, semaseologiya fanlari ma’lumotlaridan, talqinidan, ba’zan ilmiy uslublaridan foydalanadi.
Va, nihoyat, ma’naviyatshunoslik fani bizning ijtimoiy hodisalarni shunchaki anglab olishimizgagina, tor ma’nodagi ma’rifiy vazifalargagina xizmat qilib qolmay, mustaqil О‘zbekistonning barkamol avlodini tarbiyalashga о‘z hissasini qо‘shish maqsadini oldiga qо‘yadi. Bu mazkur fanning pedagogika va pedagogik psixologiya fanlari bilan aloqa qilishini taqozo etadi. Yuqoridagi mulohazalardan ma’naviyatshunoslikka gumanitar fanlar tizimida о‘z predmetiga ega mustaqil fan sifatida qarash lozimligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotidagi ahamiyati ayon bо‘ladi.

Download 0.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling