Markaziy osiyo xalqlari tarixi


S Sovet maktablarining tashkil topishi va ularning siyosat yo‘lida xizmat qilishi. J


Download 0.9 Mb.
bet35/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

S Sovet maktablarining tashkil topishi va ularning siyosat yo‘lida xizmat qilishi.
J Markaziy Osiyo mintaqasida sovet hokimiyatining o‘ziga xos “madaniy inqilob”i respublikalarda mavjud ta'lim sohasini ham chetlab o‘tmadi. O‘tgan asrning 30 yillarida sovet maktablari darsliklarga muhtoj bo‘lgan bir paytda, jadid mualliflari yozgan va musulmon bolalarining turmushi va psixologiyasiga moslashtirilgan darsliklardan foydalanish haqida o‘ylab ham ko‘rilmadi. Maktablarda esa ko‘pincha maxsus tayyorgarlikni o‘tmagan, ma'lumoti past, malakasiz kishilar muallimlik qildilar. Shu bilan birga maktablar yomon axvolda bo‘lib, oddiy jihozlar, darsliklar yetishmas, o‘qitishning aniq dasturi va uslubi xali ishlab chiqilmagan edi.
Raqamlar orqasidan quvish, respublikalarda songa qarab ketish, shoshma-shosharlik oqibatida umumiy ta'limni joriy qilishda ko‘pgina jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yildi. Jumladan, maktab yoshidagi bolalarning bir qismi o‘qishga tortilmay qoldi, o‘qishni tashlab ketayotgan o‘quvchilar soni ortib bordi, ko‘pgina maktablarda o‘qitish saviyasi mutlaqo talabga javob bermasdi, chunki muallimlarning bilim darajasi yetarli emasdi. Ayniqsa ularning moddiy axvoli yomon edi, maktablar son jihatidan mutassil oshib borgani bilan ularning o‘quv-moddiy bazasi nochor ahvolda qolaverdi. Sovetlarning madaniy inqilob tadbiri jamiyatning barcha jabhalarini, ayniqsa fan va madaniyatni o‘ta mafkuralashtirib yubordi. Bolsheviklar tarbiyaning dastlabki va ta'sirchan o‘chog‘i bo‘lgan xalq ta'limini birinchi kundanoq mafkura izmiga solish uchun butun imkoniyatini ishga soldi. Maktablarda siyosiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishga va uni takomillashtirib borishga e'tibor berdi. Ta'lim sohasini “sinfiy dushmandan” tozalash maqsadida, maxsus qarorlar ham qabul qilindi. Masalan, VKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosi 1933 yil 27 martda o‘qituvchi kadrlar safini tozalash haqida qaror qabul qiladi va uning dastlabki natijalari shu yilning 25 aprelida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo bo‘yicha partiyaning madaniy sohaga bag‘ishlangan kengashida muhokama qilinadi. Bu “tozalash” natijasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston respublikalaridagi mavjud o‘qituvchilardan deyarli yarmidan ortig‘i dars berish uchun noloyiq deb topiladi. Ziyoli kadrlarni tayyorlashda sinfiy jihatdan ishonchli, aholining “mehnatkash” tabaqalaridan chiqqan kishilarni tanlab olish kerak, degan g‘oya ilgari surildi. Chunki, avvaldan yaxshi ma'lumki, aqliy va mantiqiy mushohada etish darajasi qancha past bo‘lsa, savollar ham, noroziliklar ham shuncha kam bo‘ladi. Shuning uchun ham madaniyat xodimlarining tarkibini ijtimoiy jihatdan ishonchli, mehnatkashlar hisobiga soddalashtirish, ular orasidagi eng zakovatli va omilkor qatlamni siqib chiqarish maqsad qilib qo‘yildi. Bu “madaniy inqilob”ning asosiy tezislaridan biri bo‘lib, shaklan milliy, mazmunan proletar madaniyatini vujudga keltirishdan iborat edi. Bu g‘oya sovet davlatining barcha davrlarida yashab keldi. O‘sha yillarda komsomol safiga ijtimoiy jihatdan faqat “mehnatkashlar” qatlamidan qabul qilinganligini e'tiborga oladigan bo‘lsak, nima uchun komsomollarni safarbar qilinib, ularni qisqa muddatli kurslarda o‘qitib maktablarga muallim sifatida yuborilganligini bilish qiyin emas. Buning natijasida birgina Turkmaniston maktablarida o‘qituvchilar soni 1928-29 o‘quv yilidagi 2,7 ming kishidan 1932-33 o‘quv yilida 7 ming kishiga yetdi. Bunday holatni boshqa qo‘shni respublikalarda ham kuzatish mumkin edi. Bu shundan dalolat beradiki, 1933 yillar boshlarida xalq ta'limi tizimlarida o‘tkazilgan “tozalash” oqibatida ijtimoiy kelib chiqishi nuqtai nazaridan “ishonchsiz” bo‘lgan minglab bilimdon va tajribali muallimlar haydalib, ular o‘rniga qasqa muddatli kurslarni bitirgan saviyasi past, lekin ijtimoiy jihatdan “ishonchli” bo‘lgan qatlamlardan qo‘shimcha muallimlar tayyorlanib, ular maktablar va madaniyatning boshqa sohalarida ishlash uchun yuborildilar.
O‘tgan asrning 30-yillarining birinchi yarmida Markaziy Osiyo respublikalarida avj olgan bu tadbir amalda ziyolilar safini malakasi va saviyasi past kishilar bilan to‘ldirishga, yuzakilik, omilsizlik, qog‘ozbozlik kabi noma'qul illatlarning ildiz otishiga olib keldi. Kishining qobiliyati, madaniy saviyasi va ma'lumot darajasi emas, balki ijtimoiy kelib chiqishi asosiy mezon qilib olindi. Ko‘pchilik partiya xodimlariga odat bo‘lgan rasmiy qarashlar va fikrlarga qattiq rioya qilgan VKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosi raisi I.A.Zelenskiy xalq ta'limi bo‘yicha 1928 yilda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo kengashida pedagogika texnikumlarida ta'lim olayotgan talabalar bo‘yicha quyidagi ma'lumotlarni keltirgan edi: “Biz madaniy sohada ijtimoiy kelib chiqishi jihatidan quyidagi shaxslarni tayyorladik: yirik savdogarlarning farzandlari 37%, mayda va o‘rta savdogarlarning farzandlari 27%, qishloq boylari farzandlari 18%, dehqon farzandlari 9%, hunarmandlar farzandlari 9%”. Markaziy Osiyo byurosi raisi respublikalar xalq ta'limi va madaniyat sohalarida ishlash uchun tayyorlangan mutaxassislarning ko‘pchiligi “begonalar” ya'ni ijtimoiy kelib chiqishi jihatidan tuzum mafkurasiga to‘g‘ri kelmaydiganlardan iborat bo‘lib qolganligini, ular ijtimoiy muhitga o‘rnashib borayotganligini keskin tanqid qilgan edi.
Ana shu og‘ir sharoitda mafkuraviy qoliplar zanjirida Markaziy Osiyo respublikalari madaniyati rivojlandi. Bu ajablanarli xol emas edi, chunki Markaziy Osiyoning tojik, turkman, qozoq, qirg‘iz va o‘zbek xalqining bilimga, madaniyatga va taraqqiyotga intilishi qadimdan jo‘shqin bo‘lgan. Shu bois sovet tuzumi yillarida ham, siyosiy mafkura tazyiqlariga qaramasdan madaniyat maydonida iste'dodli o‘qituvchilar, maorifchilar, olimlar, aktyorlar, rassomlar, haykaltaroshlar, musiqachilar, bastakorlar, qo‘shiqchilar va raqqosalar yetishib chiqib, ular mintaqa fani, xalqlarning milliy madaniyati va san'ati rivojiga o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘shganlar.
Kam sonli millatlar uchun ona tilida maktablar, shuningdek, texnikumlar va maorif institutlari ochildi. 1925 - 26 yillarda kam sonli millatlar uchun 127 ta maktab bor bo‘lib, ular respublika maktablari umumiy sonining 10,7%ini tashkil etardi. 20-yillarda Toshkentda tojik, tatar, qozoq-qirg‘iz, turkman, mahalliy yahudiy maorif institutlari ochilgan bo‘lib, ularda milliy o‘qituvchi kadrlar tayyorlanardi, shuningdek, uyg‘ur, mahalliy yahudiy, qozoq, eron, tojik texnikumlari ham mavjud edi. 1932 yilda turli millatlar ta'lim oladigan maktablarda ishlash uchun 4085 o‘qituvchi har xil qisqa muddatli qurslarda tayyorlandi. Ularga har yili turli oliy o‘quv yurtlarvda ta'lim olishlari uchun o‘rin ajratilardi.
Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘izton, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda turli xalqlar tillarida kitoblar, gazetalar va jurnallar nashr etish yo‘lga qo‘yildi. 1932 yilda ana shu kam sonli millatlar uchun 15 nomda gazetalar chop etildi. Milliy guruhlarning badiiy ijodi uchun shart-sharoitlar yaratildi, milliy ziyolilar otryadlari tarkib topdi.
1937-1938 yillarda mustabid tuzum zo‘ravonlik bilan Rossiyaning Uzoq Sharq o‘lkasidan 74500 koreys aholisi majburiy ravishda ko‘chirilib olib kelindi. Uzoq Sharq o‘lkasidan koreys aholisini majburiy ko‘chirilishiga asosiy sabab SSSR bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi edi. Chunki, bu davrda Koreya yarim orolining bir qismi Yaponiya tomonidan bosib olingan bo‘lib, bu yerdagi koreys aholisi bilan Uzoq Sharq hududidagi koreyslarning etnik kelib chiqishi bir edi. Shu sababdan mustabid Sovet davlati 1937 yil 21 avgustda qabul qilgan «Uzoq Sharq o‘lkasi chegara rayonlaridan koreys aholisining ko‘chirish to‘g‘risida»gi qaroriga binoan 170 ming koreyslar Markaziy Osiyo va Qozog‘iston hududiga majburan ko‘chirib olib kelingan edi. Bu davrda Markaziy Osiyo va Qozog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari shunchalik ko‘p miqdordagi koreys aholisini qabul qilish va joylashtirishga qurbi yetmasdi. Lekin shunga qaramasdan ushbu xalqlar koreys aholisiga nisbatan markaziy hukumatning «munosabatidan» qatiy nazar ularga o‘zining milliy mehmondo‘stligini, bag‘rikengligini ko‘rsatdi. Ularni uy-joy, ish bilan imkon darajasida ta'minladi, ularga maishiy xizmat, madaniy o‘choqlar yaratdi, bolalarining o‘qishi, ta'lim olishi uchun maktablar qurib berdi.
30-yillarda qaror topayotgan mustabid tuzumning zo‘ravonlik belgilari yaqqol sezila boshladi, hayotning barcha jabhalaridan demokratik asoslar sekin-asta siqib chiqarila boshladi. Bularning hammasi millatlararo munosabatlarda ham o‘z ifodasini topdi. Millatlar orasida muntazam olib boriladigan ko‘p qirrali ishlar qisqara boshladi. Kam sonli millatlarga nisbatan e'tibor pasaya bordi. 30-yillarga kelib shunday tajriba qaror topgan ediki, kichik elatlarning vakillari o‘zlarini katta elatning vakili qilib ko‘rsatish odat tusiga kiritildi, bu esa ularni majburiy ravishda bir-biriga singib ketish jarayoni (assimilyasiyalashuvi)ning boshlanishiga sabab bo‘ldi. 20-yillarning boshlarida partiya X, XII, XIV se'zdlari tomonidan ilgari surilgan xalqlarning iqtisodiy va madaniy qoloqligini tugatish vazifasi ham hal qilinmadi, bu boradagi partiya qarorlari bajarilmadi. Bu davrga kelib milliy respublikalar huquqlari butunlay cheklab qo‘yildi. Ular, yangi Konstitutsiyaga muvofiq eng muhim va asosiy masalalarni hal qilish u yoqda tursin, hatto viloyat va tuman bo‘linishlari chegaralarini belgilash huquqiga ham ega emasdilar.
Biroq bu yutuqlar tojik, turkman, qozoq, qirg‘iz va o‘zbek xalqi tomonidan boy berilgan ulkan yo‘qotishlar va kuchli ijtimoiy silsilalar evaziga qo‘lga kiritildi. Hukmron va mustabid kommunistik tartibot tomonidan buyurilgan mafkuraviy yo‘l yo‘riqlar, g‘oyalar va ko‘rsatmalar madaniy jarayonning to‘laqonli taraqqiyotiga yo‘l bermadi. Bu xalqlar madaniyati bundanda yetuk, yanada teran va yuksak bo‘lishi mumkin edi.

Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling