Markaziy osiyo xalqlari tarixi


Download 0.9 Mb.
bet33/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

S Afg‘oniston I jahon urushi davrida. Hokimiyatga "Yosh afg‘onlar”ning kelishi va uchinchi ingliz-afg‘on urushi. Sovet-afg‘on bitimi. «Yosh afg‘onlar» islohotlari.
J Birinchi jahon urushi boshlangach, amir Habibullo Afg‘onistonning neytralitet (betarafligi)ini e'lon qildi. Mamlakat ichkarisidagi murakkab siyosiy vaziyatga qaramay, afg‘on amiri neytrallikni saqlashga harakat qildi. Afg‘on amiri Habibullo urushni "buyuk balo, musibat" deb ifodaladi hamda "Hozirgi kunda faqat neytral davlatlargina baxtlidirlar va qat'iy neytralitet (betaraflik) Afg‘oniston uchun katta foydadir", degan edi.
Darhaqiqat, birinchi jahon urushi davrida olib borilgan betaraflik siyosati amir Habibulloning o‘z davlati oldidagi katta xizmatlaridan biri hisoblanadi. Birinchi jahon urushining oxirlariga kelib, Afg‘oniston mustaqil davlat hisoblansa-da, amalda Buyuk Britaniyaga qaram davlat edi. Mamlakat hukmdori amir Habibullaxon inglizlar tayanchi edi. Bu davrda Afg‘onistonda to‘liq mustaqil davlatni tiklash uchun qulay shart-sharoitlar vujudga keldi. Bu Sovet Rossiyasining Afg‘onistonga nisbatan tutgan, do‘stona pozitsiyasi va ommaviy milliy ozodlik harakatlari bilan qamrab olingan Hindistondagi inqilobiy holat bilan xarakterlanadi.
Mamlakatda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tartiblarga qarshi kuchlar ham vujudga keldi. Bu kuch «Yosh afg‘onlar harakati» deb atalgan. Ularning maqsadi davlat mustaqilligiga erishish va erkin tadbirkorlik munosabatlarini qaror toptirish edi. “Yosh afg‘onlar” va “eski afg‘onlar” qarashlaridagi farqlarga qaramay, bu ikki olamning har biri Habibulloni yuzaga kelgan halqaro vaziyatdan Afg‘onistonning Angliyaga qaramligidan qutulish uchun foydalana olmasligida ayblar edilar. Habibulloni, shuningdek, urush so‘ngiga kelib, Britan Hindistonini afg‘on bozorida milliy manfaatlarga zid o‘laroq monopoliyani egallagani, davlat mablag‘larini o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagani hamda inglizlarga qarshi kurashgan ishtirokchilarga repressiya qo‘llashda ayblar edilar.
Mahalliy aholi orasida yosh afg‘onlar ruhida tarbiyalangan Habibulloxonning uchinchi o‘g‘li Omonullohxon tobora shuhrat qozona boshladi. 1919 yil 20 fevralda amir Habibulloxon saroy fitnasi oqibatida o‘ldiriladi. Nasrullo boshliq eski afg‘onlar bilan taxt uchun bo‘lgan uzoq kurashlardan so‘ng Omonullohxon taxtga ko‘tarildi. U yosh afg‘onlar harakati bilan mahkam bog‘langan edi. Omonullohxonning taxtni egallashiga uning mamlakatni mustaqillikka olib chiqishi va ichki islohotlar o‘tkazishini va'da qilganidan so‘ng Qobul aholisi va armiyaning unga bergan yordami katta rol o‘ynadi. 1919 yil 28 fevral kuni Omonullohxon tantanali ravishda taxtga o‘tirdi va shu kuni Afg‘onistonning to‘la mustaqilligi bayon etilgan manifestini e'lon qildi. 1919 yil 3 mart kuni Omonullohxon Hindiston vitse-qiroli lord Chelmsfordga ingliz-afg‘on munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish va Afg‘onistonning to‘la mustaqilligi qayd etilgan xatni jo‘natadi. Bir yarim oydan so‘nggina kelgan javob xatida eski aloqalarga rioya qilish talab qilinadi.
Sovet Rossiyasi o‘z janubiy chegaralarida Buyuk Britaniyaning mustahkamlanib olishini va uning Afg‘oniston bilan birga Turkistondagi milliy-ozodlik kurashi tayanchi bo‘lib qolishini istamas edi. Shuning uchun ham 1919 yil 27 martda (Sovet Ittifoqi) sovet hukumati dunyoda birinchi bo‘lib Afg‘onistonning mustaqilligini tan olgan davlat bo‘ldi. Ayni paytda, Afg‘onistonga zarur bo‘lib qolsa, harbiy yordam berishini ham ma'lum qildi. 1919 yil aprelida bu ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish va o‘zaro elchilik almashuv haqida ilk bitim imzolandi. 1921yilda sovet-afg‘on shartnomasi imzolandi.
Buyuk Britaniya Afg‘oniston davlatining mustaqil siyosat yuritishiga aslo chiday olmadi. Afg‘onistonni itoatkor davlatga aylantirish maqsadida 1919 yil 3 may kuni Angliya Afg‘onistonga qarshi uchinchi istilochilik urushini boshladi. O‘zining ko‘p sonli qo‘shini va yuksak harbiy texnikasiga tayanib britan armiyasi 300 ming qo‘shin bilan Xaybar dovoni bo‘ylab Afg‘oniston hududiga bostirib kirdi. Afg‘on armiyasi 60 ming kishi edi. Lekin 200 mingdan ortiq jangchisi bo‘lgan afg‘on qabilalari chegara bo‘ylab joylashgan edi. Afg‘on armiyasiga hind-afg‘on chegarasidagi pushtun qabilalari yordamga yetib keldi. Ular ingliz hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradilar. Hindistondagi milliy-ozodlik kurashlari hamda qizil armiyaning Markaziy Osiyoda ingliz harbiy qismlariga qarshi harakatlari britan armiyasini muvaffaqiyatsizlikka duchor qildi. Natijada, 1919 yil 3 iyunda, urush boshlanganidan bir oy o‘tgach, Angliya urushni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. 8 avgust kuni Ravallindi shahrida tinchlik bitimi imzolandi. Bu bitimga binoan Afg‘oniston mustaqil davlat sifatida tan olinib, tashqi siyosat yuritishda erkin bo‘lib oldi. Mustaqil davlat sifatida Afg‘oniston ingliz subsidiyalaridan ham voz kechar edi. Lekin 3 mln. aholini o‘z ichiga olgan afg‘on qabilalari hamon Hindiston hisobida qoldi.
Sovet-afg‘on bitimi. «Yosh afg‘onlar» islohotlari. 1921 yil fevralda sovet-afg‘on bitimi imzolandi. Bu bitimga ko‘ra tomonlar boshqa davlatlar bilan bir-biriga dushmanona bo‘lgan bitimlar imzolamaslikka kelishib oladilar. Sovet davlati Afg‘onistonga moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Bu bitim imzolangach, Angliya 1921 yil noyabrida Afg‘oniston bilan hal qiluvchi tinchlik bitimini imzolashga majbur bo‘ldi va u bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Shundan so‘ng Afg‘oniston yevropa va Osiyoning boshqa davlatlari bilan ham diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi.
Mustaqillik Afg‘onistonning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga keng yo‘l ochdi. Afg‘on hukumati o‘z davlatining xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlab olib, 20-yillarning boshlaridan boshlaboq, allaqachon yetilgan islohotlarni boshlab yubordi. Islohotlar o‘tkazish uchun 25 kishidan iborat maxsus komissiya ("Qonun chiqaruvchi Kengash") tuzildi. Komissiya dastlab moliya masalalariga diqqatini qaratdi. Ilgarigi natura shaklida olingan soliqlar o‘rniga pul ko‘rinishidagi soliqlar joriy etildi. So‘ngra davlat byudjetini tuzishga kirishildi. Davlat byudjetidagi (kamomad) yetishmovchilik shunchalik katta ediki, buning uchun davlat yerlarini sotish, ba'zi musulmon tashkilotlari mol-mulkini va amir Omonullohxon islohotlariga qarshi bo‘lgan eski tuzum tarafdorlari mol-mulkini musodara qilishga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, soliqlar ham oshirildi. Bu esa mahalliy aholiga og‘ir yuk bo‘lib tushdi. Bu choralar ham yordam bermagach, amir qog‘oz pullar chiqarishiga majbur bo‘ldi. Bu afg‘on pulining qadrsizlanishiga olib keldi. O‘tkazilgan islohotlarning eng muhim jihatlaridan biri bu - yerga xususiy mulkchilik va xo‘jalikning ko‘pgina sohalariga davlat sektorining joriy etilishi bo‘ldi. Hukumat birinchi milliy hissador savdo kompaniyalarining tarkib topishiga ko‘maklashdi. O‘rta asrlarda paydo bo‘lgan xizmatlari evaziga yer in'om etish kabi holatlar yo‘q qilindi.
Markaziy va mahalliy davlat apparati mustahkamlandi. 1921-1925 yillarda yagona markazlashgan davlatni tuzishga qaratilgan bir qancha qonunlar qabul qilindi. Davlat tizimida olib borilgan islohotlar ichida 1923 yil 10 aprelda qabul qilingan "Asosiy qonun", boshqacha aytganda, Afg‘oniston Konstitutsiyasini alohida qayd etish lozim. Bu qonun Afg‘onistonda parlamentarizmga biroz moyil bo‘lgan monarxiya tizimini ko‘zda tutar edi. "Asosiy qonun"da barcha fuqarolarning ularning milliy va diniy kelib chiqishidan qat'iy nazar tengligi, shaxs erkinligi, mulk daxlsizligi, nashr ozodligi e'lon qilingan edi. Oliy hokimiyatga amir boshchilik qilar edi. Shuningdek, Konstitutsiyada oliy kengash organi - Davlat Kengashini tuzish ham qayd etilgan edi. Davlat Kengashi 50 kishidan iborat bo‘lib, yarmi viloyatlar aholisi saylovi orqali saylansa, qolgan yarmi amir tomonidan tayinlanar edi. Davlat Kengashida qonun loyihalari ishlab chiqilar, davlat byudjetini tasdiqlash, chet mamlakatlar bilan kelishuvlarni ko‘rib chiqish va boshqa masalalar ko‘rilar edi. Shuningdek, Butunafg‘on qabila boshliqlari majlisi, hukumat amaldorlari kengashi kabi yuqori hokimiyat organlari maqomlari ham belgilab olindi, ya'ni qabila boshliqlari hokimiyati cheklab qo‘yildi va ular davlat soliqlarini yig‘ish huquqidan mahrum etildi. Vazirlar kengashi ijro etuvchi hokimiyat bo‘lib qoldi. Afg‘oniston tarixida ilk bor 1923 yili hukumat e'lon qilgan "Davlat tizimi to‘g‘risida"gi qonunga binoan mahalliy boshqaruv saylov organlari - viloyatlar, tumanlar ko‘lamida maslahat majlislari tuzila boshlandi. Shu tariqa, "Asosiy qonun"ning qabul qilinishi rasman mamlakatda konstitutsiyaviy monarxiyaning o‘rnatilishini anglatar edi. Yangi tizimning bosh tayanchilari zamindorlar va yirik savdo burjuaziyasi namoyandalari endilikda davlat hokimiyatiga yo‘l ochib, amir hukumati siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda faol ishtirok eta boshladilar.
Sud tizimida ham bir qator islohotlar amalga oshirildi. Ruhoniylarning sud va ta'lim tizimidagi mavqyei ma'lum darajada cheklab qo‘yildi. Sud tizimi endilikda davlat nazorati ostiga olindi.
«Yosh afg‘onlar» hukumati milliy sanoatni rivojlantirishga ham alohida e'tibor berdi. Chet el mollariga boj ko‘paytirildi.
«Yosh afg‘onlar» asosiy diqqat-e'tibor qaratgan masala - bu maorif tizimi bo‘ldi. 1921 yilda uch bosqichli davlat maktablari tuziladi: besh sinfli boshlang‘ich, o‘rta va o‘qituvchilar seminariyalari. Dunyoviy o‘quv yurtlari kengaytirildi. Xotin-qizlar gimnaziyasi ochildi. Nikoh haqida qonun qabul qilindi. Ko‘p xotinlilik cheklandi. Mustaqil Afg‘oniston davlati tashkil topganidan so‘ng dastlabki besh yil ichida o‘tkazilgan islohotlar ana shulardan iborat bo‘ldi. Umuman olganda, bu islohotlar o‘rta asrga xos formalarni yo‘qotish va yangicha ijtimoiy munosabatlarni tashkil toptirishni rivojlantirishga qaratilgan edi.
Bu ijobiy o‘zgarishlar, tabiiyki, aholi kambag‘al qismining turmush darajasiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Natijada aholining bu qatlami orasida hukumat siyosatidan norozilik vujudga keldi.
«Yosh afg‘onlar» hukumatiga qarshi hukmron tabaqalar bundan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalandilar. 1924 yilda Xostda reaksion g‘alayon ko‘tarildi. Podshohni «dindan qaytgan» deb e'lon qilindi. Xotin-qizlar gimnaziyasi yopildi. 1927 yilda Omonullohxon chet el safarida bo‘ldi. Misr parlamentiga afg‘on qilichini taqdim qilar ekan, «mustaqillik jangda qo‘lga kiritiladi, sadaqa qilinmaydi», — dedi. 1928 yilda safardan qaytgan Omonullohxon umumiy majburiy xizmat joriy etdi. Feodal nishonlarini bekor qildi. Qirolicha Surayyo Tarziy ochiq yuz bilan delegatlar oldiga chiqdi. Natijada feodallar 1928 yilning kuzida yosh afg‘onlar hukumatiga qarshi qo‘zg‘olon uyushtirishga erishdilar. 1929 yil 14 yanvarda u taxtdan ag‘darildi.
Amirlik taxtini reaksiya tayanchi Bachai Sako egalladi. Yangi hukumat «Yosh afg‘onlar» boshlagan islohotlarni bekor qildi. Bu hol Afg‘onistonning burjuacha yo‘ldan rivojlanishi tarafdori bo‘lgan kuchlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu kuchlar 1929 yilning oktyabr oyida general Muhammad Nodir boshchiligida hokimiyatni egalladilar. Bachai Sako taxtdan ag‘darildi.
Muhammad Nodirshoh markaziy hokimiyatni mustahkamlagani holda, mahalliy xonlar va ruhoniylarning qator imtiyozlarini ham tikladi. Chunonchi, ruhoniylar sud ishlari va ta'lim sohasida avvalgi mavqyega ega bo‘ldilar. Biroq ularning faoliyati davlat nazorati ostiga olindi. 1931 yilda mamlakatning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. U Afg‘onistonning mutlaq monarxiyadan konstitutsiyaviy monarxiya davlatiga aylanishi yo‘lida yangi qadam bo‘ldi. 1933 yilda Nodirshoh vafot etgach, taxtga o‘g‘li Muhammad Zohirshoh o‘tirdi. U otasi kabi ichki siyosatda milliy, iqtisodiyotda bozor munosabatlarini chuqurlashtirish yo‘lini tutdi.
Afg‘onistonning tashqi siyosati har doim ham bir maromda bo‘lmadi. Masalan, Omonullohxon davrida shimoliy qo‘shni Sovet davlati bilan do‘stona munosabat o‘rnatilgan bo‘lsa, Bachai Sako davrida, aksincha, bu munosabat yomonlashdi. Bunga Afg‘onistonning Turkistondagi milliy-ozodlik harakatini qo‘llab-quvvatlaganligi sabab bo‘ldi. Buyuk Britaniya Afg‘onistonda o‘z mavqyeyini kuchaytirishga harakat qildi. Nodirshoh davrida afg‘on-sovet munosabatlari yana o‘z iziga tusha boshladi.
1931 yilning 24 iyunida Afg‘oniston va Sovet davlati o‘rtasida betaraflik va hujum qilmaslik to‘g‘risida shartnoma imzolandi.
Ikkinchi jahon urushi arafasida Germaniya va Italiya Afg‘onistonga qiziqish bilan qaray boshladi. Chunki Afg‘oniston geografik jihatdan Sovet davlati hamda Germaniya va Italiyaning siyosiy raqiblaridan biri bo‘lmish Buyuk Britaniya mustamlakasi Hindistonga yaqin edi. Ular Afg‘onistonni betaraflik yo‘lidan qaytarishga urindilar. Lekin bunga muvaffaq bo‘lolmadilar. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, Afg‘oniston betarafligi e'lon qilindi. 1941 yilda esa, Buyuk Britaniya va Sovet davlati murojaati bilan Afg‘oniston hududidan elchixonalar xodimlaridan tashqari barcha Germaniya va Italiya fuqarolari chiqarib yuborildi. Urush davomida Afg‘oniston o‘z betarafligini saqlab qoldi.


Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling