Markaziy osiyo xalqlari tarixi


-mavzu. SОVЕT HОKIMIYATINING “MАDАNIY INQILОB” SIYOSАTI VА UNING MАRKАZIY ОSIYO ХАLQLАRI АN’АNАVIY MАDАNIY HАYOTIGА TА’SIRI


Download 0.9 Mb.
bet34/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

11-mavzu. SОVЕT HОKIMIYATINING “MАDАNIY INQILОB” SIYOSАTI VА UNING MАRKАZIY ОSIYO ХАLQLАRI АN’АNАVIY MАDАNIY HАYOTIGА TА’SIRI.


Reja:
1. “Madaniy inqilob”ning zo‘rma-zo‘rakilik xususiyatlari.
2. Sovet maktablarining tashkil topishi va ularning siyosat yo‘lida xizmat qilishi.


Tayanch so‘z va iboralar: madaniy inqilob, sovet maktablari, eski maktablar, jadidchilar, milliy ziyolilar, vatanparvarlik, Markaziy Osiyo VKP(b) MQsi, bolsheviklar, sovet mafkurasi, ta'lim, madaniyat, siyosiy mafkura.


S “Madaniy inqilob”ning zo‘rma-zo‘rakilik xususiyatlari.
J Sovet hokimiyati tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy va siyosiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish orqali xalqlarning kundalik turmushi, uning urf-odatlari, an'ana va qadriyatlariga ham daxl qilishga keng qamrovda harakat qilindi.
1917 yilgi fevral voqyealaridan keyin Turkistonni qamrab olgan «inqilobiy» jarayonlar milliy madaniyat, ayniqsa, xalq ta'limi sohasiga ham daxldor edi. Bu jarayonlarning tashabbuskorlari milliy demokratiya vakillari bo‘lishdi.
Bu vaqtda Turkistonda tub yerli aholi uchun xilma-xil maktab turlari: maktablar, qorixonalar, madrasalar, xotin-qizlar maktablari, yangi usul maktablari, rus-tuzem maktablari mavjud edi. Ulardan tashqari, yevropaliklarning farzandlari uchun o‘lkada rus maktablari - qavm va shahar maktablari ham bor edi. Viloyat shaharlarida gimnaziyalar, Toshkentda esa o‘qituvchilar seminariyasi va real bilim yurti ham mavjud edi. General-gubernatorlik ma'murlari xalq ta'limiga arzimagan mablag‘lar ajratishar, uning ham ko‘proq qismi rus maktablarini saqlab turishga sarflanardi. Ko‘p sonli maktablar va yangi usul maktablari jamoat mablag‘i hisobidan ta'minlanardi.
1917 yil fevral bilan oktyabr orasida Turkistonning yirik shaharlarida turli tillarda dars beriladigan xususiy maktablar ochildi. Lekin o‘qituvchilar tayyorlash sifati zamon talablaridan orqada qolganligi sababli o‘qituvchi kadrlar tayyorlash kurslari ham ochila boshlandi. Chunonchi, iyulda Samarqanddagi «Nashri maorif» jamiyati milliy maktablar uchun o‘qituvchilar tayyorlash kurslari ochdi. Ularda badavlat o‘qituvchilar bilan bir qatorda aholining kambag‘al tabaqalaridan chiqqan o‘qituvchilar ham ta'lim olishlari mumkin edi. Kambag‘allar uchun o‘qish bepul edi. Abdurauf Fitrat yangi Turkistonning fuqarosini tarbiyalash uchun yaxshi tayyorlangan o‘qituvchi zarurligini tushunib yetib, iste'dodli o‘spirinlarni Rossiyaning yevropa qismidagi o‘qituvchilar seminariyalariga va musulmon maktablariga yuborishni yoqlab chiqdi.
Ana shu davrda milliy xalq ta'limini tashkil etish muammosi alohida keskin bo‘lib turgan edi. Turkiston o‘lkasining markazi - Toshkentda 1917 yil 9-14 may kunlari o‘qituvchilarning I o‘lka qurultoyi bo‘lib o‘tdi, u ta'lim tizimining ahvoli bilan bog‘liq ko‘pgina masalalarni muhokama qildi va «Turkiston o‘qituvchilar ittifoqini» tashkil etdi. Qurultoyda ma'ruzalar qilgan Muvaqqat hukumat Turkiston qo‘mitasiiing a'zosi S.Maqsudov, yirik sharqshunos L.Zimin, Farg‘ona viloyatining maorif bo‘yicha inspektori F.Yegorov mahalliy aholiga ta'lim berish ishida rus-tuzem maktablarining yaroqsiz ekanligini isbotlab berdilar. Qurultoy ana shu tipdagi maktabni ona tilida o‘qitiladigan milliy maktab bilan almashtirish fikrini ma'qullab chiqdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 1917 yili 20 maydan 23 maygacha Toshkentda musulmon o‘qituvchilarning qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda asosan musulmon maktablaridagi o‘qituvchilarning ishi masalasi muhokama qilindi. Qurultoy qarorlarida asosan rus-tuzem maktablarini milliy maktablar bilan almashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi, bu maktablar uch bosqichga - quyi, o‘rta va yuqori bosqichga bo‘linishi lozim edi. Boshlang‘ich ta'lim umumiy, majburiy, bepul, olti yillik bo‘lishi kerak edi. Asosiy o‘qitiladigan fanlar orasida islom ta'limoti asoslari, ona tili, rus tili (4-sinfdan boshlab), arifmetika, tabiatshunoslik, tarix (milliy va rus tarixi), geografiya (umumiy va rus geografiyasi) bor edi.
1918 yilning 23 martida RSFSR Maorif xalq komissarligi «farmoyishiga binoan» Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Kengashi O‘lka xalq ta'limi kengashini tashkil etish haqida buyruq chiqardi. Mazkur kengash Turkiston hududida xalq ta'limi tizimiga rahbarlik qilishi lozim edi. Joylarda ularning viloyat, shahar, uezd kengashlari huzurida xalq ta'limi kengashlari tashkil etildi. Lekin dastlabki kunlardan boshlab turkistonlik o‘qituvchilar ko‘pchilik qismining manfaatlarini ifodalab, umumdemokratik yo‘lda qattiq turdi. Bundan norozi bo‘lgan sovet hukumati va xususan Maorif xalq komissarligi o‘zining tor sinfiy maqsadlariga amal qilib, mazkur kengashga nisbatan ajratuvchilik siyosatini amalga oshira boshladi.
Dastlabki qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik va o‘zbek sovet maktablari mablag‘lardan qisib qo‘yilgan bo‘lib, ularga o‘quv vositalari va qo‘llanmalar yetishmasdi. Moddiy ahvolning og‘irligiga ko‘p jihatdan ma'murlarning yerli aholining bilimli bo‘lishiga nisbatan mustamlakachilik munosabatida bo‘lishi ta'sir qildi, bu esa 1918-1920 yillar davrida rus tilidagi o‘quv yurtlari va tub yerli aholi bolalari uchun mo‘ljallangan maktablarni mablag‘ bilan teng asosda ta'minlamaslikka olib keldi. Bundan tashqari, ko‘pincha xalq ta'limi uchun ajratilgan mablag‘ni deputatlar kengashlari boshqa maqsadlar uchun ishlatishardi.
Maorif xalq komissarligi uchun kadrlar masalasi maktab qurilishidagi bosh muammo edi. Yangi tuzum pedagoglarini tayyorlash, ayniqsa, birinchi navbatda mahalliy maktablar o‘qituvchilarini tayyorlash uchun har tomonlama chora-tadbirlar belgilandi. Binobarin, o‘qituvchilar tayyorlash butunlay yangicha negizga - qisqa muddatli kurslar orqali yo‘lga qo‘yildi. 1918 yilning yozida Samarqandda «musulmon o‘qituvchilari uchun pedagogak kurslar» ochildi. O‘sha yilning kuzida Toshkentda - Toshkent uezdining tub yerli aholisi uchun maktab o‘qituvchilari kurslari ochildi.
Turkistondagi eski maktablarni tezroq buzib tashlash maqsadida maorif komissarligi «maktabdagi inqilobni jadallashtirish»ga qaratilgan «keskin chora-tadbirlar» belgiladi. Sinf murabbiysi vazifasi bekor qilinib, maktab qo‘mitalari va o‘rtoqlik sudlari joriy etildi. Bu tadbirlar xalq ta'limi rahbarlarining fikricha, «kuchli inqilobiy poydevor» edi. O‘quvchilar tashkilotining tuzilishi, baholar tizimining bekor qilinishi, bir sinfdan boshqa sinfga o‘tishning osonlashtirilganligi maktablarning siyosiy tus olishiga xizmat qilishi kerak edi. Turkiston o‘qituvchilari, ayniqsa, ularning Toshkent tashkilotlari Butunrossiya o‘qituvchilari ittifoqining umumdemokratik platformasida turib, iloji boricha bolsheviklarning ana shu maktab islohotini amalga oshirishiga qarshilik ko‘rsatishardi.
1917-1920 yillardagi qisqa davrga, shu jumladan, xalq ta'limi sohasida ro‘y bergan o‘zgarishlarga 1920 yilda yakun yasaldi. Sovet maktablarining tez o‘sishi Turkiston maktab tizimini boshi berk ko‘chaga olib kirdi. Jiddiy moddiy ta'minotning yo‘qligi va kadrlar bilan ta'min etilmaganlik ko‘pgina «qog‘ozdagi maktablar»ning mavjudligini shart qilib qo‘ydi. Natijada maktab yoshidagi bolalarning 70%dan ko‘pi maktabga jalb qilinmadi. Masalan, hatto Toshkentda, uning eski shahar qismida maktab yoshidagi 40 ming boladan faqat 10 ming nafarga yaqini, ya'ni 25 % i o‘qirdi, xolos. Hokimiyat tepasida bolsheviklar turgan qisqa davrda yevropacha tipdagi («burjua» maktabi) - rus, rus-tuzem maktablariga, yangi usul (jadid) maktablariga putur yetdi. Biroq bolsheviklarning yangi «yagona mehnat maktabi» ko‘p jihatlardan putur yetkazilgan maktablarga nisbatan yetarli darajada bilim berolmas edi. 1920 yilning oxiriga kelib o‘quvchi yoshlarning bilim saviyasi nihoyatda pasayib ketdi. Umuman, bilim olish I bosqich (dastlabki uch sinf) boshlang‘ich maktabi darajasida bo‘ldi. Tashkil qilingan II bosqich maktablari (4-7 sinflar) o‘quvchilar yo‘qligini sabab qilib tarqatib yuborildi.
TurkMIQ yangi ijtimoiy tuzumning kelajagi yosh avlodning umumta'lim saviyasiga bog‘liq ekanligini tushunib, 1920 yilning noyabrida maktab tizimi ahvolini yaxshilash maqsadida qaror qabul qildi. Unda Maorif xalq komissarligi zimmasiga «savod o‘rgatish ishini birinchi o‘ringa qo‘yish» va maktab o‘quvchilarining ta'minoti hamda ovqatlanishini yaxshilash uchun chora-tadbirlar belgilash vazifasi yuklandi. XXMK (Xalq Xo‘jaligi Markaziy Kengashi) «imkon boricha» maktab o‘quvchilari uchun o‘quv qo‘llanmalari va birinchi galda zarur bo‘ladigan ashyolar ishlab chiqarishni ko‘paytirishi lozim edi. Xalq Komissarlari Kengashiga o‘quv yurtlarini binolar bilan ta'minlash va «imkon boricha Maorif xalq komissarligi hay'ati ko‘rsatmalari bo‘yicha sarflanadigan pul belgilari fondini ko‘paytirish» buyurildi. Lekin bu choralarning hammasi boshqa davrda - yangi iqtisodiy siyosat davrida natijalar berishi mumkin edi.
Oliy ta'lim masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, Turkistonning milliy ziyolilari va, shu jumladan, ilg‘or rus olimlari (akad. S.F.Oldenburg) XX asrning boshlaridayoq Toshkentda universitet tipidagi oliy o‘quv yurtini ochish zarurligi masalasini ko‘tarib chiqqan edilar. Biroq ahvol quruq gapdan nariga siljimagan edi. 1918 yilning fevraliga kelib Toshkentda «Oliy ta'lim do‘stlari jamiyati» faoliyat ko‘rsata boshladi, uning tarkibida pedagoglar, shifokorlar, muhandislar, agronomlar va mahalliy ziyolilarning boshqa vakillari ham bor edi.
1918 yil 21 aprelda tantanali ravishda ochilgan Turkiston xalq universiteti shu tariqa vujudga keldi. Universitet o‘ziga Toshkentning eng yaxshi o‘qituvchilarini jalb qilgan edi. Uning ixtiyoriga Toshkentdagi bir qancha boshlang‘ich maktablar (13 ta musulmon va 11 ta rus maktabi), 8 bolalar maydonchasi, Turkiston xalq kutubxonasi, Xalq muzeyi va konservatoriyasi berib qo‘yilgandi. Mahalliy millat yoshlaridan kadrlar tayyorlash uchun universitet qoshida musulmonlar sho‘basi tashkil etilib, u Toshkentning eski shahar qismida faoliyat ko‘rsatdi. Shu'ba «Xalq dorilfununi» degan ilmiy-adabiy gazetani chiqarib turdi.
Universitet tarkibida ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiy-matematika, tarix-filologiya, qishloq xo‘jaligi va texnika fakultetlari bor edi. 1919 yil fevraldan universitet qoshida ishchi fakulteti ham faoliyat ko‘rsata boshladi. 1920 yilning oxiriga kelib, universitetda ta'lim oluvchilarning 60% ini mahalliy millat vakillari tashkil qilgan edi. O‘zbek tilidagi mashg‘ulotlarni Ahmad Fayziy, Burhon Habib, Ibrohim Tohiriy, Usmon Xo‘jaev, Hodi Fayziy va boshqalar olib borishdi.
Oktyabr to‘ntarishidan keyingi ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar davrida universitet asosan o‘qituvchilar va tinglovchilarning faol mehnati va tashabbusi bilangina ishlab turdi. G.N.Cherdansevning (universitetning birinchi rektori, iqtisodchi olim, keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi bo‘lgan) so‘zlariga qaraganda, «kun kechirish uchun ish haqi yetishmagan bir sharoitda yashagan o‘qituvchilar va talabalar o‘z maktablarini o‘zlari qurdilar va mustahkamladilar, universitet ahil oila bo‘lib yashadi, ular universitet hayotida ro‘y beradigan barcha muvaffaqiyatlar va g‘am-tashvishlarni birgalikda boshdan kechirdi». 1918-1920 yillarda O‘zbekiston madaniy hayotida tanilgan Xalq universitetining tashkilotchilari va arboblari bo‘lgan G.Abdurashidov, A.A.Divaev, Abdulla Qodiriy, Murod Hoji, G.N.Cherdansev, R.Yusupbekov va boshqa ko‘pgina ziyolilar faoliyat ko‘rsatgan edilar.
20-yillarning boshida Turkistonda madaniy qurilish ishlari xalq xo‘jaligi vayron bo‘lgan va bolsheviklar ataylab boshlab bergan sinfiy kurash keskinlashgan murakkab sharoitda olib borildi. Bu davrda Turkiston madaniy hayoti o‘ziga xos ziddiyatli, bir-birini inkor etuvchi, salbiy va ijobiy holatlarning o‘zaro kurashi tarzida namoyon bo‘ldi. Shuning uchun ham bu davrdagi ma'naviy-mafkuraviy holat Turkistonda o‘sha yillarda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy sohalarda ro‘y berayotgan murakkab jarayonlarning mantiqiy o‘xshashligi bilan hamohang bo‘lgan edi.
Bolsheviklar yakkahokimligi tiklanib bo‘lingach, bu bosqich ma'naviy hayotda bolshevikcha «yangi» bilan mahalliy va milliy tarzdagi «eski» o‘rtasidagi beomon kurash asosida tavsiflandi. Rossiya podshohligi hukumati siyosatiga monand ravishda sovetlar amalga oshirgan madaniy siyosatning ustivor yo‘nalishi millat, milliy o‘zligini anglashning muhim sharti bo‘lgan madaniyatni yo‘q qilish, ayniqsa, uning milliy sifatlarini qo‘porib tashlashga qaratilgan edi. Maqsadga erishish uchun sovet tuzumi o‘rnatilgan dastlabki kundanoq bolsheviklar partiyasi yagona, tanho hukmron partiyaga aylanishni ta'minlash, bolshevizmga yot bo‘lgan barcha nazariya va g‘oyalarga qarshi kurashish, ularning ta'sirini yo‘qotishga qaratilgan siyosatni olib bordi. Ularning bundan ko‘zlagan asosiy maqsadi tubida esa, siyosiy manfaatlar yotardi. Bu manfaatlar bolshevizmning haqiqiy san'at namunalarini yaratishdan ko‘ra, madaniyat xodimlarini hukmron mafkuraning sodiq soldatlariga aylantirishga qaratilgan keyingi siyosatida, ayniqsa, yaqqol ko‘rindi.
Biroq, shu narsani ta'kidlash lozimki, hali 20-yillarning boshlarida madaniyat va san'at sohasida, umuman barcha sohalarda nisbatan, ma'lum darajada bo‘lsa-da, ijodiy erkinlik hukm surardi, ma'muriy-buyruqbozlik tizimi esa endigina shakllanayotgan edi.
Sovet davlatining Turkiston xalqlari savodsizligini tugatish, maktablar qurish, mutaxassis xodimlar tayyorlash, madaniyat, san'atni rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbirlari, mahalliy milliy manfaatlarni ko‘zlab emas, balki madaniy-ma'rifiy vositalar asosida o‘lka aholisining «kommunistik ruhda» qayta tarbiyalash va sotsializmning «odobli» mutaxassis kadrlari qilib yetishtirishga qaratilgan edi. Maqsad barcha yoshdagi aholini savodsizligini tugatish bilan bir qatorda ularga yoppasiga «kommunizm alifbosi»ni o‘rgatishdan iborat edi. Shuning uchun ham savodsizlikni tugatish madaniy qurilishning muhim vazifasi sifatida qaraldi.
1921 yil noyabrda Turkiston ASSR XKK respublika aholisi orasida savodsizlikni tugatish to‘g‘risida dekret chiqardi. Dekretga binoan, sakkiz yoshdan qirq yoshgacha bo‘lgan savodsiz fuqarolarning hammasi davlat maktablarida va savodsizlikni tugatish kurslarida o‘qitilishi lozim edi. 1921 yilning oxirlarida birgina Toshkent shahrining o‘zida 100 ta savodsizlikni tugatish maktablari ish boshladi. Ayni paytda Turkiston Respublikasi bo‘yicha 1000 dan ortiq savodsizlikni tugatish maktablari, turli to‘garaklar faoliyat ko‘rsatayotgan edi.
O‘tgan asrning 20-yillarining ikkinchi yarmi, 30-yillar sovet hokimiyati uchun o‘zining siyosiy va iqtisodiy mavqyeini yanada mustahkamlash davri bo‘ldi. Istiqlolchilar kurashi, barcha ixtilofdagi siyosiy partiyalar tugatilishi natijasida bolsheviklar mutlaq yakkahokim partiyaga aylandi. U jamiyat ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida o‘z mafkuraviy ta'sirini o‘tkazib bordi. Ayniqsa bu kishilar ongini o‘zgartirishda muhim omil bo‘lgan ta'limda, ilmda va madaniyatda jiddiy tus oldi. Dastlabki yillarda madaniyat va uni boshqarish jabhalarida demokratik tamoyillar birmuncha mavjud bo‘lib, hokimiyat mahalliy urf-odatlar va xususiyatlarni hisobga olishga majbur bo‘lgan edi. Keyinchalik esa, ma'muriy-buyruqbozlik usullari keng quloch otib mustahkamlanib borishi bilan yalpi ko‘rsatkichlar ortidan quvish, bolshevikcha “madaniy inqilob” yo‘li va usullari ustivorlik qila boshladi.
Sovetlarning “madaniy inqilob” tadbiri jamiyatning barcha jabhalarini, ayniqsa fan va madaniyatni o‘ta mafkuralashtirib, uning har bir sohasini qamrab oldi. Bolsheviklar tarbiyaning dastlabki va ta'sirchan o‘chog‘i bo‘lgan xalq ta'limini birinchi kundanoq mafkura izmiga solish uchun butun imkoniyatini ishga soldi. Maktablarda siyosiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishga va uni takomillashtirib borishga e'tibor qaratdi.
Qirg‘iziston respublikasida sovet hokimiyati yillarida madaniyat va mafkura sohasida katta o‘zgarishlarni amalga oshirishga xarakat qilindi. Qirg‘izistonda boshqa respublikalarda bo‘lganidek, madaniy inqilob bir qator sabablar asosida ancha og‘ir kechdi. Bu o‘lkani o‘tmishda iqtisodiy va madaniy jihatdan qoloqligi, aholini ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi holda yashaganligi, ishchilar sinfining kam sonli ekanligi va savodsizlik orqali namoyon bo‘ldi. 1924 yilda qirg‘iz xalqining yozuvi tashkil qilindi.
Sovet hokimiyatining birinchi o‘n yilliklarida savodsizlik bilan kurashish choralari ko‘rildi. Buning natijasida 1926 yilga kelib Qirg‘izistonda savodli aholi soni 15 % ni tashkil qildi. 1939 yilga kelib, Qirg‘izistonning 9 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan xalqining savodxonligi darajasi 82 % ni tashkil qildi. O‘lkada xalq ta'limi tizimi joriy qilindi. Madaniy inqilob davomida Qirg‘izistonda “o‘ziga xos” milliy yozuv, matbuot va madaniy-oqartiruv muassasalari tashkil topdi. Shunday bo‘lsa-da, 20-yillar oxirida partiya mafkura maydoniga yana bir g‘oyani-madaniy merosni inkor etish g‘oyasini tashladi, bu aslida “madaniy inqilobning” asosiy maqsadlaridan biri edi. Biroq sovet madaniyati nazariyasi uning ayrim g‘oyaviy rahnamolari orzu qilganidek madaniy merosni butunlay inkor etish yo‘li bilan borgan, deb aytish noto‘g‘ri, albatta. Madaniy merosdan foydalilarini olib, keraksizlaridan voz kechish, yoki ularni zamonga moslashtirish haqidagi fikrlar ham bo‘lgan. Kompartiyaning madaniy merosni inkor etish siyosati arab yozuvini lotin grafikasiga almashtirish haqidagi qarorda ham o‘z aksini topgan. 1926 yil martda Boku shahrida bo‘lib o‘tgan I Umumittifoq turkshunoslar s'ezdida ham bu muammo qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi. Islohot o‘tkazishdan maqsad, avvalo arab imlosiga qaraganda ancha yengil o‘zlashtiriladigan lotin imlosini o‘rganish bilan savodsizlikni mumkin qadar tezroq tugatish uchun intilish ekanligini sezish qiyin emas. Ammo yozuvning lotinlashtirilishiga qarshi turgan muxollar, sovetlarning bu yo‘li ko‘p millatlar Sovet Markaziy Osiyosi xalqlarini Sharq musulmon mamlakatlaridan sun'iy ravishda ajratib olib, ular uchun alohida yangi madaniyat va tarix yaratishni maqsad qilib qo‘yganlar, degan fikrlari to‘g‘ri ekanligini hayotning o‘zi tasdiqladi.
RKP(b) MQning 1925 yil 18 iyundagi “Partiyaning adabiyot sohasidagi siyosati to‘g‘risi”dagi qarori tojik, turkman, qozoq, o‘zbek va qirg‘iz adabiyotining keyingi taqdirida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Bu qarorga ko‘ra, proletar manfaatiga xizmat qilmaydigan adabiyot namunalari burjua mafkurasining ko‘rinishlari deb e'lon qilindi va ularga qarshi keskin kurash boshlab yuborildi. 1928 yilning 30 aprel-5may kunlarida bo‘lib o‘tgan Butunittifrq proletar yozuvchilarining qurultoyida Rossiya proletar yozuvchilari uyushmasi tuzildi. Proletar adabiyotini yaratishni maqsad qilib qo‘ygan bu tashkilotning bo‘limlari Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonda ham tashkil qilindi. RKP(b) MQ qaroridan so‘ng barcha o‘zbek, tojik, turkman, qozoq va qirg‘iz yozuvchilarini sovet davrini kuylash, proletar davri adabiyotini yaratish ishiga jalb etish kuchayib ketdi. Shunday adabiyot vakillaridan biri, tojik yozuvchisi S.Ayniy bu davrga kelib “Odina”, “Doxunda”, “Qullar” kabi qissa va romanlarida boylarni jamiyatning tekinxo‘r unsurlari sifatidagina tasvirlab, ularning tadbirkorligi, ishbilarmonligi, tejamkorligi orqasida boylikka ega bo‘lganligi masalasini esa ataylab chetlab o‘tishga majbur bo‘lgan edi. Bolsheviklar hokimiyati mintaqada rus mumtoz va zamonaviy adabiyotining sovetlarga mos asarlarini tojik, turkman, qozoq, qirg‘iz va o‘zbek tillariga tarjima qilishga va ularni o‘rganish ishlarini rag‘barlantirishdi. Milliy shoir va yozuvchilarning o‘z asarlarida Lenin va Stalin obrazlarini yaratishiga alohida e'tibor qaratildi. Kommunist obrazi turkman va boshqa xalqlar adabiyotining asosiy obraziga aylandi, tojik kishisi ongining shakllanishi, albatta, rus “og‘asi” ning ishtiroki va ta'sirida ro‘y berishi lozimligi adabiyot oldiga qo‘yilgan asosiy talablardan biri bo‘lib qoldi. Ana shu tarzda badiiy asar stereotipi paydo bo‘ldi. Quruq sxemadan iborat, haqiqiy hayot nafasidan mahrum bo‘lgan asarlar tinimsiz ravishda yaratilibgina qolmay, adabiyotning ulkan yutuqlari sifatida baholandi, mualliflari esa mukofatlandi. Ammo shu bilan birga ushbu xalqlar adabiyoti katta muvaffaqiyatlarga ham erishdi. Avvalo shuni aytish kerakki, 30-yillarda tarjima badiiy ijodning muhim sohalaridan biri sifatida rivojlana boshladi. Rus va jahon adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namunalari o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik tillariga tarjima qilindi. Adabiy aloqalarning shunday shakllari ta'sirida bu xalqlar adabiyotida shu paytgacha mavjud bo‘lmagan roman, qissa sonet, terset, ballada singari yangi janrlar bu xalqlar yozuvchilari ijodiga kirib keldi. Rus va jahon adabiyoti ta'sirida bu xalqlar adabiyotining realizmi kuchayib bordi.
Sovet tuzumi, bir tomondan Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotining rus va jahon adabiyoti yutuqlaridan bahramand bo‘lishiga imkoniyat tug‘dirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, unda erksevarlik, millatparvarlik va milliy taraqqiyot g‘oyalarining kuylanishiga jon-jahdi bilan qarshilik ko‘rsatdi. Badiiy ijod birinchi navbatda inson qalbining xurligini, pok va oliyjanob intilishlarini, ona-vatanning bosqinchilar erkiga qarshi o‘laroq ozod va obod bo‘lishini tarannum etuvchi hodisa bo‘lgani uchun bu hoyalar bilan yashagan yozuvchilar mustabid tuzumga dushman bo‘lib ko‘rindi. 1929 yildan boshlab turli bahonalar bilan uyushtirilgan “tozalash kompaniyalarida” mintaqa ziyolilarining dastlabki avlodi yo‘q qilindi.
Shunday bo‘lsada mintaqada savodsizlikni tugatish bo‘yicha olib borilgan harakatlar 30 yillarga kelib o‘z samarasini bera boshladi. 1939 yil ma'lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonning 76,3% i savodsiz bo‘lgandi. 1940 yilga kelib Qozog‘istonda 5289 ta boshlang‘ich, 1770 yetti yillik, 698 ta o‘rta maktablar mavjud bo‘lib, undagi o‘quvchilar soni 1 138 187 tani tashkil qildi. Respublikaning pedagogik kadrlari QozGUda, 13 ta pedagogik va o‘qituvchilar institutida va 23 pedagogika bilim yurtlarida tayyorlanishi yo‘lga qo‘yildi.



Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling