Markaziy osiyo xalqlari tarixi


S XX asr so‘nggi choragi XXI asr boshlarida Afg‘oniston


Download 0.9 Mb.
bet85/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   81   82   83   84   85   86   87   88   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

S XX asr so‘nggi choragi XXI asr boshlarida Afg‘oniston.
J XX asr ikkinchi yarmi Afg‘oniston tarixida bo‘lib o‘tgan siyosiy voqyeliklar ushbu davlat taraqqiyotiga keskin zarba berdi. Nisbatan barqaror bo‘lgan Zohirshoh hukmronligidan so‘ng, hokimiyat uchun kurashlar, siyosiy ixtiloflar, tashqi tajovuz nihoyatda kuchaydi. 1964 yilgi yangi konstitutsiyadagi demokratiyani kuchaytirish va ayollarning teng huquqliligi masalalari konservativ ruhoniylarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, hukumatning fors tilini cheklash va pushtu tilining mavqyeini oshirish borasidagi harakatlari ham omadsizlikka uchradi. 1970 yil aprel-iyunda ruhoniylarning hukumatga qarshi namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Afg‘onistonda muholifatchilar faoliyati ayniqsa 1960 yillarning o‘rtalarida kengayib bordi va o‘z atrofiga aholining o‘rta va quyi qatlamlarini to‘pladi. Mamlakat shaharlarida ayniqsa, Qobulda talabalar va o‘quvchi yoshlar, ishchilar, ziyolilar vakillari, amaldorlar va shahar aholisining boshqa tabaqalari ishtirokidagi namoyish va chiqishlar odatiy holga aylandi. Bunday holatda yuqori hukmron doiralar ommaviy fikrlarni nazorat qilish, ijtimoiy tanqidlarning keskinligini susaytirish va mamlakatda siyosiy barqarorlikni tiklash maqsadida zudlik bilan muholifat qarashlariga qarshi harakatlarni kuchaytirdi. Hukmron doiralar jamiyatda oppozitsion g‘oya va qarashlarning tarqalishiga to‘sqinlik qila olmadilar. Bunday sharoitda o‘ng konservativ-klerikal doiralar ochiq ommaviy namoyishlarga o‘ta boshladi.
Islom ishlari bo‘yicha mas'ul qo‘mita” asoschilari bo‘lgan obro‘li ruhoniylarning chaqirig‘iga binoan mamlakatning turli tumanlari, jumladan janubiy va sharqiy provinsiyalardan bir yarim mingga yaqin dindorlar Qobulda to‘plandilar. Ular tez orada shahar aholisining hayrihoh qismini o‘z taraflariga to‘play boshladilar va ko‘plab namoyishlar o‘tkaza boshladilar. Saroy va hukumat avvaliga bu chiqishlarga unchalik e'tibor qaratmadi. Ular konservativ ruhoniylarni har kuni Qobulning asosiy jome' masjidi bo‘lmish “Puli Xeshti” da to‘planib, politsiya kuzatuvida shahar ko‘chalarida antikommunistik nutqlar bilan ommaviy chiqishlariga ruhsat berib qo‘ygandi, shuningdek ularga davlat nashriyotlaridan foydalanish imkoniyati ham berilgan. Shuni ta'kidlash kerakki, hukmron monarxik doiralar konservativ klerikal doiralarni qo‘llab quvvatlash orqali ulardan mamlakatda chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy qayta qurishlarni talab etayotgan progressiv muholifat faoliyatiga qarshi bufer sifatida foydalanishga urindi. Konservativ kuchlarning boshida obro‘li diniy ruhoniylar, siyosiy elita turgan. Ammo, ular 2 ta oqimga bo‘lingan:
1. Birinchisi modernizatsiya tarafdorlari. Ular yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni islomga moslashtirishga harakat qilgan. Bu guruh shariat sudyalaridan va mudarrislaridan tashkil topgan. Ular Afg‘onistonda va Hindistonning Diobandidagi oliy o‘quv yurtlarini tamomlashgan.
2. Ikkinchi guruh o‘ta so‘l bo‘lib, Mujadaddiy, Naqib Soyib Bag‘dodiy sulolalari va klerikal elita oilalaridan chiqqan. Ruhoniylarning bu qismi modernizatsiya va demokratik kuchlarga qarshi edi. Bu guruhlar 1960 yillarning ikkinchi yarmidan boshlab diniy ulamolar hukumat yordamida Afg‘onistonning turli viloyatlarida diniy konferensiyalar o‘tkaza boshladi. Diniy ulamolarning gazetasi “Payome xalq” bo‘lgan.
1970 yil sha'bon oyining ilk kunlarida ruhoniylar hukumatga o‘ndan ortiq talablar qo‘ydilar. Ulardan eng asosiylari quyidagilar:

  • Parcham” gazetasini ta'qiqlash va uning muharririni jazolash;

  • kommunistik g‘oyalarning mamlakatda tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik;

  • milliy kiyimlarni kiyilishini majburiy etib qo‘yish;

  • behayo sahnalarni namoyish etuvchi chet el filmlarini ta'qiqlash;

  • davlat idoralaridagi barcha ayollarni ishdan bo‘shatish va oila ta'minotchisi bo‘lgan erkaklarni ish bilan ta'minlash kabilar tashkil etgan.

Shuni ta'kidlash kerakki, ruhoniylar shu va boshqa talablarni ilgari surganda va xalqning keng ommasini o‘ziga jalb qilganda ularning diniy e'tiqodlari va og‘ir moliyaviy holatlarini nazarda tutgan.
1970 yil aprel-iyun voqyealariga tashqi kuchlar ham aralashishga uringan. Xususan, Jaloloboddagi tartibsizliklarda Pokiston oliy ruhoniyati vakillari ham qatnashgan. Hibsga olinganlar orasida ularning vakillari ham bo‘lganligi haqida ma'lumotlar bor. Saudiya Arabistoni qirolining Afg‘onistonga shu yili iyun oyining oxirida rasmiy tashrif buyurishi ham shuni ko‘rsatadiki, o‘ng konservativ-klerikal doiralarning chap demokratik kuchlarga qarshi kurashida qandaydir ruhiy madad bo‘lishi ko‘zlangan edi.
Shunday inqilobiy chiqishlar natijasida 1973 yil 16 iyuldan 17 iyulga o‘tar kechasi Afg‘onistonda monarxiyaga qarshi to‘ntarish ro‘y berdi. Hokimiyat Afg‘oniston markaziy qo‘mitasi qo‘liga o‘tdi. Uning tarkibi, harbiylardan tashqari: fuqaro arboblaridan ham iborat edi. Bu to‘ntarishga podshohning amakivachchasi va kuyovi bo‘lgan hamda g‘arb matbuotida yuqorida tasvirlangan hodisalardan avvalroq “qizil shahzoda” laqabini olib ulgurgan Muhammad Dovud boshchilik qildi. U 1953 yildan 1963 yilgacha Bosh vazir lavozimida ishladi. Dovud iqtisodning davlat yo‘li bilan boshqarilishi, mamlakat ichki hayotini erkinlashtirish tarafdori edi. M.Dovudning harbiy tarafdorlari, ko‘plab do‘stlari bo‘lishiga qaramay, haqiqatda oyoqlari ostida “sochilib yotgan” davlat hokimiyatini yig‘ishtirib olish uchun qo‘l ostida hyech qanday qo‘shinga ega emas edi. Afg‘onistondagi siyosiy kurashning bu bosqichida bunday lider, shubhasiz, tajribali, g‘ayratli va uzoqni ko‘ra olguvchi siyosatchi, xorijdagi pushtunlarning milliy huquqini himoya qilishda shuhrat qozongan, 50-yillar va 60-yillarning boshida mustaqil tashqi siyosat yo‘lining muallifi va izchil targ‘ibchisi sifatida, “boshqariladigan iqtisodiyot” siyosatining tashkilotchisi sifatida afg‘on jamiyatida katta hurmatga sazovor bo‘lgan, mamlakatni milliy kapitalizm yo‘lida sezilarli darajada rivojlantirgan siyosiy arbob Muhammad Dovud edi. Davlat to‘ntarishi qirollik saroyini qurshab olish va ishg‘ol etish hamda oralarida valiahd shahzoda Ahmad Shoh va marshal Shoh Valiy bo‘lgan sulola a'zolarini qamoqqa olish bilan boshlandi.
Dovud rejimi diniy-ekstremistik kuchlar bilan yaqinlasha bordi. Uning siyosati bu kuchlardan o‘z raqiblariga qarshi kurashda foydalandi. Bu yo‘l Dovud rejimiga qarshi ikki guruh muxolifatini vujudga keltirdi. Ularning biri diniy muxolifat, ikkinchisi harbiy muxolifat bo‘ldi. Keyinchalik aynan ushbu guruhlar Dovudni hokimiyatdan ag‘daradilar. Italiyada tibbiy muolaja olayotgan vaqtda Zohirshox amakivachchasi bo‘lgan, iqtisodiyotga davlatning kuchli aralashuvi va diktaturaga asoslangan harbiy rahbar Muhammad Doud tomonidan ag‘darib tashlandi. Markaziy qo‘mita Dovudni davlat boshlig‘i va bosh vazir etib tayinladi. Shu tariqa monarxiya quladi. Afg‘oniston Respublika deb e'lon qilindi. To‘ntarish ro‘y bergan vaqtda Zohirshoh chet el (Italiya) safarida edi. U avgust oyida o‘zining taxtdan voz kechganligini e'lon qildi.
Dovud 5 yil davlatni boshqardi. Biroq u mamlakat hayotida tub o‘zgarishlar qila olmadi. Dovud ichki va tashqi siyosiy muammolar majmuini hal etishning uddasidan chiqolmadi. Uning siyosati eski tartib manfaatlariga to‘la javob beradigan qatlamlar – ruhoniylar, katta yer egalari, davlat amaldorlarining qattiq qarshiligiga duch keldi. Ikkinchidan esa, Dovud mamlakatda o‘z rejimini o‘rnatishga intildi. Chunonchi, u 1964 yilgi Konstitutsiyani bekor qildi. Parlamentni tarqatdi va yakka partiyaviy tizimni joriy etdi. Bu rasmiy partiyaga uning o‘zi rahbarlik qildi. 1976-1978 yillarda hukumat mavjud tartibga qarshi kuchlarni qatag‘on qilishni kuchaytirdi. Afg‘onistonda ikki muxolifat oqimlar yuzaga keldi: ulardan biri bo‘lgan islomiy oqim shahar kambag‘allari va dindor dehqonlar hisobiga keng ijtimoiy negizga ega edi.
Ikkinchi muxolifatning asosiy qismini harbiylar, demokratik kayfiyatdagi ziyolilar, uncha ko‘p bo‘lmagan ishchi va davlat xizmatchilari qatlami tashkil etdi. Uni “Yo‘qolsin zo‘ravonlik” va “Yashasin demokratiya” shiorlarini ko‘tarib chiqqan AXDP boshqardi. Partiyaning xalq ommasi bilan keng aloqasi yo‘q edi. Biroq, avvalboshidan partiyada ikki guruh - Nur Muhammad Tarakiy boshchiligidagi Xalq va Babrak Karmal boshchiligidagi «Parcham (bayroq)» partiyalari o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga keldi va u dushmanlikka aylandi.
Doud AXDPga qarshi asosiy zarbani berishga qaror qildi. 1978 yil 25 aprelda uning buyrug‘i bilan partiyaning barcha rahbarlari qamoqqa olindi. Bu voqyea tuzumga qarshi norozilik chiqishlarining boshlanishiga signal bo‘ldi. 1978 yil 27 aprelda mamlakat HHK (Harbiy Havo Kuchlari) qo‘mondoni polkovnik Abdul Qodir boshchiligidagi Afg‘oniston harbiy kuchlarining inqilobiy kengashi Qobul ko‘chalariga doimiy qo‘shinning bir necha batalonlarini olib chiqdi, prezidentlik saroyini egalladi. AXDP harbiy liderlaridan polkovnik Abdul Qodir va Aslam Vatanjon radio orqali Dovud hukumati ag‘darilganini e'lon qildi. Hokimiyat Inqilobiy Kengash qo‘liga o‘tdi. Prezidentlik saroyi uchun bo‘lgan janglarda uning yaqin safdoshlari qatorida Muhammad Doud va uning akasi Sardor Nasim o‘ldirildi. Afg‘on taqvimi bo‘yicha bu voqyea 1357 yil 7 savrida (1978 yil 30 aprel) ro‘y berdi va u tarixga “Savr inqilobi” nomi bilan kirdi.
O‘sha kuni Afg‘oniston Demokratik Respublikasi (ADR) e'lon qilindi, Inqilobiy kengash va hukumat tuzildi. Nurmuhammad Tarakiy bosh vazir, Babrak Karmal esa uning o‘rinbosari bo‘ldi. Abdul Qodir milliy mudofaa vaziri lavozimini egalladi. Yangi hukumat demokratik yer islohotlari loyihasini ishlab chiqdi. Yangi maktablar, turar joylar va ijtimoiy binolar qurilishi boshlandi. Sobiq qirol oilasining a'zolari, prezident Doudga tegishli barcha ko‘chmas mulk va boshqa narsalar musodara etildi.
Yangi hokimiyat islohotlari demokratik o‘zgarishlarga qarshi chiqqan siyosiy doiralarning qaqshatqich qarshiligiga uchradi, zero ular yangi hokimiyat imtiyozlardan mahrum etadi, deb cho‘chishdi. Diniy ekstremistlar ADR rahbariyatini islomdan chekinishda ayblab, barcha musulmonlarni ularga qarshi kurashga chaqirdi. Ular targ‘iboti ta'siri ostida yuz minglab afg‘onlar Pokistonga qochdi. Chet eldan qurol-yarog‘ olgan qurolli guruhlar shakllana boshladi. Ularning tarkibini “mujohid” (e'tiqod uchun kurashchi) nomini olgan musulmon birodarlari va ismoiliylar tashkil etdi. 1977 yilgi Konstitutsiya bekor qilinib, 1978 yil 30 aprelda mamlakat Afg‘oniston Demokratik Respublikasi deb e'lon qilindi. Taraqqiy o‘z mavqyeyini mustahkamlash maqsadida SSSR bilan munosabatni yaxshilay boshladi. Ayni paytda AXDP rahbariyatining o‘zida hokimiyat uchun keskin kurash boshlanib ketdi. 1978 yil 17 avgustda hukumat respublikaga qarshi fitna fosh etilganini e'lon qildi. Parchamning ayrim yo‘lboshchilari, shuningdek, B.Karmal ham qamoqqa olindi. U shundan keyinroq Pragaga elchi qilib yuborildi. Abdul Qodir va boshqa taniqli ijtimoiy-siyosiy arboblar ham qamoqqa olindi.
Inqilobiy Kengashdagi kurashdan foydalangan N.Tarakiyning sobiq o‘rinbosari Hafizulla Amin hokimiyatga yorib kirdi. 1979 yil martda u bosh vazir lavozimini egalladi. O‘sha yilning sentyabrida H.Amin N.Tarakiyni zo‘rlik bilan chetlatib, so‘ngra esa o‘ldirib, AXDP MK bosh kotibi va Inqilobiy kengash raisi lavozimlarini egalladi. Shu bilan Savr inqilobi tugadi.
AXDP rahbariyati tor-mor etildi. Uning a'zolaridan ko‘pchiligi jismonan yo‘q qilindi. Mamlakatda terror va zo‘ravonlik tuzumi o‘rnatildi.
Qatag‘onlar Qobul tuzumiga qarshi kurashni kuchaytirishga imkon yaratdi. Muxolifatdagi unsurlar vaziyatdan unumli foydalandi. Savr inqilobiga qarshi chiqqanlarning ko‘pchiligi (B.Rabboniy, G.Hikmatyor, S.Mudjadaddiy) hali Zohirshoh va Doud hukmronligi yillaridayoq Afg‘onistondan muhojirotga ketgan edi. Ular Pokiston, Saudiya Arabistoni va Misrda qo‘nim topishdi.
1979 yil oxirlariga kelib qurolli muxolifat guruhlari Afg‘onistondagi 26 viloyatdan 18 tasida mavjud edi. Inqilobiy kengash davlat ustidan nazoratini yo‘qotdi. Mujohidlar guruhlarining hatti-harakatlari mamlakatga katta zarar yetkazdi, barcha demokratik o‘zgarishlar barham topdi.
Hafizulla Amin isyonchilarga qarshi amalga oshirgan chora tadbirlari tayyorlanmagan yoki ishonchsiz bo‘lib chiqdi. Dekabr boshlariga kelib hukumat faqat Qobul va bir necha shaharlarnigina nazorat etdi, xolos.
Sovet ittifoqi boshidanoq Afg‘onistondagi inqilobni qo‘llab-quvvatladi. U SSSRning global siyosatidagi muhim bo‘g‘in edi. Shu bois sovet rahbariyati qaltis qadam qo‘yishga qaror qildi. 1979 yil 25 dekabrda afg‘on askarlari kiyimini kiygan KGBning “Alfa” bo‘linmasi prezidentlik saroyini ishg‘ol etdi va H.Amin o‘ldirildi. Shu kuni B.Karmal ADR prezidenti lavozimiga o‘tirdi, u bundan bir necha kun avval Qobulga maxfiy ravishda qaytgan edi.
B.Karmal sovet rahbariyatiga Afg‘onistonga qo‘shin kiritish iltimosi bilan murojaat qildi, bu qo‘shinlar oldindan tayyorlab qo‘yilgan bo‘lib, 28 dekabrda chegarani kesib o‘tdi. Bir necha kun mobaynida Qobulga 50 ming askar va zobitlar yuborildi, yanvarning oxiriga borib esa ular soni 85 mingdan oshdi. Bu hol vaziyatni o‘zgartirib yubordi: inqilobiy tuzumga qarshi kurash vatanparvarlik milliy-ozodlik urushiga aylanib ketdi.
AQSh SSSRning Afg‘onistonda o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashiga yo‘l qo‘ya olmas edi va ular Pokistonni sovet tajovuzini qaytarish uchun o‘ziga xos platsdarmga aylantirdi. Pokiston hududida afg‘on jangarilari uchun lagerlar qurildi, AQSh ularga eng zamonaviy qurollarni berdi. “Stingerlar” - samolyotlar bilan kurashda qo‘llaniluvchi yengil raketalar Sovet ittifoqini osmondagi ustunlikdan mahrum etdi. Urush cho‘zilib ketdi. Jahon jamoatchiligi SSSRning bu harakatini qattiq qoraladi. Ayni paytda sovet – amerika munosabatlari yanada keskinlashdi. 1982 yildan Jenevada bu masalada BMT komissiyasi ishladi.
Aprel inqilobidan bir yil o‘tib, 1979 yil aprelda kommunistik tuzumga qarshi barcha hududlarda bir vaqtda qo‘zg‘olonlar boshlandi. Hukumat faqat shaharlarni nazorat qildi, ammo mamlakatning kirish qiyin bo‘lgan markaziy qismi ustidan hukmronlik yo‘qotildi.
1979 yil mayda qo‘zg‘olonni qattiq bostirishga harakat qilgan Xafizulla Amin premer-ministr bo‘ldi. Qamoqxonalar to‘lib ketdi, ammo qo‘zg‘olonlar kengayib ketdi. Afg‘onistonda tezda kommunistik tuzumning qulashi kuzatildi.
Shu vaqtda G‘arbda hyech kim bunga javob qaytarmadi, ittifoq hukumati bunday kelajakdan xavotirga tushdi. Qobulning yengilishi va hokimiyatga islom fundamentalistlarining kelishi ittifoq Markaziy Osiyo musulmon respublikalari o‘rtasida tartibsizliklarni vujuda keltirishi mumkin edi. O‘zbeklar, turkmanlar va tojiklar geografik va diniy e'tiqod jihatdan afg‘onlarga yaqindirlar.
Bundan tashqari, mintaqadagi vaziyat Eron inqilobi va hukumat tepasiga Humaynining kelishi hamda AQSh bilan barcha a'loqalarning uzishi natijasida jiddiy murakablashdi va ittifoqning Afg‘onistondagi siyosati AQShning ta'siri u yerda kuchayishi natijasida xavf ostida qoldi. Kelajakda shundoqqina chegarada yana bitta do‘st bo‘lmagan, g‘arbparast davlatning vujudga kelishi Kompartiya Markaziy Kengashi Siyosiy byurosini jiddiy xavotirlantirdi.
Ittifoq hukumatining birinchi qarshi harakati Afg‘onistonga bir necha ming harbiy maslahatchilarni yuborilishi bo‘ldi. Shu bilan bir vaqtda N.Taraki Ittifoq hukumati tomonidan MRB (AQShning Markaziy Razvedka Boshqarmasi) bilan aloqadorlikda asosli shubhalangan Aminni olib tashlash taklif qilindi. Lekin Amin tezda bunga javob qaytardi. 1979 yil 14 sentyabrda u prezident qarorgohiga qattiq hujum qildi. Taraki og‘ir yarador bo‘ldi va 17 sentyabrda vafot etdi.
Ittifoqning Afg‘onistonga hujumga tayyorgarligi boshlandi. Markaziy Osiyo joylashtiriligan bo‘linmalar o‘zbeklar va turkmanlar asosida to‘ldirildi va kuchaytirildi. Xuddi shu vaqtda Ittifoq hukumati Aminni Ittifoq qo‘shinlarini kiritish va hokimiyatni Babrak Karmalga berishga ko‘ndirishga harakat qilishdi, ammo Amin qat'iyan bunga qarshi chiqdi.
Ittifoq hujumi 1968 yildagi Chexoslovakiyaga hujumga o‘xshab o‘tkazildi. 105-havo-desanti bo‘linmasining birinchi qismi 1979 yil 24 dekabrda Qobuldan 50 km. shimoldagi Bagram aeroportiga tushirildi. Shu bilan birga Ittifoq “maslahatchilari” afg‘on qismlarini betaraf holatga keltirishdi: qurolli kuchlarni almashtirish bahonasida afg‘on tanklarini jangga yaroqsiz holatga keltirib qo‘yishdi, aloqa liniyalari to‘sib qo‘yildi, afg‘on armiyasining rahbari uning bazmiga yig‘di. 25-26 dekabr kunlari 105-bo‘linmaning butun qismi Il-76, An-22 va An 12 transport samolyotlari yordamida Bagramga kelishdi.
1979 yilning 27 dekabri og‘ir kun bo‘ldi. O‘sha vaqtda 105-bo‘linmaning bir qismi Qobulda o‘z strategik nuqtalarini egallashdi, boshqa qismlar esa janubiy Qobuldagi Darulomon qasrini o‘rab olishdi. Bu voqyeadan bir necha kun oldin Afg‘onistondagi general-leytenant Paputin xavfsizlikni bahona qilib Aminni bu yoqqa kelishini maslahat qilgandi.
Paputin Aminni Sobiq Ittifoqdan 1978 yil dekabrida imzolangan hujjatga asosan harbiy yordam so‘rab rasman murojaat qilishga va Karmal foydasiga iste'foga chiqishga ko‘ndirishga harakat qildi. Amin bunga qarshilik ko‘rsatdi. Shundan so‘ng “Alfa” qasrga hujum qildi va Aminga suiqasd uyushtirishdi. Shu holatda, yordamga rasmiy chaqiruv amalga oshmadi. Shu vaqtdan boshlab ssenariy chexlarnikidan ancha farqli tus oldi.
Babrak Karmal barcha aloqalarda oddiy Ittifoq qo‘g‘irchog‘i bo‘lib qoldi. Islohotlarga va ko‘pgina hibsga olinganlarning ozodlikka chiqarilishiga qaramay, aholi B.Karmalni qo‘llab-quvvatlamadi. Aksincha, bosqinchilarga qarshi kurashga odatlanib qolishdi va uni yoqtirmay qo‘yishdi.
105-havo-desanti bo‘linmasi Afg‘onistonga tushirilishi bilan bir vaqtda Kushka va boshqa chegara punktlari orqali 357 va 66-motoo‘qchi bo‘linmalari kiritildi. Ular g‘arbda Hirot va Faraxda joylashishdi. Xuddi shu vaqtda 360 va 201-motoo‘qchi bo‘linmalar Termiz orqali kirib, Amudaryodan o‘tib olishdi va Qobulga tomon yo‘l olishdi. Ularning tanklari ham o‘tkazib qo‘yildi.
1980 yilning fevralida Afg‘onistondagi Ittifoq qo‘shinlari kontingenti 58 ming kishiga yetdi, 1980 yil o‘rtalariga kelib Afg‘onistonga qo‘shimcha 16 va 54-motoo‘qchi bo‘linmalar kiritildi.
Bundan tashqari Afg‘oniston shimolida Ittifoq-Afg‘on chegarasi bo‘ylab Sobiq Ittifoq Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB)ning chegara qo‘shinlari guruhlari o‘z vazifasini bajargan 100 km.li xavfsiz chegara zonasi tashkil qilindi. 1981 yilda 357- bo‘linma 346-bo‘linma bilan almashtirildi va qo‘shimcha 5-motoo‘qchi bo‘linma Afg‘onistonga kiritildi. 1984 yilda Afg‘onistondagi Ittifoq qo‘shinlari soni 135-150 ming kishiga yetdi. Bundan tashqari Osiyo respublikalarida maxsus harbiy harakatlarga yoki front orti ishlariga mo‘ljallangan 40 mingta askar tayyorlandi.
Afg‘onistonda urush harakatlari olib borayotgan 40-Ittifoq armiyasi qo‘mondonligi ancha vaqt Qobuldan 50 km. shimoldagi Bagram aviabazasi yaqinida faoliyat olib bordi. 1983 yilda qo‘mondonlik Qobul atrofiga ko‘chirildi, 1984 yilda esa o‘qqa tutish va hujum xavfi sababli Ittifoq chegarasiga va Termizga ko‘chirildi. yettita Ittifoq motoo‘qchi bo‘linma muhim afg‘on yo‘llari aylanmasi bo‘ylab va Kiber tog‘ yo‘lida joylashtirildi. 105-havo desanti gvardiya bo‘linmasi Bagram-Qobul hududiga joylashtirildi. Mazkur bo‘linmaga kiruvchi havo desantlarining beshdan bir qismi Jalolobodda o‘rnashtirildi.
Asosiy ta'minot omborlari Ittifoq hududida, Kushka va Termizda joylashgan edi. Afg‘onistonda esa ta'minot ba'zalari quyidagilar edi: Hirot va Farax oralig‘idagi Shindand harbiy-havo bazasi, Qobul yaqinidagi Bagram, Salang yo‘lidagi Qunduz va Kelagaydagi Abdalmir-alam, Termizda Amudaryo orqali qo‘shma va temir yo‘l ko‘prigi qurildi. Qurol-yaroq jihozlari oddiy motoo‘qchi bo‘linmasi qurollanishiga muvofiq edi. Qurollanishda AGS-17 avtomat-granatamyoti ham mavjud edi. Afg‘onistonda 600 vertolyot mavjud bo‘lib, ulardan 250 tasi Mi-24 edi. Quruqlikdagi harbiy harakatlarda Su -25 samolyoti ham jalb qilingan edi.
1980 yilning bahoriga kelib Ittifoq qo‘shini Afg‘oniston hududidagi jangovar harakatlarda irodasizligi ma'lum bo‘ldi. Ular uchun birinchi katta jang 1980 yil fevral-mart oylaridagi Kunar viloyatida o‘tkazilgan Kunar operatsiyasi bo‘ldi. 1979 yil yozida shu hududda joylashib olgan afg‘on tog‘li piyoda qo‘shini isyonchilar tomoniga kelishdi va shu vaqtdan boshlab Pokiston bilan chegaradosh mazkur hududda o‘zlarini erkin his qila boshlashdi.
Afg‘on tog‘li piyoda qo‘shinining 9-qismi amalda o‘rab olingan Asadobodda berkinib o‘tirishni afzal ko‘rishib, isyonchilarga qarshi faol harbiy harakatlar olib borishmadi. Shu nom bilan ataluvchi daryo bo‘yidagi vodiy atrofida artelleriya va aviatsiya va afg‘on qismlari ishtiroki ko‘magida ikkita Ittifoq motoo‘qchi bataloni Asadobod qamalini yo‘q qilishdi va isyonchilarning yirik kuchlarini to‘zg‘itib yuborib, Pokistonga chekinishga majbur qilishdi. Biroq harbiy harakat natijalari mustahkamlanmadi, shu sababli may oyida xuddi shu tumanda isyonchilar guruhini yo‘q qilish uchun yana bir harbiy harakat o‘tkazildi. Umuman aytganda, urushning birinchi davrida harbiy harakatlarning barcha qiyinchiliklari Ittifoq qo‘shinlari yelkasiga yuklatilgandi.
Boshqaruv markazlari va qonuniy afg‘on davlat tashkilotlarini qo‘riqlash majburiyati yuklangan afg‘on armiyasi harbiy harakatlar tajribasiga ega emas edi va axloqiy-ruhiy jihatdan kuchsiz edi hamda doim afg‘on qo‘zg‘olonchilari tomonidan ma'naviy qayta ishlanishga yo‘liqishardi. Amalda afg‘on armiyasini qaytadan tuzish kerak edi. Kunar viloyatidagi harbiy harakatlardan tashqari harbiy harakatlar boshqa hududlarda ham olib borildi.
Dastlab mujohyed bo‘linmalari ochiq harakat qilishga harakat qilishdi, lekin zarur narsalar tezda qayta qurildi va zimdan harakat qilish taktikasiga o‘tishdi, boshqacha ayganda, ochiq jang qilishga ularning qurbi yetmadi. 40-armiyaning askarlari to‘liq tashabbusni qo‘lga oldilar.
Bahorda asosiy avtomagistrallar nazoratini ta'minlash bo‘yicha va Paktiyo hamda G‘azni viloyatlarida harbiy harakatlar, birinchi Panjsher operatsiyasi o‘tkazildi, yozda Xazarajot va Log‘arda, kuzda esa ikkinchi Panjsher operatsiyasi, Nangarhor viloyatida harbiy harakatlar olib borildi. Asosiy e'tibor Qobulga tutashib ketgan markaziy viloyatlardagi “Zarba” operatsiyasiga qaratildi. Aslida bu operatsiya yirik natijalarni qo‘lga kiritilgan katta harbiy harakatlardan biri edi. Butun yil davomida Qobul-Qandahor yo‘lidagi harakatlarni ta'minlash uchun harbiy kuchlarning dushmanning orqa tomoniga yurish qilish operatsiyalari o‘tkazildi. Ammo harbiy muvaffaqiyatlar uezd volostlardagi hokimiyat organlarining oldingi mustahkamligini mustahkamlamadi. Babrak Karmal va boshqa rahbarlar Qobulda berkinib o‘tirishdi, va aksincha ulardan kimdir bu yoki boshqa viloyatlarga jo‘natilganda, unda Ittifoq hukumati bilan birga hamkorlikda qo‘riqlashi lozim bo‘lardi.
Mujohidlar esa 1980-82 yillarda qator zarbalarga uchrab o‘z harbiy-harakat dasturlarini o‘zgartirishdi. Ular Ittifoq qo‘shinlari bilan keng foydalaniladigan pozitsion urush qilishni inkor qilib, zirhli texnikalardan foydalanish qiyin yoki umuman imkoni bo‘lmagan chiqish qiyin bo‘lgan hududlarda (asosan qishloqlardan tashqarida) to‘satdan kichik guruhlar bilan hujum qilish usulidan foydalanib, bevosita to‘qnash kelishdan qochdilar.
1985 yilning birinchi yarim yilligida Afg‘oniston hududida yirik guruhlarni yo‘qotish uchun katta harbiy harakatlar olib borildi. Shunday qilib, sakkizinchi va to‘qqizinchi Panjsher operatsiyalari bo‘lib o‘tdi, martda esa Kunar operatsiyasi amalga oshirildi. Biroq ham Ittifoq harbiy boshqarmasi, ham afg‘on siyosiy boshqarmasi bora-bora muammoni hal qilishda yangi yondashuvlar ishlab chiqish kerak, degan fikrga kela boshlashdi. Yirik guruhlarning birmuncha mo‘tadil boshqaruvchilari bilan muzokaralar o‘tkazildi, xususan Ahmad Shox Mas'ud bilan qisman muvaffaqiyatli kechdi. yetarlicha vaqt mobaynida Panjsherda kuchsiz sulhga erishildi.
1985 yilda afg‘on hukumati armiyasi mustaqil harbiy harakatlar olib borishga yetarli malaka egallashgandi, natijada bora-bora ularning zimmasiga yirik harbiy harakatlar olib borish vazifalari yuklatildi. Ittifoq qo‘shinlari asta-sekin katta masshtabli harbiy harakatlardan Pokiston va Erondan qo‘zg‘olonchilar uchun yetkazib kelinayotgan yordam karvonlariga qarshi operatsiya larga o‘ta boshlashdi.
Sobiq Ittifoq agressiyasi natijasida AQSh va Pokiston aloqalari shaxsan prezidentning ma'muriyati mamnuniyati bilan urushdan keyingi hollarda eng quyi darajadan ko‘tarilib, tezda iliqlashdi. (1979 yil noyabrda amerikaliklarning Grenadaga hujumidan g‘azablangan olomon AQShning Pokistondagi elchixonasini yoqib yubordi, hukumat esa tartibsizlikni bartaraf etish uchun eng kuchsiz choralarni ko‘rdi). Yangi inqirozdan foydalangan AQSh tezda Vashingtondagi Pokiston tashqi ishlar vaziriga iqtisodiy va harbiy yordam sifatida 400 mln. dollar taklif qildi. Lekin Pokiston prezidenti agar ruslarning hujumiga yarasha jazolamoqchi bo‘lsa, AQSh o‘zining xalqaro qarzi va dunyo kapitalining janubiy chegaralarini himoya qiluvchi, deb hisoblaganda ham mazkur kulgili mablag‘ni inkor qilib iqtisodiyot va harbiy kuchlarni tiklash uchun davlati uchun 2-3 mlrd. dollar kerak bo‘lishini aytdi.
Afg‘onistondagi mujohidlar oldiga olib boruvchi barcha yo‘llar Pokiston hududan o‘tardi va general Zio hukumati o‘zining xavfsizligidan qo‘rqqani uchun xohlar-xohlamas tranzit bo‘yicha xizmatlarni taqdim qildi. Sobiq Ittifoq tarafidan bir necha marta Pokistonga amerikaliklardan bu davlatni tozalashi mumkinligini ogohlantirgan bo‘lsa ham, favqulodda holatda isyonchilar qarorgohlari joylashgan Pokistonning hududining shimoliy chegaralarida tozalash harakatlarini olib bordi.
Sobiq Ittifoqning Afg‘onistonga hujumiga javob tariqasida AQSh yangi tashqi siyosiy strategiyasi xalqaro sharoitni tubdan o‘zgartirdi va qurollanishni qisqartirish va to‘xtatib turuvchi qurollanish poygasiga aylantirib yubordi. AQShning bunday tashqi siyosati natijasida Sobiq Ittifoq o‘zining iqtisodini halokatli ahvolga keltirib qo‘ydi va 1989 yil 15 fevralda Afg‘onistondan ketishga majbur bo‘ldi.
1991 yil 13 sentyabrda Ittifoq-AQSh bayonoti tashqi aralashuvlarsiz afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi belgilashi huquqini tantanali e'lon qilindi, harbiy harakatlar to‘xtatilishini ta'kidladi, tezda BMT qaramog‘ida erkin saylovlar o‘tkazilishi va o‘tish davri mexanizmi tuzilishini e'lon qilindi. Xuddi shu kuni Afg‘onistonga qurol-yaroq yetkazib berish to‘xtatildi. 1991 yil 15 noyabrda Sobiq ittifoq va mujohid vakillari delegatsiyalari o‘rtasida kelishuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda Ittifoq-AQSh tomonidan qabul qilingan hujjatda ta'kidlangan mintaqadagi vaziyatni tartibga solish to‘g‘risidagi kelishuvlar e'lon qilindi. 1986 yil 24 noyabrda AXDP ning 20-plenumida Babrak Karmal iste'foga chiqadi. Afg‘oniston Demokratik Respublikasining inqilobiy kengashiga Muhammad Najibullo boshliq etib tayinlanadi.
1986 yil 30-31dekabrlarida Qobulda AXDP ning favqulotda kengaytirilgan plenumi tashkil etildi. Unda Najibullo ma'ruza o‘qidi. Plenumda mamlakat boshqaruvining maqsadlari bayon qilindi. Mamlakatda tartibsizliklarga va ichki kurashlarga barham berish haqida ta'kidlandi. 1987 yil 30 noyabr-1dekabrda Qobulda Lo‘ya jirg‘a majlisi o‘tkaziladi. Unda mamlakat konstitutsiyasi tasdiqlanadi. Yangi Respublika Afg‘oniston Respublikasi deb nomlanadi. Muhammad Najibullo Afg‘oniston Prezidenti etib tayinlanadi. Shundan so‘ng inqilobiy kengash, qurolli kuchlar harakat vakillarini qatl ettirish to‘g‘risida qonun chiqardi. Mamlakatda har qanday qarshi harakat xiyonat, deb baholandi. Ammo bir qancha rahbarlar kechirildi. Ahmadshox Ma'sud, Jaloliddin Haqqoniy va Ismoilxon shular jumlasidandir.
Najibulloning hokimiyat tepasiga kelishi bilan AXDP va musulmon ruhoniylari o‘rtasidagi aloqalar o‘zgardi. Afg‘on liderlari va boshqa rahbarlar Qobulda yangi masjid qurishni boshladilar va o‘zlari juma nomozida shaxsan ishtirok etdilar. Hukumat mamlakatda islom dinini qo‘llab-quvatladi. Shu bilan ular o‘zlari uchun tayanch yarata boshladilar.
Prizident qoshida islom maslahat kengashi tashkil etildi. 1988 yil 13 martda Najibullo islom universiteti ochilishi to‘g‘risida qaror qabul qildi. 1987 yil fevraldan 1988 yilgacha mamlakatda 20 ta masjid qurildi va 324 tasi qayta ta'mirlandi.
Mamlakat diniy ulamolari oliy organi “Arshadi islom” haftalik gazetasini chiqarish to‘g‘risidagi farmonni tasdiqladi. Makka va Madinaga haj safariga ketayotgan 4200 kishi uchun mamlakat xazinasidan 313 mln. afg‘oniy ajratildi. Bundan tashqari 10 ta madrasa, 10 ta qorilar uyi, 134 ta shiyalar mullalari uyi qurildi va 2 mingdan ortiq masjidlar qayta ta'mirlandi. Islom ruhoniylari va barcha diniy xizmatchilarga oylik maosh tayinlandi.
1989 yilning avgust oyida Qobulda hukumatga qarshi qo‘zg‘olonlar boshlandi. Qo‘zg‘olonchilar orasida terroristlar va armiya ofitserlari bor edi. Yilning oxirida 100 dan ortiq kishi qamoqqa olindi. Bular orasida armiya generallari ham bor edi. Bundan tashqari qo‘zg‘olonchilar orasida Mudofaa vazirligi va “Xalqistlar” fraksiyasi a'zosi Shahnavoz Tanay ham bor edi. 1990 yil 6 martda Shaxnavoz Tanay xalqistlarni Najibulloga qarshi qurolli qo‘zg‘olonga chaqirdi. Shu kuni ertalab u bir guruh ofitserlar va kuchli himoyachilar bilan Qobuldan 50 km shimolda joylashgan Bagram aerodromiga yetib keladi. Uning tarafida 4 va 15 ta tank brigadasi va 40 – diviziya bor edi. General shaxsan Qobulga shturmlar bilan zarba berish to‘g‘risida buyruq berdi. Tezda Prezident buyrug‘i bilan butun harbiy kuchlar qarshilikni sindirish uchun safarbar etildi. Asosiy jangovor harakatlar mudofaa vazirligi va bosh siyosiy boshqarma o‘rtasida bulib o‘tdi. Najibullo Bagram aerodromini bombardimon qilishga buyruq berdi. Bunga dosh berolmagan Shahnavoz Tanay boshqa generallar va qarshi harakat vakillari bilan Bagramdan uchib ketdi va Pokistonga borib qo‘ndi. U yerda Pokistonlik general Aslan Begom va Pokiston razvetkasining boshlig‘i Shamsur Raxmonom Kallur va o‘sha paytdagi qarshilik harakatining mashhur lideri Gulbiddin Hikmatyor bilan uchrashadi. Ma'lumki, 1989 yilning 15 fevralida sovetlarning oxirgi bo‘linmasi Afg‘onistondan chiqib ketdi. Afg‘onistondan sovet harbiylarining chiqib ketishi bilan davlat organlari va afg‘on armiyasi og‘ir holatda qoladi. Shundan so‘ng hukumatga qarshi ko‘plab qurolli qarshi harakatlar boshlanadi, ularning asosiy maqsadlari Najibullo boshliq Qobul rejimini ag‘darib tashlashdan iborat edi.
Sovet qo‘shinlari mamlakatni tark etganlaridan 4 kun o‘tib mamlakatda favqulotda holat e'lon qilindi. Bu holatni mo‘tadillashtirish va hukumatni markazlashtirish uchun Prezidentning bo‘yrug‘i bilan “Vatan oliy mudofaa kengashi” tashkil etildi. Pokistonlik va amerikaliklar bu holatda mujohidlarning tezda g‘alaba qilishini istar edi. Biroq bir yarim yil ichida ularning bu istaklari ro‘yobga chiqmadi.
Bu orada SSSRda parchalanish boshlanadi. Shuningdek 1991 yilning avgust oyida GKChP isyoni bo‘lib o‘tadi. 1992 yil 1 yanvardan Rossiya Afg‘onistonga harbiy yordam berishni va qurolli qo‘zg‘olonlarga aralashishni to‘xtatdi. Shundan so‘ng Afg‘onistonda vaziyat sezilarli darajada yomonlashdi. O‘sha vaqtdagi vaziyat xukumat uchun juda xavfli edi. Chunki mujohidlar bittama-bitta Afg‘oniston viloyatlarini bosib olib Qobulga yaqinlashib qolgan edi. 1992 yilning 18 martida Najibullo nafaqaga chiqishga tayyorgarlik ko‘rganligini e'lon qiladi. Chunki uning hokimiyatda qolishi o‘sha paytdagi vaziyatni yanada murakkablashtirar edi. Shu vaqtda Gulbiddin Hikmatyor o‘z qo‘shinlari bilan poytaxtga yurishni boshlaydi. Muhammad Najibullo Mozori-Sharifdan chiqib ketadi va general Abdurashid Do‘stum boshliq 53-o‘zbek diviziyasidan qochib Qobuldagi qo‘shinga borib qo‘shiladi. 1992 yilning 16 aprelida Muhammad Najibullo BMT boshliqlarining maslahati bilan BMT samolyotida Qobulni tark etadi. Ammo Prezident va akasi o‘zbeklarning boshlig‘i Abdurashid Do‘stum harbiylar vakili tomonidan ushlab olinadi. Shundan so‘ng Prezident o‘zining akasi Shopur Ahmadzoy bilan birgalikda BMT rahbarligida Qobulga berkinib oladi. Muhammad Najibullo keyingi 4 yilni BMT qaramog‘ida o‘tkazadi. Bu vaqtda Muhammad Najibullo hyech qanday siyosiy ishlarga aralasha olmadi. 28 aprelda Ahmadshox Ma'sud boshliq mujohidlar jangsiz Qobulga kirib keladi. Bu degani mamlakatni 14 yil boshqargan AXDP rejimli partiyani qulaganini anglatar edi. AXDP rejimining qulashi va Najibulloning hokimiyatdan tushishi bilan Afg‘onistondagi vaziyat yanada chigallashdi. Ko‘p yillardan beri Afg‘onistonda davom etayotgan fuqarolar urushi yanada keng quloch yozdi. Mamlakat qismlarga bo‘linib mujohidlar boshliqlari tomonida boshqarilar edi. Najibullo rejimi shu tariqa barbod bo‘ladi. Mamlakatda hokimiyatsizlik boshlandi. Do‘stum (o‘zbeklar), Ahmad Shoh Ma'sud (tojiklar) va Hikmatyor (pushtunlar) etnik lagerlari o‘rtasidagi kurash o‘zaro ichki urushlarga aylanib ketdiki, unda 5 ming kishi halok bo‘ldi, Qobul esa to‘liq vayron etildi. Tojiklarning vakili bo‘lgan Rabboniy prezidentlik lavozimini bo‘shatib berish yoki Ta'sis majlisini chaqirishdan voz kechdi. Hikmatyor norozilik belgisi sifatida hukumat tarkibidan chiqdi va mamlakat bosh vazirsiz qoldi. Asosiy mojaro Rabboniy va Pokiston yordamidan foydalangan Hikmatyor o‘rtasida ro‘y berdi. Afg‘onistonning siyosiy maydonida yangi kuch - o‘zi haqida 1994 yilning noyabridayoq ma'lum qilgan toliblar paydo bo‘ldi. Toliblar Afg‘onistonda jamiyat hayotini sof islom asosida qayta qurish uchun kurashga bel bog‘lagan diniy-siyosiy guruh vakillaridir. Ularning katta qismini fuqarolar urushi davrida yetim qolgan bolalar tashkil etardi. Sovet armiyasi Afg‘onistonga kiritilgach, ular Pokiston hududida boshpana topgan edilar. Urush davrida Pokistonga qochib o‘tgan 5 mln afg‘on qochoqlar farzandlarining ham ma'lum qismi tolibon guruhiga jalb etilgan. Ularning dasturi bir-biriga dushman guruhlarni qurolsizlantirish va tugatish hamda izchil islom hukmronligini o‘rnatishni ko‘zda tutdi. Ular Pokistondagi harbiy tayyorgarlikni o‘tadi va eng zamonaviy qurol-yarog‘ga ega bo‘ldi. Toliblar rahbari Mulla Umar ismoiiylik va vahobiylik vakili bo‘ldi. Uning maslahatchilari orasida Saudiya Arabistonining yetakchi ruhoniylari bor bo‘lib, harbiy maslahatchisi esa xalqaro terrorchi Usoma bin Loden edi.
1995 yil yanvarda ular Qobulga hujum boshladilar. Mamlakat vayron etildi, hamma joyda ocharchilik boshlandi, shu bois poytaxtni egallash qiyinchilik tug‘dirmadi. Toliblarga qarshi muxolifat kuchlari parchalanib ketdi. Prezident Rabboniy Badaxshonga qochdi, bu yerda Ahmad Shoh Ma'sudning asosiy kuchlari joylashgan edi. General Do‘stum o‘z qismlari bilan shimolga yo‘l oldi va Hirot, Balx, Mozori Sharifni o‘z tayanch punktlariga aylantirdi. Hikmatyor o‘z tarafdorlari bilan Jalolobodni egalladi, bu bilan mag‘lubiyatga uchrab qolsa, Pokistonga qochishni mo‘ljalladi.
1996 yil oktyabrda toliblar Qobulni egalladi. Afg‘onistondagi vaziyat o‘ta og‘ir axvolda edi. 1996 yilning 27 sentyabrida Muhammad Umar boshchiligidagi tolibonlar guruhi Qobulni zabt etdi. Ular Najibulloning akasi bilan o‘zi hukumatdan ketgan paytdan boshlab yashab kelayotgan BMT qarorgohini ham portlatib yuboradi. BMT xodimlarining xabar berishicha, Doktor Najibullo (oliy toifali akusher genekolog) kech soat 1:30 da qo‘lga olinib 4:30 da osib o‘ldiriladi. Toliblar “xalq dushmani” yoki o‘zgacha fikrlovchi, deb hisoblaganlardan ommaviy o‘ch olishni boshladi. Vahhobiylik tamoyilariga muvofiq ayollarga o‘qish va ishlash man etildi. Ular ko‘chada ochiq yuz bilan yura olmasdi. Dunyoviy maktablar yopildi, faqat diniylarigina ishladi, hammaning namozga borishi majburiy qilib qo‘yildi. Qobulda zo‘ravonlik odatiy tusga kirdi.
Toliblar o‘z raqiblarining tarqoqligi va tushkunligidan foydalandi. 1997 yil iyulda ular ikki yo‘nalishda - Hirotdan Mozori Sharif, Qobuldan Bog‘lon va Toluqon tomon hujum boshladi. Do‘stumning xalq ko‘ngillilaridan bir qismi sotqinlik qilib, toliblar tomonga o‘tdi. Toliblarning diniy targ‘iboti ham muhim rol o‘ynadi. Ahmad Shoh Ma'sud o‘z qo‘shinini hal qiluvchi jangdan olib chiqdi. Afg‘onistonda biron-bir taraf g‘alabaga erisha olmaydigan vaziyat yuzaga keldi. Millionlab kishilar mamlakatdan tashqariga qochib ketdi, qolganlari esa tirikchilik uchun kurash olib bordi.
Toliblarning shimoliy viloyatlarni bosib olishi ularni mamlakatning 90% hududi ustidan nazorat qilishiga olib keldi. Afg‘oniston uzra islom fundamentalizmi va mamlakatning terroristik markazga aylanishi xavfi paydo bo‘ldi. Tolibonlarga qarshi kuchlar «Shimoliy alyans» (ittifoq)ga birlashdilar. Tolibon va Shimoliy alyans o‘rtasida qirg‘inbarot urushi olib borildi. Pokiston va Saudiya Arabistoni tolibonlar hokimiyatini tan oldilar va unga keng ko‘lamli yordam ko‘rsatdilar. Afg‘onistondagi holat nafaqat bu davlatning, balki uning qo‘shnilari, qolaversa, jahon hamjamiyatining muammosiga aylandi. Afg‘oniston hududi ayni paytda narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasi, diniy ekstremizm va fanatizm, terrorchilik o‘lkasi bo‘lib qoldi.
Binobarin, Afg‘oniston muammosi yalpi xavfsizlikka ham jiddiy tahdid solayotgan muammoga aylandi. 1993 yil martda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov BMTda maktub orqali qilgan murojaatida mojaroni cheklash va hal etish, xususan, Afg‘onistonga qurol-yarog‘ olib kirishga embargo kiritish bo‘yicha aniq takliflarni olg‘a surdi. 1998 yilda uning taklifi bilan Toshkentda “6+2” formulasi bo‘yicha (Eron, Pokiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Xitoy, Tojikiston, + Rossiya va AQSh) uchrashuv o‘tkazildi, unda Afg‘onistonning qarama-qarshi turgan kuchlari vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda mamlakatga qurol-yarog‘ olib kirishni to‘xtatish g‘oyasi ma'qullandi.
Tolibonlar ma'naviy ilhomchisi va amaldagi rahbar arab millioneri Usoma bin Loden bo‘ldi. U Keniya va Ugandadagi Amerika elchixonalariga nisbatan terroristik aktlar, Saudiya Arabistonidagi amerika qo‘shini kazarmalariga hujumlar tashkilotchisi edi.
AQSh Usoma bin Lodenni tutib berishni talab qildi. Toliblar rahbariyatining bundan bosh tortishi 1998 yilning 26 avgustida Qobulga Amerika qanotli raketalari hujumiga olib keldi. BMT 1999 yilning 14 noyabrida Afg‘onistonga qarshi sanksiya kiritib, oziq-ovqat yordamidan mahrum etdi. Bunga javoban toliblar o‘z tuzumi dushmanlariga qarshi qatag‘onlarni kuchaytirdi. Ular Shimoliy ittifoq qo‘shinlari qo‘mondoniga nisbatan terroristik aktni amalga oshirdilar va uni o‘ldirdilar. AQSh hukumati Nyu-Yorkda 2001 yil 11 sentyabrda Savdo markazi binosiga amalga oshirilgan hujum Usoma bin Loden tomonidan amalga oshirilgan, deb baholadi. Prezident Bush bunga nisbatan antiterroristik urushni e'lon qildi. 2001 yil 7 oktyabrda Amerika va Britaniya samolyotlari Afg‘onistondagi jangovar nishonlarni bombardimon qildi. Terroristlarni tayyorlagan barcha lagerlar tor-mor etildi. Toliblarning barcha bazalari vayron qilindi, ularning asosiy qo‘shin qismlari tog‘larga va Pokistonga qochdi. Afg‘onistonda 2002 yil yanvarda mamlakatda qayta tiklash ishlarini boshlagan qonuniy hokimiyat qaror topdi. Mamlakatni qayta tiklash dasturi jahon hamjamiyati tomonidan qabul qilindi. Hamid Karzay hukumat boshlig‘i etib saylandi. 2004 yil 9 oktyabrdagi prezidentlik saylovida H. Karzay prezident etib saylandi. Hozirgi kunda Afg‘onistonda nisbatan tinch, bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. 2013 yil sentyabr oylaridan AYSeF va BMT qo‘shinlari Afg‘oniston hududidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish haqida bayonot berdi. Unda harbiy qismning oxirgi bo‘linmasi 2014-yil oxirigacha chiqib ketishi ko‘zda tutilgan.
Xulosa. Afg‘oniston muammosi, hozirgi kunda ham davom etayotgan chuqur inqiroz o‘z-o‘zidan kelib chiqqan emas. Bu inqiroz albatta Afg‘oniston jamiyatida va boshqaruv tizimida sodir bo‘lgan chuqur o‘zgarishlar, hukmron doiralarning borib-borib xalqdan uzoqlashishi, uning xohish-istaklarini hisobga olmaslik, necha asrlardan beri davom etib kelayotgan an'analar, urf-odat va diniy qadriyatlarning bir necha yillar ichida keskin o‘zgarishlarga uchrashi natijasidir. “Kuchli siyosiy elita mavjud bo‘lib, hokimiyatni o‘z qo‘lida mustahkam ushlagan holda, Afg‘oniston jamiyatida va boshqaruv tizimida afg‘on xalqiga xos bo‘lgan an'analar, urf-odat va diniy qadriyatlarni hurmat qilgan holda viloyatlar jipsligini taminlab berishi mamlakatni boshqarishni bir qadar osonlashtirib beradi” deb siyosiy adabiyotlarda keltirilmoqda.



Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   81   82   83   84   85   86   87   88   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling