Markaziy osiyo xalqlari tarixi


XIV. Urushdаn kеyingi (1945-1985) yillаrdа Mаrkаziy Оsiyo хаlqlаrining хo‘jаlikni qаytа tiklаshi, ijtimоiy-siyosiy, iqtisоdiy vа mаdаniy hаyoti


Download 0.9 Mb.
bet117/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   113   114   115   116   117   118   119   120   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

XIV. Urushdаn kеyingi (1945-1985) yillаrdа Mаrkаziy Оsiyo хаlqlаrining хo‘jаlikni qаytа tiklаshi, ijtimоiy-siyosiy, iqtisоdiy vа mаdаniy hаyoti.
To‘rt yil davom etgan mashaqqatli urushning g‘alaba bilan tugallanishi kelajakka katta umid uyg‘otdi, butun kuch-g‘ayratni faqat tinch hayot maromini tik­lashga, iqtisodiyotni tinch hayotga moslashtirishga, urush oqibatlarini barham toptirishga yo‘naltirish imkonini berdi. Vazifa nihoyatda murakkab bo‘lib, uni urushdan keyingi g‘oyatda og‘ir ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy sharoitda xal etish lozim bo‘lgan. Urushdan keyingi yillarda hukmron kommunistik partiyaning siyosiy mavqyei yanada oshdi. U davlat ustidan mutlaq xukmron bo‘lgan organga aylanib, diktatorlik bilan mamlakat hayotining barcha sohalarida, shu jumladan, iqtisodiy sohada ham o‘zining ma'muriy-buyruqbozlik va totalitar zug‘umini o‘tkaza boshladi. Markaziy Osiyo respublikalari o‘z hududidan ancha olisda - Markazda ishlab chiqilgan ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar va rejalar iskanjasiga olindi. Bu rejalarni ishlab chiqarishda respublikalarning imkoniyatlari va milliy manfaatlari mutlaqo hisobga olinmas edi.
Urush tugagach, oradan ko‘p o‘tmay mintaqa bo‘ylab yana bir yalpi qirg‘in to‘lqini yelib o‘tdi. XX asrning 40-yillari oxiri va 50-yillar boshidagi qatag‘onlar, asosan, madaniyat va fan arboblariga qarshi qaratildi. Markaziy Osiyo respublikalari Kompartiyasi MQsi Markazning yo‘l-yo‘riqlariga tayangan holda dunyoqarashi va ijodi partiya mafkurasidan farq qiladigan ijodiy ziyolilar vakillariga qarshi hujum boshla­di. Respublikalarda, jumladan o‘zbek ijodkor ziyolilardan Said Ahmad, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Maqsud Shayxzoda, Mirkarim Osim, Hamid Sulaymonov, Muhiddin Qori Yokubov va b. 1951 yilda «sovetlarga qarshi millatchilik faoliyati» olib borganlikda ayblanib, qamoqqa olindi va 25 yilga ozodlikdan maxrum etildi.
Qozoq xalqining farzandlari, respublika ma'naviy hayotida o‘zining o‘rniga ega bo‘lgan olimlar, ziyoli va shoirlar, yozuvchilari qatag‘onlarga uchradi. 50-yillar boshlarida tarixchilar ye.Bekmaxanov, M.Auezov, K.Satpaev, ye.Ismailov, X.Jumaliev, A.Jubanov va boshqa ko‘plab qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman farzandlari qatag‘on qurbonlari bo‘lishdi. Ular «xalqlar otasi» I.V.Stalin vafot etgach, 1955 yildan oqlanib qamoqdan qaytishdi. XX asrning 30-50 yillarida qatag‘on qilingan ayrim davlat va siyosat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, olimlar va san'atkorlar oqlandi. Lekin bu jarayon sovet davrida ziddiyatli tarzda kechib, mantiqan oxiriga yetkazilmadi. Buning ustiga qatag‘onlarning yangi to‘lqini doimiy ravishda insonlar yuragiga g‘ulg‘ula va qo‘rquv solib turdi.
Urushdan keyingi yillarda boshqa respublikalarda bo‘lganidek Qozog‘istonda ham xo‘jalikni tinch yo‘lda rivojlantirishga o‘tildi. Shunday bo‘lsada, respublika sanoatini tiklash, aholini oziq-ovqat bilan ta'minlash borasidagi ishlar orqada qolaverdi. Aholining keng tabaqasini xanuzgacha qashshoq va och yupun hayot kechirishi davom etdi. Ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalarida hukmron partiyaning ma'muriy-buyruqbozlik sistemasi, zo‘ravonlik tizimi saqlanib qoldi. Qozog‘istonga ko‘proq xom ashyo yetkazib beruvchi o‘lka sifatida qarash davom ettirildi. Qozog‘istonning ijtimoiy va iqtisodiy hayotiga doir har qanday dastur mahalliy sharoitni e'tiborga olmay markazning inon ihtiyoriga topshirib qo‘yildi.
Urushdan keyingi yillarda Qozog‘istonda Semipalatinsk yadro poligoni qurib ishga tushirildi. Bu yerda 1949 yilda birinchi sovet atom bombasi, 1953 yilda bo‘lsa birinchi termoyadro bombasi sinovdan o‘tkazilib, portlatildi. Semipalatinsk poligonida birgina 1949-1963 yillarda amalga oshirilgan yadro quroli sinovlarining umumiy quvvati Xirosimaga tashlangan atom bombasi quvvatidan 2500 marta oshib ketdi. Mintaqaga sezilarli ravishda ekologik zarar yetkazildi. Poligonga tutash va yaqin bo‘lgan hudud aholisi turli xil kasalliklar va radiatsiya nurlanishiga duchor bo‘lishdi. 1955 yilda Qozog‘istonda Boyqo‘nur harbiy poligoni qurilishi boshlanib ketdi. Bu yer 1957 yilga kelib sayyoraning birinchi kosmodromi bo‘lib qoldi. Shu yerdan birinchi bo‘lib yerning suniy yo‘ldoshi parvozi amalga oshirildi, 1961 yilda bo‘lsa birinchi kosmonavt koinotga parvoz qildi. Keyingi yillarda bu yerdan minglab sun'iy yo‘ldoshlar va raketalar parvozi amalga oshirildi va mintaqa ekologiyasiga jiddiy zarar yetkazaverdi.
SSSR mudofaa vazirligi tomonidan Qozog‘iston hududida ko‘plab harbiy bazalar va tajriba maydonlari bunyod etildi. Bular jumlasiga Sari-Shagan, Omega-2, Terra-3, Emba-5 va Kambala, Karas, Lugovaya, Uchorol, Chagan, Derjavinsk, Tyura-tam, Jangiz Tobe kabi strategik aerodromlar, tajriba maydonlari va Balxashda Daryal-U nomli maxfiy strategik ob'ekti ishlab turdi. Akmolinsk shahridan 200 km shimoliy-sharqda Stepnogorsk yopiq shahar bunyod etildi va bu yerda ikki kombinatda maxfiy ravishda ko‘plab yadro va bakteriologik qurollar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek bakteriologik qurollarni maxfiy sinovlari Orol dengizidagi orollarda ham davom ettirildi. Harbiy ishlab chiqarishga zo‘r berish, turli rusumdagi raketalarni ko‘paytirish, qurolli kuchlarga jalb etish natijasida paxtaga bo‘lgan talab keskin oshib ketdi. Natijada Janubiy Qozog‘iston va O‘zbekistonda paxta monokulturasining kuchayishi, Orolga oquvchi Amudaryo va Sirdaryo suvlaridan haddan tashqari, vahshiylarcha foydalanish oqibatida dengiz qisqa vaqt ichida qurib qoldi va nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi uchun, balki bugungi kunda dunyo uchun xavf solayotgan Orol muammosini keltirib chiqardi.
Qariyib to‘rt yil davom etgan urush tugashi bilan Turkmaniston xalq xo‘jaligini tinch qurilish yo‘liga o‘tkazish va uni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqishga o‘tildi. Respublika sanoatini tiklash, aholini oziq-ovqat mag‘sulotlari va keng iste'mol sanoat mollari bilan ta'minlash uchun yoqilg‘i, elektr energiyasi, xom ashyo, shuningdek malakali ishchi va injener texnik xodimlarga tanqislik sezildi. Bu muammolarni hal etishda Turkmanistonning milliy an'analari, qadriyatlarini hisobga olish zarur edi, biroq urushdan keyingi yillarda ham ijtimoiy, iqtisodiy hayotning barcha sohalarida saqlanib qolgan partiyaning totalitar hukmronligi, yo‘l-yo‘riq va farmoyish beradigan zo‘ravonlik siyosati bunga yo‘l bermadi. Turkmanistonning ijtimoiy va iqtisodiy hayotiga doir har qanday dastur mahalliy sharoitni e'tiborga olinmay Ittifoq markazida ishlab chiqilaverdi.
Turkmanistonga faqat xom ashyo yetkazib beruvchi o‘lka sifatida qaralishi, uning iqtisodiyotini bir tomonlama rivojlanishiga olib keldi. Shunday bo‘lsa-da, turkman xalqining urushdan keyingi yillarda fidokorona mehnati sababli bu sohalarda sezilarli ishlar amalga oshirildi. Masalan, Qoraqum kanalining dastlabki 3 navbati qurilgach, 1960-1973 yillarda ekin maydoni 62 % ga ortdi. Paxta yetishtirish 1961-1975 yillarda deyarli 3 hissa ko‘paydi. Sanoat mahsulotining hajmi 1975 yilda 1913 yilga nisbatan 70 marta, 1940 yilga nisbatan 10,4 marta ko‘paydi va 1974 yilda yalpi iqtisodiy-ijtimoiy mahsulotning 50 % i sanoat hissasiga to‘g‘ri keldi. Ittifoq xalq xo‘jaligida Turkmaniston neft, gaz, kimyo, mashinasozlik, oyna-shisha ishlab chiqarish hamda gilam to‘qish sanoatining rivojlanganligi bilan ajralib turdi. Qishloq xo‘jaligida paxta, ayniqsa ingichka tolali paxta, qorako‘l, pilla yetishtirishda ixtisoslashdi.
Turkmaniston neft qazib olish bo‘yicha ittifoqda 4-o‘ringa chiqib, Vishka-Krasnovodsk, Cheleken-Krasnovodsk neft quvurlari qurildi. Gaz qazib olish bo‘yicha 3-o‘ringa chiqib, elektroenergetika tez sur'atlar bilan rivojlandi.
Kuch va mablag‘larni Turkmaniston uchun an'anaviy bo‘lmagan sohalarga, eng avvalo og‘ir sanoatga jam qilish, ijtimoiy taraqqiyot maqsadlari bilan resurslarining nomutanosibligi salbiy oqibatlarga olib keldi. Lekin urushdan keyingi dastlabki yillarda respublika oldiga qo‘yilgan iqtisodiy vazifalar har qalay bajarildi. Korxonalarning ko‘pchiligi hayot uchun kerakli mahsulotlarni ishlab chiqishga kirishdi. Partiya qarorini so‘zsiz bajarish uchun qo‘shimcha paxta ekish uchun sug‘oriladigan yerlar ajratildi. Paxta yakkahokimligi respublikada go‘sht chorvachiligi, bog‘dorchilik, polizchilikni cheklab qo‘ydi. Ayni vaqtda xom ashyosi arzon narxda chet elga olib ketiladigan pillachilik va qorako‘lchilikka e'tibor berildi.
Katta Turkman kanalini qurishda mahbuslar mehnatidan foydalanilganligidan guvoh beruvchi matbuot materiallari. Katta Turkman kanali O‘zbekiston va Turkmanistonni sug‘orish va melioratsiyalashning keng ko‘lamli yakunlanmagan loyihasi bo‘lib, uning qurilishi 1950 - 1955 yillarda olib borilgan va 1955 yilda to‘xtatilgan. Uning uzunligi 1200 kilometr bo‘lishi va u Nukusdan 10 km beriroqda bo‘lgan Taxiatosh qirrasidan boshlanib Krasnovodskgacha borishi, biroq Kaspiy dengiziga suvning quyilishi rejalashtirilmagan edi. Mutaxassislarning hisobiga ko‘ra kanalga 17-35 kub. km. suv uzatilishi va bu O‘zbekiston iqtisodiga, Orol dengizi ekologiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi kerak edi.
Kanal trassasi bo‘ylab suv to‘g‘onlari, shlyuzlar, suv omborlari, gidroelektrostansiyalar va bir ming kilometrdan ko‘proq temir quvurlar tizimini yaratish mo‘ljallanib kanal boshida Taxiatoshda gidroelektrostansiya bilan moslashadigan katta to‘g‘on qurilishi lozim edi. Amudaryo suvining 25 % yangi kanalga quyilishi belgilanib, Orolning sathi pasayishi, dengiz chekinishi natijasida paydo bo‘lgan yerlardan qishloq xo‘jaligida foydalanish ko‘zda tutilgan va hisob kitoblarga ko‘ra Amudaryo quyi oqimining sho‘rlanishi kamayish kerak edi.
Kanalni qurishdan maqsad paxtachilikni rivojlantirish, Qoraqalpog‘istonda va Qoraqumda yangi yerlarni o‘zlashtirish, shuningdek Volga daryosidan Amudaryogacha kema qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘lgan.
Kanal qurilishida o‘n minglab samosvallardan, buldozerlardan, ekskavatorlardan foydalanish rejalashtirilgan. Kanalning eni – 100 metrdan ko‘proq, chuqurligi esa 6-7 metr bo‘lib uning atrofida 10 ming kilometrlik magistral va taratish (uzatish) kanallarini, 2 ming suv havzasi, har qaysisi 100 ming kilovatt kuchga ega bo‘lgan 3ta GES qurilishi loyihalashtirildi. Qurilishni 1957 yilda tugatish ko‘zda tutildi.
Kanal qurilishi 1950 yildagi sentyabridan keyin boshlandi, yangi tuzilgan va Urganchda joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining (MVD) “Sredazgidrostroy” boshqarmasi olib bordi va u yergacha temir yo‘l qurildi.Bu qurilish asosan mahbuslar kuchi bilan bajariladi.
1950 yil noyabr oyidan boshlab 2000 mahbusga mo‘ljallangan lagerlarni qurishga kirishildi.
1950 yil dekabrida Taxiatosh qirrasida Taxiatosh shahriga asos solindi. Shaharda 1500 mahbusga mo‘ljallangan ikki lagerning qurilishi boshlandi.
Shu yilning kuzida Taxiatosh shahrining qurilishi boshlandi ammo quruvchilarnig yashash sharoitlari juda yomon bo‘lib ular brezent palatkalarda joylashgan edilar.
Siyosiy mahbuslarning Taxiatosh lageri – TaxiatoshLAG QoraqumLAGning tarkibiga kirgan. 1953 yilning 1 yanvariga kelib 7ta lager bo‘limlarida 9823 siyosiy mahbus tutqinda ushlab turilgan. Nukus qurilish uchastkasining mahbuslari gidrotexnikum, avtoyo‘l texnikumi binolarini va O‘zSSR FA bo‘limini qurish jarayonida QoraqumLAG bo‘yicha ikki marta ko‘chma bayrog‘ini qo‘lga kiritishgan. Ular 1952 yil uchun bo‘lgan 7230 ming so‘mlik yillik rejani 8111 ming so‘mga bajarishgan.
TaxiatoshLAG mahbuslari va Katta Turkman kanali ishchilari energetiklar shahrida yozgi kinoteatr, hammom, oshxona, sartaroshxona, do‘kon, o‘rta maktab, bolalar bog‘chasi va sport stadionlarini bunyod etishgan. Mahbuslar aylanma kanal va issiqlik energostansiyasini qurishda qatnashganlar.
1953 yil 7 iyunda mahbuslarni ozod qilish boshlandi. Birinchi bo‘lib Afg‘oniston, Eron, Iroq, Suriya fuqarolari bo‘lgan 612 – chet ellik mahbuslar repatriatsiya qilindi. Ushbu mahbuslar “aksilinqilobiy faoliyati” va “shpionaj” uchun 10 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgandi va ular sobiq SSSRning Oliy Soveti Prezidiumining 1953 yil 27 martdagi qaroriga ko‘ra amnistiyaga tushdilar. Mustabid tuzum tomonidan asossiz qatag‘on qilinganlarni oqlash 1956 yilda boshlandi, lekin bu jarayon tugallanmay qoldi.


Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   113   114   115   116   117   118   119   120   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling