Markaziy osiyo xalqlari tarixi
S Mintaqada madaniy hayot, adabiyot va san'at (1945-1985 yillar). J
Download 0.9 Mb.
|
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун
S Mintaqada madaniy hayot, adabiyot va san'at (1945-1985 yillar).
J Ikkinchi jahon urushi nihoyasiga yetishi bilan, Markaziy Osiyo respublikalarida amalga oshirilgan “islohotlar” natijasida markaz bu mintaqada urushning qiyinchiliklari bartaraf etildi deb hisoblab, sotsializm qurishni yanada keng quloch yozdirishga harakat qildilar. 1960 yillar mintaqada “rivojlangan sotsializm” bosqichi deb e'lon qilindi. Jamiyat mamlakat rahbariyatidan ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma'rifiy sohalarda jiddiy sifat o‘zgarishlarni amalga oshirishni kutmoqda edi. Biroq amalda bunday bo‘lmadi. Lekin buning o‘rniga siyosiy rahbariyat aqidaparastlikni, ommaviy-siyosiy ishlarni avj oldirdi. Mintaqaning ma'naviy hayoti ana shu girdobga tashlandi. Rasmiy xokimiyat soxta proletar baynalmilalligini amalda kuchaytirish maqsadida maktablarda rus tili va adabiyotini kengroq o‘qitishga urg‘u berdi. Natijada qardosh tojik, qozoq, turkman, qirg‘iz va o‘zbek xalqlari tarixi, adabiyot, chet tillari, musiqa va qo‘shiqchilik darslari xajmi asossiz ravishda qisqartildi. Ulardan bo‘shagan soatlarga bo‘lsa rus tili va adabiyoti darslari majburiy ravishda qo‘yildi. O‘quv jarayoni uchun muhim bo‘lgan demokratik va ijodiy jihatlar inkor etildi. Natijada oliy ta'lim tizimida mas'uliyatsiz, tashabbussiz, loqayd, o‘rtamiyona mutaxassislar tayyorlash mexanizmi yuzaga keldi. Markaziy hukumat siyosiy rahbariyati xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini, hatto ilm fanni ham mustabid tuzumni mustahkamlash va uni takomillashtirish uchun safarbar qildi. Ittifoq xalq xo‘jaligi majmuida barcha milliy respublikalarning alohida vazifasi belgilab berilganidek, har bir respublikaning ilmu faniga ham alohida yo‘nalishlar ko‘rsatildi, ular respublikaning ittifoq miqyosidagi vazifasidan kelib chiqar edi. Jumladan Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston ilm markazlariga, fanlar akademiyasiga qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining, eng avvalo paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilikning mahsuldorligini oshirish, uni mexanizatsiyalash, g‘o‘zani parvarishlar agrotexnikasini, urug‘chilikni yaxshilash, chorva mollarining zotini yaxshilash, suv resurslaridan ratsional foydalanish kabi muhim va dolzarb muammolarni hal qilish vazifalari yuklandi. Mintaqa olimlari xalq xo‘jaligi uchun muhim bo‘lgan mavzularni ishlab chiqish bilan shug‘ullandilar. Fan va texnika yutuqlarini sanoat va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga joriy qilish bilan shug‘ullandilar. Masalan, ipakchilik sanoati ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan kashf etilgan, pilladan ipak olishni tezlashtiradigan avtomat stanok qisqa muddatlarda o‘zlashtirildi va ishlab chiqarishga joriy qilindi. Biroq mustabid tuzum illatlari fan taraqqiyotiga o‘zining salbiy ta'sirini o‘tkazmay qo‘ymadi. Bu narsa, erkinlik, ijodiy muhit yaratish o‘rniga, ma'muriy-buyruqbozlik usulini qo‘llashda, fanga ham yuqoridan turib “ko‘rsatma” berishda, ayniqsa, olimlar tomonidan yaratilgan yangiliklarni ishlab chiqarishga o‘z vaqtida joriy qilinmaslikda yaqqol ko‘rindi. Qanchadan qancha iqtisodiy samara beradigan ilmiy kashfiyotlar amaliyot bilan ilmiy muassasalar o‘rtasida uzviy bog‘liklik bo‘lmaganligidan ishlab chiqarishga joriy qilinmadi. Ayniqsa bu davrda ijtimoiy-gumanitar fanlarga nisbatan zo‘ravonlik, ularni kommunistik mafkura andozasiga solish yanada kuchaydi. Markaziy Osiyo xalqlarining boy o‘tmish tarixini, milliy madaniyatini va qadriyatlarini kamsitish, ularni soxtalashtirish aynan shu yillarda avj oldirildi. Qadimiy tariximizni o‘rganish, o‘tmishga sajda qilish deb qoralandi. Ijtimoiy-gumanitar fan olimlariga “rivojlangan sotsializm” davrini, uning tarixiy ahamiyatini, afzalliklarini o‘rganish haqida maxsus “ko‘rsatmalar” berildi. Natijada bu yillarda ijtimoiy-gumanitar fan olimlari tomonidan “rivojlangan sotsializm”ni madh etuvchi ko‘plab ilmiy, ilmiy ommabop asarlar yaratildi. 1946-1985 yillar orasida qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik va o‘zbek adabiyoti o‘z taraqqiyotining murakkab va turli bosqichlardan iborat davrini bosib o‘tdi. Bular ikkinchi jahon urushidan keyingi tiklanish yillarini (1945-1956), Stalin shaxsining fosh etilishi va xrushchevcha “iliqlik” yillarini (1956-1964), “Rivojlangan sotsializm” g‘oyasi olg‘a surilgan yillarni (1964-1985) o‘z ichiga olgan va har uchala basqich shu yillarda ro‘y bergan ijtimoiy voqyealarga ko‘ra nomlangan bo‘lib, bu xalqlarning taraqqiyot yo‘li va tamoyillari ham shu davrda turlicha ko‘rinishga ega bo‘ldi. Mintaqa adiblari urushdan keyingi mamlakatning haqiqiy axvolini yaxlit bilganliklari uchun ham ayrim shoirlarning lirik she'rlarida ma'yusona ohanglar, yozuvchilarning ocherk va hikoyalarida mamlakat kechirayotgan qiyinchilik tasviri yo‘q emas edi. Partiya 1946-1948 yillarda san'at va adabiyotga tegishli bir necha qarorlar qabul qilib, yozuvchilarga voqyelikdagi ijobiy ko‘rinishlar, kishilarning xursandchilik holatlari va kayfiyatlari haqida asarlar yozish, sovet voqyeligi uchun tipik bo‘lmagan nuqsonlar va qiyinchilik tasviridan qochish, hayotni “gulgun” ranglar bilan aks ettirish vazifasi topshirildi. Mintaqadagi madaniy-marifiy muassasalar ham o‘z faoliyatlarini “rivojlangan sotsializm” g‘oyasini jamiyat hayotiga tatbiq etishga qaratdi. Lekin bu muassasalarning mintaqa madaniyatini rivojlantirishdagi rolini ahamiyatini kamsitish mumkin emas. Chunki yuzlab taniqli san'atkorlar katta san'at yo‘lida aynan ana shu madaniyat maskanlarida dastlabki qadamni qo‘yganliklarini aytish muhim hisoblanadi. Urushdan keyingi yillarda Ittifoq va dunyo xalqlari qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman va o‘zbek san'ati bilan yanada yaqinroq tanisha boshladi. Moskva va boshqa yirik shaharlarda respublika madaniyati kunlari tashkil qilinib, unda san'atkorlarning buyuk chiqishlari yuz berdi. Qozoq san'ati namoyondasi K.Bayseitova SSSRda xizmat ko‘rsatgan xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ldi. Urushdan keyingi yillarda Ye.Brusilovskiy va M.Tulebaevlarning “Omon-keldi” nomli operalari, A.Jubanov va L.Xamidini “Tulegen Toxtarov” nomli, M.Tulebaevning “Birjan va Sara” nomli operalari dunyo yuzini ko‘ra boshladi. 1949 yilda bu san'atkorlarning ko‘pchiligi ittifoq ahamiyatidagi davlat mukofotlariga sazovor bo‘lishdi. Bu yillarda mintaqaning deyarli barcha markazlarida kino studiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda qator hujjatli va badiiy filmlar sur'atga olindi. Tojikfilm, Qozoqfilm, O‘zbekfilm kabi kino studiyalar shular jumlasiga kirdi. Shunday qilib, urushdan keyingi murakkab va o‘ta ziddiyatli yillarda ham Markaziy Osiyo xalqlari o‘zligini, qadimiy milliy madaniyatini va qadriyatlarini saqlab qolishga harakat qildi. Lekin bu oson kechmadi. Bu yo‘lda o‘ziga xos kurashlar va yo‘qotishlar sodir bo‘ldi. Kommunistik mafkura mahalliy xalqning milliy g‘ururini sindirishga urindi. Xalqlarni milliy madaniyatdan, milliy an'analardan chalg‘itish uchun “kommunizm” va “rivojlangan sotsializm” kabi xayoliy aqidalarni o‘ylab topdi. Ularni xalq ommasi ongiga singdirish uchun barcha choralardan, vositalardan va usullardan foydalandi. Lekin mintaqa xalqlari bularning barchasiga bardosh berdi. Chunki xalq ijtimoiy-siyosiy hayotda muqarrar o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga ishonar edi. Download 0.9 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling