Marosim folklori


Download 1.18 Mb.
bet37/79
Sana07.04.2023
Hajmi1.18 Mb.
#1337502
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   79
Bog'liq
Alisher Navoiyning hayoti va ijodi.

Lab uyur takallumga, zulfingni parishon qil,
Qand qiymatin sindur, narxi anbar arzon qil
Oshiq yordan so'zga lab ochishni, zulfini parishon, ya'ni sochlarini yozib yuborishni so'raydi. Uning har qanday shirinlikdan ortiq so'zlari xalqqa yetgach, qandning bozori sinadi. Chunki odamlarga yor so'zlarining lazzati kifoya qiladi. Sochidan taralgan xush bo'ylar esa mushki anbarning narxini tushirib ketishiga sabab bo'ladi. Bu yerda fikr, tasvir yangi emas, lekin shakl va ifoda o'ziga xos.
Ba'zan esa kutilmagan tashbeh, yorga go'zallik baxshida etayotgan jihatlarga yangicha izoh berilgan baytlar tez-tez ko'zga tashlanadi:
Nega muncha siyohdur kokul,
Magaram dudi ohdur kokul.
Husni ta'lil san'ati asosida yor kokillarining qoraligi oshiq ohining dudi tufayli degan fikrni ilgari suriladi. Negaki, dudr ya'ni tutun hamisha o'zi tekkan narsani qoraytiradi. Ehtimol, oshiqning yor oyog'i tagida chekkan adoqsiz ohlari dud bo'lib, uning boshiga qo'nganidan shundoq ham tundek sochlari yana ham siyoh bo'lib qoraygandir. Nihoyatda tabiiy va dilkash izoh bu! Agar she'rni vazn talabi bilan ifodali o'qiy olsangiz, undagi ajib musiqiylikni ham tuyasiz. Shu qisqa misrali baytda Amiriy ma'shuqa go'zalligi belgilarini chizish bilan birga oshiq dilidagi kuyishlarni ham mohirona bera olgan.
Amiriy bir qator g'azallarida yor vasfi hamda oshiqona hasbi hol uchun tabiatga murojaat qiladi, undan yangi tashbihlar topadi.
G'am-u dard-u muhabbat gulshanida gul bila g'uncha
Yaqo chok-u ko'ngul qon aylamakni mendin o'rgandi.
Odatda boshqa shoirlarda lirik qahramon u yoki bu sifat va jihatlami tabiatdan olganligi, o'rganganligini tan oladi. Lekin bu she'rda aksincha - gul yaqo chok qilishni, g'uncha bag'ri qon-likni oshiqdan o'rganganligi ta'kidlanmoqda. Oshiq ishqining shiddatli tus olib, jununning namoyon bo'lishi gul ochilishiga, dildagi pinhon dardlarning yuzaga chiqmay botindagi ichki qiynoqlar g'uncha bag'ridagi dog'ga mengzalmoqda. Quyidagi bayt esa yana-da o'ziga xos:
Sabo gisuyi anborborini kim boshqa tarotqoch,
Nazokat rastasida go'yo attorlardurlar.
Ya'ni mayin sabo anbar sochlarning islarini boshqa yoqlarga taratarkan, bu sochlar go'yo nazokat bozorida atir bilan savdo qiluvchi attorlarga aylanadi. Bu kabi oliy san'at darajasidagi baytlarni Amiriy she'rlaridan ko'plab topish mumkin.
Shoir ijodida tasavvufiy ruhdagi she'rlar ham talaygina. Jumladan, "o'rgandi" radifli g'azali quyidagicha boshlanadi:
Junun daryosi tug'yon aylamakni mendin o'rgandi,
Talotum birla to'fon aylamakni mendin o'rgandi.
Junun — bu telbalik, ilohiy ishq tufayli aql-u hushdan mosivo bo'lmoqlikdir. Ilohiy muhabbat chashmalari yig'ilib daryo bo'lganida ham Yaratganning ishqida besabr-u beqaror bo'lib tug'yon qilishni, to'lqinlanib to'fondek junbishga kelishni mandan o'rgandi, deydi oshiq. Baytda mubolag'a san'ati lirik qahr­amon ko'nglidagi ishq shiddatini berishning qulay vositasi bo'lganligi kuzatilmoqda.
Amiriy goh majoziy ( zaminiy) muhabbatni, goh ilohiy ishqni, aksar hollarda ularni o'zaro esh, aloqadorlikda talqin etar ekan, deyarli barchasida yuksak mahorat va san'atkorlikni namoyish etadi.

"Qoshingg'a teguzmagil qalamni" g'azali tahlili


Amiriyning xalqimiz ichida juda uzoq yillardan buyon mashhur "Chor zarb" kuyiga solinib, qo'shiq sifatida kuylab kelinayotgan "Qoshingg'a teguzmagil qalamni" misrasi bilan boshlanadigan g'azali shior ijodida alohida o'rin tutadi.


Qoshingg'a teguzmagil qalamni,
Bu xat bila buzmagil raqamni.
G'azal yor qoshining vasfi bilan boshlanadi. Shoir an'anaviy yo'ldan borib qoshni tasvirlamaydi, uning qoraligi, yoysimonligini aytmaydi. Balki o'quvchiga ma'lum bu sifatlardan foydalanib, yangi, go'zal poetik ifoda yaratadi. Nima uchun qoshga qalam tegiziladi? Albatta, uni qoraytirmoq uchun. Lirik qahra­mon ma'shuqani bu ishdan qaytarar ekan, ikki maqsadni ko'zlaydi. Birinchidan, qoshlarga qalam yurgizib, ularning tabiiy qoraligiga putur yetkazishdan qaytaradi. Ikkinchidan, bu chizish (ya'ni "bu xat") orqali Yaratganning o'zi bitib qo'ygan yoysimon raqam (yozuv)ni, ya'ni san'atkorona chizib qo'yilgan qoshni buzib qo'yishidan xavotirini bayon etadi.
Butxonalar ichra hech tarso
Bir ko'rmadi sen kabi sanamni.
Ma'lumki, tarsolar butxonalarida o'zlari yasab yoki chizib olgan butlarga sig'inadilar. Ular lirik qahramon ko'ngil qo'ygan yorni ko'rganlarida edi, topinayotgan sanamlaridan voz kechib ul go'zal qoshida bosh egardilar. Baytda "butxona", "tarso", "sanam" so'zlari tanosub san'ati vositasida bildirilayotgan fikrning mazmunan yaxlitlanishiga xizmat qilgan.
Oshiqlaringga tarahhum etgil,
Ko'p aylamajabr ila sitamni,
— deya rahm (tarahhum) etishni so'rayotgan oshiqning o'tinchi keyingi baytlarda oydinlashadi:
Ko'nglum qushi toyiri hariming,
Sayd etma kabutari haramni.
To bevatan o'lmasin ko'ngullar,
Zulfungdin ayurma pech-u xamni.
Ko'nglim sening haraming qushiga aylangan, shuning uchun boshqa haramlardagi kabutarni ov (sayd) qilmagin. Kabutar bu yerda ko'ngil ma'nosida qo'llangan. Lekin u ko'ngil ( kabutar) o'zga haram (boshqa ma'shuqa)ga tegishli bo'lgani durust. Shun­ing uchun oshiq yordan u kabutarni — ko'ngillarni o'ziga maftun qilmaslikka chaqirmoqda. Ma'shuqaning o'z oshiqlari -bog'langan ko'ngillar esa yor sochining buramlari (pech-u xami)ni o'zlariga vatan tutganki, bu zanjir kokillar bandidan ayrilish ular uchun bevatan qolish demakdir.
Yo'lungda g'ubori roh bo'ldim,
Boshimga yeturmading qadamni.
Oshiq yor yuradigan yo'lda uning kelishini intizor bo'lib uzoq kutadi va oxiri g'ubori roh — oyoq ostidagi tuproq changiga aylanadi. Bu intiqlikning o'ziga xos shoirona ifodasi keyingi misrada sharqona odob va lutf bilan davom ettiriladi. Oshiq qadamingni boshimga yetkizrnading, oyog'ing boshimga tegmadi, deydi. Agar ma'shuqa shu tomondan yurib, yo'l g'uborlarini bosib o'tganda edi, o'zligidan asar qolmagan oyoq ostidagi oshiq jismiga, boshiga qadam urib o'tar edi. G'azal maqta'sida shoir iyhom san'atidan mohirona foydalangan. An'anaga ko'ra taxallus qo'llagan shoir ayni paytda undan ishq ichra yor hukm farmoligini ifodalashda ham foydalanadi:
Iqlinu vafo Amiridursen,
Ey shoh, bu gadog'a qil karamni.
Shu tariqa, biror marta rahm qilmagan ma'shuqa vafo amiriga, chin amir esa, marhamat kutguvchi gadoga aylanadi. G'azal maqta'sida ham tasvir tarangligi avj nuqtada saqlanib qolaveradi.
Tayanch tushunchalar:



  • Amiriy

  • Amirul muslimin

  • otabek

  • Nodirabegim

  • Mohlaroyim

Savol va topshiriqlar:



  1. Amiriyning hayot yo'li haqidagi ma'lumotlarni o'zlashtiring. Undagi qaysi fazilatlar Sizning diqqatingizni tortdi?

  2. Amiriyning adabiyot va san'atni yuksaltirish borasidagi xizmatlari to'g'risida so'zlab bering.

  3. Shoir ijodidagi uning o'zigagina xos bo'lgan qaysi jihatlarni ajratib ko'rsatish mumkin.

  4. Tahlil qilingan g'azaldagi "Yo'lungda g'ubori roh bo'ldim, Boshimga yeturmading qadamni" satrlarida ifodalangan oshiq holati va armonini tushuntiring.

  5. Maqta'dagi: "Iqlimi vafo Amiridursen, Ey shoh, bu gadog'a qil karamni" murojaati kimga qaratilgan? Uning ma'nosini anglating.

Adabiyotlar:





  1. S.Matjon, Sh.Sariyev. O’zbek adabiyoti. T., 2007

  2. B.Qosimov, N.Jumaxo’ja. O’zbek adabiyoti. 10-sinf uchun darslik.T., 2001

  3. B.Jalilov va bosh. O’zbek adabiyoti. T., 2006

  4. B.To’xliyev. Adabiyot . T., 2005.


Download 1.18 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   79




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling