Burunga taqiladigan taqinchoqlar orasida eng ko‘p tarqalgani arabak deb ataladigan sirg‘adir. Arabak taqish juda sharafli ish hisoblangan. Bu odat Arabiston yo Hindistondan kirib kelgan bo‘lsa ajab emas. Arabak taqish uchun burun katagi teshilgan. Samarqanddagi davlat tarix-arxeologik muzey-qo‘riqxonasida XIXasr– XX asr boshida ishlangan arabak (buloqi) sirg‘a saqlanmoqda. U kumush, dur, shisha, qimmatbaho tosh parchalaridan ishlangan.
Bo‘yinga taqiladigan taqinchoqlar. Bo‘yinga turli-tuman marjon, munchoq, dur tumor taqishgan. Jevak deb atalgan taqinchoq ham ishlatilgan. Jevak arpa donlariga o‘xshagan mayda shokilalardan yasalgan. Shokilalarga bosma gul tushirilib, tilla suvi yugurtirilgan. U bir yoki bir necha marjon shodasi, tizimidan tuzilgan bo‘lib, o‘rtaga turli shakldagi turunj joylashtirilgan.
Jevaklar kumush, asl marjon, feruza, la'ldan ishlangan. Bosma usulda, zarhal berib yasalgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |