Ma’ruza III qоrаqаlpоq, qоzоq, tоjik, turkmаn, qirg‘iz хаlqlari etnologiyasi Reja
Qoraqalpoq xalqi etnogenezi va etnik tarixidan
Download 103.76 Kb.
|
3-mavzu
Qoraqalpoq xalqi etnogenezi va etnik tarixidan.
1-savolning bayoni: Qoraqalpoqlar – Markaziy Osiyodagi xalq bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashaydi (504 301 kishi, 2000 yillar o‘rtalari). Shuningdek, O‘zbekistonning Farg‘ona, Xorazm, Navoiy, Buxoro viloyatlarida, qo‘shni Turkmaniston, Qozog‘istonda, Rossiyada, Afg‘onistonda, Eronda bir necha ming qoraqalpoqlar yashaydi. Qoraqalpoqlar asxon qoraqalpoq tilida so‘zlashadi. Qoraqalpoq tili – turkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub tillardan; qozoq va no‘g‘oy tillari bilan birgaliqda qipchoq tillarining qipchoq-no‘g‘oy guruhchasini tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat tili (o‘zbek tili bilan birga). Asosan, Qoraqalpog‘istonda, shuningdek, Xorazm, Navoiy, Buxoro viloyatlari hamda Qozog‘iston va Turkmanistonning unga qo‘shni hududlarida, Rossiya va Afg‘onistonda tarqalgan. Qoraqalpoq tilida so‘zlashuvchilarning umumiy soni 425 ming kishidan iborat (XX asrning 90- y. lari o‘rtalari). Qoraqalpoq tili asosan, 2 ta: shim. -sharqiy va jan. -g‘arbiy lahjalarga bo‘linadi; bu lahjalar fonetik jihatdan o‘zaro farqlanadi. Tarixdan ma'lumki, milodgacha III ming yil avval, inson tosh, suyak va sopoldan tashqari metalldan foydalanishni xam o‘rgangan. Dastavval bu tabiiy, sof holdagi mis, so‘ngra bronza – mis va qalay, ba'zan surma, margimush yoki qo‘rg‘oshin qotishmasi edi. Paleometallar ishlab chiqarilishini o‘zlashtirish insoniyat jamiyati taraqqiyotini ancha tezlashtirdi. Endi tosh va suyakdan yasalgan mehnat qurollari o‘rnini ishlab chiqarish unumdorligini sezilarli oshiruvchi qattiq va o‘tkir bronza qurollar egallaydi. Yuz minglab yillar davom etgan tosh asri tugab, bashariyat tarixida yangi davr – bronza asri boshlanadi (milodgacha II – I ming yillik avvali). Neolit davridayoq kurtak ota boshlagan ishlab chiqarish faoliyati turlari yanada jadalroq rivoj topadi. Chunonchi, ayrim subtropik viloyatlarda sug‘orish bilan bog‘liq deqhonchilik taraqqiy etadi va shunga mos sivilizatsiyalar paydo bo‘ladi. yevroosiyo dashtlari va tog‘ etaklarida chorvachilik-dehqonchilik majmui xo‘jaliklari shakllanadi. Eneolit va bronza davrida maxsus ko‘paytirish ob'ektlari sanalgan hayvonlarni uy sharoitida boqishga o‘rgatish davom etadi. Ot va tuyani o‘rgatish shu davrga to‘g‘ri keladi. Chorvachilikning paydo bo‘lishi, jamiyatning ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi va chorvador qabilalarning boshqa ommadan ajralib chiqishlariga olib keldi. Bu birinchi yirik ijtimoiy mehnat taqsimoti edi. Asta-sekin chorvachilikning roli orta boradi, u tog‘ va dasht viloyatlari axolisi xo‘jaligida yetakchi o‘rinni egallaydi. Milodgacha II ming yillik oxiri – III ming yillik boshlarida bu viloyatlarning aksariyat aholisi xo‘jalikning yangi mutaxassislashgan shakli – ko‘chmanchi va yarimko‘chmanchi chorvachilikka o‘tadi. Bronza davrida Qoraqalpog‘iston hududida turli kelib-chiqishga ega chorvachilik-dehqonchilik va ko‘hna dehqonchilik qabilalari istiqomat qilar edilar. Dastlab qoraqalpoqlar bir nechta qabilalar uyushmasidan tarkib topgan bo‘lib, qadimdanoq yaxlit xalq sifatida shakllana boshlagan. Ularning eng qadimgi ajdodlari miloddan avvalgi birinchi asrlarda Orolning janubiy sohillarda o‘rnashgan massaget qabilalari xisoblanadi. Ular orasida apasiak qabilasi qoraqalpoqlarning halq sifatida shakllanishida katta rol o‘ynagan. Bu qabila dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Professor T. A. Jdankoning fikricha, massagetlar hayotiga singib ketgan onalik (matriarxat) davriga oid an'analar mashhur qoraqalpoq dostoni “Qirq qiz”da yaqqol namoyon bo‘lgan. Bu doston hozirgi qoraqalpoqlarni ularning o‘tmish ajdodlari bilan bevosita bog‘laydi. Markaziy Osiyoning ko‘chmanchi aholisi haqidagi ilk ma'lumotlar Persepol yaqinidagi Naqshi Rustam sag‘anasi bo‘rtma naqshlari, Bexistun qoyasiga o‘yib tushirilgan mixxat matnida o‘z ifodasini topgan. Bu manbalarning shahodat berishicha, osiyolik ko‘chmanchilar umumiy nomda “saklar” deb ataladi, Ularning orasida Ahamoniylarga bo‘ysunuvchi bir necha qabila guruhi ajralib turadi: ummonorti (daryo-orti) saklari, xaamavarga saklari, tigraxauda saklari (o‘tkir qalpoqlar), “So‘g‘d orti” saklari, shuningdek dax qabilalari ham eslab o‘tiladi. Yunon-Rim mualliflari (Gerodot, Ksenofont, Ktesiy, Arrian, Pliniy Starshiy, Ptolemey, Strabon va b.) yozma ishlarida ham Markaziy Osiyo ko‘chmanchi aholisiga oid ma'lumotlar bor. Ko‘pincha ular bu aholini “skiflar”, ba'zan yanada aniqroq qilib, “Osiyo skiflari”, deb atashadi. Ammo bu manbalarda axmoniy, mixxat matnlarida uchramaydigan boshqa nomlar ham mavjud: Massagetlar, savromatlar (sarmatlar), argipeylar, arnmasplar, assilar, pasianlar, sakaraullar (sakarauklar) va boshqa forsiy va antik manbalarda ulkan hududga tarqalgan u yoki bu qabila guruxining muayyan joyda chegaralanishi masalasida bir fikrga kelinmagan. Chunonchi, Tyanshan va yettisuv xududlariga ayrim tadqikotchilar xaamavarga saklarini yoki yunon mualliflariga ko‘ra, amurgiy saklarini joylashtirishadi; (amurgiy saklari tarkibiga, aftidan, “So‘g‘d orti” saklari ham kirgan). Boshqa tadqiqotlar tigra-xauda saklarini joylashtirishadi (yunon manbalariga ko‘ra, bular – massagetlardir). Yanada keyingi Xitoy solnomalarida yettisuv saklarnni usunlar tomonidan quvilishi eslatib o‘tilarkan, ularni “Se, “Sak” deb ataydi. Usunlar yettisuv va Tyanshanda sak an'analarining bevosita davomchilari edilar. Saklar jangovar qabilalar bo‘lib, milodgacha 1 ming yillikda Markaziy Osiyo siyosiy voqyealarida faol rol o‘ynashgan. Milodgacha bo‘lgan VI asrdayoq saklar o‘zlarining jangovar qabilalarini bo‘ysundirib, o‘zlari tomonga og‘dirib olmoqchi bo‘lgan, fors podsholarining yurishlarini muvaffaqiyatli qaytarishdi. Faqat Doro I gagina ikkinchi yurishdan so‘ng, Tyanshanlik emas, ancha o‘troq Yaksart oldi saklarining ayrim qabilalarini bo‘ysundirish nasib etdi. Saklar o‘z mustaqilliklarini mardona himoya qilishardi. Manbalarda saklarning dushmanlarga qarshi kurash lavhalari, ba'zan butun boshli qo‘shinga boshchilik qilgan ayol-jangchilarning qahramonona jasoratlari haqidagi hikoyalar saqlanib qolgan. Yunon muarrixi Polien, o‘zini pichoklab, forslar tomonga “qochib o‘tgan” cho‘pon Shiroqning jasorati haqida hikoya qoldirgan. So‘ngra, go‘yo u o‘z qabilalaridan o‘chini olmoqchi bo‘lib, fors qo‘shiniga yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lishga jazm qiladi, ammo uni dashtga olib kirib, o‘limga mahkum etadi. Ko‘chmanchi sak qabilalari Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr Makedonskiy) ham bo‘ysundira olmagan qudratli kuchga ega edilar. Milodgacha IV asrning ikkinchi yarmida Iskandar Zulqarnayn lashkari ko‘hna fors yerlarini zabt etib, Markaziy Osiyoga bos-tirib kiradi. Ammo bosqinchilar bu yerda qatiy qarshilikka uchrab, faqat uzoq kurashlardan so‘nggina Markaziy Osiyoning ayrim o‘troq xalqlari, asosan, sug‘dlarni bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘lishadi. Biroq bo‘ysungan xalqlar ham bosqinchilarga qarshi kurashni davom ettirishadi. Spitamen boshchiligidagi yunon-makedoniya qo‘shinini obdon holdan toydirgan yirik qo‘zg‘olon ma'lum. Yaksart (Sirdaryo) ortida yashovchi sak qabilalari esa, o‘z mustaqilliklarini saklab qolishdi. Ko‘chmanchilik asosiga qurilgan xayot tarzi, jamiyatnnng harbiy tizimi saklar turmushi va mafkurasining hamma jihatlariga o‘z ta'sirini o‘tkazdi. Erta ko‘chmanchilar madaniyati yoki skif-sak madaniyati shakllangan formalarda, milodgacha bo‘lgan VIII asrdan buyon mavjud, bu davrda yevroosiyoning Tyanshan va yettisuvni xam o‘z ichiga olgan dashtlari hududida, chorvadorlarning yagona madaniyatga birlashuvi jarayoni kechayotgandi. Ammo erta sak qabilalari madaniyati (milodgacha VSh– VI asrlar) kam o‘rganilgan. Bu davr asosan bronza buyumlarining ayrim tasodifiy topilmalari orqaligina bir muncha tadqiq etilgan. Ularning aksariyati ot egar-jabduqlari: uzangisimon suvliq, to‘qa kamarlari va eskicha shakldagi egar-jabduq bezaklaridan iborat. Yodgorliklarning asosiy qismi milodgacha V-Sh (II) asrlardagi sak qabilalari madaniyatini xarakterlaydi. Saklarning qo‘rg‘onlarini Qoraqalpog‘istonning qariyb butun hududidan topish mumkin. Ular bir joyga mujassamlangan bo‘lib, 15–20 va undan ko‘proq qo‘rg‘ondan iborat qabriston tarzida uchraydi. Qo‘rg‘on tepaligi markazi tagidagi tuproqda to‘rtburchak yoki g‘arbdan sharqqa qarab cho‘zilgan yassi shakldagi qabr chohlari joylashgan. Qabr chohlari ko‘pincha xodalar yoki yirik tosh-taxtalar bilan yopilgan bo‘ladi. Dafn qilinganlar chalqanchasiga boshi g‘arbga yo‘naltirilgan holda yotqizilar edi. Yoniga buyumlar qo‘yilar, odatda bular ovqat solingan sopol idishlar, taqinchoq va maishiy narsalar, ba'zan qurollardan iborat bo‘lardi. Har bir qabrga ikki-uch, bazan besh-sakkiztagacha idish qo‘yilardi. So‘nggi yillarda yirik, “shohona” toifadagi qo‘rg‘onlar topilgan bo‘lib, u yerdagi dafn qurilmalari o‘ziga xosligi va murakkab tuzilishi bilan ajralib turadi. Bunday ulkan qo‘rg‘on tepaliklariga zich tosh qoplamalari yotqizilgan bo‘lib, ularning asosi kvadrat yoki to‘rtburchak shakliga ega. Tepaliklar atrofiga bir yoki ikki qator qilib tosh-devor terib chiqilgan. So‘ngra ma'lum masofada juda katta tosh bo‘laklaridan iborat murakkab halqasimon tosh yotqiziqlar va boshqa marosimiy qurilmalar qad rostlagan. Bu mahobatli va qiziqarli majmualar Tyanshandagi ko‘chmanchilar qo‘rg‘on-yodgorliklarining murakkab me'moriy o‘ziga xosligidan, ulkan sag‘analarni qurishda aniq hisob-kitoblar qo‘llanilganidan dalolat beradi. Bu qo‘rg‘onlarning tepaliklariga ikki yoki uch tosh qoplamalari to‘shalgan. Qoplamalar ostida yerga chuqur kirgan dafngoh joylashgan bo‘lib, u yetti-sakkiz xodadan yotiq to‘rtburchak yoki kvadrat shaklda yasalgan va tik qoziqlar bilan mahkamlangan qurilmadan iborat bo‘lgan. Uning yuqori qismiga yog‘och to‘shama, uning ustiga tosh-taxtalar, so‘ngra tuproq yotqizilgan. Ushbu inshootning hajmi ancha katta bo‘lgan. Bu qo‘rg‘onlar qadimgi zamonlardayoq talon-taroj qilingan. Lekin qolgan materiallar Tyanshanning yirik qo‘rg‘onlarida, shubhasiz, urug‘ va qabila boshliqlari dafn qilingani, dafn qilinganlarning boy kiyim-kechaklari va ularning yoniga qo‘yilgan buyumlar mashhurligi bilan farqlanadi. Qozog‘istondagi Issiq qo‘rg‘oni, Oltoyning Paziriq qo‘rg‘onlaridan topilgan narsalar bilan o‘xshashligidan guvohlik beradi. Qo‘rg‘onlar o‘tmish zamonlardayoq talon-taroj qilinganiga qaramay, saqlanib qolgan materiallar saklarning yorqin va o‘ziga xos madaniyatiga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Ammo yuzaki qarashda, butun hudud uchun yagona hisoblanmish bu madaniyat aslida bir xil emas. Har bir tumanda dafn qurilmalari, dafn marosimlari va moddiy madaniyati o‘zaro ayrim farqlarga ega edi. Bu farqlar qator sabablar bilan izohlanadi. Masalan, Ketmontepa vodiysi, sak qabilalari madaniyati Qirg‘iziston hududidagi hamohang yodgorliklardangina emas, balki shularga o‘xshash Markaziy Osiyo madaniyatidan ham ancha farq qiladi. Bu Jalariq (eng yirik yodgorlik – Jalariq qabristoni) deb atalmish alohida madaniyatni ajratib ko‘rsatish imkonini berdi. Ketmontepa saklari madaniyati sopol idishlarning xilma-xilligi, ularning shakllari (tog‘orachalar, kosalar, ko‘zachalar, tuvaklar, kubchalar), bezatilishi (bo‘yalgan, yaltirab pardozlangan, geometrik yoki boshqa naqshlar berib jilolangan) bilan ajralib turadi. Idishlar ganchkorlik yoki kulol gardishi yordamida yasalgan. Bunday rangbaranglik va shakliy boylik boshqa hyech qaysi majmuada uchramaydi. Ketmontepa erta ko‘chmanchilarining dafn marosimi uzoq vaqt mobaynida o‘zgarmay olgan. Aftidan, Ketmontepa erta ko‘chmanchilari xo‘jaligi ham boshqa tumanlardagi aholi xo‘jaligidan farq qilgan. Joyning tog‘li vodiy xususiyati bu yerda sof ko‘chmanchilik emas, balki o‘troqlik bilan uyg‘unlashgan yarim ko‘chmanchi chorvachilik rivojiga omil yaratdi. Farg‘ona iqlimiga yaqin qulay ob-havo esa, bronza davridan beri an'anaviy ildizlarga ega dehqonchilik bilan shug‘ullanish imkonini berdi. Shubhasiz, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan qo‘shni Farg‘ona bilan yaqin aloqalar mavjud, u yerdan dastgoh idishlari, dehqonchilik mahsulotlari keltirilar, bu o‘z navbatida Ketmontepa saklari madaniyatining o‘ziga xosligiga alohida ta'sir ko‘rsatar edi. Tyanshan saklari madaniyati, qo‘rg‘oniy yodgorliklardan tashqari ayrim tasodifan bronza buyumlari topilmalari – qurol, ot egar-jabduqlari, qozonlar, qurbonlik qilinadigan joy, shuningdek, bir necha buyumdan iborat xazina orqali ham namoyon bo‘ladi. Bunday tasodifiy topilmalar Qozog‘istonning qariyb hamma tumanlarida ma'lum. Issiqko‘l hududi ayniqsa topilmalarga boy. Ulkan bronza qozonlar, ajoyib qandillar va Tyanshan saklari madaniyatini yorqin ifodalovchi boshqa buyumlar ana shular sirasidan. Bronza buyumlar, ayniqsa, yirik qozonlar va qurbonliq qilinadigan majmualarning ko‘p miqdorda ekani – o‘sha davrdagi Issiqko‘l markazi alohida o‘rin tutganligi, metallchilik ishlab chiqarishning rivojlanganligini oqibatidir. Saklar xo‘jaligining asosiy qismini chorvachilik tashkil etar edi. Otlar, qo‘ylar va yirik shoxdor mollar boqilar edi. Chorva ayni vaqtda erta ko‘chmanchilarning ishlab chiqarish vositasi, mehnat quroli va mehnat mahsuli, yashash va boyishning vositasi edi. Ko‘chmanchilarning asosiy tashvishi mol boqish, yaylovlarni saqlab qolish va ko‘paytirishdan iborat bo‘lardi. Tog‘ va vodiylardan iborat Qoraqalpog‘iston hududida ko‘chishning tik deb atalmish usuli keng tarqalgan: ya'ni vodiylarda ishlash va baland tog‘li joylarda yozni o‘tkazish yoki aksincha. Xo‘jalik yuritishning bunday usuli, aftidan, lalmikor xarakterdagi dehqonchilik bilan qo‘shib olib borilgan. Ayrim tumanlarda, Ketmontepa va Farg‘onaning tog‘ etaklari vodiylarida, dehqonchilik yuritilgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Saklar kigiz o‘tovlarda yashab, qishlash joylarida uylar qurgan bo‘lishlari ham ehtimol. Ularning kiyim-kechaklari ko‘chmanchi hayot shart-sharoitlariga moslashgan. Maishiy turmushda teri, ichak, kigiz, jundan keng foydalanishgan. Uy anjomlarini yasash bilan asosan ayollar shug‘ullanishgan. Sopol idishlarnnng tubi ko‘chish sharoitlariga moslab, aylana va keng qilib ishlangan. Saklarda quyuvchilik, temirchilik, kulolchilik, zargarlik va boshqa hunarmandchilik turlari taraqqiy etgan edi. Ularning buyumlari saklar mohiyatining turli moddiy narsalarida o‘z ifodasini topgan. Lekin hunarmandchilik asosan xonaki ishlab chiqarish xarakteriga ega edi. Hunarlar yaxlitlovi hali boshlang‘ich bosqichda edi. Saklar va qo‘shni ko‘chmanchi va o‘troq xalqlarning, shuningdek, g‘arbdagi skiflar va savromatlarning etiqodlarida umumiy jihatlar ko‘p bo‘lgan. Ularning tasavvurlarida ko‘p narsalar hind-yevropa o‘tmishiga borib taqalardi. Chunonchi, ajdodlarga, ayniqsa, qabila sardorlariga sig‘inish saqlanib qolgan va rivoj topgan. Alohida va hashamatli tarzda qurilgan mahobatli sag‘analar ana shundan guvohlik beradi. Saklar tabiat kuchlari va hodisalarini ilohiylashtirib, ularga sig‘inishardi. Quyosh va boshqa osmon jismlariga sig‘inish, samoviy ot va uy-o‘choqqa sig‘inish asosiy o‘rin tutgan, qurbonlik qilish va boshqa ilohiy sanalgan joylardan topilgan buyumlar ana shular bilan bog‘liq. Saklarda ko‘hna diniy tasavvurlar ham saqlanib qolgan. Yuqorida ta'kidlab o‘tilgan apasiaklar davrida, Sirdaryo etaklarida augasiylar qabilasi yashagan. Bu ikki qabila o‘rtasida mustahkam aloqa mavjud bo‘lgan. Miloddan avvalgi I asr bilan milodiy I asrgacha bo‘lgan oraliq davrida Orol qirg‘oqlariga sharqdan hunnlar gala-gala bo‘lib yopirilib kela boshladilar. Bulardan tashqari VI – XII asrlar oralig‘ida turklar paydo bo‘lishdi. Natijada Amudaryo sohillarida VII – VIII asrlarda apasiaklar negizida Pecheneg ittifoqi vujudga keldi. Sirdaryo etaklarida esa xunn va turklarning aralashib ketishlari natijasida augasiylar negizida O‘g‘uz ittifoqi paydo bo‘lgan. Pecheneglarning (bajanaklar, bijanaklar) yerlari IX asrning oxiriga kelib Amudaryoning etaklaridan boshlab g‘arb tomonga Orol qirg‘oqlaridan Ural va Volga daryolari sohillarigacha bo‘lgan ulkan kengliklarni qamrab oldi. Xalq orasida tarqalgan afsonalarga qaraganda, Qiyot (hozirgi Beruniy) shahri uning poytaxti bo‘lgan. Aksariyat ko‘pchilik o‘g‘uzlar o‘zlari bosib olgan hozirgi Turkmaniston, Eron va Turkiya yerlarida mustahkam o‘rnashib qolganlar. Birinchi navbatda ular turkman xalqining shakllanishiga asos soldilar. So‘ngra turk va ozar halqlarining kelib chiqishga ham ta'sir etdilar. O‘g‘uzlarning bir qismi begona o‘lkalarga ketishni istamay, Amudaryo etaklarida yashab qoldilar. Orol bo‘yidagi sharqiy pecheneglar bu yerda qolgan o‘g‘uzlar bilan ittifoq tuzib, ko‘plab siyosiy voqyealarda ishtirok etdilar. S. P. Tolstov, P.P Ivanov va T. A. Jdanko kabi taniqli tarixchilarning fikricha, Orolbo‘yi pecheneglari o‘z taqdirlarini o‘g‘uzlar bilan bog‘lab, qoraqalpoq xalqi shakllanishning so‘nggi bosqichiga asos solganlar. Shunday qilib, qoraqalpoqlarning xalq sifatida shakllanishining so‘nggi bosqichi Orol va Amudaryo bo‘ylarida kechgan. Sharqlik pecheneglarning “qoraqalpoq” nomini olishlari, aynan shu davrga to‘g‘ri keladi. XI asrning birinchi yarmida sharqlik pecheneglar yeriga Sibir va Irtish tomondan qipchoqlar bostirib kiradilar. Bosqinchi (qipchoq)larning bir qismi sharqiy pecheneglar bilan aralashib ketgan. Hozirgi qoraqalpoq urug‘larida qipchoq urug‘ining borligi ham ana shundan dalolat beradi. Mashhur tarixchi Abu Fazl Bayhaqiyning “Tarixi Bayhaqiy” asarida keltirilishicha, XI asrning o‘rtalarida Xorazm shohining turk gvardiyachilari qo‘mondonlaridan birining ismi “Qalpoq” bo‘lgan. P. P. Ivanov shunga asoslanib bu yerda gap sarkarda haqida emas, balki uning bo‘ysunuvidagi qoraqalpoq jangchilar haqida borayotganini ta'kidlaydi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, qoraqalpoqlar o‘sha davrlardayoq, balki undan ham avvalroq bosh kiyimlari rangiga qarab “qoraqalpoq” nomini olgan bo‘lsalar ajab emas. S. P. Tolstovning fikriga ko‘ra, birinchi bo‘lib qipchoqlar, sharqlik pecheneglarni bosh kiyimlariga qarab “qoraqalpoq” deb ataganlar. Binobarin, qoraqalpoqlar o‘zlarining hozirgi nomlarini XI asrdayoq tug‘ilib o‘sgan yurtlari - Orol va Amudaryo sohillarida olganlar. Sharqiy pecheneglar shu asosda tarixiy manbalarga “qoraburklilar”, “qoraqalpoqlar” nomi bilan kirganlar. Sharqiy pecheneglarning aksariyat ko‘pchiligi Orol sohillari va Amudaryo etaklarida yashab, Xorazm xalqi bilan birga XI – XIV asrlarda kechgan siyosiy voqyealarda faol ishtirok etdilar. Shoh Ma'mun ibn Ma'mun podsholik qilgan 999–1017 yillarda Xorazm iqtisodi va madaniyati yuksaklikka ko‘tarildi. Uning poytaxti Urganch yirik madaniyat markaziga aylandi. Bu yerda akademiya ta'sis etilib, Ibn Sino, Abu Rayhon al-Beruniy, ibn Miskavayk, Abusaxid Masixiy, Abul Xoshir Hammad, Abu Nasr Arrak kabi buyuk fan daholari Urganchga muqim qoldilar. Xorazmning bunday muffaqiyatlarga erishishiga, qo‘shni qoraqalpoqlar ham o‘z ulushlarini qo‘shganlar. Biroq, G‘aznaviylar sulolasidan bo‘lgan Sulton Mahmud Xorazmni bosib oladi. Xorazm aholisi va qoraqalpoqlar talon-taroj, quvg‘inlarga uchrab, xonavayron bo‘ladilar. Undan keyingi davrda, ya'ni XI asrning 20–30- yillarida xorazmliklar va qoraqalpoqlar o‘g‘uz-saljuqiylar bosqiniga uchraydilar. Keyin esa yuqorida tilga olganimizdek, qipchoqlar hujumiga duch keldilar. Butunlay xonavayron etilgan Xorazm XII asrning ikkinchi yarmigacha o‘ziga kelolmadi, qayrilgan qanotini o‘nglay olmadi. Keyinroq Xorazm asta-sekin qaddini rostlay boshladi, uning sarhadlari Kaspiy dengizining shimoliy sohillaridan Fors ko‘rfazigacha, Kavkazdan Hindistongacha bo‘lgan kengliklarni qamrab ola boshladi. Mamlakatning iqtisodi va madaniyati yana qaytadan yuksaldi, hunarmandchilik ham jadal sur'atlar bilan rivojlandi. Bu vaqtga kelib Urganch ulkan xalqaro savdo markaziga aylandi. Amudaryoning o‘ng va so‘l sohillarida dehqonchilik rivoj topdi. Qiyotdan to Urganchgacha bo‘lgan kengliklarda aholi zichlashdi. O‘sha kezlarda aholi shu darajada zich ediki, sharqlik tadqiqotchilarning tili bilan aytganda, “Qiyotdagi uylardan birining tomiga chiqib olgan mushuk oyog‘i yerga tegmay, tomma-tom sakrab Urganchga bora oladi”. Biroq Chingizxonning 1218–1221 yillardagi Xorazmga yurishi Orol, Amudaryo va Sirdaryo sohillari aholisi boshiga ko‘p ofatlar olib keldi. Xorazmning tub aholisi bosqinchilarga kuchli qarshilik ko‘rsatdilar, mo‘g‘ullar esa mard va jasur himoyachilarni misli ko‘rilmagan shafqatsizlik bilan mavh etadilar. Buyuk Sharq solnomachisi Rashididdinning guvohlik berishicha, Urganch shahri aholisi mo‘g‘ullarga qarshi qat'iy kurashdilar. Bunday qarshilikni ko‘rgan Chingizxon shaharni to‘la qo‘lga olgach, o‘zining 50 minglik lashkarlariga shunday bo‘yruq beradi, “Sizlarning har biringiz kamida 24 kishini o‘ldirishingiz kerak”. Shunday qilib mo‘g‘ullar Xorazmning bir milliondan ziyod aholisini qirib tashladilar. 100 mingdan ziyod hunarmand va yosh qizlarni Mo‘g‘ulistonga haydab olib ketishdi. Urganch aholisini qirg‘inbarot qilish bilan ham qoniqmagan mo‘g‘ullar Chingizxonning amri bilan Amudaryo sohilidagi to‘g‘onni buzib tashladilar, oqibatda Urganch suv ostida qoladi. Bundan tashqari bosqinchilar Xorazmdagi bir qancha ekinzorlarga suv keladigan ko‘plab kanallarni buzdilar. Natijada Amudaryo o‘zanini keskin o‘zgartirib, Sariqamish sayxonligiga oqa boshladi. Urganchdan Orol dengizigacha bo‘lgan masofadagi ekinzorlar suvsiz qoldi. Amudaryoni suvi Orol dengiziga yetib bormadi. Shuning uchun XIV asrning o‘rtalariga kelib daryoning hamma irmoqlari butunlay quridi. Orol dengizining sathi pasaydi, ammo Sirdaryoning suvi qo‘shilib turganligi sharofati bilan dengiz suvining sathi 43 belgisidan (hozir 37 da turibdi) pastga tushmadi. Orol dengizining qurigan tubidan ko‘tarilayotgan qum hozirgi Qoraqalpog‘istonning hamma tumanlari yerini qopladi, hatto balandliklardagi uy-joy va binolarni o‘z qa'riga oldi. Chunonchi, XII asrda Xo‘jaylidagi Mezdakxon ustida qurilgan masjid butunlay qumga qo‘shilib qoldi. Arxeologlar qazish chog‘ida uni “topish”ga muvaffaq bo‘ldilar. Bu noxushliklarni hammasi bir bo‘lib Amudaryo sohillari iqlimi va tabiatiga o‘zining noxush ta'sirini o‘tkazdi. XII – XIV asrlarda qoraqalpoqlar Orolning janubiy sohillari va Amudaryoning etaklaridagi o‘rganib qolgan qarorgohlarini tark etib boshqa o‘lkalarga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldilar. Ularning ko‘pchiligi Xorazmning shimoli-g‘arbiy yerlarida, Ustyurtda, Sariqamish va O‘zboy sohillarida o‘rnashdilar. Ayrimlar Volga daryosi qirg‘oqlari tomon ketishdi. G‘arbiy Xorazm, Ustyurt va Volga sohillarida joylashgan qoraqalpoqlar Oltin O‘rda xonligi hukmi ostida edilar. No‘g‘oy ulusida joylashgan qoraqalpoqlar ham XIV asrning boshlarida Volga sohillariga ko‘chdilar. Shunday qilib, qoraqalpoqlar Xorazm va Volga o‘rtasidagi kengliklarda yaxlit xalq sifatida qaror topdilar. XV asrning ikkinchi yarmidan to XVI asrning ikkinchi yarmigacha bo‘lgan davrda qoraqalpoqlar No‘g‘oy xonligi tarkibida bo‘lganlar. 1556 yilga kelib Rossiya, Astraxan xonligini bosib oladi. Shundan so‘ng no‘g‘oy murz (knyazlari) o‘rtasida o‘zaro nifoq va janjallar boshlanadi. Buning ustiga xonlikda ikki yil davomida (1557–1558) ekinlar bitmay qoldi, oqibatda ocharchilik boshlandi. Bu ofatlar tufayli xonlik hududida istiqomat qilayotgan xalqlarning ko‘p qismi boshqa o‘lkalarga ko‘chib ketdi. Qoraqalpoqlar ham No‘g‘oy xonligini tark etib, o‘zlarining Amudaryo bo‘ylaridagi avvalgi yerlarida qaytish imkoniyati bo‘lmaganligidan, Sirdaryo sohillariga kelib joylashdilar. O‘sha paytlarda Amudaryo sohillari suvsizlikdan hamon qaqroq edi. Faqat XVII asrning boshlariga kelib, Amudaryo o‘zining eski o‘zaniga qaytadi va suvini Orol dengizida quya boshlaydi. O‘sha davrdan boshlab qoraqalpoqlar daryoning ikki sohili bo‘ylab yastangan qadimiy joylariga qaytib, yerlarni yana yangidan o‘zlashtirishga kirishdilar. XVII asrda qoraqalpoqlar Xorazmga o‘tgan ko‘chmanchi o‘zbeklar bilan birga Xiva xonligining shimolida Orol (Aran) davlatini barpo eta boshladilar. Orol qoraqalpoqlari va o‘zbeklar XIX asrning boshlarida Xiva xonligida ham yashaganlar. Qoraqalpoqlarning ajdodlari sak – massaget uyushmasiga kirgan apasiaklar, augasiylar miloddan oldingi asr oxirgilarida Orol dengizi janubiy sohillarida yashashgan. Miloddan avvalgi II milodiy IV asrlarda sharqdan Orol atroflariga bostirib kelgan xunnlar, VI- VIII asrlarda kelgan turklar shak – massaget qabilalari bilan qisman qo‘shilib ketishi natijasida vujudga kelgan qurama xalqlar pecheneglar, sharqiy (turkiy) o‘g‘uzlar qoraqalpoq xalqining shakllanishida muhim rol o‘ynagan. Demak, qoraqalpoqlar qadimiy Eron tilidagi Orol bo‘yi shak – massaget qabilalari (miloddan avvalgi VII – II asrlar) xunnlar (milodiy II – IV asrlar) bilan turkiy tildagi elatlarning (VIII – X asrlar) aralashuvi natijasida paydo bo‘lgan. O‘sha davrda Orol bo‘ylarida pecheneg va o‘g‘uz qabilaviy guruhlari paydo bo‘ladi va qalmiq etnosiga asosiy komponent bo‘lib kiradi. Qoraqalpoqlarning so‘nggi etnogenezida muhim rol o‘ynagan dashti qipchoqliklar qoraqalpoqlarga o‘z tilini bergan. Ularning shakllanish jarayoni va nomining paydo bo‘lishi XVI – XVIII asrlarga to‘g‘ri keladi. XVIII asrlarda qoraqalpoqlarning bir qismi Farg‘ona vodiysiga ko‘chadi. Ko‘pchiligi esa XIX asr boshlarida quyi Sirdaryodan qozoqlarning siquvi va Xiva xonlarining zulmi natijasida Amudaryoning quyi qismlariga ko‘chib ketishgan. Olimlar fikriga ko‘ra, qoraqalpoq so‘zi qipchoq tiliga mansub bo‘lib, o‘g‘uz – pecheneg qabilalarining boshlariga kiyib yurgan qalpog‘ining shakli va rangiga qarab berilgan nomdir. Qoraqalpoq xalqining shakllanishida ishtirok etgan barcha urug‘ va qabilalari ikki asosiy tarmoq aris (shoti)ga bo‘linadi: o‘n to‘rt urug‘ arisi va qo‘ng‘irot arisi. O‘n to‘rt urug‘ arisiga xitoy, qipchoq, kenegas va mang‘it kabi qabilalar kiradi. Xitoy urug‘lari guruhiga bessari, beksiyik, qazayoqli, qayshili, anna, quyin, ayteke, sherushi, manjo‘li, qirq; qipchoq (qipshoq) urug‘lariga orolboy urug‘lari, kenegas urug‘lar guruhiga aranshi, oqtog‘in, o‘mir, taroqli, dobal, oymout, dambazak, no‘kis; mang‘it urug‘lari guruhiga qoramang‘it, qorasiroq, oqmang‘it, mamiqsin, qosar, qilqali (bularning hammasi qoratoy guruhini tashkil etadi.), arshan, janliq, toqmang‘it, arsari, tazjaliq, shuyit, jamansha, yesibi, tamg‘ali, tongmo‘yin, temirxo‘ja (bularning hammasi saritoy guruhiga kiradi.), buztoy (buztoy guruhi) va yeshbug‘a (jentimtoy guruhi) urug‘lari kiradi. Shulluq sakkiz qabiladan iborat: ashamayli, qo‘ldauli, qo‘shtamg‘ali, bolg‘ali, qandaqli, qoramuyin, qiyot va mo‘ytin. Jaung‘ir qabilalar birlashmasi emas, balki urug‘lar uyushmasi bo‘lib, uning tarkibi yetti urug‘dan iboratdir. Shulluq qabilalar birlashmasini tashkil etuvchi: Qiyot qabilasi uch tamg‘ali, taroqli, bolg‘ali qiyot urug‘laridan; Achamayli qabilasi sako‘n, qoraxo‘ja, jalaqayoq, ayilli, qabason, turkman qora, janar, sariabiz, oqay, nagqara, uch boshi, qurama urug‘laridan; Qo‘ldvuli qabilasi beskampir, mayshishali, qalqamon, g‘oyibqarag‘on, sariton, kulqo‘qojak, jarimbet, jamanqo‘ng‘irot, xo‘ja qiziloyoq, qorasiroq, jelqarag‘on, ulkan bo‘rik, shuljuyit, qalmoq, jomonovul, sho‘mishli, to‘qimbet, tazbolg‘ali, qo‘sh tamg‘ali bolg‘ali, qoratolshi, ason, arziqul urug‘laridan; Qandakli qabilasi samat, teli, abiz, kengtanov urug‘laridan tashkil topgan. Jaung‘ir teristamg‘ali, baqanli, sheyjenli, tiyoqli, irg‘aqli, baymoqli, qazayoqli va uyg‘ur urug‘lariga bo‘linadi. Qoraqalpoqlar antropologik jihatidan qozoqlar, xorazm mang‘itlari va quramalarga yaqin. Qoraqalpoq tili qipchoq tillari guruhining qipchoqno‘g‘oy shoxobchasiga kiradi. Qoraqalpoq xalqi necha asrlar davomida turli xalqlar va davlatlar hukmronligi ostida yashab kelganlar. Ta'kidlaganidek, X – XI asrlarda qoraqalpoqlarning yashayotgan yerlari O‘g‘uz davlatiga, keyinchalik qudratli Xorazm davlatiga bo‘ysungan. XIII – XIV asrlarda mo‘g‘ullar hukumronligi ostida bo‘lgan. XIX asr ikkinchi yarmida esa Rossiya davlati tarkibiga kirgan. Xullas, Amudaryo va Orol sohillari qoraqalpoq xalqining azal-azaldan ota-bobolari yashab, mehnat qilib kelgan ona yurti hisoblanadi. Download 103.76 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling