Ma’ruza rejasi: Qadimgi Sharq va G’arb falsafasi vujudga kelishi va rivojlanishining umumiy qonuniyatlari


Download 363.18 Kb.
bet18/31
Sana22.02.2023
Hajmi363.18 Kb.
#1221117
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   31
Bog'liq
Falsafiy tafakkur tarixi taraqqiyoti bosqichlari

Jadidchilik - XIX asr oxiri - XX asr boshidagi ko’plab Sharq mamlakatlaridagi milliy-taraqqiyparvar ziyolilarning islohotchilik harakati. Bu harakat O’rta Osiyo xalqlarining madaniy, milliy-siyosiy jihatdan rivojlanishi uchun alohida ahamiyatga ega bo’ldi. "Jadidlar" degan nomning o’zi "usuli jadid" ("Yangi usullar") tushunchasi asosida kelib chiqqan. Bu atama ostida o’qitishning yangi usullari tushunilar, yangi usuldagi maktablar shu asosda qurilgan edi. Jadidchilik harakatining vazifalari kengayishiga muvofiq ravishda keyinchalik mazkur atamaning mazmuni ham kengaydi. Ma’rifatparvarlik bilan bir qatorda, jadidlar ijtimoiy va siyosiy huquqiy holatlarning eski tizimini taraqqiyotning ilg’or usullari bilan almashtirmoqchi bo’ldilar. Jadidlar harakati XIX asr oxiri - XX asr boshlaridagi siyosiy kuchlar murakkab bir tarzda chigallashib ketgan Turkiston jamiyatining eng ilg’or yo’nalishi qarashlarini o’zida aks ettirdi. U dunyo ahamiyatiga molik insonparvarlik va milliy qadriyatlarga asoslanib, jamiyat taraqqiyotining yetilgan ehtiyojlari va o’lkaning tub aholisi manfaatlariga javob berdi. M.Behbudiy, A.Fitrat, U.Asadullaxo’jaev, Munavvar Qori, A.Avloniy, S.Ayniy, F.Xo’jaev, T.Norbo’taev va boshqa mashhur nomlar ushbu harakat bilan bog’liq.
Jadidchilik ma’rifatparvarlikdan siyosiy harakatgacha bo’l­gan murakkab taraqqiyot yo’lini bosib o’tdi. Keng xalq ommasining iqtisodiy og’ir ahvoli, iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlardan orqada qolishi, tafakkur turg’unligi jadidlarni Turkistonni bu tushkun holatdan olib chiqishning amaliy vositalarini izlab topishga undadi.
Jadidlarga avvaliga yig’ilgan va yetilgan masalalarni ma’rifat­par­varlik yo’li bilan hal qilish mumkinday bo’lib tuyuldi. Shuning uchun harakatning birinchi bosqichida musulmon maktablaridagi o’qitish ishlarini isloh qilish jadidlarning diqqat markazida turdi. Ular bunday islohotlarni o’tkazish zarurligini nazariy jihatdan asoslabgina qolmay, ayni paytda, yangi usuldagi maktablar, kutubxonalar, o’quv zallari barpo etish, darsliklar nashr qilish bilan o’z g’oyalarini amalga oshirish uchun katta sa’y-harakat ko’rsatdilar.
1905 yili Rossiyada, 1908 yili Turkiyada va 1905-1911 yillarda Eronda bo’lib o’tgan inqiloblar jadidchilikka katta ta’sir ko’rsatdi. Birinchi jahon urushi jadidlar tafakkurida keskin o’zgarishlarni yuzaga keltirdi. Ular parlamentga asoslangan monarxiya to’g’risida yozishdi, fuqarolarning boshqarish, davlat organlarini shakllantirish, qonunchilikda ishtirok etish tartiblarini ishlab chiqdilar. Fevral inqilobi davriga kelib, jadidlarning radikal qismi («taraqqiyparvarlar») qator siyosiy talablarni ilgari surdilar. Ular orasida o’lka boshqaruvini mahalliy aholining haq-huquqlarini kengaytirish tomonga isloh qilish, Davlat Dumasida unga o’rin ajratish, demokratik erkinliklar va birinchi navbatda, milliy matbuot erkinligi, samoderjavie (mustabid hokimiyat)ni konstitutsiyaviy tuzum bilan almashtirish bor edi. Lekin fevral inqilobidan keyin jadidlar Muvaqqat hukumat Turkistondagi mustamlakachilik siyosatini eskicha qoldirish tarafdori ekanligini tushunib yetdilar. Shundan keyin jadidchilik harakati mustaqillik va Turkistonga Rossiya Demokratik Federativ Respublikasi tarkibida milliy-hududiy muxtoriyat berishni talab qilish uchun kurash yo’liga kirdi.
Bu davrga oid dasturiy hujjatlarda asosiy e’tibor milliy-hududiy muxtoriyat (hukumat, boshqaruv, sud, qonun chiqaruvchi organ­lar va boshqalar) printsiplarini amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratildi. Siyosiy model (andoza) sifatida demokratik respublika tanlandi.
Lekin Turkistondagi Oktyabr voqealari va hokimiyatning bolsheviklar tomonidan egallab olinishi ularga o’z maqsadlarini oxirigacha amalga oshirish imkonini bermadi. Shunga qaramay, bolsheviklar hokimiyatining millatlarning o’z taqdirini o’zi belgilash haqidagi deklaratsiyasidan foydalanib, mustaqil avtonom respublika - markazi Qo’qon bo’lgan Turkiston muxtoriyatini e’lon qildilar. Uch oy faoliyat ko’rsatgan mazkur respublika Qizil armiya tomonidan qonga bostirilib yo’q qilindi. Jadidlarni ko’pchiligi 1937 yilga kelib hisbga olinib qatl qilinganlar. Shuningdek ularning bir qismi sovetlar tomoniga o’tib xalq maorifi va madaniyat soxalarida ishlaganlar.
Jadidchilikning o’ziga xos fenomen, nodir hodisa ekanligi nimada ko’rinadi? Bu birinchi navbatda, jadidlarning nafaqat Sharq, balki G’arb madaniyatini ham egallash asosida shakllangan yuksak aqliy-ma’naviy zakovatida namoyon bo’ladi. Ularning deyarli barchasi oliy diniy ma’lumot olib, Navoiy Jomiy, Fuzuliyning yuksak insonparvarlik g’oyalari bilan sug’orilgan asarlari, o’rta asr Sharq mutafakkirlarining falsafiy qarashlariningta’siri ostida tarbiyalanib, o’z intellektini xorij – ham Sharq, ham G’arb madaniyati yutuqlari bilan boyitdilar. Bu jadidlar falsafiy dunyoqarashining o’ziga xos xususiyatini belgilab berdi.
Jadidlar islom falsafasi nuqtai nazari asosida ish tutganlar. Mavzuning hozirgi tadqiqotchilari yozganidek: «Islom va fan, islom va ilg’or taraqqiyot - XIX asr ikkinchi yarmida musulmon mamlakatlaridagi intellektual va ijtimoiy-siyosiy islohotlar o’tkazish yo’lidagi izlanishlarning falsafiy asosi hisoblanadi»3. Shuning uchun ham jadidlar faoliyatining muhim yo’nalishlaridan biri islomni modernizatsiyalash, uni bid’atlardan tozalash, fan yutuqlari va ilg’or texnologiyalarni egallashdan iborat edi. Birinchi navbatda, ular islomning mohiyatini o’z manfaatlariga moslab olgan din namoyandalarini qattiq tanqid ostiga oldilar hamda dinni qurol qilib olgan siyosiy o’yinlar qanday og’ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko’rsatib berdilar.
Madaniy merosni o’zlashtirish va xalqning milliy o’zini o’zi anglashini kuchaytirish - jadidlarning diqqat markazida turgan eng muhim masalalardan edi. Ular o’zlari nashr qilgan gazeta va jurnallarida o’quvchilarga Turkiston xalqi qanday ulkan madaniy va ilmiy merosning vorisi ekanligini eslatdilar.
Ma’rifatparvar, adabiyotshunos, dramaturg, faylasuf, siyosiy arbob madaniyatshunoslik nazariyotchisi va amaliyotchisi Mahmudxo’ja Behbudiy (1874-1919) jadidchilik harakatining yirik rahnamo va nazariyotchilaridan biri edi. "O’sha davr Turkiston jadidlaridan birortasi siyosiy, ijtimoiy faoliyati hamda bilim doirasining keng va chuqurligi jihatidan unga tenglasha olmas edi"4, - deb yozgan edi. F.Xo’jaev. Keksa sharqshunos L.Azizzoda esa ham 1926 yildayoq uni Sharqning eng buyuk gumanistlari va mutafakkirlari bilan bir qatorga qo’ygan edi: "Agar O’zbekistonda fan va madaniyat sohasida Ulug’bek va Navoiydan keyin uchinchi bir shaxsning nomini abadiylashtirish kerak bo’lsa, bu shubhasiz Behbudiyga o’rnatilgan yodgorlik bo’lishi kerak"5.
Jadidchilikning yana bir yorqin namoyandasi M.Behbudiyning kichik zamondoshi Abdurauf Fitrat (1886-1937) edi. Forobiy, Beruniy va Ibn Sino an’analarini davom ettirib, A.Fitrat islom dinini dunyoviy fanlar yutuqlari bilan mustahkamlash g’oyasiga asoslangan holda, ilmlar tasnifini ishlab chiqdi. Olim barcha ilmlarni nazariy va tajribaga asoslangan ilmlarga bo’ladi. Diniy va dunyoviy fanlarni u alohida tasnif qiladi. Diniy ilmlarga u Muhammad alayhissalom hadislari, hadislar talqini, fiqh va ilohiyotni kiritadi. Dunyoviy fanlarga esa falsafa, fizika, mexanika, algebra, optika, musiqa, astronomiya, geometriya, tibbiyot, geografiya, tarix va tilshunoslikni qo’shadi. Falsafa fanining predmeti haqida fikr yuritar ekan, Fitrat ong, axloq, ilohiyot va tafakkurni bilishni uning asosiy vazifasi sifatida qayd etadi.
Odob-axloq masalalari Sharq falsafasida hamisha asosiy o’rin tutib kelgan. Ular jadidchilik doirasida ishlab chiqilgan shaklda Abdulla Avloniy (1878-1934) ijodi, birinchi navbatda, uning «Turkiy Guliston yoxud axloq» asarida6 o’z aksini topdi.
Avloniy uchun axloq hammadan avval amaliy-pedagogik yo’nalishni kasb etadi. U «Insonlarni yaxshilikg’a chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur». Bu ilm «Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar» yordamida ifodalashga asoslanishi kerak7.
Shunday qilib, ma’naviyat va axloq masalalari jadidlarning diqqat markazida turadi. Ular ushbu masalalarni ilgari surish bilan birga, o’zlari ham bu sohada dunyo tajribasi unsurlarini o’ziga singdirgan «yangi musulmon axloqi»ning namoyandalari edilar.
Sovet davrida - 20-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab jadidchilik mafkuraviy tanqid nishoniga aylandi. Buxorodagi jadidchilik harakatining rahbarlaridan biri, keyinchalik esa O’z SSR hukumatining birinchi raisi (1924-1937) bo’lgan Fayzulla Xo’jaev ushbu harakatning bevosita ishtirokchisi sifatida uning tarixini yoritib, jadidchilikka xolis baho bergan. O’zining «Buxoro inqilobining tarixiga materiallar» tadqiqoti uchun u 1927 yilda partiya s’ezdi minbaridan turib «jadidchilikni ideallashtirish»da ayblanadi. Xususan, uning quyidagi so’zlari Kompartiya rahbariyati uchun kechirilmas bo’ldi: «O’rta Osiyoda milliy-inqilobiy harakatni boshqarishga qodir kadrlarni yetishtirib bergani uchun biz aynan jadidlardan minnatdormiz»8. Jadidchilik go’yoki «omma ongini millatchilik g’oyalari bilan zaharlash va uni inqilobiy kurashdan chetga toritish» maqsadida tashkil etilgan reaktsion burjua-millatchilik yo’nalishi deb e’lon qilindi, jadidlarning o’zlari esa qatag’on qilindi9 va mahv etildi. Jadidchilik bolsheviklar tomonidan shuning uchun yo’q qilindiki, ular ishlab chiqqan milliy-davlatchilik qurilishi va jamiyatni mustamlakachilikning boshi berk ko’chasidan olib chiqish kontseptsiyasi mustabid sovet tuzumi uchun jiddiy muqobil edi va unga halokat xavfini tug’dirardi. O’zining fojiali yakuniga qaramay, jadidlar tomonidan asos solingan milliy-taraqqiyparvarlik harakati milliy o’zini o’zi anglashning o’sishiga imkon yaratdi, milliy-ozodlik mafkurasining vujudga kelishi va rivojlanishida muhim rol o’ynadi.
3-savol bayoni: Renessans davri insoniyat tarixida yuz bergan eng buyuk ilg’or taraqqiyot davrlaridan biri edi. Uyg’onish davrida hayotning hamma tarmog’ida muhim, ilg’or, hatto aytish mumkinki, inqilobiy o’zgarishlar yuz berayotgan edi.
Uyg’onish davrida Yevropada falsafaning rivojlanishiga katta hissa qo’shganlardan biri Nikolay Kuzanskiydir (1401-1464). Kuzanskiy ta’limoticha, xudo hamma narsalarda mavjud, shuningdek, hamma narsalar xudoda mavjud. Eng oliy haqiqatlarni bilish, sxolastik fikrlash bilan emas, balki, tajriba asosida amalga oshadi.
U xudoni borliqning oliy va yagona asosi deb hisoblaydi. Bu masalada Kuzanskiy shunday muhim kosmologik fikrlarni bayon qiladiki, hatto ma’lum darajada uni Kopernik va Brunolarning o’tmishdoshi deb hisoblash mumkin. Ikkinchi masala esa bilish nazariyasiga nisbatan uning butunlay yangicha yondoshishidir. Ushbu masalalar bo’yicha Kuzanskiy tomonidan ilgari surilgan g’oyalar ayrim hollarda XVIII asr oxiri va XIX asr boshidagi nemis filosoflari tomonidan bayon qilingan fikrlarning debochasi edi.
Falsafa va fan rivojlanishiga eng katta hissa qo’shgan Uyg’onish davrining mutafakkirlaridan biri polyak olimi Nikolay Kopernikdir (1473-1543). Ma’lumki, fan tarixida Kopernik o’zining fanda tub o’zgarish yasagan geliotsentrik ta’limoti bilan mashhur bo’lgan. Uning ta’limoticha, insonlar tomonidan kuzatiladigan quyosh va yulduzlarning harakatlari aslida Yerning o’z o’qi atrofida kundalik aylanishidan va Quyosh atrofida yillik aylanishidan iborat. Bizning planetamizning markazi Yer emas, Quyoshdir. Kopernikning buyuk kashfiyoti dunyoga teologik qarashga zarba berib, tabiatshunoslikda to’ntarish yasadi. Bu kashfiyot Bibliyaning dunyo tuzilishi haqidagi va o’zgarmas deb tanilgan ta’limotiga zarba berdi. Agar yer olamning markazi emas, balki Quyosh atrofida aylanuvchi planetalarning biri bo’lsa, unda dunyoni, koinotni maqsadga muvofiq xudo tomonidan odamlar uchun yaratilganligi haqidagi talimot asossiz bo’lib qolardi.
Kopernikning geliotsentrik nazariyasidan chuqur ilmiy xulosalar chiqargan mutafakkirlardan biri italiyalik Jordano Brunodir (1548-1600). U Neapol yaqinida tug’ilgan. O’zining ilg’or fikrlari uchun Bruno dahriylikda ayblanadi va cherkovdan haydaladi. Italiyadan qochishga majbur bo’ladi. Uzoq vaqt Shveytsariya, Frantsiya, Angliya va Germaniyada quvg’inda yuradi. 1592 yilda Bruno Italiyaga qaytib keladi, lekin cherkov inkvizitsiyasi tomonidan ushlanib turmaga solinadi. Qiynoqlarga qaramasdan, u o’zining ta’limotidan voz kechmaydi, natijada qatl etishga hukm qilinadi, 1660 yil 17 fevralda Rimda Gullar maydonida yoqib o’ldiriladi.
Bruno geliotsentrik nazariyani himoya qilish va targ’ib qilish bilan cheklanib qolmaydi. U tabiatshunoslik tajribalarini hisobga olib, bir necha muhim nazariy xulosalar qildiki, ular filosofiyani yana ham boyitdilar. Bruno ta’limoticha, haqiqiy filosofiya ilmiy tajribaga suyanishi kerak, sxolastikani tugatish kerak. uning ta’lmoticha, koinot yagona, moddiy, cheksiz va abadiy. Juda ko’p dunyolar bizning quyosh sistemasidan tashqarida mavjuddir. Biz ko’rib turgan narsalar koinotining eng kichik bir qismidir. Yulduzlar — bu boshqa planeta sistemalarining quyoshi. Yer — cheksiz dunyoning kichik bir zarrasi. Demak, Bruno tabiiy — ilmiy qarashlarida Kopernikdan ilgarilab ketib, koinotning cheksizligi haqidagi fikrni aytadi, Kopernik esa koinotni chekli deb hisoblagan edi. Bruno Kopernik ta’limotini Quyosh sistemasining tuzilishi haqidagi yangi qarashlar bilan boyitdi.
Uyg’onish davrining natijasi sifatida namoyon bo’lgan Farbiy Yevropa mamlakatlaridagi tub ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar Niderlandiyada XYI asrning 60-70 yillarida, Angliyada XYII asrning 40-50 - yillarida bo’lib o’tdi. Bu davrga kelib, Yevropada alohida millatlarning shakllanishi yuz berdi, milliy davlatlar paydo bo’ldi. Endi monarxiya tuzumi jamiyatning ilg’or tabaqalari nazarida faqat tarixan o’z umrini o’tab qolmasdan, balki g’ayritabiiy, g’ayriaqliy bo’lib ko’rina boshladi. O’sha davrning ideologlari ilgari tan olinmagan insonning tabiiy huquqlari masalasini o’rtaga qo’ydilar. Ular ijtimoiy tartiblar inson tabiatiga mos kelishini talab qila boshladilar. Bor-yo’g’i 50-60 yil ilgari inkvizitorlar Jordano Brunoni yoqib yuborganlarida lom-mim demagan Yevropa, endi o’zining hayotida markaziy o’rinni inson huquqlari egallashi kerakligini his eta boshladi. Hatto xudoning nomidan bo’lsa-da, inson umriga zomin bo’lishga hech kimning haqqi yo’qligi, odamzodning yashash, fikr yuritish erkinligining tabiiyligi anglab olina boshlandi. Albatta, bungacha inkivizitsiya bir necha asrlar bu hududni aqidaparastlik changalida ushlab turgan, ne-ne aqlli kishilarni o’z domiga tortib ulgurgan edi.

Yevropada Rim imperiyasidan keyin bir necha asrlar o’tib, aynan ana shu davrda ilgarigi, butun mintaqa hayoti uchun xristianlik va uning xilma-xil oqimlari umumiy mafkura rolini o’tab kelgan davr tugadi. Endi diniy oqimlararo kurash, xristianlikning sofligini saqlashga urinishning mutlaqlashtirilishi natijasida vujudga kelgan inkvizitsiya ham o’z davrini o’tab bo’ldi. Butun Yevropani boshqarib kelgan qon-qardosh va bir-biriga dushman qirollar davri ham o’tmishga aylana boshladi. Yevropa uyg’ondi va yangi davr boshlandi. Ilm-fan sohasida chuqur o’zgarishlar ro’y berdi. Odamlarning dunyoqarashi keskin o’zgara boshladi. Endilikda milliy davlatlarning har biri uchun muhim bo’lgan mafkuraning shakllanishi zaruriyatga aylanib qoldi. Albatta bunda biz sanab o’tgan omillar, ya’ni qirollik an’analari, xristianlik va uning oqimlari ta’siri, umumevropaga xos xususiyatlar, Rim imperiyasi davrida bir oila bo’lib yashagan xalqlar o’rtasidagi hududiy va ma’naviy yaqinlik o’z ta’sirini o’tkazdi. Ammo, asosiysi, bu davrda milliy g’oyalar to’la-to’kis amalga oshishi uchun ijtimoiy sharoit yetildi, italiya, ingliz, frantsuz va boshqa xalqlar o’z davlatchilik an’analarini to’la-to’kis tikladilar. Bu davlatlarda shakllangan falsafiy maktablar faqat milliy qobiqqa o’ralib qolmadilar, balki umumevropa va butun jahon taraqqiyotining umumbashariy muammolarini falsafiy jihatdan izohlash, ilmiy o’rganish va asoslashga harakat qila boshladilar. Ushbu davr falsafasi ham oldingiga nisbatan katta qadam tashladi. Fanda qo’lga kiritilgan yutuqlarning falsafiy izohlanishi, kashf etilayotgan ilmiy usul va uslublarning falsafaga tadbiq etilishi, falsafiy qonunlarni fanning turli sohalarida sinab ko’rilishi o’sha davr faylasuflari uchun odatiy holga aylandi. Bu tamoyillar esa milliy chegaralarni bilmaydigan, umuminsoniy qadriyatlar xususiyatiga egadir.

Download 363.18 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   31




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling