Ommabop (publisistik) uslub. Tashviqot-targ‘ibot ishini olib borishda qo‘llanadigan uslub, ya’ni matbuot uslubi – ommabop uslub. Bu uslubda ijtimoiy-siyosiy so‘z ko‘p qo‘llanadi. Nutq ta’sirchan bo‘lishi uchun ta’sirchan so‘z va birikmadan, maqol va hikmatli so‘zdan keng foydalaniladi. Bunday uslubda gap bo‘lagi odatdagi tartibda bo‘ladi, kesim buyruq va xabar maylidagi fe’l bilan ifodalanadi, darak, his-hayajon va ritorik so‘roq gap, yoyiq undalma, takroriy so`z va birikma unumli qo`llanadi: Azamat paxtakorlarimiz mo‘l hosil yetishtirish uchun fidokorona mehnat qilishyapti.
Badiiy uslub. Badiiy asar badiiy uslubda bo‘ladi. Bunday asar kishiga ma’lumot berish bilan birga, timsol (obraz) vositasida estetik ta’sir ham ko`rsatadi: O‘lkamizda fasllar kelinchagi bo‘lmish bahor o‘z sepini yoymoqda. Badiiy uslubda qahramon nutqini jonli berish oddiy nutq so‘zi, sheva, vulgarizmdan ham foydalaniladi. Badiiy asar uslubi aralash uslub hisoblanadi. Unda so‘zlashuv uslubiga, kitobiy uslubga xos o‘rin ham uchraydi.
Tasviriy ifoda – predmet, voqea va hodisani o‘z nomi bilan emas, balki muhim xususiyatini tasvirlash orqali ifodalovchi birikma: oq oltin – paxta, oq oltin ijodkori – paxtakor, kumush tola – pilla, zangori kema kapitani – mexanizator va hokazo.
Uslubiyat – nutq uslubi va uning turi, til vositasining nutqda qo‘llanish imkoniyati, leksik, frazeologik va grammatik sinonimiya masalasini tekshiradi va o‘rgatadi.
O‘zbek tili leksikasi- har qanday til o‘z so‘z boyligiga ega. Tilning lug‘at tarkibi ma’nosida leksika atamasi ham qo‘llanadi. Leksika muayyan tildagi barcha so‘zlar yig‘indisi. Hozirga qadar biror bir tilning lug‘at tarkibida qancha so‘z borligi to‘liq aniqlangan emas. Bu borada taxmin bor, xolos. Jumladan, tilshunos Elbek Navoiy davridan to 1930-yilga qadar o‘zbek tilida 40–45 ming so‘z bo‘lgan deb taxmin qiladi. Tilshunos G‘.Abdurahmonov hozirgi kunda o‘zbek tili so‘z miqdori 80 mingdan ortiq deb ko‘rsatadi. Akademik E.Fozilov esa o‘zbek tilidagi so‘zlar miqdorini yuzikki yuz mingdan ortiq deb taxmin qiladi. Tildagi taxminiy so‘z miqdorini lug‘atdan ham bilsa bo‘ladi. 1981-yil nashr etilgan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da 60 ming, 1976-yil nashr qilingan «O‘zbek tilining imlo lug‘ati»da 65 ming so‘z qayd etilgan. Buning ham to‘liq emasligi o‘zo‘zidan ravshan.
Do'stlaringiz bilan baham: |