Eronning Buyuk Britaniya bozoriga aylanishi.
Rossiya bilan urushdagi mag’lubiyat va uning oqibatlari Eron hukmron tabaqalari о’rtasida keskin norozilik keltirib chiqardi. Oqibatda Eronning qator viloyatlarida yirik yer-mulk egalari boshchiligida shohga qarshi isyon ko’tarildi. Buyuk Britaniya Eronning og’ir ahvolidan foydalanib, 1841-yilda Eronni noteng shartnomani imzolashga majbur etdi. Unga kо’ra, Buyuk Britaniya Eron bilan savdo-sotiq ishlarida katta imtiyozlarga ega bo’lib oldi. Oqibatda u Eron bozorlarini о’z yengil sanoat mahsulotlari bilan to’ldirib tashladi. Bu esa, o’z navbatida, mahalliy dehqonlarni, hunarmand va savdogarlarni xonavayron qildi. Shu tariqa Eron yirik mustamlakachi Buyuk Britaniyaning sanoat mahsulotlari sotiladigan bozoriga aylanib qoldi. Bu mamlakatda pulga bo’lgan ehtiyojni oshirib yubordi.
Natijada davlat apparatidagi mansablarni sotish va sotib olish nihoyatda kuchaydi. Viloyat hokimlari, katta-katta yer-mulk egalari davlat xazinasiga soliq to’lamay qo’ydi. Bu omillar mamlakat mehnatkash qatlamlari orasida keskin norozilik kelib chiqishiga sabab bo’ldi. Bu esa bobiylar qo’zg’olonini keltirib chiqardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |