Mavzu: Al-Hakim at-Termiziy majmuasi
AL-HAKIM AT-TERMIZIYNING LAQABLARI
Download 145 Kb.
|
Al-Hakim at-Termiziy majmuasi
AL-HAKIM AT-TERMIZIYNING LAQABLARI
Al-Hakim at-Termiziyning tarjimai holi keltirilgan asarlari, shuningdek, risolalari nomlarida ham u turli laqablar bilan atalganini ko‘ramiz. Jumladan, uni ash-shayx, al-olim, al-alloma, muhaddis, az-zohid, al-hofiz, ayniqsa aksar hollarda al-imom laqablari bilan ataganlar. Bundan tashqari al-Hakim at-Termiziy ba'zi hollarda «al-muazzin» degan laqabga ham ega bo‘lgan. Bu laqabni muallifning «Tahsiyl nazoir ul-Qur'on», «Al-Masoil al-maknuna», «Navodir ul-usul fi ma'rifat axbor ar-Rasul» kabi asarlarida, shuningdek, tarixchilar Shamsuddin az-Zahabiyning «Tazkirat ul-huffoz», Ibn Hajar al-Asqaloniyning «Lison al-meyzon» asarlaridagi al-Hakim at-Termiziyning tarjimai holi keltirilgan qismlarida ham ko‘rishimiz mumkin. Albatta, ushbu laqablar uning ilmiy salohiyati g‘oyatda yuksak bo‘lganligi va bu hol ilmu-irfon namoyandalari tomonidan yuksak e'tirof etilganidan dalolat beradi. Ayni vaqtda at-Termiziy asosan al-Hakim laqabi bilan atalib, al-Hakim at-Termiziy (ba'zan at-Termiziy al-Hakim) shaklida keltirilgan. Binobarin, at-Termiziyga berilgan «al-hakim» laqabining ma'nosini talqin qilib ba'zilar unga «tabib» deb ma'no berganlar va shunga ko‘ra at-Termiziyni buyuk tabib deb hisoblaganlar. Bu o‘rinda shuni aytish zarurki, «tabib» va «hakim» so‘zlari o‘rtasida muayyan darajada umumiylik mavjud. Aynan shu mavzuga, ya'ni tabiblar, hakimlar haqidagi muhim qomusiy kitoblardan biri Ibn Jaljalning «Tabaqot ul-atibbo val-hukamo»ga murojaat qilsak, unda «Buqrot» bobida shunday deb yozadi: tabib bo‘lgan kishi ruhoniyati toza fazilatli, o‘z birodarlariga shafqatli, shakli chiroyli, kiyinishi ozoda, o‘z kasbini yaxshi egallagan, Hakim (ya'ni aqli farosati komil), hamma narsani hisobga oluvchi va idrok etadigan bo‘lishi shart degan[12]. Al-Hakim at-Termiziyning ilmiy-ijodiy faoliyati xorijiy yurtlarga qilgan safarlari bilan bevosita bog‘liqdir. Dastlabki safari davomida u Xurosonning qator shaharlarida bo‘lib, ko‘p olimlar bilan ilmiy-ijodiy muloqotda bo‘lgan. Jumladan, Balxda bo‘lganida hadis va tasavvuf ilmlarining taniqli olimlari bilan uchrashadi. Balxda yetuk muhaddislardan al-Hasan ibn Umar ibn Shaqiyq al-Basriy (u al-Balxiy nisbasi bilan ham mashhur edi), Qutayba ibn Sa'iyd as-Saqafiy al-Balxiy (qaysiki undan Ibn Mojadan boshqa olti sahiyh hadislar to‘plamlarining mualliflari hadislar rivoyat qilgandilar) bilan samimiy muloqotda bo‘lgan edi. Ayni vaqtda aytish kerakki, al-Hakim at-Termiziyning mutasavvuflar bilan munosabatlari muhaddislarga qaraganda ancha samarali va chuqurroq edi. Shu bilan bir qatorda al-Hakim at-Termiziyning ilm talabidagi rihlatlari faqat Xurosonning barcha shaharlariga bo‘lib qolmay, balki Iroqning ham deyarli hamma tomonlarini qamragan edi. Mana shu safarlari chog‘ida al-Hakim at-Termiziy ilmiy tafakkurining shakllanishida ayniqsa yirik shaharlar Balx, Nishopur va Bag‘dodda bo‘lganligi alohida o‘rin egallaydi. Mana shu shaharlar bilan bir qatorda at-Termiziyning ilmiy ijodiy faoliyatida u tug‘ilib o‘sgan ona shahri Termizning ham hissasi benihoya katta bo‘lgan. Aynan shu shaharda al-Hakim at-Termiziy ilm toliblariga dars bergan, o‘zining o‘lmas asarlarini yaratgan. Jumladan, Termizda yaratgan asarlaridan «Hotam al-anbiyo», «Ilal ash-shariy'at» nomli asarlarini ko‘rsatish mumkin. Tarixchilar Tojuddin as-Subkiy, as-Sullamiylarning yozishicha[13], mana shu asarlarni yaratgandan keyin bir toifa kishilar al-Hakim at-Termiziyga qarshi muxolifat bildirib chiqishgan. Oxir-oqibatda u Termizdan badarg‘a qilinib, bir necha yillar Balxda yashagan. Ehtimol, at-Termiziyning Balxda yashagan yillari uning hayotining oxirgi yillariga to‘g‘ri kelar, chunonchi, zikr etilgan ikki asarini alloma umrining so‘nggi yillarida yaratgan. Avval zikr qilganimizdek, al-Hakim at-Termiziy dastlabki bilimni otasidan so‘ng Termizdagi taniqli olimlardan oladi. Al-Hakim at-Termiziy muborak haj ibodatini ado etish uchun Makkai mukarrama tomon ravona bo‘ladi. Yo‘lda u Iroqda to‘xtab o‘tadi. Iroqning qator shaharlarida, jumladan, Kufa va Basra kabi yirik shaharlarida bir necha kun to‘xtab o‘tadi. Bu shaharlardagi muhaddislar bilan muloqotda bo‘lib, ilmiy-ijodiy munozaralarda ishtirok etadi va sha'bon oyida Makkaga yetib keladi. U to‘rt oy, toki haj mavsumi boshlangunga qadar, bu muqaddas shaharning fayzu-barokotidan bahramand bo‘ladi. Mana shu davr, aytish kerakki, al-Hakim at-Termiziyning hayot tarzida, uning dunyoqarashida va odamlar bilan o‘zaro munosabatida batamom burilish nuqtasini yasaydi va qalbida o‘chmas iz qoldiradi. Bu xususda allomaning o‘zi keyinchalik shunday yozgan edi[14]: «Sha'bon oyida Makkaga qadam qo‘ydim. Hajga qadar Olloh menga u yerda istiqomat qilishni nasib etdi va tunlari menga duo eshigini ochib qo‘ydi. Ka'batillohda, duolar mustajob bo‘ladigan makonda turib iltijolar qildim. Ko‘nglimda tavbani maromiga yetkazish, nafsimni mayda-chuyda narsalardan yiroq qilish azimati paydo bo‘lib qolganini his etdim. Ollohdan qalbimni to‘g‘ri yo‘lga boshlashini, dunyoda zohidlardan bo‘lishimga madad berishini, Qur'oni karimni tugal yod olishni menga nasib qilishini so‘radim. Vatanga qaytayotganimda ko‘nglimda Qur'oni karimni yod olishga ishtiyoq paydo bo‘lganini sezdim. Yo‘lda bir necha surani osonlikcha yod olib qo‘ydim. Uyga kelganimdan so‘ng sal kun o‘tmay uni boshidan oxirigacha xatm qildim». Ushbu safari muboraqdan keyin al-Hakim at-Termiziy hayotida yangi davr boshlanadi. U Ollohning sifatlarini bayon qiladigan kitoblarni va tariqat yo‘liga boshlaguvchi piri komilni izlay boshlaydi. Ammo uning bu urinishlari zoe ketadi va axtargan narsasini topolmaydi. Shundan keyin u bor kuchu g‘ayratini ibodatga, namozu ro‘zaga qaratadi. U o‘zining bundan keyingi hayotini shunday hikoya qiladi: «... Qo‘limga al-Antokiyning «Qalblar davosi» kitobi tushib qoldi. Go‘yo yo‘qotgan va qidirayotgan narsamni topib olganday bo‘ldim. U ham bo‘lsa nafs riyozati edi. Men nafsimni tarbiyat qilishga kirishdim. Bu sa'yyu-harakatimda Olloh menga madadkor bo‘ldi. U menga nafsimni shahvoniy hirs-tuyg‘udan tiyishlik yo‘lini o‘rgatdi. Natijada asta-sekin qalbimni anglay boshladim... Qalbimda uyda uzlatda o‘tirish va sahrolarga chiqib ketish ishtiyoqi paydo bo‘ldi, yurtimdagi xarobat, xilvat va mozoristonlarni aylandim. Bu hozirgacha mening kundalik odatim bo‘lib qolgan. To‘g‘ri so‘z odamlardan menga yordam qo‘lini cho‘zishlarini iltimos qilish xayolimga keldi. Ammo unday qilmadim, kimsasiz joylarni tavof qilishni davom ettirdim. Shunday kunlarning birida xuddi tush ko‘rayotgan kishidek payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni ko‘rdim...» Tasavvuf ta'limotiga ko‘ra, tariqat yo‘liga kirguvchi solik biror piri murshidning etagidan ushlashi, unga muridlik qilishi, ma'lum bir muddat uning xizmatida va tarbiyatida bo‘lishi zarur va shunday qilgandagina u o‘z maqsadiga erishadi. Xo‘sh, al-Hakim at-Termiziy bu ta'limotga nisbatan boshqacha fikrdami? Ha, uning fikricha, solikning ruhiy kamolotga yetmoqligi uning o‘zining jiddi-jahdi, sa'y ko‘shishi, riyozatining sidqidildan ekanligi va uning uchun riyozat doimiy odat tusiga aylanganligiga bog‘liqdir. Darhaqiqat, al-Hakim at-Termiziy asarlariga asoslanib shuni aytish va xulosa qilish mumkinki, u o‘z hayotida muayyan piri murshidni etagidan ushlagan va boshqalarni ham bunday qilishga maslahat bergan emas. Uning tariqatda kamolot cho‘qqisiga erishishda asosan al-Antokiyning «Qalblar davosi» nomli kitobi yetakchi rol o‘ynagan. Shuning uchun ham u murid tarbiya qilish, maslakdoshlarni orqasidan ergashtirib yurish kabilar bilan mashg‘ul bo‘lmagan. Odatda, muridlar o‘z pirlarining manoqiblarini, karomatlarini, saxovatlarini va shunga o‘xshash ijobiy fazilatlarini odamlar orasida targ‘ibu tashviq qilganlar va o‘zlaridan keyingi avlodga ham yetkazishga doim harakatda bo‘lganlar. Al-Hakim at-Termiziyda garchi muridlar bo‘lmagan bo‘lsa ham, ammo uning fikr-mulohazalariyu g‘oyalarini asrlar osha biz avlodlarga bekamu-ko‘st yetkazib kelgan o‘lmas asarlarining mavjudligi beqiyos darajadagi ilmiy-ma'naviy boylikdir. Buyuk alloma tariqat ilmining ta'limotlariga, yo‘l-yo‘riqlariga o‘zining bebaho asarlari va shogirdlari orqali aniqliklar kirgizgan va o‘z navbatida bu shogirdlar buyuk ustozlarining ishlarini davom ettirganlar. Allomaning dongdor shogirdlaridan ayrimlari haqida yuqorida zikr qilib o‘tgandik. Afsuski, olam hodis bo‘lganidek, yer yuzida hayot paydo bo‘lganidan buyon har qanday sohada ham kamolot cho‘qqisiga erishgan daho ahli iqtidorsiz, hasadgo‘y, laganbardor va munofiq hamkasabalarining tuhmatu malomatlariga duchor bo‘lganlar. Bundan buyuk donishmand al-Hakim at-Termiziy ham mustasno bo‘lmadi. Uning xalq orasida kundan-kun ortib borayotgan hurmat va e'tibori ba'zi bir johil ulamolar qalbida hasad urug‘ini sepa boshladi va oxir-oqibatda ular Balx voliysiga maktub yo‘llab al-Hakim at-Termiziyni bid'atu xurofotni kuchaytirish, odamlarni yo‘ldan urib e'tiqodini buzish va Ollohga muhabbat haqida gapirishda, hatto payg‘ambarlik da'vosini qilishlikda ayblab, uning haqida ig‘vo qildilar. Natijada voliy uni Balxga chaqirtirib olib, Ollohga muhabbat to‘g‘risida gapirmaslik haqida ogohlantirib, odamlarga qo‘shilmasdan uzlatda umr kechirishligi haqida uning va'dasini oladi. Shu tariqa al-Hakim at-Termiziy umrining bir necha yilini xilvat va uzlatda o‘tkazgan. Lekin muxoliflar bu jazolarga rozi bo‘lmay, shaharda fitna va g‘avg‘oni kuchaytirishda davom ettirgach, al-Hakim at-Termiziy xilvatdan chiqib, masjidlarda xalqqa amr-ma'ruf qilishga o‘tadi. Shundagina xalq al-Hakim at-Termiziyning yuksak fazliyu ulug‘ martabasini tushunadi, uning shogirdlari va muxlislari yanada ko‘payadi.
Download 145 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling