18-modda. Tuproq bonitirovkasi
Tuproq bonitirovkasi — qishloq xo‘jaligi ekinlari agrotexnikasi o‘rtacha darajada bo‘lganidagi tuproq sifati hamda tabiiy unumdorlik quvvatiga beriladigan qiyosiy baho.
Tuproq bonitirovkasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning keyingi qiymat bahosini chiqarish, mulkiy paylarning miqdorini aniqlash, yer tuzishni amalga oshirish va yerlardan oqilona, samarali foydalanishni rag‘batlantirish uchun asosdir.
Tuproq bonitirovkasi tegishli qishloq xo‘jaligi maydonlari uchun yuz balli shkala bo‘yicha o‘tkaziladi. Yaxshi xossalarga ega bo‘lgan, g‘oyat unumdor tuproq yuqori ball bilan baholanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tuproq bonitirovkasi qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
(18-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun “Tuproq bonitirovkasi ishlarini o‘tkazish va hujjatlarini tasdiqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga (ro‘yxat raqami 2521, 07.11.2013-y.) qarang.
Tuproq bonitirovkasiga doir ma’lumotlar yer bahosiga oid axborotni tashkil etadi.
19-modda. Yerlarning qiymat bahosi
Oldingi tahrirga qarang.
Barcha toifadagi yerlarning qiymat bahosini chiqarish natura va qiymat ko‘rsatkichlari tizimi yordamida amalga oshiriladi. Yerlarning qiymat bahosi qonunchilikda belgilangan tartibda chiqariladi.
(19-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Turli maqsadlarga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish samaradorligi darajasini aniqlash, yer uchun to‘lanadigan haq va uning normativ bahosini hisoblab chiqarish, yerlarni kimoshdi savdosi asosida realizatsiya qilish paytida boshlang‘ich bahosini aniqlash uchun yerlarning qiymat bahosi chiqariladi.
(19-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 24-iyuldagi O‘RQ-487-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.07.2018-y., 03/18/487/1569-son)
Yerlarning qiymat bahosiga doir ma’lumotlar yer bahosiga oid axborotni tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |