- Lekin, boshqaruv hisobida ma'muriyatni ma'lumotlar bilan ta'minlashda to‘liq tannarx hisobining yuritilishi ham muhim ahamiyatga ega. Doimiy xarakterga ega bo‘lgan xarajatlar barcha mahsulotlarga tegishli bo‘lib, umumiy tushum summasidan qoplanadi. Chet el tajribasida hisobning bunday varianti «direkt-kosting» deb nomlanadi. Ma'lumki, 90-yillar iqtisodiy manbalarida tannarxni boshqarishning iqtisodiyotdagi ahamiyati, o‘rni, tuzish tamoyillari va tashkil etish muammolariga bag‘ishlangan turli takliflar, fikrlar ko‘p bo‘lgan. Maqsad-ishlab chiqarishdagi unumsiz (isrof) xarajatlarni kamaytirish va resurslardan intensiv foydalanishni ta'minlashdan iborat edi. Bu vazifalarni bajarishda, e'tibor haqiqiy tannarxga emas, balki reja tannarxiga ko‘proq qaratilishi muhimligi belgilangan. Chunki, rejadagi xarajatlar darajasiga ta'sir qilish orqali tannarxni boshqarish mumkinligi aniqlangan. Natijada tannarxni boshqarishda normativ usullar o‘rniga, bugungi kunda dolzarblashib borayotgan «direkt-kosting», «standart-kost» tizimlari bizning amaliyotga kirib keldi. O‘zgaruvchan xarajatlar hisobi tizimi AQShda buyuk depressiya davrida 1928 yillarda vujudga kelgan. Depressiya juda katta mikdorda sotilmay qolgan mahsulot zaxiralarining vujudga kelishiga sabab bo‘lgan, ularni to‘liq xarajatlar bo‘yicha baholash, o‘sha davr tahlilchilarining fikrlariga ko‘ra, foydani sun'iy ravishda buzilishiga olib kelgan. Shu jihatdan, umumiy xarajatlarni, bevosita xarajatlar bilan mos tushuvchi o‘zgaruvchan xarajatlarga va foydasiz deb hisoblangan bilvosita xarajatlar bilan mos tushuvchi doimiy xarajatlarga ajratish yetarli darajada shartli hal qilingan edi.
- Davr xarajatlari auditini tashkil etish masalalarini o‘rganishda auditning buxgalteriya yozuvlarini tekshirish, hujjatli tekshirish va tahlil qilish usullaridan foydalanildi. Davr xarajatlari auditini o‘tkazishda hisobot davridagi haqiqiy xarajatlarning 9410-Sotish xarajatlari, 9420-Ma'muriy xarajatlar, 9430-Boshqa operasion xarajatlar schyotlarida o‘z vaqtida va to‘liq hamda ishonarli aks ettirilishini, bu tarzdagi sarflarning to‘g‘ri va asosli ravishda tegishli xarajatlarga qo‘shilishini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazishga e'tibor qaratish zarur.
- Davr xarajatlari auditini o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standartlari (BHMS) hamda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (International Accounting Standarts), auditning xalqaro standartlari (International Auditing Standarts) talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Auditor tomonidan xarajatlar tekshirilayotganda ma'lum soha, ishlab chiqarish xususiyatidan kelib chiqqan holda auditorlik tekshiruvi amalga oshirilishi lozim. Masalan, auditor xarajatlarni hisobga olinishini tekshirishni boshlashdan oldin ichki nazoratning usulini test bilan aniqlashi lozim. Bizning fikrimizcha, bu nafaqat ichki nazorat tizimining ishonchliligini baholash, balki auditorlik tekshiruvi o‘tkazish dasturiga tuzatish kiritishga ham imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |