Mavzu: erkin vohidov lirikasi


I.BOB. ERKIN VOHIDOV IJODINING BADIIY-ESTETIK XUSISIYATLARI


Download 39.98 Kb.
bet2/7
Sana10.01.2023
Hajmi39.98 Kb.
#1087423
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
2 5307815537533791047

I.BOB. ERKIN VOHIDOV IJODINING BADIIY-ESTETIK XUSISIYATLARI.
1.1 Erkin Vohidov— yurak hurriyatiga intilgan shoir.
Tabiatan g‘oyat nazokatli shaxs bo‘lgan Erkin Vohidov adabiyot ixlosmandlari ko‘nglidan nafis va dolg'ali hamda isyonkor shoir sifatida joy oldi. U shoir bo'lib shakllanayotgan davrda insonning intim kechinmalari, histuyg'ularini kuylash maqbul sanalmas, adabiyot sovet kishilarini sotsialistik tuzumga qulluq qilish va navbatdagi mehnat g'alabalariga chorlash bilan shug'ullanishi kerak degan qarash hukmron edi. Adabiyot odamning murakkab ko'ngil olamini tasvirlash o'rniga partiya qarorlarini qofiyaga soladigan tizmalar bitishga yo'naltirilgan edi. O'sha vaqtning bir qahramon shoiri kamoli jiddiyat bilan:
Aziz paxtakorlar, yildan yilga ham
Oltin xirmoningiz hosilga to'lsin!
Har ishda rahnamo, madadkorimiz
Ulug' partiyaga sharaflar bo'lsin!
deb yozgan bo'lsa, falsafiy fikrlashga moyil boshqa bir taniqli ijodkor:
- Kim berdi dilingga yorug', tarbiya?
Kimga sen qoyilsan, ustozim, deya?
Kim seni yashatar va yashartirar?
Leninning kollektiv o'g'li – Partiya!
tarzida to'rtlik qoralagandi. XX asrning 60-yillari oxiriga kelib Erkin Vohidov yetakchiligidagi adabiy avlod asta-sekin inson shaxsi, uning tuyg'ulari tasviriga etibor qarata boshladi. Insonning ruhiy kechinmalari, turfa sezimlari poetik tasvir obyektiga aylandi. Bu hol esa, tabiiy ravishda, davrga to'g'ri kelmaydi deb, chetga suribroq qo'yilgan aruzning jonlanishiga imkon yaratdi. E.Vohidov g'azalning xaloskori yanglig' paydo bo'lib, uning jonsizlanib qolgan taniga yangicha nafas bag'ishlaganday bo'ldi. Shoir "Yoshlik devoni" kitobining ―Debochasida eski poetik shakl yangi gap aytishga yaramaydi deydigan kishilar bilan bahsga kirishadi:
Ey munaqqid, sen g‗azalni ko‗hna deb kamsitmagil,
Sevgi ham Odam Atodin qolgan inson qonida.
Shoir inson qonida azaldan mavjud bo'lgan sevgi tuyg'usi bugun ham yashayotgani yanglig' uning ifodasiga moslashgan g'azal ham yashashga haqli ekanini mantiq jihatidan ishonarli, ifoda jihatidan go'zal yo'sinda ko'rsatdi. Shoir g'azalni shunchaki sheriy janr rutbasidan yuksaltirib, mangu tuyg'ularning poetik ramzi hamda har qanday fikrni ifodalay olishga qodir badiiy vosita darajasiga ko'taradi
Takidlash kerakki, Erkin Vohidov, umuman, aruz vazni, xususan, g'azal janrini tiklash uchun emas, balki o'z o'yu tuyg'ulari aynan g'azalda moddiylashishga moyil bo'lgani uchun bu janrga qo'l uradi. G'oyat nazokatli va zarif shoirni bezovta qilgan fikru tuyg'ular ham uning shaxsiyati singari nazokatu zarofatli yo’sinda ifodalanishni taqozo etardi. Shoir o'z davri uchun shakkoklik sanalgan isyonkor fikrlarni ham g'azalning go'zal, mayin va jozibali libosiga o'rab bera bildi. E.Vohidov poetik fikrining zalvori g'oyat og'ir bo'lgani holda uning ifoda yo'sini o'ta mayin bo'lardi. Uning sherlarida o'tli chaqiriq bor edi. Lekin bu da‘vat o'qirmanni olamni ag'dar-to'ntar qilishga emas, balki dunyo va undagi tartibot haqida jiddiy o'yga toldiradigan yo'sinda latif sheriy shaklda taqdim etilardi. Ehtimol, "O'zbegim" sheri barmoqda bitilganida mutlaqo bosib chiqarilmagan bo'lardi.E.Vohidov g'azallarida oshiqning dil rozlari, ma‘shuqaning ta‘rif-tavsifi mumtoz adabiyotdagi yanglig' har qancha mubolag'ador, serbo'yoq bo'lmasin, undagi timsollar bugunning odami ekani anglashilib turadi. Ular ―zamon zaylini hisobga oladigan, o'y-fikri, tuyg'ulari bugungi odamlarga tushunarli bo'lgan kishilardir. Malumki, mumtoz sheriyatda vaqt tushunchasi ancha nisbiy bo‗lgan. Chunki mumtoz shoirlar o'tkinchi, bugunning tashvishlari aks etgan mavzularga qo'l urmaganlar. Shuning uchun ham ularning ijodida o'z davrining belgilari ko'zga tashlanib turmaydi. E.Vohidovning g'azallarida esa bugunning nuqsi aks etadi. Shoirning «Fursating» g'azali o'zida davr belgisi, zamondoshlar tabiatini aks ettirishi jihatidan xarakterlidir. G'azalning birinchi baytidayoq davr ruhi ko'zga yaqqol tashlanib turadi: "Fursating yetmaydi doim, hech qachon yetgan emas, Mehnating bitmaydi doim, hech qachon bitgan emas"2. Bu misralardadavrning tezkor va shiddatli qarqin (sur‘at)i, undan orqada qolmaslik ilinjida halloslab borayotgan chog‗dosh tabiati namoyon bo'ladi. Keyingi baytda davr ruhi yanada bo'rttirib ko'rsatiladi:
Chun zamondek bepoyondir ko'ksing ichra orzu,
Fursatu orzuni quvlab hech kishi yetgan emas.
Zamonning cheksizligi azaldan malum, ammo davr kishisining orzusi ham chegara bilmasligi ifodasi – shoirning kashfiyoti. Shoir tinimsiz o'zgarib turadigan insonning hech o'zgarmas intilishi – kamolot haqida to'xtalar ekan, uning ham hech qachon erishib bo'lmas orzu ekanini ishonarli aks ettiradi: "Intilar borliqni inson barkamol etmoq uchun, Ne ajab, insonni borliq barkamol etgan emas". O'zi komil bo'lmagani holda borliqni mukammallashtirishni da‘vo qiladigan inson tabiatidagi chigallik shu yo'sin tasvirlanadi. Shoirning tasvir mahorati yuqoridagi misralar so'ngida kelgan «etmoq uchun» va «etgan emas» singari fe‘lli birikmalarga zidlash manosini yuklay bilganida ham ko'rinadi.E.Vohidov «Inson» g'azalida insonning baland martabaga egaligi, olam yaralishidan maqsad aynan odam ekanligini aks ettirar ekan, odam o’zining yuksak martabasiga loyiq manaviyat egasi bo'lishi lozimligini orzu qiladi. Chunki:
Bu yorug' dunyo nadur? Koshonadur, vayronadur,
Senga mehmonxonadur, mehmon o'zing, mezbon o'zing.
Ayni misralarda insonning mohiyat va imkoniyati aks etgan. Chindan ham odam bu dunyoga mehmon va buni o'zi biladi. Lekin yorug' olamning mezboni ham uning o'zi ekani hamisha esida turavermaydi. Demak, mezbon sifatida dunyoning obodligi, tinchligi, to'kisligi uchun har bir inson masuldir. G'azalda shoir insonning bugungi kamoloti, zakovati, erishgan mislsiz zafarlarini tasvirlar ekan, unda ko'ngil g'ariblashib, manaviyat qashshoqlashib borayotganidan xavotirini: "Minding ilm narvoniga, chiqding funun osmoniga, Bu jahon ayvoniga arkon o'zing, vayron o'zing"3 tarzida aks ettiradi. Shoir ilmu fan taraqqiyoti tufayli inson jahon ayvoniga «arkon» darajasiga ko'tarilgani, ayni paytda, shu «ustun»ni qulatib «vayron» etadigan ham insonning o'zi ekanini ifodalaydi. So'ng bu fikr rivojlantirilib yuzaga kelishi mumkin bo'lgan ayanchli holat sherxon ko'z o'ngiga keltiriladi:
Zarrani ijod etib, dahshat balo bunyod etib,
Oqibatni yod etib, vayron o'zing, hayron o'zing.
«Zarra» bu – atom. Odam uni yaratib, vayron keltiruvchi qudratini sinab ko'rgachgina o'z qilmishiga «hayronu», o'z buzg‗unchiligidan ko'ngli «vayron» ekani shoir tomonidan go'zal ifoda etilgan. G'azalchi insonning buyuk kashfiyotlari nuqul dahshatu balolar keltiradi deb hisoblamaydi, ularni ezgulikka xizmat qildirish ham odamning qo'lida ekanini tasvirlaydi: "Bog'i arz obod erur, sendin agar imdod erur, Yo'qsa u barbod erur, to'fon o'zing, to'g'on o„'zing". Agar inson o'zining yaratuvchilik, ezgulik singari ulug' vazifalarini unutmasa, umri mazmun kasb etadi, hayot yashashga arziydigan bo'ladi. Olamni barbod qiladigan to'fon ham, uni balolardan saqlab qoladigan to'g'on ham odamning o'zi. Shuning uchun dunyoni bo'ston qilishga, jannatga aylantirishga urinmoq kerak:
Kelding olamga demak, etmas uni so'rmak, yemak,
Erni etmog'ing kerak, bo'ston o'zing, rizvon o'zing.
Shoir borgan sari tafakkuri kuchayib, aqlu zakovati oshayotgan inson zimmasida behad ulkan yuk mavjudligini, bu yuk – olamning taqdiriga javobgarlik ekanini g'azal zamiriga singdiradi. Shuning uchun ham bugun odam kelajagi barbod Bo’lmaydigan yo'lni tutishi, o'zini doimo «inson etishi» kerakligi sherda asirchan ifodasini topgan: "Bo'lmasin subhing qaro, bor bo'l mudom borliq aro, O'zing etgil doimo inson o'zing, inson o'zing". Sherda odamning hayotdagi o'rni, uning tafakkur imkoniyatlari ezgulikka xizmat qilishi kerakligi mutafakkir kishining o'ylari tasirli aks etgan.
Erkin Vohidov 1968 yilda aruzda bitgan "O'zbegim" qasidasidayoq milliy g'ururni uyg'otish, ulus ahlida milliy ruhni mustahkamlash niyatini poetik
voqelikka aylantirgan edi. Malumki, o'z vaqtida aytilgan badiiy so'z qudratli kuchga ega. "O'zbegim" o’z vaqtida maydonga tashlangan mardona poetik chorlov bo'lgandi. Millatning fikrlash va yashash tarzidan tortib, to'yu ma‘rakalariga qadar begona yo'riqqa tushib borayotgan bir vaqtda bu sher o'zbekdagi o'zbeklikni saqlab qolishda beqiyos amaliy ahamiyat kasb etdi. "O'zbegim" millatni chinakamiga uyg'otdi, unda g'urur, iftixor tuyg'ularini paydo qildi. Elsevar shoirni bosib olingan uluslarga xos qo'rquv, mutelik, qullik tuyg'ulari tobora o'zbekning ruhiyatiga singib, uning tabiatiga aylanib borayotgani xavotirga soladi. Shuning uchun ham sherlarida tobelik, qo‗rquv va qo'rqoqlikdan nafratini ochiq ifodalaydi:
Qo’rquvning ko'zi katta, yuragi kichik bo'lur,
Qo'rquv zo'r kelgan yurtda arslonlar kuchuk bo'lur.
Shoir arslonlarni kuchukka aylantirgan sharoitni o'zgartirmoq, millatdoshlari yuragiga jurat baxsh etmoq istaydi. Boshqa bir sheridagi:"Qaddingni baland tut, bo'lma sertazim" satrida ham shoirning ana shu istagi ifoda etilgan. Shu kabi ko'plab bitiklarida shoir o'zining dov yurakli millatsuyar shaxs ekanini ko'rsatadi.Millatga, yurtga chin mehr faqat maqtovu madhiyadan iborat bo'lmaydi. Asl adabiyotda elu yurtga muhabbat hayotning teran badiiy tasviri orqali yuzaga chiqariladi. Shafqatsiz hayotiy haqiqat, echimsiz muammolar, insoniyat oldida turgan mushkul masalalar boricha ko'rsatilib, odamning ko'ngil dardlari ochiq aytilgan asarlar el-ulus manaviyatini yuksaltiradi. Bunday bitiklar xalqning dilidan joy olib, ruhiyatiga o'ktamlik baxsh etadi. «Vatan istagi» sherida shoirning kurashchanlik sifatlari namoyon bo'ladi. Egamanlikdan oldin yaratilgan bu g'azalda E.Vohidov millatini o'z vataniga ega ozod etnos sifatida ko'rish istagini ifoda qiladi:
Bu vatanda bir Vatan qurmoqni istaydir ko'ngil,
O'zni ozod qush kabi ko'rmoqni istaydir ko'ngil.
Sherda shoirning yolg'ondan hazar qilishi, inson hayotining chinlikka qurilishini xohlashi aks etadi: "Bas, yetar, yolg'on saodat, yolg'on erk, yolg'on Vatan! Hurriyat zavqini chin surmoqni istaydir ko'ngil"4. Qizig'i shundaki, ancha vaqt ishq izhori va Yaratganga munojotdan boshqaga yaramaydi, deb qarab kelingan aruzda shoir g'oyat o'tli ijtimoiy lirika namunalarini yarata oldi. Bu hol bitikning qanday saviya, salmoq va yo'nalish kasb etishi qaysi vaznda yozilganida emas, balki qanday yozilganiga bog'liq ekanini ko'rsatadi. Erkin Vohidovning etuk asarlari yuksak badiiyati, shafqatsiz haqiqati va samimiyligi bilan jahon sheriyatining eng yaxshi namunalariga uyg'undir.Millatini buyuk muhabbat bilan sevgan shoirning millat oldiga qo'ygan talablari ham sevgisi qadar yuksak edi. E.Vohidov "Og'riqli savollar"masnaviysida yurtdoshlarga murojaaat qilib deydi:
Choyxonada oshxo'rlikni baxt deb bilgan og'ayni,
Shu bir kunlik halovatni naqd deb bilgan og'ayni.
Qumursqadek tiriklikdan o'zga g'ami bo'lmagan,
Dil olami, ishq olami, ruh olami bo'lmagan,
Imonni ham, vijdonni ham qurbon qilgan halqum deb,
Seni xayol qildimmi men kuyganimda xalqim deb?
Yurtga beadad muhabbat va millat oldida turgan yumushlarning zalvori shoirga o'z qadrini anglab etmayotgan, hoziridan narini o'ylamaydigan xalqidan yozg'irish huquqini beradi. U she'r so'ngida: "G'ofil xalqim! Tinglarmanmi sening nara uningni, Ko'rarmanmi zuluklardan ozod bo'lgan kuningni",- 5deya hayqiradi.E.Vohidovning barmoqdagi sherlarida ham o'ychan mushohada ustunlik qiladi. Ularda shoir hayotning tub mohiyati, ichki ziddiyatlariga teran nazar tashlab, qalamga olingan hodisani bor qarama-qarshiligu, ziddiyatlari bilan yaxlit idrok etadi.

Download 39.98 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling