g) Sistema, struktura va element.
Borliqdagi narsa va hodisalar sistema, struktura va element aloqadorligiga ham ega bo‘ladi. Chunki ular ma’lum sistemalar tarzida mavjud bo‘lib, o‘z tuzilishi va tarkibiga ko‘ra esa muayyan strukturaga ega hamda qator elementlardan tashkil topgan bo‘ladi.
Sistema — bu borliqdagi o‘zaro bog‘liq, muayyan tartibdagi bir-biriga ta’sir va aks ta’sir qilib turuvchi narsalar, hodisalar va jarayonlarning qonuniyatli birligidir.
Struktura esa shu sistemani tashkil etgan narsalar, hodisalar va jarayonlarning tartibi, tuzilishi, tarkibi, joylashishi va ifodalanishidir. Struktura har bir narsa yoki hodisaning, har bir sistemaning ajralmas tub xususiyati bo‘lib, u muayyan elementlardan tashkil topadi.
Element sistema strukturasini tashkil kilgan, nisbiy mustaqillikka ega bo‘lgan tuzilmadir. Har bir sistema o‘z strukturasiga ko‘ra bir qancha o‘zaro chambarchas bog‘liq va aloqadorlikda bo‘lgan elementlardan iborat bo‘ladi.
Sistema, struktura va element kategoriyalari narsa va hodisalarga xos bo‘lgan ana shu moddiy sistemalar, strukturalar va elementlarning aqliy in’ikoslaridir.
Mazmun va shakl.
Mazmun va shakl ham kishilarning borliqni bilishida katta rol o‘ynaydi.
Xo‘sh, mazmun va shakl nima?
Mazmun — narsa yoki hodisani aynan shu narsa yoki hodisa sifatida ifodalovchi jarayonlar, muhim elementlar va o‘zgarishlarning majmuidan iborat.
Shakl — mazmunning mavjudlik usulini, uning strukturasini, ya’ni tuzilishini ifodalovchi, narsa va hodisalarning ichki va tashqi tomonlarining birligidan iborat. Mazmunni tashkil etuvchi xususiyatlar, ziddiyatlar, elementlar shaklsiz ifodalanmaganidek, ularning mavjudlik usuli, strukturasi, tuzilishi ham mazmunsiz namoyon bo‘la olmaydi. Demak, mazmun va shakl muayyan bir narsa yoki hodisaning bir-biri bilan dialektik aloqador bo‘lgan ikki tomonidir.
Ob’ektiv olamda narsa va hodisaga oid bo‘lmagan sof mazmun ham, sof shakl ham yo‘q. Aksincha, faqat muayyan mazmun va shakl birligiga ega bo‘lgan narsalar va hodisalargina mavjuddir. Bunda hamisha muayyan mazmun muayyan shaklda ifodalanib, muayyan shakl muayyan mazmunga ega bo‘ladi.
Borliqdagi har bir narsa va hodisa o‘z mazmun va shakl birligi tufayligina mavjud bo‘lsa-da, ular shu birlikni vujudga keltirishda turlicha rol o‘ynaydi. Shakl esa, aksincha, mazmunni ifodalaydi. Qisqa qilib aytganda, mazmun shaklni belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |