Narkobiznesga qarshi xalqaro tadbir
Birlashgan Millatlar Tashkilotining so`nggi hisob-kitoblariga ko`ra, dunyoda 185 million nafar giyohvand bor. Narkotik moddalar ishlab chiqarishning 75 foizi Afg`onistonga to`g`ri keladi. Giyohvandlik oqibatida yiliga 200 ming kishi halok bo`ladi. Ushbu moddalar ta`sirida amalga oshirilayotgan jinoyatlar soni esa ortib bormoqda. Narkotik moddalarni sotish yiliga o`rtacha 400 milliard AQSh dollari miqdorida daromad keltiradi. Shu bois narkobiznesning bozori chaqqon.
Narkobiznesga qarshi kurashda BMTning Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash konventsiyasi muhim o`rin tutadi. Mamlakatimizda giyohvandlik va giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo`yicha davlat tizimi tashkil etilgan. Joriy yilning 1 oktyabridan boshlab xalqaro miqyosda o`tkazilayotgan giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashuvchi "To`siq-2" tadbirida yurtimiz vakillari faol ishtirok etyapti.
Poytaxtimizda "To`siq-2" tadbirining ikki oylik yakuniga bag`ishlangan xalqaro anjuman bo`lib o`tdi. Unda mazkur tadbirda ishtirok etayotgan Rossiya, Qozog`iston, Gruziya, Qirg`iziston, Ozarboyjon, Ukraina, Tojikiston, Moldova kabi davlatlarning ichki ishlar idoralari mas`ul xodimlari, AQSh, Rossiya va Tojikistondagi giyohvandlik va giyohvandlik moddalari aylanishiga qarshi kurashuvchi tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o`rinbosari, polkovnik H.Ibrohimov mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurash masalasi doimiy e`tiborda ekanini ta`kidladi. "Zahri qotil"ni respublikamizga kontrabanda yo`li bilan olib kirish va tranzitining oldini olish uchun ta`sirchan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi qonunchilik xalqaro me`yorlarga mos ravishda takomillashtirilgan.
O``zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda AQSh adliya vazirligi giyohvandlikka qarshi kurash agentligi hamkorligida tashkil etilgan olti oylik "To`siq-2" tadbiri bu boradagi ishlarni yanada faollashtirdi. O`tgan ikki oyda bir tonnadan ortiq narkotik modda qo`lga olindi. Bu giyohvandlik va narkotik moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi kurash talablar darajasida yo`lga qo`yilganining yana bir dalilidir.
Tadbirda AQShning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jon Purnell ishtirok etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |