Mavzu: Iqtisodiyot va uning biznesga qanday ta’sir qilishini anglash Reja


Download 40.16 Kb.
bet5/5
Sana03.02.2023
Hajmi40.16 Kb.
#1149265
1   2   3   4   5
Bog'liq
Mavzu Iqtisodiyot va uning biznesga qanday ta’sir qilishini ang

1.3. Biznes va aholi bandligi
Biznes kecha yoki o‘tgan kuni paydo bo‘lgani yo‘q. U tovar munosabatlari kabi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Mahsulot ishlab chiqarishni o‘rganib olgach, odamlar keyinchalik ayirboshlash, savdo qilish, qarzga berish, chetga olib chiqish, chetdan olib kelish va hokazolarni ham o‘rgandilar. Bu bilan ular hamma vaqt, hamma mamlakatlarda va har qanday sharoitlarda, ko‘proq bu narsa zarur va foydali bo‘lganda shug‘ullanganlar. Biznes shakllari, uning qadriyatlari va madaniyat bilan munosabatlari ko‘p jihatdan muayyan tarixiy vaziyatga, iqtisodiyotning rivojlanish vazifalari va holatiga bog‘liq bo‘lgan.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, o‘z oldiga huquqiy va demokratik davlat qurish vazifasini maqsad qilib qo‘ydi. Bugungi iqtisodiy islohotlar yo‘nalishi mamlakatning iqtisodiy salohiyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, korxonalarning iqtisodiy erkinligini kengaytirish va milliy farovonlikni ta’minlashdan iborat. Biznes va tadbirkorlik, ayniqsa, kichik, o‘rta va xususiy biznes YaMMni shakllantirish asosiy bo‘g‘inga aylanishdan tashqari, aholdi bandligi va daromad manbaining muhim omiliga aylanishi lozim.
Hozirgi paytda iqtisodiyotda band bo‘lganlarning deyarli uchdan ikki qismi biznes va tadbirkorlik sohasida mehnat qiladi. 2002 yilda respublika bo‘yicha 38 mingga yaqin mikrofirmalar, kichik va o‘rta korxonalar yaratilib, tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 370 mingta yangi ish joyi paydo bo‘ldi, bu ko‘rsatkich bashorat qilingan ko‘rsatkichdan 1,5 baravar ko‘pdir. Taqqoslash uchun eslatib o‘tamizki, 1996 yilda iqtisodiyotning inqirozdan so‘ng ko‘tarilishi kuzatilib, 280 mingta yangi ish joyi, jumladan qishloq xoylarda 165 mingta ish joyi yaratilgan.
O‘zbekiston tabiiy-iqlim sharoitlaridan tashqari aholi sonining tez o‘sishi, ayniqsa mehnat yoshidagi kishilarning ko‘payishi bilan ajralib turadi. Hisob-kitoblarning ko‘rsatishicha, aholining o‘rtacha yillik o‘sishi 2,0% atrofida ekan. 1991-2002 yillar mobaynida respublikamiz aholisi 23,8%, xususan, mehnatga layoqatli kishilar soni 32,1% o‘sgan. Mamlakat rahbariyati tomonidan o‘sib borayotgan mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Agar yiliga mehnat resurslari soni 250-300 ming kishiga o‘sayotgan bo‘lsa, mamlakatda deyarli shuncha yangi ish joylari ham yaratilmoqda.
Biroq aholining mehnat bilan bandlik muammosini to‘liq hal qilingan deb hisoblash noto‘g‘ri bo‘lur edi. Agar 1990 yilda bandlik darajasi 73,0% bo‘lgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida bu ko‘rsatkich sezilarli o‘zgarmagan bo‘lib, bugungi kunda 72-74% atrofida hisoblanadi. Aholining 60%dan ko‘pi qishloq joylarda yashashini hisobga oladigan bo‘lsak, bu yerda aholining ish bilan va daromad manbai bilan ta’minlash muammosi dolzarbligicha qolmoqda.
Bandlik tabiatini tavsiflovchi yana bir ko‘rsatkich ishsizlik darajasi bo‘lib, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra u respublikamizda 0,4%ga teng. Masalan, Germaniya hududida bu ko‘rsatkich 20,0%, bir qator MDH mamlakatlarida esa 12-18% atrofida. Xalqaro standartlar bo‘yicha ishsizlik darajasi 5-6% chegarasida bo‘lishi mumkin. Demak, O‘zbekistonda ishsizlik muammosi, mehnatga layoqatli aholining mehnat bilan bandlik muammosi yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan darajada bo‘lib, eng muhim asta-sekinlik bilan bo‘lsada, hal qilinmoqda.
Biroq bu bilan xotirjamlikka berilish mumkin emas. Vaqt va hayotning o‘zi, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy salohiyatni oshirish vazifalari mehnatga layoqatli aholini faollashtirishni talab qiladi. Aynan mehnat resurslari va ularning xo‘jalik ishlariga jalb qilinishi iqtisodiy o‘sish va milliy boyliklarni ko‘paytirishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu sababli aholi bandligini ta’minlash va ishsizlikni qisqartirish barcha miqyosdagi iqtisodiy boshqaruv organlarining muhim vazifasi hisoblanadi.
Ushbu vazifani bajarishning muhim yo‘li kichik va o‘rta korxonalar sonini ko‘paytirish, shuning, xususiy tadbirkorlikni har tomonlama rag‘batlantirishdir. Bunda ularning rivojlanishi vertikal bo‘yicha, ya’ni ishlab chiqarish turlari va tarmoqlar bo‘yicha emas, balki gorizontal bo‘yicha – viloyatlar, shahar va tumanlar bo‘yicha amalga oshirilishi lozim. Masalan, poytaxtda yaratilayotgan YaIMda KB va XT subyektlari ulushi 54% bo‘lsa, respublika viloyatlari bo‘yicha bu ko‘rsatkich 14-33% atrofida. Bu esa biznes va tadbirkorlik sohasining mintaqaviy salohiyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotganligidan darak beradi.
Respublikamiz yalpi ichki mahsulotida kichik biznes ulushi 2005 yilda 35,6% bo‘lib, bu ko‘rsatkich AQSh, Germaniya va Yaponiyada – 50-65%ga teng, AQSh aholisining 5-6%ini tashkil etuvchi fermerlarning butun mamlakat aholisini «boqishi» mamlakatimizda biznes va tadbirkorlikning ulkan imkoniyatlaridan foydalanilmayotganidan dalolat beradi. Bevosita mehnat bilan bandlikka keladigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich Germaniyada 55%, Buyuk Britaniyada 65%, Yaponiyada 80%, AQShda esa 70%ga teng.
Mamlakatimizda biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni raqbatlantirish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, respublikamizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarda KB va XT faoliyatini aktivlashtirish maqsadida 2000-2005 yillar uchun maxsus Davlat dasturi qabul qilindi. Xususan, 2005 yilgacha xorijiy moliyaviy institutlardan 1 mlrd. AQSh dollari yo‘naltirish, tijorat banklari va boshqa muassasalar tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu vositalar asosan xom-ashyoni qayta ishlash, yirik sanoat korxonalarining muvozanatlash, erkin iqtisodiy hududlarni yaratish, servis va xizmat ko‘rsatish bozorini rivojlantirish va aholi bandligini oshirishga yo‘nnaltiriladi.
Biznes va tadbirkorlik sohasi aholi bandligi ta’minlash uchun qulay «mashq maydoni» deb oladigan bo‘lsak, KB VA XT subyektlarining zarar ko‘rmasligi va ayniqsa bankrotga uchramasligiga harakat qilish lozim. Gap shundaki, ko‘plab kichik tadbirkorlik strukturalari ikki-uch yildan so‘ng moliyaviy qiyinchiliklar, hamkorlar, ta’minotchilar va iste’molchilar ishonchini qozonish hamda qonunchilikning mukammal emasligi kabi sabablar tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ladilar. Biroq ko‘pincha ularning bankrotga uchrashiga korxonalar rahbariyati sababchi bo‘ladilar. Ular odatda malakali injener, usta mutaxassislar hisoblansada, yaxshi menedjer yoki moliyachi bo‘la olmaydi, buxgalteriya hisobi, narx hosil bo‘lishi, biznesni rejalashtirish va hokazolardan yaxshi xabardor bo‘lmaydi.
Bankrotga uchrash bozor iqtisodiyoti va raqobat sharoitlarida qonuniy holat bo‘lsada, bunga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Bankrotlik nafaqat ishbilarmon yoki tadbirkor uchun, balki davlat uchun ham zarar keltiradi. U ishlab chiqarish miqyosidan tashqari aholi bandligini ham kamaytiradi va ishsizlikka olib keladi.
Xalq orasida «Kasal va kambag‘al bo‘lgandan ko‘ra boy va sog‘lom bo‘lgan yaxshi» keng tarqalgan. Agar bu qoidani xo‘jalik subyektlariga tadbiq etadigan bo‘lsak, «zarar keltiruvchi korxona bo‘lgandan ko‘ra rentabelli, foyda keltiradigan korxona bo‘lgan yaxshi» deyish mumkin bo‘ladi. Zararsizlik, foyda keltirish nafaqat korxonalar moliyaviy barqarorligining, balki butun mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va ijtimoiy farovonlik garovidir. Shu sababli u makro va mikroiqtisodiyotning talablariga javob beradi. Biroq bu narsa afsuski, o‘z-o‘zidan, avtomatik ravishda yuz bermaydi. Buning uchun zarur kuch-quvvatlar, resurslar bazasi, yangi investisiyalardan tashqari tashkilotchilik iqtidori, novatorlik, muntazam ijodiy izlanish, ya’ni biz mohirona rahbarlik deb atayodigan xislatlar kerak bo‘ladi. Biznes va tadbirkorlik bundan istisno emas.
Shuni alohida qayd etish kerakki, biznes va tadbirkorlikning rivojlanishi, iqtisodiyotning nodavlat sektori kuchayishi, xususan bu sektorda aholi bandligining o‘sishi korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
2002 yilda ikki mingdan ortiq davlat korxonalari va obyektlari mulkchilik shaklini o‘zgartirgan bo‘lib, bu xususiylashtirish dasturida ko‘zda tutilgandan 1,5 baravar ko‘p bo‘ldi. Davlat korxonalari va obyektlarining katta qismi (1260 ta) to‘laligicha xususiy mulkka aylantirildi. «Elektroximprom», «Navoiazot», «Ammofos», «Uzbekrezinotexnika», Toshkent va Farg‘ona IEM, Sirdaryo GRESi, Toshkent yo‘lovchi va yuk vagonlarini ta’mirlash zavodi, issiqqa chidamli va qiyin eriydigan materiallar kombinati kabi bir qator yirik sanoat birlashmalari o‘z mulkchilik shaklini o‘zgartirdi.
Institutsional o‘zgarishlar davlat tasarrufidan chiqarish va korxonlarni xususiylashtirishni 2003 – 2004 yillarga mo‘ljallangan Dasturi asosida amalga oshirildi. 2004 yilda 1228 ta korxonalar, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma obyektlari (obyektlar deb ataladi), jumladan, 4-chorakda 262 ta korxona va obyektlar nodavlat mulk shakliga aylantirildi, bu esa, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 80,8% va 53,5%ni tashkil etadi.
Keyingi ikki yilda davlat korxonalari va obyektlarining boshqa mulk shakliga aylantirilishini pasayishi qonuniy jarayondir.
2003 yil boshida ommaviy davlat tasarrufidan chiqarishning nihoyasiga yetishi natijasida boshqa mulk shakllariga aylantiriladigan davlat obyektlarining soni kamaygan.
2004 yilda nodavlat mulk shakliga aylantirilgan obyektlar tarmoqlar miqyosida neft va gaz sanoati korxonalari (119), Xalq ta’limi vazirligi (100), qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi (94), Sog‘liqni saqlash vazirligi (66), “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi (51), hududiy miqyosda esa, Toshkent shahrida (211), Farg‘ona (128), Surxondaryo (118), va Toshkent viloyatlarida (103) joylashgan obyektlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
2004 yilda davlat korxonalari mulki va obyektlari negizida 28 ta aksiyadorlik jamiyatlari, 162 ta ma’suliyati cheklangan jamiyatlar va 1038 ta xususiy korxonalar tashkil etildi. O‘tgan yilga nisbatan aksiyadorlik jamiyatlari (2,7 marta) va ma’suliyati cheklangan jamiyatlar (1,7 marta) tashkil etishning keskin qisqarishi asosan kichik korxonalar va obyektlarning xususiy shaxslarga sotilishi hisobiga nodavlat mulk shakliga aylantirilishi bilan bog‘liq.
2003 yilda boshlangan davlat va aksionerlik jamiyatlarining avval joylashtirilmagan va ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan ma’suliyati cheklangan jamiyatlar aksiyalar paketi, shuningdek, korxonalar va obyektlar majmualari mulklari to‘liq, jumladan, avval 100 foizli davlat aktivlari bilan xo‘jalik jamiyatlariga aylantirilgan korxonalarni xususiy mulkka aylantrishni keng doirada amalga oshirish davom ettirildi. 2004 yilda: 1418 ta aksionerlik jamiyatlari aksiyalari paketi, shu jumladan, 2004 yilda 446 ta aksionerlik jamiyatlariniki; 494 ta ma’suliyati cheklangan jamiyatlarning ustav fondidagi ulushi, shu jumladan 2004 yilda 365 ta; 1657 ta korxonalar va obyektlar to‘liq mulk majmualari, shu jumladan, 2004 yilda 1003 tasi sotildi. Natijada, sobiq tarmoq vazirliklari negizida tuzilgan respublika xo‘jalik birlashmalari (“O‘zgo‘shtsutsanoat”, “Oziq-ovqat sanoat”, “O‘zeltexsanoat” uyushmalari va boshqalar) ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar deyarli qolmadi, boshqalarida esa, (“O‘zbekengilsanoat” DAK, “O‘zdonmahsulot” AK va boshqalar) bunday korxonalar soni keskin qisqardi.
2004 yilda tegishli hukumat qarorlarini bajarish va davlat aktivlarini sotishni yangi mexanizmlarini amaliyotga qo‘llash kengaytirildi. Xususan, boshlang‘ich bahosini bosqichma-bosqich kamaytirib borish mexanizmini qo‘llash yo‘li bilan 290 ta aksionerlik jamiyatlarining 9,9 mlrd. so‘mlik aksiyalari paketi sotilgan, bu esa, ushbu aksiyalar boshlang‘ich qiymatidan 2,3 mlrd.so‘m yuqoridir, shuningdek, 486 ta ko‘chmas mulk obyektlari 3,6 mlrd.so‘mga sotilgan.
Endigi navbatda bu korxonalar birinchidan, ishlab chiqarish aylanmasini susaytirmasligi, ikkinchidan, ishlab chiqarishning rentabelli va foyda keltiradigan bo‘lishiga erishishi, uchinchidan, aholi bandligini oshirishga xizmat qilishi lozim. Bu ishga korxonalar faoliyat ko‘rsatuvchi va mehnat qilishga tayyor turgan aholi istiqomat qiluvchi hududlarning mahalliy hokimlik organlari ham o‘zining munosib hissasini qo‘shishlari zarur.
Ushbu jarayonni amalga oshirishda rivojlangan mamlakatlarning aksariyotida bo‘lgani kabi, yirik korxona, birlashma va assosiasiyalarning e’tiborini kichik va o‘rta korxonalar tuzishga qaratish lozim. Gap shundaki, ayniqsa kichik korxona va mikrofirmalar texnik jihatdan kuchli jihozlanmagan bo‘lib, bozorga kirib borishda yirik korxonalarga nisbatan ko‘proq qiyinchiliklarga juch keladi. Shu sababli yirik korxonalar korporativ manfaatlar bilan chegaralanib qolmasdan kichik korxonalarni, jumladan, sho‘ba korxona va bo‘limlarni yaratishga keng yo‘l chib berishlari zarur. O‘z navbatida, kichik korxonalar ham yirik ishlab chiqarish komplekslari, yangi texnika va texnlogiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy-texnika markazlari bilan doimiy muloqotda bo‘lishlari lozim. Bir so‘z bilan aytganda, korxonalarni yaratish va ularning faoliyat ko‘rsatish jarayoni ularning hajmi, qaysi tarmoqqa mansubligi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar miliy iqtisodiyotning rivojlanishi, aholining mehnat bilan bandligi va turmush farovonligining o‘sishiga xizmat qilishi lozim.



1 I.Karimov “ O‘zbekiston iqtisodiy islohatlarnichuqurlashtirish yo‘lida yo‘lida”. T., “O‘zbekiston”,142, 240-betlar

Download 40.16 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling