Mavzu: Kichik guruhlar psixologiyasi
Jamoalarda psixologik o‘zaro moslik
Download 132.2 Kb.
|
Otaxonova Guli
- Bu sahifa navigatsiya:
- Psixologik moslik deganda
- Guruhiy qarorlar qabul qilishda o‘zaro ta’sir masalasi.
2.3. Jamoalarda psixologik o‘zaro moslik.
Guruh hayoti va undagi a’zolarning o‘zlarini yaxshi his qilishlari ko‘p jihatdan ularning hamkorlikda ishlay olishlari va bir-birlariga ijobiy munosabatda bo‘la olishlariga bog‘liq. Bu hodisani tushuntirish uchun psixologiyada psixologik moslik tushunchasi mavjud. Psixologik moslik deganda, guruh a’zolari sifatlari va qarashlarining aynanligi emas, balki ular ayrim sifatlarining mos kelishi, qolganlarining kerak bo‘lsa, tafovut qilishi nazarda tutiladi. Moslikning mezoni sifatida Nikolay Nikolayevich Obozov quyidagilarni ajratadi: a) faoliyat natijalari; b) a’zolarning sarflagan kuch-energiyalari; d) faoliyatdan qoniqish. Ikki xil o‘zaro moslik farqlanadi: psixofiziologik va sotsial psixologik. Birinchi holatda faoliyat jarayonida odamlarning bir xil va mos tarzda harakat qila olishlari, reaksiyalar mosligi, ish ritmi va tempidagi uyg‘unliklar nazarda tutilsa, ikkinchisida sotsial xulqdagi moslik – ustanovkalar birligi, ehtiyoj va qiziqishlar, qarashlardagi monandlik, yo‘nalishlar birligi nazarda tutiladi. Birinchi xil moslik ko‘proq konveyer usulida ishlanadigan sanoat korxonalari xodimlarida samarali bo‘lsa, bu oliygoh o‘qituvchilari, ijodiy kasb egalarida iloji yo‘q va bo‘lishi mumkin emas, ularda ko‘proq sotsial psixologik moslikning ahamiyati kattadir. O‘tkazilgan tadqiqotlar psixologik moslikning ko‘plab qirralari bo‘lishi mumkinligini isbot qildi. Asosan shuni unutmaslik kerakki, qaysi faoliyat va uning maqsadi odamlarni birlashtirgan bo‘lsa, o‘sha maqsadni idrok qilish va birgalikda anglash istagida uyg‘unlikning bo‘lishi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ladi. Guruhiy qarorlar qabul qilishda o‘zaro ta’sir masalasi. Guruhda odamlarning bir-birlarini yoqtirishlari yoki aksincha, inkor qilishlari ko‘pincha turli xil qarorlar qabul qilish jarayonida ro‘y beradi. Guruhiy qarorlar qabul qilish individual qarorlar qabul qilish jarayonidan tubdan farq qilmaydi. Ikkalasida ham avval muammo aniqlanadi, ma’lumotlar to‘planadi, bir nechta takliflar ilgari suriladi va nihoyat, eng ma’quli qabul qilinadi. Lekin guruhda bu jarayon biroz boshqacharoq kechadi va nizolar ko‘pincha aynan shu jarayon bilan bog‘liq bo‘ladi. Amerikalik psixolog T.Mitchellning fikricha, o‘zaro ta’sir guruhiy sharoitida quyidagi omillar vositasida ro‘y beradi: 1) ayrim a’zolar boshqalariga nisbatan ko‘proq gapirishga moyil bo‘ladilar; 2) yuqoriroq mavqega ega bo‘lgan shaxslar qarorlar chiqarish jarayonida ham boshqalarga tazyiq o‘tkazishadi; 3) guruhda ko‘p vaqt o‘zaro fikrlardagi kelishmovchiliklarning oldini olishga ketib qoladi; 4) guruhda ayrim odamlar ta’sirida asosiy maqsaddan chetlash va maqsadga nomuvofiq qarorlar qabul qilish hollari kuzatiladi; 5) barcha a’zolar o‘zlari sezmagan holda konformlilikka beriladilar va guruh ta’siriga tushib qoladilar. Shuning uchun ham ba’zan majlisni olib boruvchi rais kun tartibini e’lon qilgan bo‘lsa-da, undan chalg‘ib ketishi va o‘rinsiz qarorlar qabul qilishi mumkin. Lekin guruhiy qarorlar qabul qilish jarayonining eng katta ijobiy tomoni shundaki, unda ko‘plab fikrlar tug‘iladi va o‘rtaga tashlanadi. Bu fikrlar shunday sharoit yaratadiki, oxir-oqibat alohida individual fikrlardan biroz bo‘lsa-da, farq qiladigan original yangi fikr paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham rahbarlik san’ati ko‘pchilik fikriga tayangan holda oxirida eng ma’qul qarorga kela olishdir. Lekin salbiy tomoni shundaki, guruhiy muzokara va qarorlar qabul qilish jarayoni ba’zi a’zolarda loqaydlik («Menga nima, ular gapirishyapti-ku» kabi), tashabbussizlik («Baribir meniki qabul qilinmaydi, gapirib nima qildim?» kabi) illatlarini ham paydo qilishi mumkin. Bu o‘sha muhitda ayrim odamlar fikri doimo qo‘llab-quvvatlangan, ayrim odamlarga e’tibor, imtiyoz berilgan sharoitlarda rahbarning aybi bilan ro‘y beradi. Xoffman o‘z eksperimentlarida guruhiy qarorlar qabul qilishga guruhning tarkibi ta’sir qilishi mumkinligini isbot qilgan. Uning fikricha, yaxshi, sifatli, ijobiy fikrlar va qarorlar guruh tarkibi har xil (geterogen tarkib) bo‘lgan sharoitlarda uning tarkibi bir xil (gomogen) bo‘lgandan ancha ko‘p va sifatli bo‘ladi. Gomogen guruhlarda (masalan, tahminan bir xil o‘zlashtiradigan talabalar guruhi) qarorlar qabul qilish mobaynida konfliktlarning kam bo‘lishi va qarorlar tezda qabul qilinishi aniqlangan. Har qaday qarorlar qabul qilish jarayoni psixologik jihatdan tavakkalchilikka asoslanishi ham isbotlangan. Lekin tavakkalchilik darajasi guruh sharoitida individual holatdagidan ancha past bo‘lar ekan. O‘rtacha guruh a’zosining bu o‘rindagi fikri: «Tavakkal shu gapni aytaychi, noma’qul bo‘lsa, guruh borku, ular ma’qullashganku?». Demak, guruh sharoitida qabul qilingan har qanday qaror mohiyatan sotsial xarakterli bo‘lib, uning to‘g‘ri va foydali, natijali bo‘lishida rahbarning roli katta bo‘ladi. Guruh va jamoalar to‘g‘risida gap ketganda, ko‘pincha uning «ma’naviy muhiti», «psixologik muhiti» degan iboralar ishlatiladi. Chunki bu narsa o‘sha yerdagi ishning yaxshiligi, faoliyatning samarasi bilan bog‘lanadi. Sotsial psixologik muhit deganda, biz o‘sha guruhning a’zolari fikrlari, hissiyotlari, dunyoqarashi, ustanovkalar va o‘zaro munosabatlaridan iborat bo‘lgan emotsional-intellektual holatni tushunamiz. Bu o‘rindagi asosiy omil – bu a’zolarning o‘zaro munosabatlaridir. Ma’lumki, o‘zaro munosabatlar ish yuzasidan, faoliyat maqsadlari va mazmuni bilan hamda bevosita bir-birlarini yoqtirish-yoqtirmaslikka asoslangan insoniy emotsional hissiyotlar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Professional faoliyatni bajarish jarayonida tabiiy birinchi tipli munosabatlar ustuvor bo‘lib, ikkinchilarining xarakteri birinchisidan kelib chiqadi. Do‘stlar to‘plangan davradagi muhit esa aksincha, bevosita simpatiyalarga tayanadi. Sotsial psixologiyada ana shunday psixologik muhitni eksperimental tarzda o‘rganishga katta e’tibor beriladi. Eng keng tarqalgan usullardan biri sotsiometriya bo‘lib, uning asoschisi amerikalik olim Yakob Levi Moreno hisoblanadi. Sotsiometriya lotincha «so cietas» – jamiyat, va «metreo» – o‘lchayman so‘zlaridan olingan bo‘lib, guruhdagi shaxslararo munosabatlarni o‘lchashga qaratilgan texnikadir. Nazariy sotsiometriya uning muallifi fikricha, jamiyatdagi barcha nizolar, muammolarni yechishning usullaridan biri – insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganish va shunga ko‘ra, jamiyatda o‘zgarishlarni amalga oshirish kerak, degan g‘oyaga asoslanadi. Amalda esa har bir jamoalarda maxsus sotsiometrik so‘rovlar o‘tkaziladi va uning natijalari tashkiliy jarayonlarda inobatga olinadi. Lekin oxirgi paytlarda sotsiometriyaga nazar o‘zgargan, uning yuzlab modifikasiyalari, turlari ishlab chiqildi. Ahamiyatlisi shuki, uni haqiqatdan ham guruhdagi ma’naviy-psixologik muhitga ta’sir etuvchi emotsional munosabatlarni aniqlashda mutaxassis tomonidan ishlatish mumkin. Bunda har bir guruh a’zosi tanlov sharoitiga solinadi, ya’ni u, u yoki bu sharoitda, vaziyatda yoki faoliyatni bajarishda o‘ziga yoqqan (yoqmagan ham) sherigini guruhdoshlari orasidan tanlashi kerak. Masalan, maktab o‘quvchilariga «Kim bilan birga dars tayyorlashni xohlarding?», «Kim bilan maktab yer uchastkasidagi xasharda yonma-yon turib ishlashni istarding?», mehnat jamoalarida esa «Boshliq tomonidan berilgan muhim topshiriqni ikki kishi bajarishi kerak bo‘lsa, sheriklikka kimni olgan bo‘lardingiz?», talabalarda «Xorijga o‘qishga yuborishsa, guruhdoshlaringdan kimlar senga sherik bo‘lishini istaysan?» kabi savollar bilan murojaat qilinadi. So‘rov anonim bo‘lib, har bir ishtirokchi 3-5 tagacha tanlash huquqiga ega bo‘ladi. Natijalar jadvalga solinib, qayta ishlanadi va hattoki, grafik tarzida chiziladi. Xulosa Har bir shaxs o‘z faoliyatini turli guruhlar sharoitida yoki turli guruhlar ta’sirida amalga oshiradi. Chunki, jamiyatdan chetda qolgan yoki insonlar guruhiga umuman qo‘shilmaydigan individning o‘zi yo‘q, kishi jamiyatda yashar ekan, u doimo turli insonlar bilan muloqotda, o‘zaro ta’sirda bo‘ladi, bu muloqot jarayonlari esa doimo kishilar guruhida ro‘y beradi. Shuning uchun ham guruhlar muammosi, uni o‘rganish va guruhlarning shakllanishiga oid ilmiy xulosalar chiqarish sotsial psixologiyaning asosiy mavzularidan va muammolaridan biridir. Psixologik ma’noda guruh bu umumiy belgilar, umumiy faoliyat, muloqot hamda umumiy maqsad asosida birlashgan kishilar uyushmasidir. Demak, olimlar guruhi tashkil topishi uchun albatta qandaydir umumiy maqsad yoki tilaklar, umumiy belgilar bo‘lishi shart. Masalan, talabalar guruhi uchun umumiy narsalar ko‘p (o‘quv faoliyati, bilim olish, yoshlarga xos birliklar (o‘spirin yoshlar), ma’lum o‘quv yurtida ta’lim olish istagi va hokazo. Ko‘chada biror tasodif ro‘y berganligi uchun to‘plangan kishilar uchun ham umumiy bo‘lgan narsa bor bu qiziquvchanlik bo‘lib o‘tgan hodisaga guvohlik, unga umumiy munosabatdir. Guruhni alohida shaxslar tashkil etadi, lekin har bir guruh psixologiyasi uni tashkil etuvchi alohida shaxslar psixologiyasidan farq qiladi va o‘ziga xos qonuniyatlarga bo‘ysunadi. Ayni shu qonuniyatlarni bilish esa turli tipli guruhlarni boshqarish va ana shu guruhlarni tashkil etuvchilarni tarbiyalashning asosiy mezonidir. Hamkorlikdagi faoliyatda zaruriyat tufayli inson boshqa kishilar bilan birlashishi, ular bilan munosabatga kirishishi, aloqa o‘rnatishi, o‘zaro tushunishga erishishi va kerakli axborotni olishi, shunga mos javobni berishi kerak. Bunda muloqot faoliyatning bir tomoni, uning axborot aspekti – kommunikatsiya sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq predmet yasash bilan birga inson o‘zi yasagan predmetda o‘zini «translyatsiya» qiladi, ya’ni o‘zini boshqalarda davom ettiradi. Hosil qilingan predmet (qurilgan bino, yozilgan qatorlar, o‘tqazilgan daraxt) bir tomonidan faoliyat predmeti, ikkinchi tomondan inson o‘zini ko‘rsatadigan vositadir. Chunki bu boshqa kishilar uchun hosil qilingan. Shunday qilib, faoliyat muloqotning bir qismi, uning tomoni; muloqot faoliyatning bir qismi va tomonidir. Lekin muloqot va faoliyat barcha hollarda yaxlit (buzilmas) birlikni tashkil etadi. Til muomala vositasidir. Til muomalaga kirishuvchilar o‘rtasidagi kommunikatsiyani ta’minlaydi, chunki uni axborot beruvchi ham, uni qabul qiluvchi ham birday tushunadi. Boshqa kishiga axborot beruvchi (kommunikator) va uni qabul qiluvchi (retsipiyent) muloqot jarayonida bir xil tildan foydalanishi kerak, aks holda bir-birini to‘g‘ri tushunolmaydi. Axborot almashishda bola onasiga savollar beradi va ular unga javob beradilar, bu javoblardan bola o‘z faoliyatida keyinchalik foydalanadigan umumiy bilimlarning faqat ozgina qismini oladi. Umumiy bilimlarning bu ozginagina qismini bola til shaklida, til yordamida so‘z belgilari tizimida hosil qila oladi. Maktabda ham xuddi shunday bo‘ladi, o‘quvchi olam haqida barcha bilimlarni o‘qituvchining tushuntirishidan yoki darslikdan, ya’ni til yordamida o‘zlashtiradi. Bu yerda til o‘zining muhim vazifalaridan birini bajaradigan, ya’ni yashash vositasi sotsial-tarixiy tajribani berish va o‘zlashtirish vositasi tarzida namoyon bo‘ladi. Ikkinchidan, har bir alohida odamning ish-harakati va faoliyatini ko‘pincha sotsial qiymatga ega bo‘lmagan o‘zga kishilarning bevosita tajribalari belgilaydi. Masalan, men oshxona tomon yo‘l olaman. Yo‘lda o‘rtog‘im uchrab menga: «oshxona yopilgan», deydi. Shu paytda bu xabar mening faoliyatimni ma’lum bir tarzda boshqaradi: men qayrilib, boshqa oshxona tomon jo‘nayman. Bu yerda til o‘zining boshqa muhim vazifasi bilan, ya’ni vosita yoki kommunikatsiya usuli yoki odamning xatti-harakatlarini boshqaruvchi bir vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Har qanday kommunikatsiya, har qanday munosabat suhbatdoshiga ta’sir qilishdan iboratdir. Uchinchidan, har bir alohida odamning ish-harakatlari va faoliyatlarini har bir ayrim kishilarning shaxsiy tajribasi belgilaydi. Odamning «shaxsiy» tajribasi, o‘z individual tajribasi, boshqa kishilarning tajribalari va sotsial tajribaning o‘ziga xos aralashmasidan iborat. Odam hayvondan farqli o‘laroq, o‘z harakatlarini rejalashtira oladi. Bunday rejalashtirishning va umumiy fikriy masalalarni hal qilishning asosiy quroli tildir. Bu yerda biz tilning uchinchi vazifasi aqliy faoliyatning (idrok, xotira tafakkur, xayol) quroli sifatidagi vazifasiga to‘qnash keldik. So‘z belgilar tizimi sifatida tildan nutq faoliyatida foydalaniladi. O‘rtog‘ining boshiga tushgan kulfatdan xabar topib, unga hamdardlik bildirayotgan suhbatdoshi nutqsiz kommunikatsiya belgilarini ishlatadi: yuzlarini g‘amgin tutadi, past ohangda, qo‘llarini yuziga yo peshonasiga qo‘ygan va boshini chayqagan holda chuqur xo‘rsinib gapiradi va h.k. Muloqot murakkab jarayon bo‘lganligi uchun ham ayrim olingan muloqot shaklini tahlil qilganimizda, unda juda xilma-xil ko‘rinishlar, jabhalar va qismlar borligini aniqlashimiz mumkin. G.M.Andreyeva muloqotning quyidagi tuzilishini taklif etadi: 1. Muloqotning kommunikativ tomoni (ya’ni, muloqotga kirishuvchilar o‘rtasidagi ma’lumot va axborotlar almashinuvi jarayoni) 2. Muloqotning interaktiv tomoni (ya’ni, muloqotga kirishuvchi tomonlarning bir-birlarining sotsial xulq-atvoriga ta’sir ko‘rsatish jarayoni) 3. Muloqotning persepsiv tomoni (ya’ni, muloqotga kirishuvchi tomonlarning bir-birlarini idrok etishlari va tushunishlari bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab psixologik jarayon). Guruhlarning turlari ko‘p, shuning uchun ham ularni turli olimlar turlicha klassifikatsiya qiladilar. Bizning nazarimizda, G.M.Andreyevaning «Sotsial psixologiya» darsligidagi klassifikatsiya guruhlarning asosiy turlarini o‘z ichiga qamrab olgan. U har qanday kishilar guruhini avvalo shartli va real guruhlarga bo‘ladi. Real guruhlar aniq tadqiqot maqsadlarda to‘plangan laboratoriya tipidagi hamda tabiiy guruhlarga bo‘linadi. Download 132.2 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling