Tadqiqotchi XX asr oxiri – XXI asr boshi oʻzbek adabiy jarayoni rivojlanishining quyidagi tendensiyalarini koʻrsatib oʻtadi:
1) realistik va modernistik poetikaning yagona badiiy maydonga birlashishi;
2) ijtimoiy-shaxsiy muammolardan shaxsiy-maishiy muammolarga koʻchish;
3) yangicha mifologik yozish uslubini yaratgan ramzlardan foydalanish (bu ramzlar Sharqning oʻziga xos xususiyatlari va milliy anʼanalariga (masalan, zardushtiylik obrazlari, xalq asotirlari va shu kabilar) asoslangan);
4) “moʻjizaviy realizm” tendensiyalariga moyillik;
5) real voqelikning sunʼiy inʼikosi boʻlgan, “abadiy olam” yaralishi haqidagi diniy-afsonaviy model elementlari syujetdan tashqari unsurlar sifatida “purkab qoʻyilgan” asarlar, shuningdek, reallik va afsonaviylik oʻrtasidagi syujet chegaralari boʻlmagan, syujet liniyasi turli xil afsonaviy tuzilmalar (afsona, rivoyat, hikoyat) bilan uygʻunlashgan asarlarning yaratilishi;
6) “… oʻzgacha koʻrinishdagi tahliliy psixologizm”ni vujudga keltirgan chuqur majozlashtirish tendensiyasi.
G. Garipova xulosa oʻrnida “oʻzbek ijodkorlari oʻz asarlariga modernizm va neorealizm elementlarini olib kirishdi” va “adabiy jarayon rivojlanishidagi yetakchi yoʻnalishlardan biri realizm oqimidir” degan ikki gʻoyani ilgari suradi.
Zamonaviy adabiy jarayonda turlicha uslublar, janrlar va bugungi voqelikni haqqoniy aks ettira oladigan tasviriy-ifoda vositalarining yangilanishi bilan ifodalanuvchi gʻoyaviy-estetik tendensiyalarning paydo boʻlishi shu bilan izohlanadi. Mazkur tendensiya oʻzining axloqiy-gʻoyaviy tayanchlarini oʻzbek xalqining shonli oʻtmishidan izlaydi.
Taʼkidlash kerakki, oʻzbek ijodkorlari Gʻarb adabiyotidagi hodisalardan nusxa koʻchirmay yoki ularga taqlid qilmay, milliy anʼanalar va zamonaviy oʻzbek adabiy jarayoni taraqqiyotining ichki qonuniyatlariga tayangan holda ularni oʻzlashtirmoqdalar. Masalan, Nazar Eshonqul oʻzining “Muolaja”, “Bevaqt chalingan bong”, “Istilo”, “Tobut” kabi asarlarida arxitiplarga, motiv-obrazlar, topos-obrazlarga murojaat etadi, oʻzbek millatining oʻziga xos xususiyatlari va Sharq psixologiyasini aks ettirarkan, montaj usulidan foydalanib, alohida mavjud boʻlgan hodisalarni yaxlit voqelikka aylantiradi; Omon Muxtor “Maydon” romanida adabiy uslub va tasvir predmeti sifatida “dialog oʻyini”dan va muallif majozlaridan foydalanadi; Erkin Aʼzam oʻzining “Chapaklar va chalpaklar mamlakati” qissasida shartli-fantastik usulni, asarni rivoyat janriga yaqinlashtiruvchi ramz va majozlarni tanlaydi; Xurshid Doʻstmuhammad “Bozor” romanida inson ongining turfa shakli – falsafiy mushohadaga, xalq donishmandligiga murojaat qiladi.
E’TIBORINGIZDAN XURSANDMIZ!
http://fayllar.org
Do'stlaringiz bilan baham: |