Mavzu: Markaziy Osiyoda shakllangan tasavvuf taraqqiyoti va diniy milliy qadriyat


Download 88 Kb.
bet3/4
Sana17.02.2023
Hajmi88 Kb.
#1206384
1   2   3   4
Bog'liq
Markaziy Osiyoda shakllangan tasavvuf taraqqiyoti va diniy milliy qadriyat

Kubraviya tariqati. Najmiddin Kubro - tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning hayoti, karomatlari, saxovatu qahramonliklari haqida el orasida ko‘plab afsona va rivoyatlar mavjud. Xalqimiz o‘zining bu aziz va tabarruk farzandini e’zozlab, asrlar davomida nomini xotirasida saqlab kelmoqda. Tasavvufga oid manbalarda ham Najmiddin Kubroning ishlari, martaba va mo‘‘jizalari haqida so‘z boradi. Man’balarning mualliflari, odatdagiday, shayxning tarjimai holini qisqacha ma’lumotlar berish bilan kifoyalangan holda, ko‘proq ul zotning ko‘rsatgan karomatlarini bayon etish, ustozlari kimligini aytish va tariqatdagi nisbat - silsilasini aniqlashga e’tibor berganlar. CHunonchi, Doroshukuhning "Safinat ul-avliyo", Rizoqulixon Hidoyatning "Riyozul orifin", Mavlavi G‘ulom Sarvar Sohib Lohuriyning "Xazinat ul-asfiyo", Hoji Xalifaning "Tuhfat ul-fuqaro", Abdurahmon Jomiyning "Nafahot ul-uns", Davlatshoh Samarqandiyning "Tazkirat ush-shuaro", Hamdulloh Qazviniyning "Tarixi go‘zida", Sulton Husayn bin Sulton Mansur bin Boyqaroning "Majolis ul-ushshoq", Mavlono Minhojiddinning "Tabaqoti Nosiriy" nomli kitoblarida Najmiddin Kubroning hayoti, so‘fiylik tariqati va faoliyatiga oid ma’lumotlar keltirilgan. Atoqli sharqshunos olim E.E.Bertels xorazmlik ulug‘ shayxning tarjimai holini o‘rganish sari birinchi qadamni qo‘yib, man’balardan Najmiddin Kubro ruboiylarini yig‘ib e’lon qilgan va shayx haqidagi bir qadimgi o‘zbekcha qissani mazmunan qisqacha bayon qilib bergan edi (E.E.Ber-tels. Sufizm i sufiyskaya literatura.1965, 324 — 334-betlar).
Najmiddin Kubro 1145 yilda Xiva shahrida dunyoga keladi. Uning asli ismi Ahmad bin Umar Muhammad al-Xevaqiy al-Xorazmiy bo‘lib, "Najmiddin", "Kubro", "Abuljannob", "Valiytarosh" so‘zlari bu zoti mukarramning laqab, unvon va kuniyatidir. Qayd etish joizki, bizning ota-bobolarimiz ulug‘ insonlarni martaba va darajasiga munosib ravishda ulug‘ nomlar bilan sharaflab tilga olishni odat qilgan edilar. Ularning o‘z ismini qo‘yib, laqab va unvonlar bilan el og‘zida mashhur bo‘lishiga sabab shudir. Abdurahmon Jomiyning "Nafahot ul-uns" asarida qayd etilishicha, Ahmad yoshligidan ilm-donishga qiziqqan qobiliyatli kishi bo‘lgan ekan. U Islom asoslari, shariat ilmlarini juda tez o‘zlashtirib olib, Xorazmning manman degan ulamolaridan o‘zib ketadi va ilm balosi degan laqabni oladi. Buning yoniga "Najmiddin" — "dinning yulduzi" degan martaba-unvon qo‘shilib, Ahmad bin Umar shundan keyin Najmiddin Kubro nomi bilan mashhur bo‘lib ketadi. "Abuljannob" so‘zi esa Najmiddin Kubroning kuniyatidir, mazkur so‘zning ma’nosi dunyodan parhez qilgan taqvodorning otasi demakdir, boshqacha qilib aytganda, shayxning taqvo va tavba posboni ekanligiga ishoradir. Jomiy hazratlari yozadilarki, Najmiddin Kubro Iskandariya shahrida muhaddis ulamolaridan hadis ilmini o‘rganib qaytayotganida, yo‘lda bir kecha hazrati Payg‘ambarimizni tushida ko‘radi va ul zotga murojaat qilib, "menga kuniyat bag‘ishlang" deydi. Hazrati Payg‘ambar Najmiddinga: "Sening kuniyating Abuljannob - dunyodan ijtinob, parhez etuvchi bo‘ladi", deb marhamat qiladilar. Aytishlaricha, Najmiddin shu bashoratdan keyin tasavvufga yuz o‘girib, o‘ziga munosib piri murshid qidirishga kirishadi.
"Valiytarosh" laqabiga kelsak, bu so‘zning ma’nosi valilarni tarbiyalovchi demakdir. Zero, Najmiddin Kubroning nafaslari, nazarlari shunchalik zo‘r bo‘lganki, qalblarida ilhom-vajd jo‘sh o‘rgan paytda kimga nazarlari tushsa, u valiylik martabasini topar ekan.
Najmiddin Kubro taxminan o‘n olti-o‘n etti yasharligida Vatani Xorazmni tark etib, tahsilni chuqurlashtirish maqsadida Eron, Misr, SHomu Iroq mamlakatlarini kezadi.Uning ilmga chanqoq qalbi hech tinch qo‘ymas, qaerdaki biror nomdor olimning ovozasini eshitsa, darhol yo‘lga tushar, goh piyoda, goh ot-ulov yoki tuyada haftalab, ba’zan oylab yo‘l bosar, qidirgan kishisini topib, undan sidqidildan saboq olardi.Va agar ko‘ngli to‘lmasa, ijozat olib, yana yo‘lga tushardi. SHayxning shogirdi Rukniddin Alouddavlaning xotirlashicha, Najmiddin Kubro Hamadon shaxrida katta bir alloma huzurida hadis ilmini o‘rganayotgan chog‘ida Iskandariya shaxrida "oliy sanadlar bilan hadis biladigan" boshqa bir muhaddis borligini eshitib, Hamadondagi ustozdan ruxsat olib, zudlik bilan Iskandariyaga qarab jo‘naydi va bir oy u erda ilmini puxtalab, ustoz allomadan "ijozat" xati olib orqasiga qaytadi.
SHu tariqa Najmiddin Kubro Bag‘dod, Tabriz, Nishopur, Tus, Dizful shaharlaridagi atoqli olimlardan shariat ilmlari, hadis va tafsirni chuqur o‘zlashtirib, donishmand inson bo‘lib etishadi. Lekin Najmiddin egallagan ilmlar bo‘lg‘usi ulug‘ shayxga hali etarli emas edi. Najmiddin Kubro qalbida ruhiy-ma’naviy kamolotga, g‘ayb asrori, karomat va kashfu hol ilmi hisoblanmish tasavvuf ta’limotiga ishtiyoq zo‘r edi. SHu bois u shariat ilmlarini o‘rganish barobarida tariqatdan ham xabardor bo‘lishga intilib, qator shayxlar, darveshlar suhbatida bo‘ladi. Manbalarning guvohlik berishicha, Najmiddin Kubro ilk daf’a Misrga borib, SHayx Ro‘zbehon al-Vazzon Misriy(1189 yilda vafot etgan)ga murid tushadi. Bir necha yil SHayx Ro‘zbehon rahbarligida tariqat odobini o‘rganadi, shayxning qiziga uylanadi.SHayx Ro‘zbehon Najmiddinni farzandiday yaxshi kurib, g‘amxo‘rlik qilgan. Ammo betoqat Najmiddin yana safarga chiqadi va Tabrizga qaytib kelib, Abumansur Hafdah oldida "SHarh as-sunna" kitobi bo‘yicha hadis o‘rganishni davom ettiradi. Najmiddin Kubroning hayotidagi burilish shu erda boshlanadi.CHunki u Tabrizda Bobo Faraj ismli bir "majzub" ("devona") darvesh bilan uchrashib qoladi.Bobo Farajning karomatlari ta’sirida ulamolar bilan suhbatni butunlay tark etib, astoydil sulukka beriladi, botiniy olamni ravshanlashtirish uchun piri murshid qidirishga tushadi. Ammo, Abdurahmon Jomiyning maxsus ta’kidiga binoan, Najmiddin Kubro "donishmand kishi bo‘lganligi va hech kimga bo‘yin egmaganligi" sababli munosib piri murshid topishga qiynalardi. Bovujud u Hamadonda SHayx Ammor YOsir(1187 yilda vafot etgan) huzuriga borib, uning xizmatida bo‘ladi. Ammor YOsir uni SHayx Ismoil Qasriyga tavsiya etadi. Ismoil Qasriy(1183 yilda vafot etgan) Najmiddindagi takabburlik zohiriy ilmlarga bino qo‘yish maylini sindirib, ma’naviy-ma’rifiy kamolot bosqichlariga ko‘tarilishga yordam beradi. Najmiddinda botiniy ajoyibot paydo bo‘lib, valiylik alomati ko‘ringach, SHayx Ismoil unga irodat xirqasi (yoki "xirqai asl") kiydirib, Xorazmga qaytib borib, u erda tariqatni joriy etishni tavsiya qiladi.
Najmiddin SHayx Ismoil qo‘lidan "irodat xirqa-si"ni olgach, Misrga boradi. SHayx Ro‘zbehon uni yana bir marta imtihon qilib, tasavvuf ilmi va tariqat odobini nozik jihatlarigacha o‘zlashtirganiga qanoat hosil qilgach, endi yurtingga borib, bu ta’limotni yoyishing mumkin deb yozma hujjut — "ijozat" xati(diplom) beradi. Najmiddin pirining maslahatiga ko‘nib, oilasini olib Xorazmga keladi. "Nafahot ul-uns" asarida esa, bu ma’lumotlarning tartibi bir oz boshqacha: Najmiddin avval Dizfulda SHayx Ismoil xizmatida bo‘ladi, shayx uni Ammor YOsirga tavsiya etadi. Ammo YOsir ham uning tarbiyasida mushkullik ko‘rib, SHayx Ro‘zbehon oldiga jo‘natadi va Ro‘zbehon Najmiddinni tarbiyalab, qaytarib Ammor YOsir oldiga yuboradi ("har qancha mis yuborsang, oltin qilib jo‘nataman"). Ammor shundan keyin Najmiddinning kamolotida etuklik ko‘rib, Xorazmga yo‘llanma beradi.
Har holda, avval qaysi shayxning tarbiyasini olgan, degan masala muhim bo‘lmasa kerak. Muhimi shuki, Najmiddinning buyuk so‘fiy shayx bo‘lib etishishida mazkur uch najib inson - Ro‘zbehon Misriy, Ammor YOsir va Ismoil Qasriylarning xizmati singgan.
Najmiddin Kubro Xorazmga 1185‑ yilda qaytib keladi. Demak, bu vaqtda u qirq yashar bo‘lib, yigirma besh yildan ortiq umrini ilm tahsiliga bag‘ishlagan edi. Etuklik komillik yo‘li mana shunday og‘ir va mashaqqatlidir. U Xorazmga qaytgach, katta xonaqoh qurdirib, tariqatda yangi bir maktab — yo‘nalish hisoblanmish kubraviya silsilasini asosladi. Uning qo‘li ostida yuzlab odamlar tarbiyalanib, islom ma’rifatidan, ilohiy irfondan bahramand bo‘ldilar. Najmiddin kishilarni ezgulikka, ilmga, saxovat va mardlikka da’vat etdi. Muridlari orasidan SHayx Majdiddin Bag‘dodiy, SHayx Sayfiddin Boharziy, SHayx Sa’diddin Hamaviy, SHayx Rukniddin Alouddavla singari musulmon olamiga nomi ketgan valiy insonlar etishib chiqqanlar.
Najmiddin Kubro tasavvufning buyuk amaliyotchilaridan biridir, ungacha Xorazm xalqi ushbu ta’limotdan bebahra edi. Najmiddin valiylik kamoloti, tariqat riyozati va o‘zini o‘zi poklash, ma’naviy etuklikka intilishni urfga - an’anaga aylantirdi.
Najmiddin Kubro tasavvuf nazariyotchisi hamdir.Uning nazariy qarashlari, fikrlari, kiritgan yangiliklari haqida hali to‘xtalamiz. Bu erda shuni qayd etmoqchimizki, ulug‘ shayx amaliy faoliyati xulosalarini "Favoyihul jamol va favotihul jalol"("Jamol xushbo‘yliklari va jalolning kashfi"), "Al-usul al-ashara"("O‘nta usul") nomli kitoblarida jamlab tasnif etgan. Hoji Xalifa Najmiddin Kubroning arabcha asarlari sonini sakkizta deb ko‘rsatadi. SHayxning fors tilida yozgan "Fi odobus solikin"("Soliklar odobida") nomli risolasi ham bor.
Najmiddin Kubro 1221‑yilda CHingizxon to‘dalariga qarshi jangda shahid bo‘ladi. Dushman Xorazmga yaqinlashganda, Muhammad Xorazmshoh qochib ketgan, lashkar parokanda edi. SHayx muridlarini jamlab, ularga qarab bunday deydi: "Mashriqdan kelgan bu balo Mashriqu Mag‘ribni yakson etadi, yondirib kul qiladi. Sizlar har biringiz o‘z yurtingizga boring, o‘z joningizni asrash payida bo‘ling". Ashob shayxga iltimos qilib dedilar: "Ot-ulovlar tayyor, agar shayx biz bilan hamroh ketishni ixtiyor etsalar, yaxshi bo‘lardi". Bunga javoban SHayx Najmiddin Kubro deydi: "Men bu erda shahid bo‘laman, menga Xorazmni tark etishga ruxsat yo‘q"("Nafahot ul-uns", 405-bet).
Kuffor, ya’ni mo‘g‘ul askarlari Go‘rganjga kirganda, shayx qolgan-qutgan muridlari bilan jangga shaylanadi. U xirqasining ustidan belbog‘ bog‘lab, qo‘yinlarini tosh bilan to‘ldiradi, qo‘liga nayza olib, dushman qarshisiga chiqadi. Kofirlarga qarab tosh ota boshlaydi, bir nechtasini nayza bilan urib yiqitadi.
SHayx Najmiddin Kubro xonaqoxda murid tarbiyalashning o‘ziga xos usullarini ishlab chiqadi, o‘nta talab asosida tariqat manzillarini bosib o‘tish va poklanib, ma’rifatga erishish yo‘llari borligini ko‘rsatadi. "Risola-at-turuq" ("Tariqatlar risolasi" va "Al-usul al-ashara" ("O‘nta usul") nomli kitoblarida so‘fiylar tarbiyasida quyidagi o‘nta talabning muhimligi qayd etiladi: Tavba, Zuxd, Tavakkul, Qanoat, Uzlat, Zikr, Tavajjuh, Sabr, Muroqaba, Rizo.
TAVBA — barcha amallarning boshi. O‘z gunoxlarini anglab, Alloh Taolo oldida tavba qilgan va bundan keyingi hayotini faqat ilohiy ezgulik va xayrga bag‘ishlashga ahd qilgan odamgina tariqatga kira oladi. Tavba qilgan odam bir hayot tarzini tark etib, ikkinchisiga o‘tadi, xulqu xo‘yini, axloqini o‘zgartira boshlaydi, o‘zini anglash sari safarga chiqadi.

Download 88 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling