Nomerlarni bron qilish
Har qanday qulay shaklda, masalan, telefon orqali bron qilish mumkin. Kafolatlangan va kafolatlanmagan bron qilish turlari qo‘llaniladi. Kafolatlangan bron qilishda nomer tashrif buyuruvchi kelishigacha ushlab turiladi. Tashrif buyuruvchi belgilangan muddatdan kechikkan yoki kelmagan, bunda bronni o‘z vaqtida bekor qilmagan hollarda undan nomerning bo‘sh turganligi uchun bir sutkadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lov undiriladi. Bir sutkadan ko‘p vaqtga kech qolganda bron bekor qilinadi. Kafolatlanmagan bron qilishda nomer ma'lum bir soatga bron qilinadi. Belgilangan muddatda mijoz kelmaganda bron bekor qilinadi. Bajaruvchining ichki qoidalarida bron qilishning boshqa turlari ham belgilanishi mumkin.
Tashrif buyuruvchilarni rasmiylashtirish Mehmonxona xizmatlari mehmon tomonidan pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat ko‘rsatilganidan so‘ng taqdim etiladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish yashovchilarni hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturi orqali amalga oshiriladi. Mijozning talabiga ko‘ra joylashtirish vositasi u bilan elektron yoki yozma shaklda shartnoma tuzishi lozim, unda bajaruvchi to‘g‘risidagi ma'lumotlar, taqdim etilayotgan nomer to‘g‘risidagi ma'lumotlar, uning narxi, bo‘lish muddati va h.k. qayd etiladi. Tashrif buyuruvchilarga kecha-kunduz xizmat ko‘rsatilishi ta'minlanadi.
Tashrif buyuruvchilar uchun bepul xizmatlar Mehmonxona xizmatlari haqi har sutkada to‘lanishi yoxud soatbay to‘lov belgilanishi mumkin. Quyidagi xizmatlar bepul ko‘rsatilishi lozim:
• tez yordam va boshqa maxsus xizmatlarni chaqirish;
• tibbiyot dori qutichasidan foydalanish;
• tashrif buyuruvchining nomiga yuborilgan yozishmalarni yetkazib berish;
• ma'lum vaqtda uyg‘otish;
• qaynagan suv, ignalar, iplar, idish-tovoqlar va oshxona anjomlarining bir to‘plamini taqdim etish;
• bajaruvchining ixtiyoriga ko‘ra boshqa xizmatlar.
Mehmonxona nimalar uchun javobgar bo‘ladi Joylashtirish vositasi tashrif buyuruvchining saqlash uchun topshirilgan buyumlarining butligi uchun Fuqarolik kodeksining 899-moddasiga muvofiq javobgar bo‘ladi. Bunda buyumlarning saqlash uchun qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat rasmiylashtiriladi. Bundan tashqari, bajaruvchi tuzilgan shartnoma talablari va shartlariga javob bermaydigan xizmatlarni taqdim etish natijasida tashrif buyuruvchining hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |