Byudjet xarajatlari (бюджетные расходы/Budgetary expenses) – davlat va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vazifa va funksiyalarini bajarish uchun yo‘naltirilayotgan pul mablag‘lari; davlat pul mablag‘lari fondini taqsimlash va uni tarmoq, maqsadli va hududiy yo‘nalishlarda foydalanish yuzasidan vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar.
Byudjetdan moliyalashtirish (бюджетное финансирование/Budgetary financing) – korxona, muassasa,
tashkilotlarga ularning xarajatlarini to‘liq yoki qisman qoplash uchun davlat byudjetidan qaytarilmaydigan mablag‘ larni ajratish.
Byudjetdan tashqari jamg‘armalar (внебюджетные фонды/nonbudget funds) – byudjetdan alohida tashkil etiladigan, maqsadli xususiyatga ega bo‘lgan, umumdavlat yoki mahalliy ahamiyatga molik tadbirlarni moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan mustaqil moliya muassasalari tizimi; davlat tomonidan ba’zi ijtimoiy ehtiyojlar uchun mustaqil ravishda kompleks sarflanadigan jalb etilayotgan moliyaviy resurslarni qayta taqsimlash va ishlatish shakli.
Byudjetni tartibga solish (регулирование бюджета/Budget regulation) – bu turli darajadagi byudjetlar o‘rtasida daromadlar manbasining qonun bilan biriktirilgan taqsimlanishi, ya’ni davlat byudjeti daromadlarini taqsimlash tartibi (turli darajadagi byudjetlar o‘rtasida moliyaviy resurslar qisman qayta taqsimlanishi).
Valyuta birjasi (валютная биржа/stock exchange) – milliy valyutalarning uyushgan bozori. U yerda valyutalar o‘rtasida talab va taklifga ko‘ra shakllangan qadrlanish kursi (kotirovka) bo‘yicha valyutalarning oldi-sotdisi amalga oshiriladi.
Valyuta bozori (валютный рынок/currency market)– chet el valyutasi va chet el pul birliklarida ifodalangan to‘lov xizmatlarini sotib olish, sotish, ayirboshlash operatsiyalari amalga oshiriladigan iqtisodiy munosabatlar sohasi.
G‘aznachilik (казначейство/Exchequer) – davlat byudjetining ijrosini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli moliyaviy organ.
Do'stlaringiz bilan baham: |