Mavzu: Mumtoz adabiy tur va navlari tasnifi hamda tadqiqoti tarixi Reja
Download 172.64 Kb.
|
39-ta mavzu 2-listdan
Mavzu: Qit’a va falsafiy talqin
Qitʼa Navoiy lirikasida alohida mavqega ega boʻlgan janrlardan biridir. U shakliga koʻra gʻazalga yaqin turadi. Undan faqat dastlabki bayt qofiyasining erkinligi bilan farqlanadi. Uning qofiyalanish tartibi a: a, d: a, e: a, f: a,… koʻrinishida boʻladi. Odatda, qitʼaning eng kichik shakli ikki baytdan iborat boʻladi. Qitʼaga aniq chegara qoʻyilmagan. U koʻproq falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-maʼnaviy masalalarni tilga olishi bilan ajralib turadi. Maʼlumki, mumtoz adabiyotda ayrim janrlar (masalan, ruboiy, tuyuq) uchun qatʼiy vaznlar belgilab qoʻyilgan. Qitʼa bu jihatdan ham erkindir. U aruzning istalgan vaznida yaratilishi mumkin. Haq taolo xoni inʼomi-yu karami omi borida oʻzgadin nima tilagonning tamayi xomi-yu zoti nofarjomi Tengri xonin ochuq aqida qilib, Xalqdin roʻziy istagan gumroh Uyladurkim tengiz qirogʻinda Roʻza ochmoqqa kimsa qozgʻoy choh. Eng avval sarlavha mohiyatini anglab olishga harakat qilamiz. Uni “yaratganning dasturxoni tuhfalari-yu umumiy, barchaga barobar karami boʻla turib, boshqa (kishi)lardan biror narsa tilagan (kishi)ning xom tamasi-yu oxiri yaxshilik bilan tugamagan zoti” haqida deb tabdil qilishimiz mumkin. Demak, qitʼa ayrim bandalarning noshukurligi hamda behuda taʼmagirligi haqida. Qitʼa mazmunini aniqroq tasavvur etish uchun har bir misra, har bir soʻz ustida bosh qotirishga toʻgʻri keladi. Bir qarashda unda begona, notanish va tushunarsiz soʻz yoʻqqa oʻxshaydi. Ammo Navoiy qoʻllagan soʻzlarning barchasi ham lugʻatlardagi izohlar doirasiga sigʻavermasligini, qolaversa, sheʼriyatda soʻzlarning oʻz lugʻaviy maʼnolaridan koʻra ancha kengroq mazmun qamroviga ega boʻlishini ham nazarda tutish lozim boʻladi. Agar shu nuqtayi nazardan “aqida” soʻziga eʼtibor qaratsak, uning “ishonch”, “eʼtiqod”, “ixlos”; “tushuncha”, “fikr”, “bilim” maʼnolariga egaligi maʼlum boʻladi. Oʻz-oʻzidan “aqida qilmoq” ham “ishonch hosil qilmoq”, “eʼtiqodli boʻlmoq” maʼnolarini mujassamlashtiradi. Shu maʼnolarnigina nazarda tutib birinchi baytni oʻqisak, maʼnoning yaxlit va butun tasavvur qilish qiyinroq ekanligi ayonlashadi. Agar iboraning “gumon qilmoq” maʼnosiga ham egaligini eʼtiborga olsak, vaziyat oʻzgaradi. “Olloh dasturxonining har doim ochiqligiga gumon keltirib (yaʼniki, yaratganning har doim marhamatli ekanligiga shubhalanib)” tarzidagi talqin mazkur misraning keyingi misra bilan uzviy yaxlitligini koʻz oldimizga keltirishga koʻmaklashadi. Yaʼni haqning marhamatiga emas, balki oʻz rizq-u roʻzi oʻrniga xalq (boshqa bir inson)ning qoʻli bilan beradigan narsalariga umidvor boʻlgan, taʼmagir, yoʻlini yoʻqotgan odam (“gumroh”) obrazini tasavvur qilish qiyin kechmaydi. Ana shunday yaramas qiyofali kimsani kitobxonning koʻz oldiga yanada aniqroq keltirishi uchun bir qiyos tavsiya etiladi, uningoʻxshashi koʻrsatiladi: dengizning qirgʻogʻida boʻla turib, ogʻiz ochish uchun lozim boʻladigan suvni topishga intilayotgan, shu miqdordagi suvni topish ilinjida ayni mana shu yerdan quduq qaziyotgan odam timsoli shu vazifani ado etadi. Uning gumrohligi shu darajadaki, oʻzi dengiz qirgʻogʻida turibdi, yaʼni yaratganning dasturxoni uning uchun ochiq. Buni Allohning chek-u chegara bilmaydigan inoyati, shafqat va marhamati sifatida tushunmoq joiz koʻrinadi. Agar u yoʻlini yoʻqotgan boʻlmasa, oyogʻi ostidagi shuncha narsalarni koʻrmasdan, ularga shukronalar qilmasdan oʻtib ketarmidi?! Uning ustiga qitʼada bilinar-bilinmas kinoya ham mavjud: roʻzadorning ogʻzini ochishi uchun qancha suv kerak boʻladi? Bu bir tomondan, ikkinchidan esa, roʻzador boʻla turib shunchalik ogʻir va mashaqqatli, buning ustiga keraksiz ishga mashgʻul boʻlish oqil-u donolikka kiradimi? Faqat va faqat gumroh – yoʻlini tom maʼnoda yoʻqotgan bechoragina shunday qilishi mumkin. Download 172.64 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling