Mavzu: Mumtoz adabiy tur va navlari tasnifi hamda tadqiqoti tarixi Reja
Mavzu: Bobur g’azallarini aruziy tahlili
Download 172.64 Kb.
|
39-ta mavzu 2-listdan
Mavzu: Bobur g’azallarini aruziy tahlili
Bobur oʻz risolasida ariz bahri haqida maʼlumot keltirar ekan, bu bahrning arab aruzida mavjud emasligini, balki fors shoirlarining ixtirosi ekanligini alohida taʼkidlaydi: “Bu vaznda toziy (arabcha – D. Yu.) sheʼr topmaydurlar. Bu bahrni ajam shuʼarosi paydo qilib maqlubi tavil (tavilning ziddi – D. Yu.) debturlar, ariz ham derlar”.[1] Shuningdek, Bobur ariz bahrining mafoiylun fauvlun mafoiylun fauvlun (chizmasi: V–– – | V–– | V–– – | V–– ) ruknlarining takroridan vujudga kelishi haqida ham aytib oʻtadi. Shu oʻrinda bahrning “maqlubi tavil” deb ham atalishiga toʻxtalib oʻtsak. Maʼlumki, tavil bahri arab aruziga xos boʻlib, fauvlun mafoiylun fauvlun mafoiylun (V–– | V–– – | V–– | V–– – ) ruknlari asosida hosil boʻladi. Agar eʼtibor qaratilsa, ariz bahri aynan shu ruknlarning teskari – oʻrin almashinib kelgan holdagi takroriga asoslanadi, yaʼni arizda avval mafoiylun rukni, soʻng fauvlun rukni keladi. Shu bois ushbu bahr forsiy aruzshunoslikda maqlubi tavil deb atalgan.[2] Shayx Ahmad Taroziy oʻzining “Funun ul-balogʻa” asarida muxtalif ul-ajzo (turli asl ruknlardan hosil boʻluvchi) tarkibiga kiruvchi 32 bahrni sanab oʻtar ekan, bu bahrlar bir-birining aksi, yaʼni teskari holdagi takroridan hosil boʻlishini aytadi: “Bilgilkim, bu oʻttuz ikki bahrkim, muxtalif ul-ajzodur, har ikki bahr bir-birining aksidur…” (151-b.) Taroziy dastavval tavil degan bahr nomini keltirib, uning mafoiylun fauvlun mafoiylun fauvlun ruknlari takroriga asoslanishini taʼkidlab oʻtadi. Bu ruknlarning aksi, yaʼni fauvlun mafoiylun fauvlun mafoiylun tarzida takrorlanuvchi bahr nomini esa jazil deb koʻrsatadi. Bu oʻrinda biz tahlil qilayotgan ariz bahri “Funun ul-balogʻa” asarida tavil nomi bilan kelayotganligini koʻrishimiz mumkin. Arab va fors adabiyotshunosligida tavil nomi bilan mashhur boʻlgan bahr esa jazil nomi ostida berilyapti. Demak, ariz bahri turkiy aruzshunoslikda Bobur risolasidan ilgari ham maʼlum boʻlib, faqat u tavil nomi bilan keltirilgan. Bobur risolaning bahrlar tahliliga doir qismida ariz bahridan hosil boʻluvchi toʻrt mustaʼmal (isteʼmoldagi) vazn haqida maʼlumot berib, bu vaznlarning ikkitasi mustaʼmali matbuʼ (isteʼmoldagi yoqimli) ekanligini taʼkidlaydi. Ulardan biri – arizi musammani solim vazniga oʻzining Labing marjon, tishing dur, xating rayhon, xading gul, Soching anbar, yuzung hur, menging moʻlton, yuzung mul baytini misol qilib keltiradi. Bu bayt shoirning “Devon”ida uchramaydi, mazkur holat Boburning yuqoridagi baytni shunchaki tajriba uchun, tahlil qilinayotgan vaznga misol sifatida yozganligini koʻrsatadi. Ariz bahrining arizi musammani maqbuz (ruknlari va taqtiʼi: mafoilun fauvlun mafoilun fauvlun V–V–| V–– | V–V–| V–– ) vazni uchun esa Toriy taxallusli shoirning Sangaki bargi guldin libos qilsa boʻlgʻay, Gule bu gulshan ichra qiyos qilsa boʻlgʻay bayti keltirilgan, afsuski bu turkiyzabon shoir haqida hozircha manbalarda biror maʼlumot yoʻq. Diqqatni tortadigan jihati, shu oʻrinda arizi musammani musabbagʻ vazni uchun misol sifatida Alisher Navoiydan ham bir bayt keltirilgan. Kuzatishlarimiz asosida maʼlum boʻldiki, ushbu misol shunchaki bir baytli parcha boʻlmay, “Xazoyin ul-maoniy”dan oʻrin olgan gʻazal matlaʼsi ekan. Bobur keltirgan ushbu bayt quyidagicha: Sanoyi zoting ichra topib ajz, ahli idrok, Gahi louhsi aytib zamone “mo arafnok”.[3] Mazkur matlaʼ “Navodir ush-shabob” devoniga 322-raqam bilan kiritilgan boʻlib, mavzusiga koʻra hamd gʻazal hisoblanadi: “Sening zoting va maqtoving taʼrifida ahli idrok ham zaifdirlar, “biz seni yetarlicha anglay olmadik” degan son-sanoqsiz eʼtiroflar senga atalgandir”. Yaratganning buyukligi va bandaning ojizligi bayoni aks etgan ushbu matlaʼ iqtibos sanʼati vositasida ziynatlanib, shohbayt darajasiga koʻtarilgan. Download 172.64 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling