Ma’lumki, xalqning pedagogik qarashlari uzoq asrlar davomida shakllangan va ular bizga alohida qo’llanma-dastur yoxud darsliklar shaklida yetib kelmay, balki asosan xalq og’zaki ijodiga kiruvchi turli janrlardagi asarlar, elshunoslik, qadrshunoslik, udumshunosliklar qatida saqlab qolingan hamda Ollohning so’zi bilan bo’lgan Qur’oni karim va hadisu-shariflarda o’z ifodasini topgan. Demak, xalq pedagogikasi hozirgacha yashovchanligi asosan og’zaki tarzda bo’lib, u har bir avlod unga o’z tajribasini, qarashlarini, fazilatlarini qo’shgan holda bizgacha yetib kelgan. Bugungi kunda esa shu uzoq asrlar davomida ta’lim-tarbiya qo’llanmasi, vositasi bo’lib kelgan xalqning pedagogik qarashlarini to’plash, o’rganish va chop etish vazifasi turibdiki, bu vazifani bajarish yo’qolish arafasiga kelib qolgan milliy qadriyatlarimiz, axloqimiz, urf-odat, rasm-rusumlarimizni, udumlarimizni, an’analarimizni asrab qolish va tiklash uchun nihoyatda zarurdir. - Xalq pedagogikasi asrlar davomida yashab keldi. Ajdod-avlodlarning axloqiy, ma’rifiy shakllanishi va kamolotida, jismoniy barkamolligida hal qiluvchi rol o’ynadi. Oddiy insonlarmi yoxud buyuk allomalar, shunchaki fuqaromi va yo yurt sultonlari, kichik suvoriymi yoki ulug’ sarkardami, baribir xalq tomonidan yaratilgan, amalda bo’lgan xalqona tarbiya an’analariga to’la amal qilgan, unga suyangan, tayangan holda yashasa, faoliyat ko’rsatsa kam bo’lmagan, el-yurt nazariga tushgan, olqishiga sazovor bo’lgan.
- Xalq pedagogikasinnig manbalari ma’lum tarbiyaviy imkoniyatlarga ega bo’lib, ular eng avvalo maktabning (yoki oilaning) oldida turgan maqsad va vazifalaridan, so’ngra esa aniq pedagogik jarayonda hal etiladigan masalalaridan kelib chiqadi. Xususan, o’quv jarayonida yoki sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlarda xalq pedagogikasining tarbiyaviy imkoniyatlariga murojaat etish mumkin.
- Masalan, boshlang’ich sinflarda, aniqrog’i 3-sinfda o’zbek xalq maqollari o’rganiladi. Mazkur sinf uchun "O’qish" darslaridan birida "O’zbek xalq maqollari" mavzusi bor. Dars jarayonida foydalanish uchun xalq pedagogikasining tarbiyaviy imkoniyatlari aniqlanadi. O’qituvchi xalq tarbiya an’analari imkoniyatlarini aniqlashda darsnpng maqsadlariga e’tibor beradi. YA’ni, "O’zbek xalq maqollari" mavzusidagi darsning quyidagi maqsad va vazifalarini ajratib ko’rsatish mumkin: xalq og’zaki ijodi namunalari bilan tanishtirish, maqollarnii o’rgatish va ular haqida tasavvur hosil qilish; maqollarning mazmunidan foydalanib, o’quvchilarni mehnatsevarlikka, kamtar va odobli bo’lishga, o’zidan kattalarni hurmat qilishga undash; xalq og’zaki ijodi namunalarini to’plash va ularni asrashga chaqirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |