Siyosiy munosabatlar - siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritish va amalga oshirish bilan bog‘liq holda jamiyatda qaror topadigan munosabatlar. Siyosiy munosabatlar siyosiy tizimning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi to‘g‘ri va aylanma aloqalarning tuzilmaviy asosini o‘zida ifodalaydi.
Siyosiy tamoyillar va me’yorlar ham siyosiy tizimnint tarkibiy qismi hisoblanadi va amalda siyosiy tizim doirasidagi siyosiy munosabatlarni tartibga soladi. Siyosiy rejimlar bir-biridan qanchalik farqlansa (masalan, avtoritarizm va demokratiya), tegishli siyosiy tizimlar faoliyatining asosida yotadigan tamoyil va me’yorlar ham o‘zaro shunchalik farqlanadi.
Siyosiy tamoyillar va me’yorlar konstitutsiya, qonun va kodekslar orqali mustahkamlanadi. Ular siyosiy munosabatlarga katta jo‘shqinlik bag‘ishlab, ularni tartibga soladi.
Siyosiy ong qonunlar va siyosatni amalga oshirish mexanizmlarini bilish imkonini beradi, insonning atrof-muhitga va siyosiy hayotga munosabatini shakllantiradi, davlat siyosatining maqsad va mazmunini tushunishga yordamlashadi, siyosiy tizimning qolgan barcha tizimlarini mo‘tadillashtiradi. Siyosiy ong — siyosatning sub’ektiv mezoni. Siyosiy faoliyatni aks ettirish darajasi va shakllariga ko‘ra siyosiy ong tuzilishida dialektik jihatdan o‘zaro bog‘liq ikki daraja — nazariy mafkuralashtirilgan va oddiy darajalar farqlanadi28.
Siyosiy madaniyat jamiyatda mavjud siyosiy tizimning tayanchi bo‘lib xizmat qiladi, aholining barcha qatlamlarini birlashtirish (yoki ajratish) imkonini yaratadi va bu bilan hokimiyatni qo‘llab-quvvatlash uchun keng ijtimoiy zamin tayyorlaydi yoki bunga nisbatan aksincha holat yuz beradi. Siyosiy madaniyat, shuningdek tizimga nisbatan rivojlanishda qadriyat-odatlar ustunligi va talablarini taqozo qiladi.
Siyosiy madaniyat — jahon umumiy madaniyatining ajralmas tarkibiy qismi. Tarixiy-siyosiy rivojlanish jarayonida xalqlar siyosiy tajriba orttiradilar. Mazkur tajriba ta’sirida insonlarda siyosiy ong shakllanadi. Odamlarning siyosiy ongi esa, o‘z navbatida, ijtimoiy tabaqalar, xalqlarning siyosiy xulq-atvorini belgilaydi. Binobarin siyosiy madaniyat uch jihatning, ya’ni tarixiy-siyosiy tajriba, siyosiy ong va siyosiy xulq-atvorning mushtarakligidir29.
Do'stlaringiz bilan baham: |