Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari


Download 0.89 Mb.
bet9/118
Sana18.10.2023
Hajmi0.89 Mb.
#1707669
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   118
Bog'liq
Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari

Siyosatning sotsiologik ta’riflari sotsiologik yondashuvga asoslanadi. Ularda siyosat boshqa ijtimoiy hodisalar: iqtisodiyot, ijtimoiy guruhlar, huquq, axloq, madaniyat, din orqali tavsiflanadi.
Siyosatning iqtisodiy ta’riflari siyosatni iqtisodiy bazis ustidagi ustqurma, iqtisod ehtiyojlari, manfaatlarining jamlangan ifodasi sifatida tavsiflaydi. Bu holatda siyosat ijtimoiy hayotning o‘ziga xos sohasi sifatida o‘zining mustaqilligidan mahrum bo‘ladi. Faqat nisbiy, cheklangan mustaqilligini saqlab qoladi. Umuman, siyosatning mazmuni uning subektlari irodasiga boG‘liq bo‘lmagan obektiv iqtisodiy qonunlar bilan belgilanadi. Siyosatni iqtisodiy determinizm nuqtai nazarida ta’riflashda faqat uning muhim manbalaridan biriga e’tibor qaratiladi. Bu konsepsiyalar, odatda, siyosatga iqtisodiy ehtiyojlarning ta’sirini haddan ziyod bo‘rttiradi, mutlaqlashtiradi, uning mustaqilligini etarli baholamaydi.
Siyosatni sotsiologik ta’riflashning muhim tarkibiy qismlaridan biri - stratifikatsiya talqinlaridir. Bunda siyosat muayyan ijtimoiy guruhlar: sinflar va millatlarning (marksizm) yoki manfaatdor guruhlarning (A. Bentli, D.Trumen va boshqalar) raqobati sifatida talqin etiladi. Sinflar o‘rtasidagi kurash sifatidagi siyosatning markscha talqini hozirgi dunyoda ko‘p jihatdan o‘zining ta’sirini yo’qotgan bo‘lsa-da, manfaatli guruhlar nazariyasi esa keng tarqalgandir. Jumladan, u hozirgi ilg‘or, mamlakatlarda siyosatni ijtimoiy manfaatlarning balansini, muvozanatini ta’minlovchi turli-tuman manfaatdor guruhlar raqobati sifatida talqin etuvchi demokratiyaning pluralistik konsepsiyalarida o‘z ifodasini topgandir.
Siyosiy fikrning rivojlanishi tarixida, shu jumladan hozirgi zamon nazariyotchilarining asarlarida siyosatning huquqiy konsepsiyalari keng o‘rin olgan. Ular siyosatni, davlatni huquqdan, avvalambor, ommaviy huquq, davlat qonunlari va faoliyatining asosida yotuvchi insonning tabiiy huquqlaridan kelib chiqadigan hodisa, deb hisoblaydilar. Siyosatning huquqiy konsepsiyasi Spinoza, Gobbs, Lokk, Russo, Kant kabi ko‘zga ko‘ringan mutafakkirlar tomonidan asoslab berilgan ijtimoiy shartnoma nazariyalari yaqqol misol bo‘la oladi. Bu nazariyalarning ma’nosi siyosatni, avvalo, davlatni har bir insonga tug‘ilgandan xos bo‘lgan fundamental huquqlar: yashash, erkinlik, xavfsiz bo‘lish, mulkka egalik qilish va boshqalarni muhofaza qiluvchi maxsus faoliyat sifatida talqin etishdan iboratdir.
Hozirgi zamon ilmiy adabiyotlarida siyosatning huquqiy konsepsiyalariga qarama-qarshi bo‘lgan nazariyalar ham keng o‘rin olgandir. Ular huquqni siyosatning mahsuli, uni amalga oshirishning muhim vositasi, barqaror ijtimoiy-siyosiy tartibni o‘rgatishning instrumenti sifatida olib qaraydilar. Huquq davlat tomonidan yaratiladi va siyosiy irodaga va davlat tomonidan maqsadga muvofiqligiga asoslanadi.
Siyosatning huquqiy talqini, uning axloqiy ta’rifiga bevosita qo‘shilib ketadi. Bu tabiiy huquqning davlatga qadar inson hamjamiyatining axloqiy prinsiplari shaklida yashashni tan oluvchi konsepsiyalarida yaqqol ko‘rinadi. Umuman, siyosatning me’yoriy ta’riflari uning sotsiologik talqin etishning muhim yo’nalishi hisoblanadi. Ularda qo‘llaniladigan me’yoriy yondashuv siyosatni ideallardan, qadriyatlardan, u amalga oshirishi zarur bo‘lgan maqsad va me’yorlardan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqishni taqazo etadi. Bu nuqtai nazardan tahlil etilganda, siyosat – umumiy farovonlikka erishishga qaratilgan ijtimoiy faoliyatdan iboratdir. Uning oliy qadriyati-adolat, tinchlik, erkinlik va umumiy farovonlikka xizmat qilishdir, me’yorlari unga erishishga olib boruvchi aniq qoidalar, qonunlardir.
Siyosatning me’yoriy talqini qadimdan paydo bo‘lgan. Qadimgi dunyoning buyuk mutafakkiri Arastu siyosatni inson faoliyatining oliy shakli, deb hisoblagan edi. Chunki, bu orqali kishilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda adolat qaror topadi, jamiyatning va har bir kishining farovonligiga erishiladi. "Adolat, - deb yozgan. edi u, faqat siyosiy hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, chunki, siyosiy tuzumning barchasi huquqqa borib taqaladi".
Siyosatning me’yoriy talqinlari ham kuchli, ham zaif tomonlariga egadir. Ularning kuchli tomoni, qadr-qimmati shundaki, siyosatda ko‘rinishi lozim bo‘lgan insonparvarlik ideali o‘z ifodasini topadi. Bunday ideal siyoat ishtirokchilarini ijtimoiy foydali xulq-atvorga yo’naltiradi. Shu bilan birga, me’yoriy yondashish ko‘p qirrali, har doim ham aniq bo‘lmagan ijtimoiy farovonlikni turli talqin qilish imkoniyatiga yo’l qo‘yadigan kategoriyalar bilan ish ko‘‘radi. Shu bilan turli siyosiy kuchlarning g‘arazli manfaatlarini niqoblash uchun zamin yaratadi. Ushbu yondashuvning zaifligi siyosatni umumiy farovonlikka erishish faoliyati sifatida tushunish va siyosatda g‘arazli qarashlar keng tarqalganligi haqida guvohlik beruvchi voqelikda katta tafovutlar mavjudligida ham ko‘rinadi. Bundan tashqari, umumiy farovonlikni ta’minlash bo‘yicha harakatlarning barchasi ham siyosiy bo‘lavermaydi. Ko‘p kishilar ijtimoiy foydali, olijanob ishlarni axloqiy yoki diniy sabablar (motivlar) asosida amalga oshiradilar.
Siyosat ta’riflarining ikkinchi keng tarqalgan guruhi - substantsional ta’riflardir. Bu ta’riflar, siyosatning qanday, birinchi asoslardan, to‘qimalardan tashkil topganligini ochib berishga mo‘ljallaniladi. Ta’riflarning bu guruhida siyosatning bir nechta talqinlari mavjud. Ulardan eng ko‘p tarqalgani - bu siyosatni hokimiyatga: uni egallash, qo‘lda ushlab turish va qo‘llashga qaratilgan harakatlar sifatida talqin qilishdir. Siyosat, bu "hokimiyatda ishtirok etishga yoki hokimiyatning davlatlar o‘rtasidami, davlat ichidagi kishilar guruhlari o‘rtasidami taqsimlanishiga ta’sir ko‘rsatishga intilishdir" - deb yozgan edi M.Veber.
Siyosatga "hokimiyatiy" yondashuv tarafdorlarining ayrimlari o‘zlarining diqqat – e’tiborini hokimiyat uchun kurash va uni qo‘llash san’ati, texnikasi, usullari va vositalariga qaratadilar. Siyosiy fan asoschilaridan biri N.Makiavelli 1515 yildayoq siyosatni hokimiyatga kelish, hokimiyatda turish va uni qo‘llash uchun zarur bo‘lgan vositalar yig‘indisi sifatida tavsiflagan edi.
Siyosatning "hokimiyatiy" ta’riflari uning mohiyatini, muhim yaratuvchilik sifatini aks ettiradi. Bu ta’riflar muassasaviy ta’riflar yordamida aniqlashtiriladi va to‘ldiriladi.
Muassasaviy ta’riflar siyosatni hokimiyat gavdalanadigan, moddiylashadigan, tashkilotlar, institutlar orqali, avvalambor, asosiy siyosiy institut – davlat orqali tavsiflaydi. Siyosat bu holda davlat ishlarida ishtirok etish, davlatning yo’nalishi, davlat faoliyatining mazmuni, vazifalari, shakllarini, aniqlash bo‘lib ko‘rinadi.
Agar siyosatning "hokimlik" va muassasaviy talqinlari uning asoslarini hokimiyatda va uning tashuvchilarini tashkilotlarda ko‘rsatsalar, antropologik ta’riflar esa uning inson tabiatida ildiz otgan chuqurroq manbalarini aks ettirishga urinadilar. Bu nuqtai nazardan, siyosat- kishilarning muomala shakli, insonning jamoa bo‘lib yashash usulidir. Siyosatni antropologik tushunish Arastu tomonidan asoslangan edi. U inson - siyosiy mavjudot, chunki u - jamoaviy mavjudotdir, deb hisoblagan edi. Insonning odatdagi hayoti, uning xilma-xil ehtiyojlarni qondirishi va baxtga erishishi faqat boshqa kishilar bilan muomalada bo‘lgandagina mumkin bo‘ladi. Bunday muomalaning oliy shakli bo‘lib siyosat maydoniga chiqadi. Uning siyosatga qadar bo‘lgan muomala afzalligi shundan iboratki, u davlatda adolat, barcha fuqarolarga bir xil munosabatni gavdalantiruvchi huquq normalari bo‘yicha erkin va teng huquqli kishilarning muomalasidir.
Siyosatning antropologik talqinlari uning ixtilof-konsensus ta’riflari bilan yanada boyitiladi va to‘ldiriladi. Taniqli fransuz siyosatshunosi Moris Dyuverjening fikricha, siyosiy nazariya siyosatning dramatik qarama-qarshi turuvchi talqini o‘rtasida ikkiga bo‘linadi. Birinchisiga binoan, siyosat-ixtilofdir, kurashdir. Unda kim hokimiyatga ega bo‘lsa, o‘sha o‘ziga jamiyat ustidan nazorat qilish va boyliklarni o‘zlashtirishni ta’min etadi. Boshqa nuqtai nazarga binoan siyosat - tartibni boshqarishni va adolatni amalga oshirishga urinishdan iborat bo‘lib, barcha fuqarolarning hamjamiyatga birlashishini ta’minlashni anglatadi.
Siyosatning ixtilofli ta’riflarida asosiy e’tibor siyosatning negizida yotuvchi ziddiyatlarga qaratiladi, uning dinamikasini belgilaydi. Bunday ziddiyatlar nuqtai nazaridan qaralganda, siyosat - ixtiloflarni kuch ishlatish va tinch yo’l bilan hal etish faoliyati sifatida talqin etiladi. Siyosatga umumiy rang-tasvirni ixtilof bersa-da, u, odatda, muayyan konsensussiz, undagi ishtirokchilarning ijtimoiy tartibdan, hokimiyatning qonuniyligini tan olish va qonunga itoat etish zarurligidan, umumiy manfaatdorligiga asoslangan kelishuvsiz mumkin bo‘lmaydi.
Demokratik davlatda siyosat subektlarini birlashtiruvchi omil - konsensusning roli benihoya muhimdir. Bunda nizolarni to‘xtatish va hal etish fuqarolarning aksariyat ko‘pchiligi tomonidan shaxs erkinligi, inson huquqlari, ko‘pchilikning irodasi hamda ozchilikning o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lish huquqi kabi umuminsoniy qadriyatlarni tan olish asosida amalga oshiriladi. Taniqli amerika siyosatshunosi S.F. Xantingtonning ta’kidlashicha, ijtimoiy ixtiloflar bo‘lmagan joyda siyosat bo‘lmaydi, ijtimoiy konsensus, ijtimoiy uyg‘unlik yo’q joyda esa, siyosiy institutlar mumkin bo‘lmaydi.
Siyosatning faoliyatiga oid talqinlar, xususan, siyosiy qarorlar nazariyasida keng qo‘llaniladi. Undan siyosatning teleologik talqinlarida ham foydalaniladi. Bunda siyosat jamoa maqsadlariga samarali erishish faoliyati sifatida qaraladi. Amerika sotsiologiyasining asoschilaridan biri T.Parsons yozishicha, siyosat - yalpi tizimning muayyan elementlari, umumiy maqsadlarga erishishi uchun samarali tashkiliy usullar yig‘indisidan iboratdir.
Siyosatning teleologik ta’riflarida uning ikkala asosi: faoliyatning jamoaviy tabiati va ongli, maqsadga muvofiqlik xarakteri alohida ta’kidlanadi. Siyosatda individlarning xususiy maqsadlari umumdavlat maqsadlari darajasiga "o‘sadi", ko‘tariladi.
Siyosatning teleologik ta’riflari jamiyatni tizimli tahlil etish doirasida keng foydalaniladi. Tizimli nuqtai nazar bo‘yicha, siyosat yaxlit, atrof-muhitdan, jamiyatning boshqa sohalaridan chegaralangan, u bilan uzluksiz o‘zaro aloqada bo‘lgan nisbiy mustaqil tizim, murakkab ijtimoiy organizm hisoblanadi. Siyosiy tizim jamiyatning yashashi va taraqqiyoti to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi va bir qator ijtimoiy ehtiyojlarni qondiradi, ulardan eng muhimi - jamiyatni birlashtirishdir.
Siyosatni o’rganishning turli-tuman usullari va yondashuvlari ichida funksional – maqsadli usul keng tarqaldi. Bu usul jamiyatdagi ijtimoiy hayotda yashashning u yoki bu ma’nolarini izohlab berishga asoslandi. Bu jarayonda siyosat tushunchasi etikaviy maqsadlarni amalgam oshirishning shakli sifatida ta’riflana boshlandi, masalan, “anglab yetilgan adolatga muvofiq boshqarish yoki farovonlikni rivojlantirish” (Platon); yoki “ratsional tafakkurlashni amalga oshirish” (Gegel); “jamiyatdagi kuchlarning ijtimoiy muvozanatini o’rnatish va jamiyatning bir butunligini ushlab turish yoki ayrim kishilarning boshqalar ustudan o’z hukmronligini saqlash vositasi” (Debre); “qadriyatlarni taqsimlash shakli” (Lasvell) yoki “umumiy idoralarni amalgam oshirish” (Russo) va hokazo.
Siyosat haqida nemis olimi M.Veber ham o’ziga xos talqinlarni amalga oshirgan. Uning quyidagi fikri siyosatning mohiyatini oshib berishga yordam beradi: “shu tariqa siyosat atroflicha muhokama qilganda davlar o’rtasidami, davlat ichidami, odamlar guruhlari o’rtasidami, hokimiyatda ishtirok etishga intilish yoki hokimiyatni taqsimlashga ta’sir ko’rsatishga intilish demakdir”.
Siyosatning zamonaviy talqinlari R.Aron asarlarida yanada takomillashdi. U siyosat tushunchasini jamiyatning barcha jabhalari bilan aloqadorlikda tahlil qilishga harakat qildi. U “siyosat” tushunchasini bir-biridan farqlashini chuqur tadqiq etib, quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “birinchi farqlanish shu bilan bog’liqki, “siyosat” so’zi ingliz tiliga har biri o’z mazmuniga ega bo’lgan ikkita so’zga tarjima qilinadi. Inglizlar amalda siyosatni “policy” va “politics” so’zlari bilan ifodalaydi. Fransuzlar unisini ham bunisini ham “siyosat” deb ataydi. Policy – konsepsiya, harakat dasturi, bu holda u harakatda, biro damning, odamlar guruhining, hukumatning hatti-harakati… Shu tariqa, “siyosat” so’zi o’zining birinchi ahamiyatiga binoan – bu dastur, hatti-harakat usullari yoki odam, odamlar guruhi tomonidan biron-bir muammo, hamjamiyat oldida turgan muammolar yig’indisiga nisbatan amalga oshayotgan hatti-harakatning o’zidir. Siyosat ikkinchi ma’noda (inglizcha “politics”) turli siyosiy yo’nalishlarda qarama-qarshi kurashayotgan yoki raqobatlashayotgan (policy ahamiyatiga molik ravishda) ijtimoiy hayot sohasiga taalluqlidir. Siyosat sohasi – bu shaxsiy “policy”ga ega bo’lgan, ichida shaxslar ova guruhlar o’zaro kurashayotgan jamuljamlikdan iboratdir”.
Shu bilan birga, R.Aron siyosatni insonga, insonlararo munosabatlar mavjud bo’lishiga, insonlarni hamjamiyatga uyushib yahsashiga bog’liq holda talqin etadi: “Insonlar o’rtasidagi har qanday o’zaro hatti-harakat hokimiyat mavjud bo’lishini taqozo etadi; shu tarzda siyosatning mohiyati hokimiyatni amalga oshirish va idora etuvchilarni tanlash yo’lidan iboratdir. Siyosat – hamjamiyatning bosh harakterli belgisidir, zero, u insonlar o’rtasidagi har qanday o’zaro hatti-harakatlar shart-sharoitlarini belgilab beradi. Siyosat – avvalambor, yunoncha “politeia” so’zining tarjimasidir. Bu so’z yunon tilida polis rejimi deb atalib, u butun bir hamjamiyatni uyushtirishning ajralib turadigan belgisi, rahbarlikning tashkil etish yo’li mazmunini anglatadigan tushunchadir. Agar siyosat o’z mohiyatiga ko’ra, hamjamiyat tuzumi yoki uni uyushtirish yo’li bo’lsa, uning tor va keng ma’nolardagi xarakterli belgilari namoyon bo’ladi. Siyosat tor ma’noda – bu idora etuvchilarni va hokimiyatni amalga oshirishni belgilab beradigan o’ziga xos tizimdir. Lekin shu bilan bir vaqtda u har bir hamjamiyat ichidagi shaxslarning o’zaro hatti-harakatlarining ro’y berish tarzidir. Siyosatning ikkinchi belgisi birinchisidan kelib chiqadi. Har bir jamiyatning o’z rejimi mavjud, lekin jamiyat rejimlarining turli tumanligini, shunga mutanosib ravishda turli tuman muammolarning paydo bo’lishini tan olmasa o’zini o’zi anglay olmaydi. Endi siyosat – hatti-harakat dasturi va siyosat – soha o’rtasidagi farqlar oydinlashadi. Siyosat o’zining birinchi ahamiyatiga binoan o’zini turli yo’llar bilan namoyon etadi: o’z qo’lida hokimiyatni to’plagan va uni amalga oshirayotgan R siyosati hokimiyatga ega bo’lmagan, lekin unga ega bo’lishdan umidvor bo’lganlar siyosati; o’z siyosiy maqsadlarini amalga oshirishga intilayotgan va o’z shaxsiy usullarini qo’llashga moyil bo’lgan shaxslar yoki guruhlar; va nihoyat, tuzumni o’zini o’zgartirishga intilayotganlar siyosati. Bularning barchasi – gap rejimning ichki vazifalari to’g’risida yoki uning o’zini yashashi bilan bog’liq maqsadlari to’g’risida ketishiga bog’liq holdagi tor yoki global hatti-harakatlar dasturidan boshqa narsa emas. Yuqorida ta’kidlanganidek, siyosat nafaqat ijtimoiy jamuljamlikning bir qismini balki hamjamiyatning butun quyofasini harakterlaydi”.
Hozirgi davrga kelib siyosatshunoslik fanida siyosat tushunchasiga turli nuqtai nazarlarni o’rganish asosida aniqlik kiritish nazariyasi shakllandi. Bu kabi turlicha talqinlar Buyuk Britaniyaning Uebst lug’atida “Siyosat nima?”degan savol asosida quyidagi ta’riflar keltirilgan:

Download 0.89 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   118




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling