Siyosatning bosh maqsadi - jamiyatning faqat iqtisodiy yoki ma’naviy-ma’rifiy sohasini rivojlantirish va moddiy, ma’naviy boyliklarni tobora ko‘proq ishlab chiqarish emas, balki uning beistisno barcha sohalarini taraqqiy ettirish va mustahkam bir butunligini, xavfsizligini, barqarorligini, tinch-totuvligini, osoyishtaligini ta’minlashdan iboratdir. U bu ulkan maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun xilma-xil nazariy va amaliy funksiyalarni bajaradi.
Siyosatning dastlabki va birinchi darajali funksiyasi - jtimoiy muammolarni bartaraf etish va jamiyatning xavfsizligi, barqarorligini ta’minlash va mustahkamlash yo’llarini ko‘rsatib beradigan, ilmiy asoslangan, oqilona dasturlarni, qonunlarni, qarorlarni ishlab chiqishdir. Chunki nazariy sohadagi chalkashlik, noaniqlik, boshboshdoqlik, pala-partishlikka chek qo‘ymasdan, ilmiy asoslangan, oqilona dasturlar, qonunlarni ishlab chiqmasdan amaliyotdagi muammolarni bartaraf etib bo‘lmaydi. Faqat nazariy chalkashlik va boshboshdoqlikni, noaniqlik va pala-partishlikni bartaraf etish, ilmiy asoslangan dasturlarni, qonunlarni, qarorlarni ishlab chiqish orqali ko‘zlangan maqsadlarga erishiladi. Siyosat jamiyatning barcha sohalari uchun taqdirolomon ahamiyatga ega bo‘lgan, to‘g‘ri yo’lni ko‘rsatib beradigan qarorlarni ishlab chiqiladigan sohadir.
Siyosat nafaqat dasturlar, qonunlar, qarorlarni ishlab chiqish, balki ularni qabul qilish funksiyasini ham bajaradi. Chunki dasturlar, qonunlar, qarorlarning ishlab chiqilishi - bu siyosiy hujjatlar degani emas. Ular loyihalardir, xolos. Bu loyihalar - har tomonlama muhokama qilinib, pishitilib, boyitilib, to‘ldirilib qabul qilingandagina siyosiy hujjatlarga, manbalarga aylanadilar. Siyosat - bu siyosiy hujjatlar, manbalar loyihalarini muhokama qilib, har tomonlama pishirib va boyitib qabul qilmoq demakdir.
Biroq, siyosat ijtimoiy muammolarni bartaraf etish va millatlararo, fuqarolararo totuvlikni ta’minlashga doir dasturlarni, qonunlarni, qarorlarni qabul qilish funksiyasini bajarish bilan ham cheklanib qolmaydi. U mazkur hujjatlarning hayotda izchil, qat’iy ijro etilishini ta’minlaydigan amaliy funksiyalarni ham bajaradi. Buyuk mutafakkir Gegel ko‘rsatib o‘tganidek, "masalaning mohiyati o‘z maqsadi bilan emas, balki o‘zining amalga oshirilishi bilan tamomiga etadi... ".
Do'stlaringiz bilan baham: |