Infektsiyaga qarshi immunitet mavjud yoki vaktsina olganlik suvchechak ta’sir qilishi xavfini sezilarli darajada kamaytiradi. Virusga qarshi immunitet onadan chaqaloqqa o‘tishi mumkin bo‘lib, bolada uch oygacha saqlanib turadi.
Oldin virusga duchor bo‘lmagan har bir kishi suvchechak bilan kasallanishi mumkin. Quyidagi sharoitlarda kasallanish xavfi ortadi:
Infektsiyalangan bemor bilan aloqada bo‘lish;
Maktabda yoki bolalar muassasasida vaqt o‘tkazish;
12 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
Bolalar bilan yashaydigan, suvchechak bilan kasallanmagan kattalar;
Kasallik yoki dorilar tufayli immun tizimi zaiflashgan shaxslar.
Homilador ayollarda suvchechak kasalligi homiladorlikni sun’iy tugatish uchun ko‘rsatma bo‘lib xizmat qilmaydi. 14-haftagacha bo‘lgan muddatda kasallanganda, homilla uchun xavf 0,4 foizni, 14-20 hafta oralig‘ida esa 2 foizni tashkil etadi. 20-haftadan keyin bu xavf ko‘rsatkichi juda past bo‘ladi. Homiladorlik davrida spetsifik immunoglobulin bilan davolash bo‘lajak farzand uchun hatto shu minimal darajadagi xavfni ham keskin pasaytiradi.
Biroq infektsiyalanish tug‘ruqdan 4-5 kun oldin sodir bo‘ladigan bo‘lsa, bu homila uchun og‘ir asoratlar bilan yakunlanishi mumkin.
Agar teri ustida notanish donachalar rivojlansa va ayniqsa, toshmalar toshishi shamollash (O‘RVI) yoki grippdagi kabi belgilari bilan birga kechsa, ayniqsa homilador ayollarda, iloji boricha tezroq shifokorga murojaat qilish kerak.
Shifokor suvchechakni teridagi donachalar va jismoniy tekshiruv asosida tashxislashi mumkin. Laboratoriya tekshiruvlariga esa tashxisni tasdiqlash uchun murojaat qilinadi.
Suvchechakni davolash ham ambulator sharoitda (yengil hollarda), ham statsionarda (asoratlar mavjudligida) amalga oshiriladi. Asosan ko‘proq dam olish tavsiya etiladi.
Eng samarali davo chorasi kompleks tadbirlar bo‘lib, tartib, parhez, medikamentoz davolash, shuningdek xonani shamollatish, gigiena qoidalariga amal qilish, isitmani jismoniy ravishda tushirishlarni o‘z ichiga oladi. Isitmali davrning butun davomida yotoq tartibiga amal qilish ko‘rsatiladi. Qichishishni bartaraf etish uchun antigistaminlar yoki malhamlar buyurilishi mumkin.
Mahalliy terapiya bakterial zararlanishni oldini olish uchun shikastlangan teri va shilliq qavatlarni dezinfektsiyalovchi eritmalar (Kastellani eritmasi, gentsian binafsharangi, metilen ko‘ki, kaliy permanganat eritmasi) bilan ishlov berishni o‘z ichiga oladi. Brilliant yashili zaruriy davo chorasi hisoblanmaydi. Vezikulalarni quritish uchun sintetik taninlar, terini yumshatish va tiklanishini tezlashtirish uchun allantoin, dekspantenol saqlovchi vositalar ishlatiladi.
Isitmani tushirish uchun paratsetamol keng qo‘llaniladi. Ehtimoliy asoratlari tufayli ibuprofen tavsiya etilmaydi. Aspirin va uni saqlovchi boshqa vositalar suvchechak (isitma chaqirishi mumkin bo‘lgan boshqa kasalliklarda bo‘lgani kabi) bilan og‘rigan bolalarga berilmasligi kerak. Bu holda o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan Rey sindrom rivojlanishi xavfi mavjud.
Kasallikdan so‘ng terida izlar qolmasligi uchun hosil bo‘lgan qobiqlarni yulib olmaslik kerak. Shu sababga ko‘ra bolalar terisini qashilashiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bunday hollarda ota-ona bolaning terisini yumshoq sochiq bilan yengil urib-urib qo‘yishi mumkin. Bundan tashqari, issiq vannalar qabul qilish, yengil va yumshoq kiyimlar kiyish tavsiya etiladi.
Virus tufayli asoratlar yoki ikkilamchi kasalliklar rivojlanish xavfi mavjud bo‘lsa, shifokor antivirus preparatlarni buyurishi mumkin. Ushbu antivirus preparatlar suvchechakni davolamaydi, ular virus faoliyatini sekinlashtiradi. Bu inson immunitet tizimini tezroq qayta tiklanishiga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |