Mavzu: Turkistonda 1917-yilgi ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlar
Download 0.77 Mb.
|
O\'zbekiston tarixi ( Gofforov, Yunusov, Sharipov)
3-masala:
Yurt farzandlari uzoq yillar davomida tengsiz jangu jadallarga dosh berib, so‘nggi nafaslariga qadar Vatan oldidagi burchini ado etdilar. Bu ularning ona zaminga mehri, sadoqati nechog‘lik beadad bo‘lganini, undan ruh, madad olib erkinlik uchun jasorat ko‘rsatib kurashganini to‘la isbot etadi. Bejiz Madaminbek: “Mening millatim – mening jonu dilim”, deb xitob qilib, uni o‘z hayoti va kurashining bosh mazmuni, deb bilmagan edi. Shermuhammadbek tilidan aytilgan: “Turkiston – turkistonliklar vatanidir, undan boshqa hech kim uning ustidan hukmronlik qilishga haqli emas!” degan jangovar shior uning ming-minglab quroldosh yigitlari uchun harakat dasturi rolini o‘taganligi shubhasiz. Lekin bu kurash nechog‘lik shiddatli kechmasin u o‘z nihoyasiga yetolmadi. Bunga esa ko‘plab jiddiy salbiy holatlar va omillar ta’sir etganligi aniqdir. Eng asosiy sabablardan biri – harakat yetakchiligining aholi turli tabaqalarini ulug‘vor maqsadlar yo‘lida jipslashtirishga qodir bo‘lgan yagona milliy g‘oyaga ega emasligidir. Qo‘rboshilar siyosiy kurashda toblangan ilg‘or jadid namoyondalarini ham o‘zlaridan chetlashtirgan edilar. Zero, ular qanchalik olijanob maqsadlar, jangovar shiorlar ostida jon fido etmasinlar, biroq ularning harakati yagona kurash dasturi asosida tashkil etilmagan edi. Harakat yetakchilari saflarida chinakam uyushqoqlikning yetishmasligi, joylarda harakat qilgan kuchlar o‘zlarining tor hududiy chegaralari bilan o‘ralashib qolganligi, ayrim qo‘rboshilarning o‘z nafsoniyatlariga berilishi, dunyoqarashi torligi, cheklanganligi, manmanlik kasaliga yo‘liqqanligi, bir-birlari bilan kelisholmasligi, o‘zboshimcha xatti-harakatlarga intilishi kabi hollar oxir-oqibatda bu kurashning borishiga jiddiy monelik qildi. Xalq dardi, g‘ami va tashvishlarini chuqur tushungan harakat rahnamolari o‘ta zaruriyat taqoza etgan kezlarda o‘zaro kelishmovchiliklarni bir chetga surib qo‘yib, bir-birlari bilan umumiy til topisha olmadilar. Goho Madaminbek bilan Katta Ergash yoxud Madaminbek bilan Xolxo‘ja Eshon o‘rtasidagi nizo va ixtiloflar oqibatda ularning har birini fojeali qismatga mahkum etdi. Qarshilik ko‘rsatish harakati yetarli moddiy-ta’minot bazasiga, qurol-aslaha zahirasiga ega emasdi. Ular chetdan keladigan harbiy madad va yordamga ham umid qila olmasdilar. O`lka zo‘ravoni bo‘lib olgan sovetlar esa o‘z qo‘shinini zamonaviy qurol-yarog‘lar va harbiy kuchlar bilan ta’minlay olgan edi. Ayyorlikda pixini yorgan sovet mutasaddilari va ularning ko‘p sonli gumashtalari har bir vaziyatdan ustamonlik bilan foydalandilar. Ular kerak bo‘lsa yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolarini tuzatib, yon berib, mahalliy aholi noroziligini yumshatib, ularni o‘z tarafiga ag‘darib olishga urindilar. Chunonchi, dehqonlarga yer berish, ularni avf etish, soliqlar miqdorini kamaytirish, Madaminbek singari taniqli qo‘rboshilar bilan muzokaralar olib borish, ular bilan kelishish, o‘zaro yon berish va boshqa amaliy tadbirlar bilan bu hududdagi ahvolni asta-sekin o‘z foydalariga o‘zgartirib bordilar. Sovet mafkurasining butun o‘tkir tig‘i, ta’sir vositalari mana shu maqsadga yo‘naltirilgandi. Bu esa qarshilik ko‘rsatish harakatining istiqboliga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Bu harakat millionlab yurtdoshlarimiz hayoti va qismatida o‘chmas fojeali iz qoldirdi. Ba’zi aniqlangan rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, u milliondan ziyod mahalliy millat kishilarining aziz umrlariga zomin bo‘ldi. Necha yuz minglab oilalarning o‘z ona zaminini tark etib, begona yurtlarga bosh olib ketishlariga sabab bo‘ldi. Son-sanoqsiz odamlar mamlakatning uzoq hududlariga surgun qilindi. Zero, 20– 30-yillarda bobokalonlarimiz qilgan ulkan sa’y-harakatlar, to‘kkan qutlug‘ qonlar, bergan bemisl qurbonlarning ajri, ibrati ozmuncha emas. Ularning yorqin, porloq xotirasi hozirgi minnatdor avlod kishilarining dili, shuurida hamisha saqlangusi, faxr-iftixor tuyg‘usi bilan eslangusidir. Download 0.77 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling