Mavzu: Turkistonda 1917-yilgi ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlar
Download 0.77 Mb.
|
O\'zbekiston tarixi ( Gofforov, Yunusov, Sharipov)
4-masala:
Turkistonda inqilobiy-demokratik harakatlarning o‘sib borishi, undagi turli ijtimoiy qatlamlar va tabaqalarni yanada istiqlol kurashi bayrog‘i ostida birlashtirishda 1917-yil davomida bo‘lib o‘tgan Umumturkiston musulmonlarining I- va II-qurultoylari va ular tomonidan ishlab chiqilgan hamda qabul qilingan dasturiy hujjatlarning ro‘li katta bo‘lgan. “Sho‘roi Islomiya” tashabbusi bilan 1917-yil 16-aprelda Umumturkiston musulmonlarining I-qurultoyi chaqiriladi. Qurultoy ancha vakolatli anjuman bo‘lib, uning ishida Turkistonning ko‘plab atoqli kishilari, taniqli siyosiy arboblar qatnashgan edilar. Ular orasida Mustafo Cho‘qayev, Munavvar Qori, Behbudiy, U.Asadullaxo‘jayev, Sherali Lapin, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Validiy, Sobir Yusupov, Islom Shoahmedov va boshqalar bor edi. Qurultoyda o‘lkaning davlat qurilishiga alohida to‘xtalinib, Turkistonga keng muxtoriyat huquqini beradigan demokratik Rossiya Federatsiyasi tuzilishi g‘oyasi ilgari surildi. Qurultoyda Markaziy rahbar organ – Turkiston o‘lka musulmonlar Sho‘rosi tuzildi. Mustafo Cho‘qayev – Markaz raisi, Munavvar Qori – rais muovini, Validiy – kotib, Behbudiy, U.Asadullaxo‘jayev va boshqalar a`zolar etib saylandilar. Shu tariqa Turkistonda qo‘shhokimiyatchilik – Muvaqqat hukumatning Turkiston qo‘mitasi, ishchi va askar deputatlari soveti hamda Turkiston o‘lka musulmonlar Sho‘rosi vujudga keldi. O`lka xalqlarining sobitqadam rahnamolari bo‘lgan jadidlar, ruhoniyat arboblari o‘z sa’y-harakatlarida faqat mahalliy, hududiy manfaatlar bilan cheklanib qolmay, boshqa mintaqalardagi musulmonlar ommasi, ularning ilg‘or vakillari bilan ham yaqindan hamjihat bo‘lishga intildilar. Shu maqsadda ular 1917-yilning 1–2-mayida Moskvada bo‘lib o‘tgan Butunrossiya musulmonlari I-qurultoyida ishtirok etdilar. Unda musulmonlar manfaatini himoya qiluvchi davlat qurilishi shaklan milliy-hududiy, federatsiya asosidagi demokratik respublika bo‘lishi hamda Butunrossiya Musulmonlari Sho‘ro Ijroiya Qo‘mitasi ta’sis etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu Sho‘ro Ijroiya Qo‘mitasiga Turkistondan U.Asadullaxo‘jayev va I.Shoahmedovlar saylandilar. Xuddi shuningdek, Turkiston vakillari ishtirok etgan va 1917-yilning 21–31-iyul kunlari Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan Butunrossiya musulmonlarining II-qurultoyi ham Rossiya musulmon aholisining ozodlik va mustaqillik sari harakatlanish yo‘lini muvofiqlashtirish borasida muhim qadam bo‘ldi. Unda Turkiston, Kavkaz va Qrimda davlat boshqaruvini mehnatkashlarning o‘zlari hal etishi, musulmonlar kurashini tashkil etish uchuin Butunrossiya harbiy Sho‘rosini ta’sis etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi. 1917-yilning 17–20-sentabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Umumturkiston musulmonlari II-qurultoyi o‘lka xalqlari hayotida muhim ro‘l o‘ynadi. Unda 500 nafar vakillar ishtirok etdi. Qurultoyning maxsus qarorida tarkibi 12 kishilik Turkiston o‘lka qo‘mitasi, 24 kishilik “Mahkamai Shar’ia” (parlament) tashkil etilishi va ularning Rossiya davlati konstitutsiyasiga muvofiq keladigan shariat qonunlari asosida faoliyat yuritishi ta’kidlangan edi. Qurultoyda “Sho‘roi Islomiya”, “Sho‘roi Ulamo”, “Turon” va shu kabi boshqa mahalliy milliy tashkilotlarni birlashtirib, ular negizida yagona “Ittifoqi Muslimin” (“Musulmonlar Ittifoqi”) siyosiy partiyasini tuzish g‘oyasi ilgari surildi. “Ulug‘ Turkiston” gazetasi mazkur qurultoy ruhini aks ettirib, Turkistonning o‘z ichki ishlarini mustaqil hal etishga qodir bo‘lgan o‘lkaning mahalliy va milliy muxtoriyatini tuzish g‘oyasini asosiy o‘ringa qo‘ygan edi. Shunday qilib, Turkistonning ilg‘or ziyolilari milliy istiqlolga erishish yo‘lida o‘lkadagi barcha kuchlarni birlashib harakat qilishga da’vat etgandilar. Biroq, afsuski, Turkistonda ayricha faoliyat yuritgan hamda qarashlarida muxolifatchilik ustuvor bo‘lgan ayrim mahalliy, milliy tashkilotlar yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalana olmadilar. Bu esa, vaziyatni ustamonlik bilan o‘z izmiga burib yuborishga urinayotgan bolsheviklar firqasiga qo‘l keldi. Download 0.77 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling