Hujum zarbalari. To‘rning yuqori chetidan balanddan to‘rga — to‘pni raqib tomonga bir qo‘llab urish zarbasining texnik usuli hujum (hamla) zarbasi deb ataladi. To‘pning uchish tezligi qo‘l kaft kuchiga bog‘liq, zarba qancha kuchli bo‘lsa, tezlik ham shunchalik keskin bo‘ladi, binobarin, uni qabul qilish ham shunchalik mushkul bo‘ladi. Hamla zarbasi to‘g‘ridan va yon tomondan beriladi. Uni joyidan sakrab yoki yugurib kelib sakrab bajarish mumkin. To‘g‘ri hujum zarbasi. Mazkur harakat bajarilganda yugurib kelish uzunligi 2 m dan 4 m gacha yetadi, ya’ni bu ikki, to‘rt qadamdan iborat bo‘ladi (75-rasm). Birinchi qadam qisqa, yumshoq, oxirgi qadam esa uzun, irg‘ishlab bajariladi. Shunda oyoqlarni bukmasdan, to‘g‘ri oldinga olib chiqiladi, keyin tezda boshqa oyoq qo‘yiladi. Gavda biroz orqaga egiladi, qo‘llar esa pastga, orqaga ketadi. Oyoq tovondan uchiga bosilib to‘g‘rilanadi va sakrash bajariladi. To‘pga zarba beruvchi qo‘l qisqa yo‘l bilan siltanib, yelka ustiga ko‘tariladi.
Sakrashda yelkalar va zarba beruvchi qo‘l orqaga cho‘ziladi, gavda keriladi (76-rasm).
Aytish joizki, bu bilan hujum boshlanadi. Shunda zarba beruvchining tirsagi oldinga olinib zarba beruvchi qo‘l, tirsak bo‘g‘imidan yozilib, oldinga harakatlantiriladi va kaft bilan to‘pga zarba beriladi. Zarba paytida barmoqlar jiðslangan, to‘p o‘yinchidan bir qancha oldinda bo‘ladi. Zarbadan so‘ng oyoq va qo‘llar bukilgan holatda tushiriladi. Bu o‘yinchiga kerakli yo‘nalishga o‘tishga va kerak bo‘lsa, harakatni tez boshlash yoki to‘siq uchun takroriy sakrashni bajarishga imkon beradi. Yondan hujum zarbasi. Bu harakat yon tomondan zarba beruvchi qo‘lning keng siltanishidan so‘ng bajariladi (77-rasm). Shuningdek, qo‘l va panjalarning harakatlari o‘zgartirilib, to‘pni o‘ng va chapga hujum zarbasi bilan o‘tkazish orqali bajarish ham mumkin (78-rasm).
Himoya texnikasi. Himoyada ham o‘sha turishlar qo‘llanadi, ammo past turishlardan ham tez-tez foydalaniladi. Himoyadagi siljish ham hujumdagi siljishlardagidek — yurish, yugurish, tashlanish va sakrashlardan iborat, biroq ular ham, odatda, darhol keskin to‘xtashlar, yo‘nalishni tez almashlash, ko‘pincha, sakrash yoki yiqilishga o‘tishlar bilan bajariladi. Qarshi harakatlarga to‘pni qabul qilish va to‘siq qo‘yish kiradi. To‘pni qabul qilish. Himoyaning bu texnik usuli raqibning hujumidan so‘ng o‘yinda to‘pni to‘xtatish imkonini beradi. Zamonaviy voleybolda to‘pni ikki qo‘llab pastdan qabul qilib olish asosiy usul hisoblanadi. To‘pni bu usulda qabul qilayotganda gavda tik yoki biroz oldinga egilgan, to‘g‘ri qo‘llar oldinga-pastga tushirilgan, tirsaklar o‘zaro yaqinlashtirilgan, kaftlar esa birga bo‘ladi. To‘p bilaklarda qo‘l panjalari yaqinida qabul qilinadi (79-rasm). Biroz tarang, to‘g‘ri qo‘llar tirsak bo‘g‘imlarida to‘pni qabul qiladi, oyoqlar to‘pni qabul qilish paytida to‘g‘rilanadi va gavda ko‘tariladi. To‘pni qabul qilishdan maqsad uni sherikka aniq yetkazib berishdan iborat.
To‘pni ikki qo‘llab yuqoridan qabul qilish. Bu usul kuchli zarbadan uchib kelayotgan to‘pga qarshi, shuningdek, to‘pni boshqa usulda qabul qilish samarali bo‘lmaganda qo‘llanadi. O‘yin vaziyati to‘pni qabul qilishga majbur qilganda va maqsadli uzatish zarur bo‘lganda u orqaga yiqilib qabul qilinadi (80rasm). Boshqa vaziyatlarda esa ikki qo‘llab yuqoridan qabul qilish, bir xil uzatishga o‘xshab bajariladi.
To‘pni bir qo‘lda pastdan qabul qilish unchalik ishonchli bo‘lmagani uchun bu usul nisbatan kam qo‘llanadi. Mabodo, to‘p o‘yinchidan uzoqda bo‘lsa va uni boshqa usul bilan qabul qilish mumkin bo‘lmasa, voleybolchi bu usuldan foydalanishga majbur. To‘g‘ri qo‘llar mahkam siqilgan barmoqlar bilan to‘pning yo‘lini to‘sadi. Zarba kaft, musht, bilak yoki yelka bilan bajariladi. Odatda, oyoqlar bunday harakatlarda qatnashmaydi. To‘pni yiqilayotib pastdan bir qo‘lda qabul qilish (82rasm). Bu usul sakrab va yugurib kelib bajariladi. Bu qabul qilish usulini o‘zlashtirishdan avval, to‘g‘ri polga kelib tushishni o‘rganish lozim. To‘pni qabul qilgandan so‘ng qo‘llar oldinga cho‘ziladi va yelkadan kengroq yon tomonga yoziladi va pol (yer) ga qo‘yiladi va sekin tirsakdan bukiladi, yiqilish kuchi amortizatsiya bilan pasaytiriladi. O‘yinchi yerga ko‘krak bilan, so‘ng qorin hamda son bilan aylanib tushadi. Bu unsurlar gimnastik to‘shak yoki polda o‘zlashtirib bo‘lingach, uni qumli yerda qo‘llab ko‘riladi.
To‘siq qo‘yish. Bu himoyaning texnik usuli bo‘lib, uning yordamida raqib tomondan hujum zarba berilganidan so‘ng to‘p yo‘lini to‘sish bilan himoyachilarning hujum faoliyati ham to‘sib qo‘yiladi. To‘siq qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rayotgan o‘yinchining turishi 82-rasmda ko‘rsatilgan. Himoyachi shu holatdan siljima 83-rasm.
qadam qo‘yib, irg‘ib yoki yugurib to‘siq qo‘yish mo‘ljallanayotgan joyga siljiydi. Oxirgi qadam sakrash oldidan yugurib kelib, oyoqlarni yelka kengligida qo‘yib sakraladi.
Avval harakatni oyoqlar boshlaydi, so‘ngra qo‘llar davom ettiradi. To‘p yaqinlashganda qo‘llar to‘g‘rilanadi va uning harakat yo‘liga qo‘yiladi. Bunda qo‘l barmoqlari yozilgan va taranglashgan panjalar biroz bukilgan, ya’ni to‘pni raqib maydoniga oldinga-pastga yo‘naltirishga qaratilgan bo‘ladi. Bunday to‘siq harakatsiz deb yuritiladi va harakatchan to‘siqdan farqlanadi, qo‘llar to‘r ustida to‘pning uchishiga bog‘liq holda o‘ng yoki chapga suriladi. To‘siq qo‘yuvchiga, eng muhimi, to‘pga to‘siq qo‘ygan paytda kaftlar orasidan, shuningdek, uning qo‘llari va to‘r orasidan o‘tib ketmasligidir. To‘r ustiga (blok) to‘siq qo‘yish paytidagi qo‘lning to‘g‘ri joylashishi 83-rasmda ko‘rsatilgan. Kuchli hujumchi o‘yinchiga qarshi guruhli to‘siq qo‘yish qo‘llanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |