Mavzu: Xat turlari. Nasta'liq
Mavzu: Qo'lyozma manbani tavsiflash
Download 140 Kb.
|
Mavzu Xat turlari. Nasta\'liq-fayllar.org-1
Mavzu: Qo'lyozma manbani tavsiflash
Matnshunoslikning asosiy uslubiy prinsipi matn tarixini kompleks ravishda o‘rganishdir. Bunda matndagi davr ruhi izlari, maqsadli ravishda yoki tasodifiy kiritilgan o‘zgarishlar ham, keyingi davrlarda yuz bergan nashriy saktaliklar ham nazardan qochirilmaydi. SHu jarayonda matnshunoslik tarixiy-adabiy, siyosiy-jo‘g‘rofiy va maishiy xarakterdagi turli masalalarni ham o‘rganadi. Shundan kelib chiqib, matnshunoslik barcha ilmiy sohalar ob’yektiga daxldor deyish mumkin. Adabiyot tarixi o‘rganadigan barcha masalalar matnshunoslikda hisobga olinadi, biroq uning vazifasi aniq. U matn taqdirini yoritadi, matndagi o‘zgarish xususiyatlari, sabablari va bosqichlarini oydinlashtiradi. D. Lixachev matnshunoslikni matnlarni nashr etish jarayonidan ajratib qaraydi. Bu uning rus poligrafik nashrlari, oxirgi ikki-uch asrlik tarixga ega bo‘lgan matnlar yuzasidan olib borgan tadqiqotlari natijasida chiqargan xulosasi – “tekstologiya asosida faqat matn tarixini o‘rganish yotadi” degan tezisdan kelib chiqadi. O‘zbek matnshunosligi tarixini o‘rganish jarayonida biz bu tezis o‘zini oqlamasligini ko‘rdik. Zero, asrlar davomida o‘zbek matnshunoslarining zahmatli mehnati asarning qo‘lyozma nusxasini yaratishda namoyon bo‘lgan. Nashr tushunchasi qadimgi qo‘lyozmalarni ko‘chirish va tarqatish kabi an’anaviy xattotlik va kotiblik kasbiga daxldor bo‘lgani uchun matnshunoslik ayni noshirlik, qo‘lyozmani ko‘chirish va tarqatish kabi jarayonlarga taalluqlidir. O‘zbek matnshunosligining rus matnshunosligidan yana bir farqi shundaki, turli yozuvlarda aks etgan milliy yozma madaniyatimizni bugungi kunda ommaviylashtirish ham adabiyotshunoslarimizni nashr tiplaridan kelib chiqqan holda muayyan darajada matnshunoslik bilan bog‘liq vazifalarni bajarishga undagan. Bu haqda o‘z o‘rnida so‘z yuritiladi. Matn tarixini tiklashning xalqimiz ma’naviy hayoti tarixidagi o‘rni beqiyos. Zero, qadimiy qo‘lyozma kitob matnlari davr ruhini aks ettiradi. Ularni jiddiy o‘rganish muallifning dunyoqarashi, voqelikka munosabati, davr ilm-fani darajasi va siyosiy jarayonlari haqida muayyan tasavvur berishi mumkin. Matnshunos oldida turgan bosh vazifalardan biri – matn tarixini tiklash, tadqiq doirasiga jalb etilgan manbaning turli nusxalarini qiyosan o‘rganish, tadqiq etish, ular asosida matnning asosiy variantini yaratish va ilmiy muomalaga kiritishdir. Matn tarixi muayyan matn haqidagi barcha ma’lumotlar yig‘indisidir. U asarning shakl va mazmuni haqida aniq tasavvur beradi, matnga oid bilvosita va bevosita ma’lumotlarning barchasini qamrab oladi. Matn tarixini o‘rganishda tarixiy yoki adabiy yodgorlikning yaratilgan va ko‘chirilgan davrini aniqlash, manba nusxalari ko‘p bo‘lsa, ularning o‘zaro bog‘liqligini o‘rganish muhim hisoblanadi. Shu sababli yodgorliklar matni ustida tekstologik tadqiqotlar olib borishdan avval shu yodgorlikning mavjud barcha qo‘lyozmalarini yig‘ish, ko‘chirilish davri, matniy to‘liqligiga qarab tasniflash va shundan keyingina uning tarixini kuzatish lozim. Chunki har bir qo‘lyozma birinchi navbatda o‘z davrining tarixiy yodgorligi sifatida o‘zigagina xos bo‘lgan muayyan tarixga ega. Matn tarixini o‘rganish qo‘lyozma nusxaning mavjud nusxalarini o‘zaro qiyosiy tekshirishdan boshlanadi. Matnlar to‘liq, nuqsonli, tuzatilgan (redaksiyaga uchragan) yoki tugatilmagan ko‘rinishlarda uchraydi. Qo‘lyozma nusxalarda uning tarixi bevosita qayd etilgan yoki bilvosita aniqlanadigan belgilar yordamida tiklanadi. Bevosita belgilarga qo‘lyozma asarning yaratilish va ko‘chirilish sanalari, muallif va uning asarni yozish maqsadi ifodalangan so‘zboshisi, kotib nomi yoki uning qaydlari kabi matnshunoslik uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan tavsifiy mezonlar kiradi. Bilvosita belgilarga ushbu asar va uning muallifi haqida turli asarlar, xususan, tazkiralarda berilgan ma’lumotlar, shuningdek, qo‘lyozma nusxalarni qiyoslash natijasida olinadigan tekstologik natijalar kiradi. Qo‘lyozma asarlarning saqlanishi, restavratsiyasi va o‘rganilishi qay ahvolda? – Qo‘lyozmalar fondiga videosayohat Diyorimiz azaldan ilm-ma'rifat o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Bu yurtdan ne-ne alloma zotlar yetishib chiqmagan deysiz. Ular qoldirgan ulkan ilmiy meros garchi turli bosqinlar davrida nobud qilingan, olib ketilgan bo‘lsa-da, bizning davrimizgacha yetib kelganlarining adadi, hisobga olinganlari ham kishini hayratga soladi. Ma'naviy merosimiz saqlanayotgan ilmiy dargoh – O‘zFA Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozma asarlar fondiga videosayohat uyushtirdi. «Dastlab bu yerda madrasalarni bitirgan domlalar ishlagan» O‘zFA Sharqshunoslik instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor muovini Surayyo Karimova fondning tarixi, buguni, asosiy yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdi. «Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondi 1943 yilda, o‘sha paytdagi xalq kutubxonasi (hozirgi Milliy kutubxona)ning Sharq bo‘limi asosida tashkil etilgan. Shundan boshlab bu fondda qo‘lyozma manbalarni o‘rganish ishlari boshlangan. Bu yerda dastlabki ish qo‘lyozmalarni tavsiflab, kartotekalar tuzish bo‘lgan. Dastlabki paytda bu joyda madrasalarni bitirgan domlalar ishlagan, ular arab va fors tillarini puxta bilgan ilmli kishilar hisoblangan. O‘sha davrda tuzilgan kartotekalardan hozirga qadar foydalanib kelinmoqda. Dastlabki tavsifdan o‘tgan qo‘lyozmalar keyingi bosqichda ilmiy tavsiflangan. Bu annotatsiya xarakterida bo‘lib, ko‘proq ma'lumot berilgan. Keyinchalik mavzu kataloglari tayyorlana boshlangan va bu ilmiy tadqiqotchilarga yengillik beradi. Shuningdek, qo‘lyozma asarlarni ilmiy muomalaga kiritishning asosiy yo‘nalishlaridan biri ilmiy izohli tarjima va tabdil hisoblanadi. Tabdil deganda arab grafikasidagi eski o‘zbek yozuvidan kirill yozuviga o‘girib nashr qilish tushuniladi. Endi bevosita tarjima qilib ilmiy muomalaga kiritishga keladigan bo‘lsak. Bu jarayon nihoyatda mashaqqatli ish sanaladi. Masalan, bitta manbani tarjima qilib, izohlab, tadqiqot qism yozib nashr qilishga uch yil vaqt ketadi. Shunga qaramay, har yili 10dan ziyod turli mavzudagi asarlar tarjima, tabdil qilinib, ilmiy muomalaga kiritiladi». «26 ming jild qo‘lyozma, 40 ming jildga yaqin toshbosma, 5 mingdan ziyod tarixiy hujjatlar saqlanadi» Qo‘lyozma asarlar fondi mudiri Sharifjon Islomov fond faoliyati haqida hikoya qilib berdi. «Ushbu qo‘lyozmalar fondi o‘zining boyligi, turli fan sohalarining xilma-xilligi bo‘yicha dunyodagi eng boy qo‘lyozma fondlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli 2000 yili YuNeSKOning butunjahon madaniy ro‘yxatiga kiritilgan. Va butunjahon merosi sifatida saqlanadi. Fondimizda 26 ming jild qo‘lyozma, 40 ming jildga yaqin qadimgi toshbosma uslubidagi kitoblar saqlanadi. Bundan tashqari, 5 mingdan ziyod asl nusxadagi tarixiy hujjatlar bor. Shuningdek, mikrofilm va fotoyeopiyalar fondlarimiz ham bor. Bu video va fotolar xorijdagi fondlarda saqlanayotgan kitoblardan olingan. Bu ulkan meros fanning turli sohalariga oid. Xususan, tabobat, kimyo, matematika, tarix, islom ilmlari — ajdodlarimiz shug‘ullangan barcha fan sohalariga doir manbalar o‘rin olgan. Qo‘lyozma manbalar IX asrdan boshlab XX asrgacha bo‘lgan davrga oid bo‘lib, arab, fors, qadimgi turkiy va boshqa sharq tillarida yozilgan», – deya ma'lumot berdi fond mudiri. Fond o‘z ichida bir necha yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. Sharifjon Islomov nodir qo‘lyozmalarni saqlash, zararlangan sahifalarning restavratsiya jarayonlari, shuningdek, qo‘lyozma va toshbosma asarlarning fotomodellari yaratilishi jarayoni va qiroatxona bilan ham yaqindan tanishtirdi. «Qo‘lyozma manbani saqlashning o‘ziga xos talablari mavjud va xalqaro normalari ham bor. Qo‘lyozmalarning barcha qismlari tabiiy ashyodan bo‘lgani uchun maxsus harorat, maxsus yorug‘lik va quyosh nurlaridan keladigan ultrafiolet nurlaridan himoyalanishi zarur. Bu manbalarning bizdan keyin yana ming yillar saqlanib turishini ta'minlaydi. Shu bilan birga, sahifalardagi siyohlar, rang-tasvirlarning saqlanib qolishini ta'minlaydi. Mazkur fond bu borada dunyo miqyosida barcha talablarga javob beradi, desam bo‘ladi. Manbalarni saqlash deganda, bir qancha bo‘limlar nazarda tutiladi. Yuqorida aytilgani – bevosita saqlov bo‘limi. Keyingi bo‘lim ularni ta'mirlash: qo‘lyozmalardan foydalanish jarayonida tabiiy ravishda manbalar zararlanadi. Shuningdek, fond ixtiyoriga o‘tgunga qadar turli ob-havo sharoitlarida saqlangan kitoblar zarar topgan bo‘lishi mumkin. Odamlar orasida bir savol yuradi – noyob qo‘lyozmalar miqdori qancha? Umuman olganda, har bir ko‘chirilgan qo‘lyozma o‘zicha noyob, chunki uning takrori yo‘q. Bevosita davlat rahbarlari, xonlarga hadya qilinadigan juda katta formatdagi qo‘lyozmalar ham bor. Ular gorizontal holatda saqlanadi. O‘z davrida bularning og‘irligiga qarab, yozgan odamga haq to‘langan», deydi fond mudiri. «Bizda qo‘lyozma asarlarni restavratsiya qilish bilan shug‘ullanadigan maxsus mutaxassislar tayyorlanmaydi» «Noyob manbalar ta'mirlanadigan restavratsion laboratoriyada barcha qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar va bosma asarlar ta'mirlanadi. Xodimlar – asosan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bitiruvchilari. Lekin u yerda ham qo‘lyozma asarlarni restavratsiya qiluvchi maxsus yo‘nalish yo‘q. Shu ma'noda bu yo‘nalishda milliy kadrlarni yetishtirish dolzarb hisoblanadi. Hozircha bu borada ustoz-shogird tizimi asosida bakalavr, magistr talabalarini fondga jalb etib, mutaxassis tayyorlab kelmoqdamiz. Tarixiy hujjatlarni restavratsiya qilishda, avvalo, konservatsiya amaliyotini bajarishadi, ya'ni qog‘ozni mustahkamlash ishini qilishadi. Keyin qismlarni butlash uchun maxsus yapon qog‘ozidan foydalanishadi. Bu xodimdan katta mas'uliyatni talab etadi, shuning uchun ham tajribaga ega, malakali, sinovlardan o‘tgan xodimlarga asl nusxadagi manbalar beriladi. Bizda tarixiy hujjatlarni ta'mirlash va tadqiqi bo‘yicha maxsus loyiha bor. Unda qo‘lyozmalar fondidagi 5 mingga yaqin tarixiy manbalar ro‘yxatini qilib, ularning zararlangan qismlarini o‘rganib chiqqanmiz. Hozirda bu borada ishlar davom etmoqda. Bir manbani ta'mirlash uchun 2-3 oydan yarim yil-bir yilgacha vaqt ketishi mumkin», – deydi Sharifjon Islomov. «Skaner bo‘limida 20 ta mutaxassis o‘rniga 3 kishi ishlamoqda» «Skaner bo‘limiga kelgan kitoblar birinchi navbatda registratsiya qilinadi. Fransiyadan aynan qo‘lyozma asarlarning fotonusxalarini yaratish uchun skanerlar keltirilgan. Agar qo‘lyozma varaqlari qatlari to‘liq ochilsa, kitobga jiddiy shikast yetishi ehtimoli bo‘ladi. Shu bois ularni 120 gradusda ochilgan holatda skaner qilish xalqaro miqyosda qabul qilingan. Buning afzalliklaridan yana biri boshqa skanerlar kabi kuchli nur bermaydi, asosan kameralar suratga oladi va programma orqali birlashtirilib, elektron variant tayyorlanadi. Skanerlangan kitoblar serverga yuboriladi, u yerda kitobning asl holatdagisi bilan bir xilda raqamlanadi. Har bir bo‘limni, jarayonni o‘z yechimini kutayotgan muammolari bo‘ladi. Bizda birinchi navbatda kadrlar masalasi turibdi. Shunaqangi noyob manbalarni elektronlashtirishga qiziqishi bor, shu jarayonda ishlagan kadrlar bilan to‘ldirishimiz kerak. Bu yerda kamida 20 nafar mutaxassis elektronlashtirish bilan shug‘ullanishi zarur. Afsuski, hozirda 3 mutaxassis ishlaydi, bu bilan ulkan fondni qisqa muddatda elektron shaklga o‘tkazishning imkoni yo‘q. Oddiy mutaxassis buni eplab ketishi qiyin. Arab, fors tillarini bilishi talab qilinadi. Bunday mutaxassisni ishga jalb etish uchun esa maosh ham shunga yarasha yuqori bo‘lishi kerak. 500-600 ming so‘m oylikka ishlaydigan mutaxassisning kelishi juda qiyin. Hatto talabalar ham yuqori maosh bo‘lsagina ishlashi mumkinligini aytishadi. Buning uchun esa bizda imkon yo‘q. Kadrlarni ishga olishda mana shunaqa to‘siq-qiyinchiliklarga duch kelib turibmiz». «Kartoteka zali – qo‘lyozma fond kaliti» «Kartoteka zali qo‘lyozma fondimizning kaliti hisoblanadi. Ya'ni qaysi asar qaysi raqamda saqlanadi, mutaxassis uchun shuni bilish kifoya qiladi. Qiroatxona xodimlari esa olimga o‘sha qo‘lyozmani olib kelib berishadi. Shu bilan birga, asosiy qo‘lyozmalar fondining elektron reyestri internet saytimizda ham joylashtirilgan. Ba'zilar aytishadi, hammasini internetga qo‘ysanglar bo‘lmaydimi, hammaga erkinlik bo‘lsin, degan ma'noda. Bu tajriba dunyoning biror-bir fondida yo‘q. Chunki bu – o‘sha davlatning mulki. Hamma ham birinchi o‘rinda o‘zida shu jarayonni qilishni xohlaydi. Aksincha, bularning hammasini nashr qilib, undan keyin bersak bo‘ladi. Nashr qilinmaganlarini o‘zimizning kadrlar o‘rganishini, tanqidiy matnlar yaratishini istaymiz. Dunyoning barcha fondlari mana shu pozitsiyadan turib yondashishadi».«Qo‘lyozma kitoblarni sotib olish 3 mln so‘mdan boshlanadi» «Ma'lumki, aholi qo‘lida juda katta miqdorda noyob qo‘lyozmalar, bosma nashrlar saqlanadi. Guvohi bo‘lyapmizki, tarixiy hujjatlar, xonlarning yorliqlari ham chiqyapti. Xalq qo‘lida saqlanayotgan mana shu qo‘lyozmalarni sotib olish ishlari bilan ham shug‘ullanamiz. To‘lovlarni Innovatsion rivojlanish vazirligi amalga oshiradi. Biz manbalarni ekspertizadan o‘tkazamiz. Respublika miqyosida tayinlangan baholash komissiyasi tomonidan kitoblarning qiymatlari baholanadi. Aholidan imkon qadar yuqori qiymatlarda sotib olishga harakat qilamiz. Qo‘lyozma uchun eng kam ish haqining 15 baravari boshlang‘ich narx sifatida beriladi. Qo‘lyozmaning ko‘chirilgan davri, bezagi, ilmiy ahamiyatiga qarab uning narxi oshib boraveradi», – deya ma'lumot berdi Qo‘lyozma asarlar fondi mudiri Sharifjon Islomov. Download 140 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling