Mavzu: Yakka tartibdagi tadbirkorlikning mohiyati


Yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatining mohiyati


Download 124.5 Kb.
bet2/6
Sana28.12.2022
Hajmi124.5 Kb.
#1019047
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
13-mavzu

1. Yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatining mohiyati
Hozirgi kunda respublikamizda tadbirkorlar yangi ijtimoiy qatlam va sinf sifatida shakllanmoqda. Tadbirkorlar erkin bozor iqtisodiyotiga tayangan demokratik jamiyatdagi o`z biznesiga, mulkiga ega bo`lib bormoqdalar.
Shu o`rinda tabiiy savol tug`iladi: nima uchun hozirgi sharoitda respublikamizda kichik va o`rta biznesni qo`llab-quvvatlash hamda rivojlantirishga katta ahamiyat berilyapti? Buning sababi shundaki, kichik va o`rta biznes kam investitsiya (ya`ni kam mablag`) talab qilib, tez ijobiy natija berishi bilan ajralib turadi. Bunda qo`shimcha ish joylari yaratiladi, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqariladi hamda davlat byudjetiga ko`proq soliqlar tushishi ta`minlanadi.
Har qanday odam ham tadbirkor bo`lishi mumkinmi? – degan savolga quyidagicha javob berish mumkin: o`z ishiga fidoiylik, mehnatsevarlik, chuqur fikrlash va dunyoqarashning kengligi, doimo o`zgarib turadigan sharoitda ishlash uchun moslashuvchanlik, uddaburonlik, bilimdonlik, halollik, bozor talabini yaxshi o`zlashtirib olish kabi fazilatlarga ega bo`lgan kishidan omadli va yaxshi tadbirkor chiqadi.
Tadbirkorlik va biznes, avvalo, mamlakatning o`zidagi ishlab chiqarishga, undagi xomashyo, moddiy va boshqa resurslarga tayanmog`i lozim. Har holda bu qoida hozirgi davrga qadar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishning muhim tamoyili edi. Biroq iqtisodiyot sohasida sodir bo`layotgan hozirgi globallashuv jarayonlari sharoitida mazkur tamoyil o`z ahamiyatini tabora yo`qotib bormoqda, desak xato bo`lmas. Zero, rivojlangan mamlakatlar tajribasi shu narsadan dalolat bermoqdaki, o`z xomashyo bazasiga yoki boshqa moddiy resurslarga ega bo`lmagan mamlakatlar ham tadbirkorlik tufayli yaxshigina yutuqlarni qo`lga kiritmoqdalar. Masalan, YAponiya, Tayvan va boshqa mamlakatlar bunga yorqin misol bo`la oladi. YAponiya aholining turmush darajasi jihatidan jahonda 4-5 o`rinlarga chiqib oldi. O`zida temir rudasi zahiralari mutlaqo bo`lmagan Janubiy Koreya Respublikasi o`nlab mamlakatlardan uni dengiz yo`llari orqali import qilib va qayta ishlab, po`lat ishlab chiqarish bo`yicha jahonda etakchi o`rinlardan birini egallashga erishgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Tadbirkorlik va biznesni rivojlantirish mulkni davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan kichik va qo`shma korxonalar tashkil qilish, fermer xo`jaliklarini taraqqiy ettirish, yirik va o`rta korxonalarni ochiq turdagi aktsionerlik jamiyatlariga aylantirish bilan chambarchas bog`liq jarayondir.
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan hamma mamlakatlarda tadbirkorlikni rivojlantirishning zarur sharti xususiy mulkchilikdir. Biroq shuni aytib o`tish joizki, tadbirkor bilan biznesmen hamisha xususiy mulk egasi bo`lavermaydi. Tadbirkorlar bilan biznesmenlar orasida mulk egalari bilan bir qatorda menejerlar (ishlab chiqarish tashkilotchilari) va ishga astoydil berilgan boshqa kishilar ham bor. Yirik mulk va kapital egalari bo`lgan tadbirkorlar bilan zamonaviy bilimlarga ega bo`lgan menejerlar (boshqaruvchilar)ning ishbilarmonlik faoliyatlari birga qo`shilib, uyg`unlashgan sharoitda, ayniqsa, yuqori iqtisodiy samaraga erishish mumkin.
Totalitar tartibot sharoitlarida mamlakatimizda hukm surgan davlat mulkchiligining mutloq hokimligi ishbilarmon, epchil va uddaburon odamlarning tadbirkorlik faoliyati uchun asosiy to`siq edi.
Hozirgi sharoitda tadbirkorlikning asosi bo`lmish xususiy mulkchilikni rivojlantirish davr talabiga aylangan. Zero, faqat shu yo`l bilan ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal qilish, bozor muhitini shakllantirish mumkin.
Tadbirkorlik va biznesni rivojlantirish uchun boshqa shart-sharoitlar ham bo`lishi kerak. Chunonchi, iqtisodiy va ijtimoiy siyosatning barqarorligi, tadbirkorlik va biznes xususida ijobiy ijtimoiy fikr yuzaga kelgan bo`lishi, imtiyozli soliq tartibi, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlaydigan rivojlangan infratuzilma, aqliy mulkni himoya qiluvchi tizim va hokazolar shular jumlasiga kiradi.
Tadbirkorlar uchun qulay kredit tizimini yaratish, ularga zarur ishlab chiqarish vositalari, xomashyo, butlovchi buyumlarni sotib olish imkonini berish va boshqalar mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning muhim omillari hisoblanadi.
Haqiqiy biznesning asosi tadbirkorlik faoliyatidir. Tadbirkor bo`lish degan so`zning tagida biror ishni boshlash, bajarish, uddalash, ya`ni tayin ish bilan shug`ullanish degan ma`no yotadi. Ishni kichkinadan boshlab, keyinchalik biznes sohasiga kirish, yirik tadbirkor bo`lib olish mumkin.
Biroq biznesga “sirli tayoqcha” yoki ”ochil dasturxon” sifatida qarash yaramaydi. Biznes o`z-o`zidan muvaffaqiyatga olib boravermaydi. Uning zaminida hamisha mehnat, uddaburonlik, mohirlik, bilimdonlik va tashabbus yotadi. Shu bilan birga, haqiqiy biznesmen zamonaviy menejment asoslarini ham yaxshi bilishi, hisobotlar tizimini, baho siyosatini tushunadigan, kelajakni ko`ra biladigan bo`lishi kerak. Biznes hozirgi kunda xalqaro tus olib boryotganligi uchun yuqorida aytib o`tilganlardan tashqari biznesmen uchun chet tillarini bilish ham foydadan xoli emas.
Biznes bir kunlik, bir oylik, hatto bir yillik ish emas. Haqiqiy tadbirkorlar biznesga o`zining butun hayotini bag`ishlaydi. Biznes – jozibador, kishini qiziqtiradigan narsa. Lekin uning yo`li hamisha gulzorlar ichra o`tavermaydi. Biznesda muvaffaqiyatlarga erishish bilan birga ma`lum qiyinchiliklarga ham duch kelinadi. Shunga ko`ra, ko`p hollarda tavakkal qilish talab qilinadi. Lekin shunga qaramay, butun jahonda necha yuz minglab kishilar har yili yangi biznesga kirishib, o`z “ishlarini” boshlaydilar va o`z mamlakatlarining milliy iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo`shadilar.
Biznesga kirishib, o`z oilasining farovonligini ta`minlash va mamlakat taraqqiyotiga o`zining munosib hissasini qo`shish niyatida bo`lgan kishilar qo`yidagi fazilatlarga ega bo`lishi lozimligini alohida ta`kidlab o`tish lozim:
-o`z sohasi bo`yicha nazariy bilimlar va amaliy ko`nikmalarga ega bo`lishlik;
-mamlakatda amal qilayotgan qonunlarni bilish va ularga itoat etish;
-yuksak madaniyat, halollik, rostgo`ylik, va`daga vafo qilmoq fazilatlariga ega bo`lishlik;
-istiqbolni, ya`ni ertangi kunni ko`ra bilishlik va yangilikka intilish;
-tavakkal qilishdan qo`rqmaslik va sabr-toqatli bo`lishlik.
Tadbirkorlikning axloqiy qoidalaridan eng muhimi halollik va haromdan hazar qilishdir. Bu, islom ta`limoti bo`yicha, tadbirkorlik va tijorat bilan shug`ullanuvchilar uchun qo`llanishi shart bo`lgan qoidadir. Qur`oni karimda “halol va pokiza nafaqa englar va solih ishlar bajaringlar” deb buyurilgan. Bu ta`limotga ko`ra, mehnatsiz qo`lga kiritilgan luqma haromdir. Tadbirkorlar ham rizqu-nasibalarini halol mehnat bilan topishlari shart.
Har bir inson bu go`zal dunyoga kelib, umrguzaronlik qila boshlaptimi, demak, o`z hayotini o`zi tashkil qilishi, o`z baxtini o`zi yaratishi lozim. Mana shunday hayotiy falsafadan kelib chiqib ta`kidlash joizki, bozor munosabatlari sharoitida xususiy tadbirkorlik xuddi ana shu baxtni yaratish omili bo`lib xizmat qiladi.
Kezi kelganda xalqimiz orasida yuruvchi bir fikr to`g`risida to`xtalib o`tishni o`rinli, deb bilamiz. U ham bo`lsa “tadbirkor yoki biznesmen bo`lish uchun yo ota-onadan meros qolgan mo`maygina mablag`ing bo`lishi kerak, yo ana shu mablag`ni vaqtincha bo`lsa-da, berib turadigan yaqin odaming bo`lishi kerak”, degan fikrdir.
To`g`ri, xususiy tadbirkorlik faoliyatini mablag`siz amalga oshirib bo`lmaydi. Buning uchun meros qolgan mablag` ham kor keladi, beminnat vaqtincha foydalanish uchun berilgan mablag` ham “xalaqit bermaydi”. Lekin unisi ham, bunisi ham bo`lmasa-chi? Unda nima qilish kerak? “Olma pish, og`zimga tush” qabilida ish tutib, g`oyibdan keladigan baxtni kutib o`tiraverish kerakmi? Yo`q. Aslo bunday emas. Xalqimizda “sendan harakat - mendan barakat”, degan naql bor. Uning zamirida harakat qilgan odamga parvardigor, albatta, o`z barakotini beradi, degan haqiqat mujassam. Muqaddas hadislarda ham “Alloh o`z bandalari ichida g`ayratliligini yoqtiradi”, deyiladi.
Aziz o`quvchi, g`ayrat qilgan, tinib-tinchimas, shijoatli va tashabbuskor insonlarning piru badavlat, katta obro` va e`tiborli kishilarga aylanganiga o`zingizda ham misollar kam bo`lmasa kerak.
Rivojlangan mamlakatlarning mashhur tadbirkorlari ichida o`z biznesini ko`chadagi yo`lovchi avtomashinalarni yuvish yo`li bilan, gazeta va jurnallar sotuvchi kioskalardan ularni sotib olib, odamlar gavjum bo`lgan joylarda ustiga o`zining xizmat haqini qo`shib sotish yo`li bilan boyiganlar kam emas.
Mamalakatimizda ham nisbatan qisqa vaqt ichida o`zining tadbirkorlik faoliyatini kichik bir ustaxona, oshxona, muzqaymoq tsexini tashkil qilishdan, 1-2 gektar tashlandiq erni o`zlashtirib, dehqonchilik yoki chorvachilikdan boshlagan va hozirgi kunda sermuruvvat, dongdor tadbirkorga aylangan kishilar soni tobora ko`payib bormoqda.
Mamlakatimiz Prezidenti I.Karimov mustaqillikning ilk davridan boshlab tadbirkorlikni rivojlantirishga nihoyatda katta e`tibor berayotgani bugungi kunda hammaga ma`lum. Buning sabablari Prezidentning quyidagi so`zlarida o`zining mujassamlashgan ifodasini topgan deyish mumkin: “O`lkamizning o`ziga xosligi, ishchi kuchining haddan tashqari ko`pligi, rivojlangan qishloq xo`jalik va xomashyo bazasi, hatto, aytish mumkinki, aholining an`analari, ruhiyati kichik va oilaviy biznesni, xususiy tadbirkorlikni faol rivojlantirishni ob`ektiv zarurat qilib qo`ymoqda”.1
Shu narsani hech qachon unutmaslik kerakki, mamlakatning obod va xalqning to`q bo`lishi, qolaversa, davlatimizning buyuk kelajagini yaqinlashtirish ko`p jihatdan fuqarolarning tadbirkorligi va uddaburonliga bog`liq.

Download 124.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling