Mavzu: yarim undoshlar(yoki yarim unlilar) Reja


O`zbek tilida diftonglarning o`ziga xos ko`rinishlari


Download 36.37 Kb.
bet3/3
Sana23.03.2023
Hajmi36.37 Kb.
#1289623
1   2   3
Bog'liq
YARIM UNDOSHLAR(YOKI YARIM UNLILAR)

O`zbek tilida diftonglarning o`ziga xos ko`rinishlari
O`zbek tilida maʼlum fonemaning shakli darajasida diftong yoʻq. Biroq nutq oqimida yuzaga keluvchi va oʻzlashgan soʻzlar tarkibida kelib qolgan yoki ularning oʻzlashtirilishi kechimida shakllangan diftonglar mavjud. U jips talaffuz etilgan yondosh unlidir. Bunday soʻzda jips talaffuz etiluvchi yondosh unlilarni tilshunoslikda diftong nomi bilan atab: “ikki unlining bir bo`g`inda birikib kelishidir” – deb izohlanadi. Bu izoh diftonglarning shakl topishi yuzasidan berilgan fikrdir. Ularning artikulyatsiyasida ham oʻziga xos tomoni bor. Chunonchi, har bir tovush artikulyatsiyasida uch faza: ekskursiya, kechim, rekursiya fazalari boʻladi. Oʻzbek tilidagi soʻzlar tarkibida esa, odatda, unlilar qator, yonma-yon qoʻllanmaydi va u soʻzning boʻgʻinlaridan biri markaziga oʻrnashadi, uning eng baland nuqtasi hisoblanadi. Uning oldidagi undoshning artikulyatsion rekursiyasi shu unlining artikulyatsion ekskursiyasiga, shu unlining artikulyatsion rekursiyasi keyingi undoshning artikulyatsion ekskursiyasiga to`g`ri keladi. Shuning uchun, boʻgʻin tovushlari oʻzaro tutashgan holda bir butunlikni olib talaffuz etiladi. Biroq bu tovushlar oʻrtasidagi birining ustida biri berilgan artikulyatsion rekursiya va ekskursiyalar bo`gʻindagi tovushlarning talaffuz etilishida aniqlik, yaqqollik, alohidalikni taʼminlaydi. Diftongli boʻgʻinlarda esa unlidan keyingi tovush yo unliga moyil xususiyatli undosh, yo unli boʻladi va boʻgʻin hosil qiluvchi unlining artikulyatsion rekursiyasi keyingi tovushning artikulyatsion kechimiga to`gʻri keladi. Keyingi tovushning artikulyatsion ekskursiyasi bo`g`in hosil qiluvchi unlining artikulyatsion kechimining oʻzida oʻtgan boʻladi.
Diftonglar artikulyatsiyasini undoshlardagi affrikatlar artikulyatsiyasiga qiyoslash mumkin. Ulardagi artikulyatsiya kechimlari bir-biriga juda oʻxshaydi. Affrikatlarda portlovchi undoshning artikulyatsion rekursiyasida keyingi sirg`aluvchi undoshning artikulyatsion kechimi oʻtadi. Diftonglarda esa boʻg`n hosil qiluvchi unlining artikulyatsion rekursiyasida bo`g`in hosil qilmaydigan unlining artikulyatsion kechimi yuz beradi. Affrikat bir undosh holida shakllansa, boʻgin hosil qiluvchi unli bilan boʻgʻin hosil qilmaydigan unlining jips talaffuzi diftongni shakl toptiradi. Affrikat asosida shovqin yotadi, chunki u konsonantdir. Diftong asosida esa un yotadi, chunki u ikki unlidan tarkib topgan boʻladi. Ammo unlilardan birining oxiri undosh tovushga uringanroq ekanligi kuzatiladi. Chunonchi, diftongli boʻgin oxiri shu tovush bilan yopiladi. Tabiatan ham boʻginlar oxiri hamma vaqt undosh tovushlar vositasidagina yopiq keladi. Shuning uchun ham, diftonglar tarkibidagi ikkinchi unlini, L.V. Zinder taʼbiricha, yarim unli deb ataladi.
Oʻzbek tilidagi diftonglarning ham tarkibidagi ikkinchi unli yarim unlidan iborat. Biroq u undoshga uringanroq unli emas. Balki unli tomonidan assimilyatsiya etilgan jaranglidan kelib chiqqan yarim unlidir. Boshqacha qilib aytganda, boʻgʻin markazida unli keladi va ketida jarangli qoʻllanib, u un taʼsiriga beriladi, so`ng sirg`alishi kerak boʻlgan artikulyatsiya oʻrni un yoʻlini toʻsish xususiyatini ma’lum daraja yo`qotadi. Tovush asosida un yotgan holatda talaffuz etiladi. Bu hosil bo`lgan yarim unli oldidagi unli bilan diftongni shakllantiradi va bo`g`in oxirini yopadi. Bo`g`in yopiq bo`g`in holatini oladi. Bo`g`in markazida assimilyatsiya qiluvchi unli o`rnashgani holda, keying assimilyatsiyalangan unli, to`g`rirog`i, yarim unli bo`g`in oxiri vazifasini bajaradi. Lekin hamma jaranglilar ham so`z tarkibida unlidan keyin qo`llanib, oldidagi unli tomonidan assimilyatsiya qilinavermaydi. Bunday jaranglilar sanoqli miqdorga ega. Ulardan biri lab sirg`aluvchisi v bo`lsa, ikkinchisi til o`rta sirg`aluvchisi y undoshidan iborat. Bo`g`indan keyin qo`llangan bu undoshlar unli ta’sirida artikulyatsiya o`rni kengayib, undan to`siqsiz shakllanib o`tadi. Bu ularning unli maqomiga yetganligi bo`lib, talaffuzida tovush kuchi ham baland, yuqori amplitudali bo`ladi. Ularning tovush kuchi amplitudasi oʻzidan oldingi unlining tovush kuchi amplitudasiga teng talaffuz etiladi, lekin oxirgi ikki-uch gts.i ikki-uch mm. amplituda pasayadi. Bu uning boʻgʻinni yopish vazifasi bilan bogʻli boʻlib, undosh ekanligidan qolgan rudimentidir. Shu bilan birga unga ketgan vaqt ham oʻzidan oldingi unliga ketgan vaqtdan deyarli ikki barobar kam boʻladi. Boʻgʻin yopuvchi tovushlar tabiatan qisqa talaffuz etiladi.
Rus turkologi A. N. Kanonov oʻzbek tilida alohida fonema sifatida diftong yoʻqligini aytgani holda, pasayuvchi diftong borligini koʻrsatib oʻtgan. Uning qayd etishicha, unlilar ketidan jarangli v va y undoshlari bo`gʻinda qoʻllanishi natijasida pasayuvchi diftong shakllanadi. Bu fikr yuqorida berilgan tavsiflarga juda mos keladi. Uning koʻrsatishicha, kiymoq, tiymoq, qiymoq, qiyqim soʻzlaridagi birinchi bo`gʻinda kelgan iy; ey, bey, hey soʻzlaridagi ey; sayg`oq, ayg`oq, maymoq, tayg`oq soʻzlarining birinchi boʻgʻinidagi ay; oydin, soylik, boylik, poygak soʻzlarining birinchi bo`g`inidagi oy; tuyg`u, uyqu, quyqa, kuyka soʻzlarining birinchi boʻginidagi uy; soʻyla, bo`ydoq, o`ymoq, yo`ymoq so`zlarining birinchi boʻginidagi oʻy tovushlar qoʻshilmasi diftong boʻlib, ularning birinchi unli kompo-nenti boʻgʻin hosil qilgan, bo`g`in balandligi hisoblanadi, ikkinchi komponenti unli kabi akustik xususiyatga ega boʻlsa ham, boʻgʻin oxiri vazifasini oʻtaydi. Undagi tovush kuchi oʻzidan oldin berilgan unlining tovush kuchi bilan barobar amplitudada boʻlsa ham, oxiriga tomon pasayuvchidir, cho`ziqligi ham unli cho`ziqligiga nisbatan ikki barobarlasha kam. Masalan, uylar soʻzining birinchi boʻgʻini uy diftong bo`lib, birinchi komponenti boʻlgan u tovushi kuchi 5 mm. amplituda yuqori ekanligi holda, ikkinchi komponenti boʻlgan y tovushi shu amplituda kuch bilan boshlangan va 20 gts.dan oxirgi 4 gtsi 3 mm. amplituda tovush kuchi bilan davom etgan va boʻgʻinni yopgan.
Bo`gʻindagi diftongning birinchi komponenti 130 msek., ikkinchi komponenti 60 msek. cho`ziqlikka ega. Bunday diftonglar soʻzning deyarli birinchi boʻginida kuzatiladi va deyarli shu oʻlchov atrofida boʻladi. Ammo ay diftongi turli shakl yasovchi tarkibida qoʻllansa, tovushlar kuchining amplitudasi yuqoridagilardan farq qilmaydi.
Ularga ketgan vaqt boshqacharoqdir. Boʻgʻin yasovchi unliga berilgan vaqt bilan boʻgʻin oxiri boʻlgan unliga berilgan vaqt koʻproq teng keladi. Masalan, qoʻrqmay soʻzining -may qoʻshimchasidagi a tovushiga 25 msek., y tovushigan 35 msek. vaqt sarflangan. Qanday soʻzining –day qoʻshimchasidagi a tovushiga 70 msek., y tovushiga 60 msek. vaqt ketgan. Bu holat koʻproq soʻz oxirida kuzatiladi. Chunki soʻz oxiridagi tovush cho`ziq talaffuz etilishga moyil boʻladi. Qolgan pozitsiyalarda, yuqorida aytganimizday, boʻgʻin yasamaydigan unli boʻg`in yasaydigan unlidan ikki barobar kam vaqt olaveradi.
A. N. Kononov yana avra, gavda, ravshan, navda soʻzlarining birinchi boʻgʻinidagi av; sovg`a, g`ovvos, jovzo, novcha soʻzlarining birinchi boʻgʻinidagi ov; uchov, tergov, tarnov soʻzlarining soʻnggi boʻgʻinidagi ov; uquv, tiyuv, qoʻrquv soʻzlarining ham soʻnggi boʻgʻinidagi uv tovushlari qoʻshilmasi diftong boʻlib, ularning birinchi unli komponenti boʻgʻin hosil qilgan, boʻgʻin balandligi hisoblanadi; ikkinchi komponenti unli kabi akustik xususiyatga ega boʻlsa ham, boʻgʻin oxiri vazifasini oʻtaydi, yaʼni bo`gʻin yasamaydi. Undagi tovush kuchi oldidagi unlining tovush kuchi bilan barobar amplitudada boʻlsa ham, oxiriga tomon pasayuvchi, tovush cho`ziqligi unga nisbatan deyarli ikki barobar qisqadir. Masalan, yashov soʻzining ikkinchi bo`gʻinidagi ov diftong boʻlib, o tovushi kuchi 5 mm. amplituda yuqori ekanligi holda, ikkinchi tovush ham shu amplituda kuch bilan boshlanib, 25 gts.dan 3 gts.i 3,5 mm. amplituda kuch bilan davom etgan va bo`ginni yopgan. Boʻgindagi boʻgʻin hosil qiluvchi unli 120 msek., boʻgin hosil qilmaydigan unli 60 msek. choʻziqlikka ega.
Bu diftonglar L. V. Shcherba tasnifiga koʻra soxta diftongboʻlib, undagi unlilar boʻginda teng huquqli emas, shuningdek, soʻzlarning kommunikatsiyasi kechimida yuzaga kelgan. So`zning boshqa nutqdagi boshqacha shakllantirilishida u yuzaga kelmasligi yoki qimmatini yoʻqotib yuborishi mumkin. Masalan, toy feʼli bir bo`g`inli boʻlib, undagi oy tovushlar birikmasi diftong, pasayuvchi diftongdir. Chunki ularning ikkinchi unlisi boʻgʻin hosil qilmaydi, yarim unli hisoblanadi. Bu feʼlga harakat nomi qoʻshimchasi qoʻshilsa, u toyish fonetik tarkibiga ega bo`ladi, boʻgʻinga boʻlinishi boshqacha tarkib bilan shakllanadi, yaʼni: to+yish. Uning birinchi boʻgʻini unli bilan tugagan ochiq bo`gʻin boʻlib, ikkinchi bo`g`in yopiqdir. Undagi o unlisi tomonidan assimilyatsiya qilinishi kerak boʻlgan y tovushi keyingi boʻgin boshi vazifasiga koʻchgan.
Koʻrinadiki, oʻzbek tilidagi unli bilan y yoki v undoshi yondosh kelishiga koʻra diftongning hosil boʻlishi nutqdagi mavqei, bir boʻgʻinda oʻrnashuvi bilan bogʻli boʻlib, L.V. Shcherba aytganiday, soxta diftongdir. Oʻzbek tilining oʻz leksikasida faqat shunday soxta diftonglar kuzatiladi. Ular ham nutq kechimiga koʻra yuzaga keladi.
O`zbek tiliga rus tilidan va rus tili vositasida boshqa tillardan oʻzlashgan soʻzlardagi boʻgʻinlarda ham pasayuvchi diftonglar uchraydi. Lekin ular tarkibidagi tovushlar ikki unlining yondosh kelishidan iborat bo`ladi. Ularning birinchisi ikkinchisini jarangli undoshdan assimilyatsiya qilib olgan emas. Har ikkisi ham mohiyatan unli boʻlib, boʻgin tarkibida ikkinchisi bo`gʻin hosil qilish xususiyatini yoʻqotgan, yaʼni yarim unli hisoblanadi. Masalan, aeroplan soʻzida ae birikuvi diftong boʻlib, bir boʻginni tarkib toptirgan. Undagi keyingi unli avvalgisi tomonidan assimilyatsiya qilinib shakllangan emas, balki boʻgʻin oxiriga kelib qolgani uchun artikulyatsiya oʻrni toraygan va tor unli darajasiga kelgan, buning ustiga 16 gts.dan 3 gts.i 4 mm. amplituda bilan talaffuz etilgan. Vaholanki, diftongning tovush kuchi asosan 5,5 mm. amplituda yuqorilikka ega edi. Ularga sarflangan vaqt ham oʻzaro farqlanadi: birinchisi 70 msek, ikkinchisi bo`g`in yopuvchi boʻlganligi uchun ham 50 msek. vaqt olgan. Shuning uchun, bu diftong pasayuvchi diftong deb qaraladi, lekin soxta diftong emas.
Diftonglarni oʻzbek tiliga oʻzlashgan so`zlardagi unlilarning har qanday kontakt qoʻllanishi bilan qorishtirmaslik kerak. Masalan, arab tilidan oʻzlashgan shoir, soat, saodat, jamoa kabi so`zlarning adabiy til meʼyoriga koʻra kontakt qoʻllangan unlilari diftong emas. Ularning har biri alohidadan boʻg`in uchun asos boʻladi. Bu kontakt unlilar jips talaffuz etilmaydi. Ularning kontakt ekanligi ham nisbiydir. Ular orasida knaklaut talaffuz etiladi. Knaklaut bo`g`izdagi bir portlash bilan oʻtadigan shovqindir. U avvalgi boʻgʻinning artikulyatsion rekursiyasi bilan keyingi unlining artikulyatsion ekskursiyasi oraligida oʻtadi va keyingi unli uchun boʻgin boshi vazifasini oʻtaydi. Masalan, soat so`zining unlilari orasidagi knaklaut ossillografik tahlilga koʻra 5 msek. vaqt olgan. Bu so`zlardagi unlilarning oʻrtasidan bo`gʻin ajratish zaruriyati jonli tilda knaklut berilmay, biror sonant yoki jarangli tovushni qoʻllash bilan bajariladi. Yaʼni: shoir, soat, saodat, jamoa kabi. Ularning hammasida ham knaklaut oʻrnini jarangli undosh egallagan va bu undosh keyingi boʻgʻin uchun asos boʻlgan unli oldida boʻgʻin boshi vazifasini oʻtagan.
O`zbek tiliga rus tili vositasida chetdan oʻzlashgan teolog, biolog soʻzlari ham jonli tilda teo+log, bio+log holida boʻg`inga ajratiladi. Ularning birinchi bo`g`inidagi yondosh undosh diftongni tarkib toptiradi. Bu teo, bio diftonglari ham koʻtariluvchi diftong hisoblanadi. Chunki bu diftongli boʻg`in ochiq kelgan. Ochiq boʻgʻinlar ko`tariluvchi ohangga ega boʻladi. Yuqoridagi eo diftongi ossillografik tahlilda 4,5 mm. amplituda tovush kuchi bilan boshlanib, 5,5 mm. amplituda tovush kuchi bilan tugaganligi kuzatiladi.
Bunday diftonglar oʻzbek tilining faqat oʻzlashtirilgan jonli leksikasida boʻlib, adabiy tilga oʻzlashgan va sof oʻzbekcha leksikada uchramaydi.
Oʻzlashgan leksikaga mansub matbaa, mudofaa so`zlari ham mat+baa, mu+do+faa holida boʻgʻinga ajraladi. Bunday boʻgʻinga ajralish oʻzbek tilining faqat jonli tiliga mansubdir. Ularning so`nggi bo`g`inida qoʻsh a unlisining jips qoʻllanishi diftong boʻlmaydi, balki a unlisining cho`ziq talaffuzidan iboratdir. Yaʼni diftong bilan unlining cho`ziq qoʻllanishi tilning boshqa-boshqa hodisalaridir.
O`zbek tilining o`zlashgan leksikasida uchraydigan bunday koʻtariluvchi diftonglarning soʻz affiksatsiyasi bilan hech qanday aloqasi yo`q. Yaʼni diftong bilan tugagan soʻzlarga biror affiks qoʻshilar ekan, uni boʻg`inga ajratish kechimida diftong tarkibidagi biror unli qayta shakllangan boʻginga boʻlinib oʻtmaydi. Chunki bunday koʻtariluvchi diftonglar boʻlinmasdir. Buning ustiga ochiq tugagan soʻzlarga oʻzbek tilida undosh bilan boshlanuvchi affiks qoʻshiladi. Qoʻshimcha bilan bog`li boʻgʻin hamma vaqt undosh bilan boshlanadi. Natijada, oʻzak oxiridagi diftong daxlsiz qoladi. Yaʼni oʻzbek tilidagi koʻtariluvchi diftong soxta diftong emas.
O`zbek tilida chin diftonglar ham uchraydi. Biroq ular rus tili vositasida Yevropa tillaridai oʻzlashgan soʻzlarda kuzatilishi mumkin. Bunday diftonglar tarkibidagi har ikki unli ham bir xil tovush kuchi bilan, bir xil choʻziqlikda talaffuz etiladi. Masalan, shlagbaum, inlaut, knaklaut soʻzlarining ikkinchi boʻgʻinida au diftongi; dizain soʻzining ikkinchi boʻgʻinida ai; Leipsig soʻzining birinchi va kodein so`zining ikkinchi boʻgʻinida ei yondosh unlilari bor. Bu yondosh unlilar chin diftonglar boʻlib, tarkibidagi har ikki unli bir xil tovush kuchi va bir xil cho`ziqlikda talaffuz etiladi. Ularning tovush kuchi oʻrtacha 5 yoki 5,5 mm. amplituda, tovush choʻziqligi 80 yoki 70 msek. bilan beriladi. Boʻgʻinlarining yopiqligi ham ularda shu imkoniyatni yaratgan. Aytganimizday, chin diftonglar oʻzbek tilining oʻz leksikasiga oid va arab, eroniy tillardan oʻzlashgan leksikaga oid soʻzlarda kuzatilmaydi. Ammo arab tilidan oʻzlashgan qiroat, shafoat so`zlari borki, aslida ularning -at qoʻshimchalaridan oldin, oʻzak oxirida ayn ( ع) boʻgʻiz undoshi qoʻllangan. Bu so`zlar oʻzbek tiliga oʻzlashgach, shu tovushini tushirgan va a unlisi undan oldingi o unlisi bilan jips talaffuz etilayotganga oʻxshab qolgan. Ossillografik tahlil shuni koʻrsatdiki, nutq har qancha tez kechsa ham, jonli tilda
ularning ayn (ع) undoshi tushib qolmaydi, balki knaklautga oʻrnini beradi, knaklautning oʻzi boʻgin boshi boʻg`inni saqlaydi. Bo`g`in boshi vazifasini o`tagan knaklaut eng kami 5 msek. vaqt oladi. O`zbek adabiy tili meʼyori boʻyicha u 10 msek. davom etadi. Bu oddiy soʻzlashuv chog`ida oddiy quloq bilan ilgʻasa ham bo`ladigan holatdir.
Diftonglar talaffuz kechimida choʻziq unlilar kabi qayd etiladi va boʻgin choʻziqligini yuzaga keltiradi. Chunki unda jips qoʻllangan ikki unli boʻlib, ularning har biriga ketgan vaqtning qoʻshilmasi oʻz aksini topadi. Shunga qaramay, diftong tarkibidagi har bir unlining oʻz talaffuzi voqelanayotganligi sezilib turadi.
Xulosa
Ko`rinadiki, o`zbek tilida mana shu olti unli tovush so`z ma’nolari va uning Grammatik shakllarini o`zaro farqlash uchun xizmat qiladi. So`zlashuv nutqi va o`zbek tili shevalarida bu unlilarning har qaysisi turlicha variantlarda kelishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, tilshunosligimizda hozirgi o`zbek adabiy tili vokalizmining ayrim jihatlari, ayniqsa, unli fonemalarning fonologik belgilarini tanlash masalasi hozircha munozarali bo`lib qolmoqda. Tilshunoslarimizning fonema va ottenkalariga, adabiy tilning tayanch shevalari masalasiga bo`lgan munosabatlari ham har xil. Xususan, kontrast juftliklarni tiklash tarafdorlarining qarashlarida fonema va uning ottenkalarini qorishtirish hollari hamon davom etib kelmoqda. Ayrim shevalargagina xos bo`lib, millat vakillarining ko`pchiligi uchun me’yor darajasiga ko`tarilmagan sanoqli so`zlarga (o`t – o`simlik, o`t – o`tmoq fe’li, o`r – bedani o`r, o`r – sochni o`r, o`z – o`zishga buyruq, o`z – o`zlik olmoshi ga) tayanib, adabiy til vokalizmiga kontrast juftliklarni kiritish, shu asosda alifbo va imloni ham qayta ko`rib chiqish ijobiy natija berishi qiyin. Adabiy tilning o`ziga xos belgilaridan biri undagi me’yorlarning barqarorligi va barcha uchun umumiyligidir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati:

  1. Sh. Shoabdurahmonov va boshqalar. Hozirgi o`zbek adabiy tili, 1-qism, Toshkent, 1980, 35-50-bet.

  2. H. Jamolxonov. O`zbek tilining nazariy fonetikasi. – Toshkent.: Fan, 2009, 81-90-bet.

  3. M. Mirtojiyev. Hozirgi o`zbek adabiy tili, Toshkent, 2004, 29-39-bet.

  4. Hozirgi o`zbek adabiy tili, 1-tom, 1966, 13-27-bet.

  5. A. Abduazizov. O`zbek tili fonologiyasi va morfonologiyasi, Toshkent, 2010, 79-88-bet.

Download 36.37 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling