Arpabodiyon – Pimpinella anisum Gaertn.
Botanik ta’rifi. Efir moyli bir yillik o’tsimon o’simlik. Ustki va o’rtadagi barglari mayda bo’laklarga bo’lingan: navbatma-navbat joylashgan qinli yumaloq buyraksimon yoki yuraksimon. Gullari mayda oq, gultoji tushib ketadigan beshta gulbargdan iborat o’simlik shoxlarining uchidan to’p gul ko’rinishida chiqadi. Changchisi beshta, urug’chisi ikki ustunchali, tugunchasi pastda. Mevalari jigarrangga moyil – kulrang, tuxumsimon shaklda ikki urug’li. Bu o’simlikning o’ziga xos hidi bor, bo’yi 25-60 sm. Iyul-iyun oylarida gullaydi, mebalari avgustda yetiladi.
Geografik tarqalishi. Vatani – Kichik Osiyo, MDH Yevropa qismining O’rta Janubiy mintaqasida, Qirg’izistonda ekiladi.
Ishlatiladigan organlari: mevalari. Urug’lari avgust va sentabrda yig’iladi.
Kimyoviy tarkibi. Arpabodiyon mevalarida yog’li moy (8 dan 24% gacha) va efir moyi (1,2-3,2% gacha, ba’zan 6% gacha). Mavjud efir moyi tarkibida anetol (85-50%), metil xavinol (10%), arpabodiyon aldegid, ketone va arpabodiyon kislotasi bo’ladi. Efir moyining o’ziga xos xushbo’y hidi va shirin mazasi bor. (2.3. 5-rasm)
2. 5-rasm. Arpabodiyon – Pimpinella anisum Gaertn.
Ta’siri va ishlatilishi. Xalq tabobatida arpabodiyondan nafas organlarining yallig’lanish kasalliklarida (o’tkir respirator kasallilari, bronxit kasalligi, zotiljam, o’pka silida) balg’am ko’chiradigan vosita tariqasida, astma xurujini yengillashtiradigan dori sifatida ishlatiladi. Bundan tashqari uni emizikli ayollar sutini ko’paytirish, chanqoqni qoldirish uchun, yel haydaydigan, o’t haydaydigan, siydik haydaydigan dori tariqasida tavsiya etiladi, shuningdek, ichqotar paytlarida, ichakdan qon ketayotgan mahallarda, og’riqli hayz vaqtida ham buyuriladi. Arpabodiyonni tuxum oqiga aralashtirib, kuygan joylarga davo qilish uchun ishlatiladi.
Zamonaviy tabobatda arpabodiyon mevalaridan tayyorlangan damlama va arpabodiyon moyini laringitlar, traxeitlar, bronxoektazlar, o’pka gangrenasi va ko’kyo’talda balg’am ko’chiruvchi vosita tariqasida buyuriladi. Arpabodiyon preparatlari gipoasit gastritlar, meteorizmda surgi modda tariqasida, shuningdek, siydik haydovchi dori sifatida ishlatiladi. Balg’am ko’chiradigan miksturalarga arpabodiyon moyi qo’shiladi (novshadil – arpabodiyon tomchilari, ko’krak malhami). Arpabodiyon mevalari ichni yumshatadigan va nafas yo’llari kasalliklarida qo’llaniladigan yig’ma dorilar tarkibiga kiradi. Bundan tashqari ulardan atir-upa, likyor-aroq sanoatida keng foydalaniladi, ro’zg’orda esa ziravor tariqasida ishlatiladi.
Arpabodiyon mevalarining hazm yo’li ishiga yaxshi ta’sir ko’rsatishi, balg’am ko’chiradigan, issiqni tushiradigan, dezinfeksiyalaydigan xossalarga ega ekanligi hayvonlar ustidagi tajribada aniqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |