Mehnatni tashkil etish va normalash
Mavzu:Tashkilotda mehnat intizomi, uni mustahkamlash yo’llari
Download 60.65 Kb.
|
mehnatni tashkil etish va normalash mustaqil ish
Mavzu:Tashkilotda mehnat intizomi, uni mustahkamlash yo’llari
Har qanday ijtimoiy tuzumda, ishlab chiqarishda va xizmat ko‘rsatishda ma’lum tartib va intizom bo‘ladi, chunki busiz ishlab chiqarishda ma’lum maqsadlarga erishish uchun Xodimlar harakatidagi birlikni ta’min etib bo‘lmaydi. Bu talab mehnatning ijtimoiy xarakteridan kelib chiqadiki, u har bir jamiyatga xosdir, har bir jamiyatda ham mehnat intizomi mehnat va ishlab chiqarishni tashkil etishning eng muhim asoslaridan birini, ishlab chiqarish jarayonidagi ijtimoiy aloqalar shaklidan birini tashkil etadi. Ammo mehnat intizomining mazmuni jamiyatda hukumronlik qiluvchi ijtimoiy munosabatlarga bog‘liq. Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari sezilarli darajada rivojlanayotgan O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan har bir xodimning mehnat intizomiga xiyla yuksak talablar qo‘yiladi. Bunday talablar ko‘p omillar taqozasidir. Hozirgi vaqtda ishlab chiqarish ko‘lami juda o‘sib ketdi. SHuning uchun ham mehnat unumdorligini o‘stirishdagi har bir foiz va har bir ish kunining ahamiyati ham o‘sib boradi. Hozirgi vaqtda respublikamizda har bir ish kunida 1522,5 tonna go‘sht, 11,27 ming tonna sut, 3,75 mln. dona tuxum, 1,15ming tonna po‘lat, 8 dona traktor, 16,27 ming juft poyabzal, 24,45 mln. dona sigaret, 3,67 ming tonna paxta tolasi, 43,0 tona plastmassa ishlab chiqarilmoqdi. Ish vaqti nobudgarchiligining yarmi qisqartirilganida ham mehnat unumdorligini 1% oshgani 34ming tonna sut va 65 ming dona tuxum etishtirishga, butun mamlakat ko‘lamida olganda ish vaqtining bir minuti 5 ming Xodimning kundalik mehnatiga tengdir. Hozirgi zamon ishlab chiqarishining (xizmat ko‘rsatish) muhim xususiyatlaridan biri fan va texnika taraqqiyoti darajasining yuksakligidir. U borgan sari ko‘proq mexanizatsiyalashtirilmoqda va avtomatlashtirilmoqda, unda borgan sari kuchli quvvatdagi jihoz va uskunalar ishlatilmoqda. Bu texnika aniq yo‘lga qo‘yilgan va uzluksiz ishni talab qiladi. Bir Xodimning intizomsizligi oqibatida bir-biri bilan bog‘liq butun bir texnologik liniya to‘xtab qolishi, butun bir uchastka, bo‘lim yoki sexning ishi buzilishi mumkin. Hozirgi zamon ishlab chiqarishining xususiyatlaridan yana biri ishlab chiqarish(xizmat ko‘rsatish) ichida ham, korxonalar va xalq xo‘jaligining tarmoqlari o‘rtasida ham xo‘jalik yuritish aloqalarining o‘ta murakkablashganligidir. Ixtisoslash va kooperativlashning rivojlantirilishi, ijtimoiy mehnat taqsimotining chuqurlantirilishi korxonalararo aloqaning ahamiyatini oshiradi. Masalan, Toshkent qishloq xo‘jaligi mashinalari ishlab chiqarish zavodi mingga yaqin har xil korxona, tashkilot va muassasa bilan aloqa qiladi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga o‘z mahsulotlarini beradigan va kombinat ham o‘z mahsulotlari bilan ta’min etadigan korxona va tashkilotlar soni 1,5 mingdan oshiq. Bunday sharoitda intizomning ozgina buzilishi ham boshqa ko‘p korxonalarning faoliyat ko‘rsatishiga katta zarar etkazishi turgan gap. Hozirgi zamon ishlab chiqarishining mana shu xususiyatlari har bir jamoa va har bir xodimning ishida uyg‘unlik bo‘lishini talab etadi. Ishning, ko‘rsatilgan xizmatning samaradorligi va sifat darajasi ana shu uyg‘unlikka bog‘liq. Modomiki, mehnat intizomi mehnatni tashkil etishni joriy qilish va uni boshqarishning zarur sharti ekan, mehnatni tashkil qilish va ishlab chiqarishni tashkil qilish ham, o‘z navbatida, ongli mehnat intizomini tarbiyalashga muhim ta’sir ko‘rsatadi. SHuning uchun ham O‘zbekiton Respublikasi “Mehnat Kodeksi”ning «Mehnat intizomini ta’minlash» deb nomlangan 179-moddasida «Mehnat intizomi halol mehnat uchun rag‘batlantirish va mukofatlash usullari bilan normal tarzda ishlashga zarur tashkiliy va iqtisodiy shartlarni yaratib berish, noinsof xodimlarga nisbatan jazo choralarini qo‘llash orqali ta’minlanadi», deb ko‘rsatilgan. Haqiqatda ham unumli mehnat yoki xizmat qilish uchun etarli sharoit bo‘lmasa, ish joylariga qoniqarsiz xizmat ko‘rsatilsa, materiallar, xom ashyolar bilan ta’minlashda uzilishlar, haybarakallachilik bo‘lsa, intizom o‘zining rejada ko‘rsatilgan ishni bajarish vositasi, ish, xizmat samaradorligi va sifatini oshirish vositasi bo‘lishdek mazmuni va asosiy maqsadidan mahrum bo‘ladi. Uyushqoqlik bo‘lgan jamoada intizomsizlik bo‘lmaydi, yaxshi uyushgan jamoada esa, odatda, mehnat intizomini buzuvchi xodimlarga joy qolmaydi. Mehnat intizomini o‘rnatishda mehnatni tashkil qilish va moddiy rag‘batlantirishning brigada shakli, mehnatni normalashning darajasi va ish haqining tashkil qilinishi katta rol o‘ynaydi. Brigadada har bir brigada a’zosining mehnati butun jamoa nazoratida bo‘lib, unga hamkasb o‘rtoqlar adolatli baho berishlari va sarflangan mehnatiga yarasha haq to‘lanishi mumkin. Har tomonlama asoslangan va bir xilda zo‘r keladigan mehnat normalari negizida ishlab chiqarish jarayonining barcha elementlari mutanosibligi va ish haqini brigada a’zolarining mehnatiga yarasha taqsimlash amalga oshirilishi ta’minlanadi. Bu shartlarga to‘liq rioya qilinmas ekan, mehnat intizomining juda muhim rag‘batlantiruvchilik ahamiyati yo‘qqa chiqadi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prizidenti I.A. Karimov tomonidan tasdiqlangan bir qator hujjatlarda mehnat va davlat intizomini mustahkamlash uchun kurash davlat va xo‘jalik tashkilotlari rahbarlarining, kasaba uyushmalarining butun ishdagi asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligi, iqtisodiyotning rivojlanishini yanada yuksaltira borish va ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirish hamda kishilar ongini tarbiyalash ana shu vazifani bajarishga bog‘liqligi qayta-qayta ta’kidlangan. Demak, yuqori mehnat intizomi o‘z-o‘zidan o‘rnatilmaydi. Uni mustahkamlash uchun muttasil g‘oyat katta e’tibor bilan ish olib borish talab qilinadi. Bunda ayrim kishilarga va butun jamoaga ta’sir ko‘rsatadigan mafkuraviy, tashkiliy va iqtisodiy vositalarning barchasini ishga solish zarur. Mehnat intizomini buzishning asosiy turlari: ishga kechikib kelish va ishdan barvaqt ketib qolish, ish vaqtida shaxsiy ish bilan mashg‘ul bo‘lish yoki ishlab chiqarish(xizmat ko‘rsatish) topshirig‘i bilan bog‘liq bo‘lmagan ishni qilish, kuni bilan uzrsiz ishga chiqmaslik, mehnatni muhofaza qilish va texnologiya talablariga rioya qilmaslik, bir korxonadan ikkinchisiga asossiz o‘tish kabilardan iborat. Mehnat intizomi buzilishining hamma turlarini uch guruhga bo‘lish mumkin: 1)mehnatni qo‘pol ravishda buzish – ishga kechikib kelish, ishga chiqmaslik, ichkilikbozlik, ishdan bo‘yin tovlash – mehnatga intizomsizligi munosabatining umumiy ko‘lamida bunday salbiy hodisalar ko‘p o‘rin olmaydi; 2) murakkab buzilishlar – bor kuchni berib ishlamaslik, bir korxonadan boshqasiga o‘tish, ma’suliyatsizlik, tarqoqlik – intizomsizlikning bu xillari ko‘proq uchraydi; 3) xizmatdan foydalanib, mehnat intizomini buzish, ya’ni ish vaqtida shaxsiy ish bilan mashg‘ul bo‘lish – intizomsizlikning bu turi ham ko‘p uchraydi. Mehnat intizomining buzilishiga olib keladigan asosiy sabablar: ichkilikbozlik, mas’uliyatsizlik, uydagi noqulay sharoit va vaziyatlar, huquq-tartibotini buzish tufayli qamoqqa tushish va hokazolardir. Xo‘jalik, kasaba uyushmasi va boshqa jamoat tashkilotlari korxona xodimlariga ongli intizom ruhini sindirish bo‘yicha tarbiyaviy ishlarni bo‘shashtirib yuborganligi ham mehnat intizomining buzilish sabablaridan biridir. Mehnat intizomining buzilishiga olib keladigan sabablar qatorida mehnatni tashkil etish va normalash darajasining pastligi, maishiy noqulayliklar, transport vositalari, tijorat korxonalari va bolalar muassasalari qoniqarsiz ishlashini ham ko‘rsatish mumkin. Bundan tashqari shaxsiy uyushqoqlik, yurish-turishiga va qiladigan ishiga javobgarlik hissini sezdirmagan, tarbiya ko‘rmagan xodimlar ham uchraydi. Mehnat intizomi buzilishi sabablarining tahlili bu intizomni mustahkamlash yuzasidan olib boriladigan ishning asosiy yo‘nalishlarini belgilashga imkon beradi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida mehnat intizomini saqlash va mustahkamlashda, odatda, uchta asosiy uslub qo‘llaniladi. Bu uslublar tarbiyalash va ishontirish, halol va pokiza mehnat uchun rag‘batlantirish, mehnatni ongli ravishda buzganlik uchun jazo choralaridir. Demak, korxonalarda ongli intizomni tarbiyalash yuzasidan olib boriladigan ishning shakl va uslublari xilma-xil bo‘lishi va ularning hammasidan to‘la foydalanish lozim. Bunda faqat jazo choralariga tayanib ish ko‘rishga ham, intizombuzarlarga nisbatan tamomila liberallik ko‘rsatishga ham yo‘l qo‘yish yaramaydi. Jazo tarafdorlari intizombuzarlarga qarshi rahmsiz va murosasiz kurash olib borishni, ular o‘zlarini oqlash uchun ko‘rsatgan vajlarga e’tibor bermaslik va ularga shafqat qilmaslikni, so‘z bilan emas, qattiq choralar orqali tarbiya berishni taklif qiladilar. Jazo tarofdorlari katta-kichik hamma mas’uliyatlar intizom masalasida talabchanlik va murosasizlikni muttasil oshirib borishi kerak, deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, bu tadbirlarning ta’siri va natijadorligini kuchaytirish uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunlarga mehnat intizomini buzuvchilarni qattiq jazolashni, ishga kelmagan yoki ishga mast bo‘lib kelgan xodimni, so‘zsiz, ishdan haydashni ko‘zda tutadigan ba’zi o‘zgarishlar kiritish lozim. Ular intizombuzarlarni (ayniqsa, surunkasiga) mukofotlardan mahrum qilish, ta’tilni faqat qishda berish, ishga chiqmaganligi natijasida yuzaga kelgan zararlarni to‘latish va hokazo tadbirlar ko‘rish kerak, deb hisoblaydilar. Tabiiyki, intizomni buzgan har bir shaxs o‘z qilmishi uchun ma’lum ma’muriy yoki ijtimoiy jazoga tortilishi lozim va yuqorida ko‘rsatilgan jazo choralaridan ba’zilarini ularga nisbatan tatbiq etish ham mumkin. Ammo talabchanlik o‘rniga rahmsizlik ishlatilmasligi kerak. Ehtiyotsizlik bilan qo‘llanilgan qattiq jazo choralari intzomni mustahkamlash ishiga zarar keltirishi ham mumkin, jazo choralari bilangina ish ko‘radigan jamoalarda intizom pasayib ketishi ham mumkin, bu holat amaliyotda uchrab turadi. Undan tashqari, kuzatishlar shuni isbotlaydiki, rag‘batlantirishlar natijasida mehnat intizomi jamoa choralari qo‘llangandagina nisbatan ancha yaxshilangan. Intizomni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar orasida halol mehnat uchun rag‘batlantirish, xodimlar manfaatdorligini oshiradigan tadbirlar muhim o‘rin tutadi. Tashkiliy omillar mehnat intizomini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Tashkiliy omillarning eng muhimi, mehnatni tashkil etishni biz yuqorida ko‘rib o‘tgan asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirishdir. SHubha yo‘qki, ishlab chiqarishda mehnat taqsimoti va mehnat kooperatsiyasi to‘g‘ri uyushtirilgan, uchastkalar, bo‘limlar va xodimlar o‘rtasida o‘zaro aloqa yaxshi yo‘lga qo‘yilgan taqdirda, bu vaziyat har bir kishining o‘zi xizmat ko‘rsatayotgan uchaskasidagi javobgarligini oshiradi, jamoa mehnatining tartibligini vujudga keltiradi. Ma’muriy omillar ham mehnat intizomini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Mehnat intizomini mustahkamlashning ma’muriy tadbirlari dastavval yuridik aktlarni o‘z ichiga oladi. 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan va 1996 yilning 1 aprelidan yuridik kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining yangi “Mehnat Kodeksi” asoslari xodim va xizmatchilarning mehnatini tartibga soluvchi asosiy normalarni belgilab beradi. SHu o‘rinda ta’kidlash joizki, «Mehnat Kodeksi»da XI bob «Mehnat intizomi»deb ataladi. SHu kodeksning 174-moddasida «Korxona mehnat tartibi ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlaydigan ichki mehnat tartibi qoidalari bilan belgilanadi» deyiladi. 175 - «Intizom to‘g‘risida ustav va nizomlar» moddasida esa «Xalq xo‘jaligining ba’zi tarmoqlarida xodimlarning ayrim toifalari uchun intizom to‘g‘risida ustav va nizomlar amal qiladi», deb yozilgan. Kodeksning «Xodimlarning burchlari» moddasida, «Xodim o‘z mehnat vazifalarini halol, vijdonan bajarishi, mehnat intizomiga rioya qilishi, ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini o‘z vaqtida va aniq bajarishi, texnologiya intizomiga, mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi talablariga rioya qilishi, ish beruvchining mol-mulkini avaylab-asrashi shart. Xodimning mehnat vazifalari ichki tartib qoidalarida intizom to‘g‘risidagi ustav va nizomlarda, korxona qabul qiladigan, lokal hujjatlarda (jamoa shartnomalarida, yo‘riqnomalar va hokazolar), mehnat shartnomasida aniq belgilab qo‘yiladi», deb qayd etilgan. Download 60.65 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling